Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududlarini kadastr boʻyicha boʻlish hamda yer uchastkalari, binolar va inshootlarning kadastr raqamlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-sentabrdagi 555-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi hududlarini kadastr boʻyicha boʻlish va koʻchmas mulk obyektlarining kadastr raqamlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yer uchastkalari, binolar va inshootlarni hisobga olish hamda ularga egalik qilish huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududlarini kadastr boʻyicha boʻlish hamda yer uchastkalari, binolar va inshootlarning kadastr raqamlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 21-yanvardagi 35-son qarori bilan tasdiqlangan sxema boʻyicha berilgan kadastr raqamlari haqiqiy deb hisoblanadi va koʻchmas mulk boʻyicha operatsiyalarning amalga oshirilishiga koʻra yangi raqamlar bilan almashtirib boriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son)
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari V.Y. Atayev va T. Xoltoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2001-yil 31-dekabr,
492-son
Oʻzbekiston Respublikasi hududlarini kadastr boʻyicha boʻlish hamda yer uchastkalari, binolar va inshootlarning kadastr raqamlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida
nizom
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududlarini kadastr boʻyicha boʻlish hamda yer uchastkalari, binolar va inshootlarga egalik qilish huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda ularga kadastr raqamlarini shakllantirish va berish tartibini belgilaydi.
I. Oʻzbekiston Respublikasi hududlarini kadastr boʻyicha boʻlish tarkibi va prinsiplari
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududlarini kadastr boʻyicha boʻlish koʻchmas mulkni hisobga olishning yagona tizimini yaratish hamda yer uchastkalari, binolar va inshootlarga kadastr raqamlari berish maqsadida amalga oshiriladi.
Kadastr boʻyicha boʻlish va kadastr raqami berish tizimi koʻchmas mulkni hisobga olishning yagona tizimida har qanday yer uchastkalari, binolar va inshootlarni bir xilda identifikatsiyalashni taʼminlashi kerak.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar, viloyatga boʻysunuvchi shaharlar, kadastr zonalari, kadastr massivlari, kadastr mavzelari, yer uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasi hududlarini kadastr boʻyicha boʻlish birliklari hisoblanadi.
3. Mintaqalar, tumanlar va viloyatga boʻysunuvchi shaharlar darajasida kadastr boʻyicha boʻlish chegaralari maʼmuriy boʻlinish chegaralariga toʻgʻri keladi. Tegishli ravishda maʼmuriy tuman (viloyatga boʻysunuvchi shahar) hududi kadastr zonalariga boʻlinadi.
Maʼmuriy tuman hududini boʻlishda qishloqlar, ovullar va tumanga boʻysunuvchi shaharlar (shaharchalar); viloyatga boʻysunuvchi shaharlar hududini boʻlishda shahar tumanlari (mavjud boʻlsa) yoki turli (tabiiy, imoratning qurilishi xususiyati, foydalanish maqsadi kabi) belgilari boʻyicha ajralib turadigan shaharlar qismlari, masalan: sanoat zonasi, turar joy massivlari, bogʻ va dam olish zonalari kabilar kadastr zonalari sifatida qabul qilinadi.
Kadastr zonalari chegaralari kadastr massivlarining tashqi chegaralari tegishli geodeziya koordinatlariga ega boʻlgan chegara burilishining birkitilgan nuqtalari boʻylab yoki tabiiy chegaralar (daryolar, temir yoʻllar, magistral kanallar, kollektorlar, boshqa muntazam obyektlar) boʻylab oʻtishi kerak. Kadastr zonalari maʼmuriy tuman yoki shahar hududini uzilishlarsiz va kesib oʻtishuvlarsiz qoplashi kerak.
4. Kadastr zonasi hududi kadastr massivlariga boʻlinadi.
Qishloq, ovul kadastr zonasi hisoblangan hollarda qishloq aholi punktlari, qishloq xoʻjaligi maqsadidagi va boshqa maqsaddagi yer massivlari kadastr massivlari sifatida qabul qilinadi.
Tuman boʻysunishidagi shahar (shaharcha), shahar tumani yoki shaharning bir qismi kadastr zonasi hisoblangan hollarda mahalla kadastr massivlari sifatida qabul qilinadi, bunda kadastr massivlari chegarasi kadastr mavzelarining tashqi chegaralari boʻylab oʻtishi va aholi punktlarining koʻchalari yoki tashqi chegaralari bilan mos kelishi kerak. Kadastr massivlari kadastr zonasi hududini uzilishlarsiz va kesib oʻtishuvlarsiz qoplashi kerak.
5. Kadastr massivi hududi kadastr mavzelariga boʻlinadi.
Qishloq aholi punkti yoki mahalla kadastr massivi hisoblangan hollarda shakllangan rejalashtirish, imoratlarning qizil chiziqlari, mavjud muntazam obyektlar (koʻchalar, yoʻllar, daryolar, suv oqimlari, koʻtarma koʻpriklar va boshqalar), boshqa tabiiy chegaralar hisobga olingan holda har xil belgilar (tabiiy, imoratning qurilishi xususiyati, foydalanish maqsadi va hokazolar) boʻyicha ajralib turadigan yer uchastkalarining jami sifatida qabul qilinadi.
Qishloq xoʻjaligi maqsadidagi va boshqa maqsaddagi yer massivi kadastr massivi hisoblangan hollarda bogʻdorchilik-uzumchilik yoki polizchilik shirkati, qishloq xoʻjaligi korxonasi yoki boshqa korxona va yirik obyektlar kadastr mavzesi sifatida qabul qilinadi.
Kadastr mavzelari kadastr massivi hududini uzilishlarsiz va kesib oʻtishuvlarsiz qoplashi kerak.
6. Yer uchastkalari kadastr boʻyicha boʻlishning va ajratish tartibida ajratilgan yerni hisobga olishning birlamchi birligi hisoblanadi.
Muayyan yuridik va jismoniy shaxslarga biriktirilmagan umumiy foydalaniladigan koʻchalar, maydonlar, koʻkalamzorlashtirilgan zonalar, yodgorlik komplekslari, qabristonlar, shahar axlatxonalari, shahar qurilishi uchun ajratiladigan zaxira yerlar va boshqa yerlarga boʻlinadigan kadastr boʻyicha hisobga olish uchastkalari yerni kadastr boʻyicha boʻlish va hisobga olish birligi hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Hududlarni kadastr boʻyicha boʻlish Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 19-oktabrdagi 483-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 42-son, 446-modda)
8. Kadastr boʻyicha boʻlish materiallari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.
II. Yer uchastkasi, bino, inshoot kadastr raqamining tarkibi va ularni shakllantirish tartibi
9. Yer uchastkalari, binolar va inshootlarni Oʻzbekiston Respublikasida identifikatsiyalash tizimi yagona prinsip boʻyicha quriladi, unga yer uchastkasining kadastr raqami asos qilib olingan.
Kadastr raqami yer uchastkasi, bino, inshootga tegishli Oʻzbekiston Respublikasi hududida takrorlanmaydigan raqamdir, u qonunchilik bilan belgilangan tartibda uni shakllantirishda beriladi va u roʻyxatdan oʻtkazilgan huquqning yagona obyekti sifatida mavjud boʻlguniga qadar saqlanib qoladi.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
10. Kadastr boʻyicha raqamlash tizimi yer uchastkalari, binolar va inshootlarning kadastr raqamlarini identifikatsiyalash va hisobga olishning yagona tizimiga integratsiya qilinadi.
11. Quyidagilar yer uchastkasi, bino, inshoot kadastr raqamining majburiy elementlarini tashkil etadi:
mintaqa (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri)ning raqami;
mintaqa tarkibidagi maʼmuriy tuman yoki viloyat boʻysunishidagi shaharning raqami;
kadastr zonasi raqami;
kadastr massivi raqami;
kadastr mavzesi raqami;
yer uchastkasi raqami;
bino, inshootning raqami;
bino, inshoot bir qismining raqami.
12. Kadastr raqami quyidagi tuzilmaga ega:
AA : VV : SS : DD : EE : FFFF : GGGG : HHH,
bunda: AA — mintaqaning raqami (kodi)ni bildiruvchi ikki razryadli oʻnli son;
VV — mintaqa tarkibidagi maʼmuriy-hududiy tuzilma (maʼmuriy tuman, viloyat boʻysunishidagi shahar)ning raqami (kodi)ni bildiruvchi ikki razryadli oʻnli son;
SS — kadastr zonasi raqami (kodi)ni bildiruvchi ikki razryadli oʻnli son;
DD — kadastr zonasi doirasida kadastr massivi raqami (kodi)ni bildiruvchi ikki razryadli oʻnli son;
YEYE — kadastr massivi doirasida kadastr mavzesi raqami (kodi)ni bildiruvchi ikki razryadli oʻnli son;
FFFF — kadastr mavzesi doirasida yer uchastkasi raqami (kodi)ni bildiruvchi toʻrt razryadli oʻnli son;
GGGG — yer uchastkasi doirasida bino, inshoot raqami (kodi)ni bildiruvchi toʻrt razryadli oʻnli son;
NNN — bino, inshootlar bir qismi raqami (kodi)ni bildiruvchi uch razryadli oʻnli son.
13. Kadastr zonalari, massivlari va mavzelarini kadastr boʻyicha boʻlish va shakllantirish vaqtida ularning chegaralari, odatda, shaharlar, shahar tumanlari, qishloqlar, ovullarning maʼmuriy chegaralariga toʻgʻri keladi. Keyinchalik, maʼmuriy chegaralar oʻzgarganda, kadastr boʻyicha boʻlinish sxemasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
14. Yer uchastkasining kadastr raqamini shakllantirish yer uchastkasi koʻchmas mulk obyekti sifatida shakllantirilgan va uning chegaralari tuman (shahar) navbatchi indeksli kadastr xaritasi (rejasi)ga kiritilganidan keyin boshlanadi.
15. Yer uchastkalariga, binolar va inshootlarga, binolarning, inshootlarning bir qismiga kadastr raqamlari berish tuman (shahar) yer-kadastr daftarini toʻldirishda hamda binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonalarining tegishli tumanlar (shaharlar)dagi filiallari tomonidan amalga oshiriladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-avgustdagi 679-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 931-modda)
16. Bino, inshootning kadastr raqami binolar va inshootlarning yer uchastkasi chegarasidagi navbatdagi tartib raqami sifatida shakllantiriladi.
17. Bino, inshootlar bir qismining kadastr raqami asosiy bino, inshoot chegarasidagi navbatdagi tartib raqami sifatida shakllantiriladi.
18. Yangidan suratga olish (tuzatishlar kiritish), roʻyxatga olish, yangi kadastr xarita (reja)larini tayyorlash vaqtida yer uchastkasi, bino va inshootning (ularning bir qismidan tashqari) kadastr raqamini tashkil etuvchi majburiy elementlari oʻzgartirilmaydi.
19. Yer uchastkasiga, bino, inshootga egalik qilish huquqlarining boshqa qonuniy huquq egasiga oʻtishi va (yoki) huquq turining oʻzgarishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish vaqtida mazkur yer uchastkasi, bino, inshootning kadastr raqami oʻzgartirilmaydi.
Yer uchastkalari bilan, mavjud chegaralarning oʻzgarishi va yangi uchastka(lar)ning shakllantirilishi bilan bogʻliq ravishda mazkur uchastkani boʻlish yoki uning boshqa(lari)si bilan qoʻshilib ketishini keltirib chiqaruvchi operatsiyalarni amalga oshirish vaqtida ularga belgilangan tartibda yangi kadastr raqamlari beriladi.
Ilgari berilgan kadastr raqamlari yoʻqotilgan hisoblanadi va ulardan qayta foydalanilishi mumkin emas.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 22-24-son, 161-modda; 2004-y., 42-son, 446-modda; 2014-y., 23-son, 269-modda; 2017-y., 35-son, 931-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)