Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimida “Oʻrmontexnoservis” davlat unitar korxonasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish, oʻrmon xoʻjaligini yuritish amaliyotiga ilm-fan yutuqlari va ilgʻor tajribani joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimida “Oʻrmontexnoservis” davlat unitar korxonasini (keyingi oʻrinlarda “Oʻrmontexnoservis” DUK deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar “Oʻrmontexnoservis” DUKning asosiy vazifalari etib belgilansin:
oʻrmon xoʻjaligi faoliyatiga doir dasturiy mahsulotlar, axborot tizimlari va resurslarini joriy etish;
oʻrmon xoʻjaligi sohasida oʻzaro idoralararo elektron hamkorlikni tashkil qilish, yagona elektron reyestrlar va maʼlumotlar bazalarini shakllantirish;
oʻrmon xoʻjaligi sohasida axborot xavfsizligini taʼminlash va maʼlumotlarni himoya qilishning zamonaviy innovatsion texnologiyalarini joriy qilish;
oʻrmon xoʻjaligida elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tizimlarini shakllantirishga texnologik yondashuv amalga oshirilishini taʼminlash;
oʻrmon xoʻjaligini yuritish amaliyotiga ilm-fan yutuqlari va ilgʻor tajribani, shu jumladan oʻrmon fondi yerlarini monitoring qilishda dronlar bilan ishlash tizimini tatbiq etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish holatini tizimli monitoring qilib borish.
3. “Oʻrmontexnoservis” DUKning boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 20 nafardan iborat boʻlgan tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisiga, zarurat boʻlganda, “Oʻrmontexnoservis” davlat unitar korxonasi tuzilmasiga oʻzgartirish kiritish huquqi berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va uning tizimidagi barcha tashkilotlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlarini, jumladan, serverlar, telekommunikatsiya uskunalari, kompyuterlar va ofis uskunalariga xizmat koʻrsatish, dasturiy taʼminot va texnik hujjatlarni ishlab chiqish hamda axborot xavfsizligini taʼminlash yuzasidan “Oʻrmontexnoservis” DUK bilan istisno tariqasida, toʻgʻridan toʻgʻri shartnoma tuzishga ruxsat berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi bir oy muddatda “Oʻrmontexnoservis” DUKning:
ustavini tasdiqlash va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
tuzilmasi va shtatlar jadvalini tasdiqlash;
moddiy-texnika bazasini shakllantirish hamda bino va malakali kadrlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. “Oʻrmontexnoservis” DUK faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib quyidagilar belgilansin:
xoʻjalik faoliyatidan tushadigan mablagʻlar;
xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev va Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi N.J. Bakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 16-iyun,
455-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-iyundagi 455-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Oʻrmontexnoservis” davlat unitar korxonasining
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 20 nafar.
Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni oʻrnatilgan meʼyorlarga muvofiq belgilanadi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.06.2018-y., 09/18/455/1361-son)