O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QOZOG‘ISTON RESPUBLIKASI BILAN HAMKORLIKNI YaNADA RIVOJLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston va Qozog‘iston Davlat boshliqlari uchrashuvining Astana shahrida imzolangan 2004-yil 28-maydagi Protokolini bajarish yuzasidan hamda O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, avtomobillarda tashuvlar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida, shuningdek “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qozog‘iston Respublikasi Hukumati o‘rtasida 1998-yil 31-oktabrda Toshkent shahrida imzolangan Bojxona ishlarida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ko‘rsatib o‘tilgan xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartibotlarining O‘zbekiston Respublikasi tomonidan bajarilganligi to‘g‘risida tegishli bildirishnoma yuborsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar kiritsin;
idoraviy normativ hujjatlar ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari R.S. Azimov va E.M. G‘aniyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 18-noyabr,
547-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 45-46-son, 472-modda)