Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Ichki bozorni sement bilan barqaror taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mamlakatda aholi punktlari, ayniqsa qishloqlarning qiyofasini yaxshilash, koʻp qavatli arzon uy-joylar, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi va respublika hududlarini rivojlantirish dasturlariga kiritilgan boshqa obyektlarni qurish boʻyicha izchil ravishda kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatda sement ishlab chiqarish hajmi va unga narxlarning shakllanish mexanizmlari joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan keng koʻlamli infratuzilma loyihalari doirasida obyektlar qurilishini sifatli va oʻz vaqtida yakunlashga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Sement ishlab chiqarish sanoatini jadal rivojlantirishni taʼminlash, ishlab chiqarish hajmini oshirish va iqtisodiyot tarmoqlarining sementga boʻlgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, ijtimoiy va yoʻl-transport infratuzilma obyektlari qurilishini oʻz vaqtida yakunlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va “Oʻzqurilishmateriallari” AJning 2018-yilda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolar uchun arzon uy-joylarni, ijtimoiy soha, transport infratuzilmasi va suv xoʻjaligi obyektlarini markazlashgan manbalar hisobidan qurishni amalga oshiruvchi pudrat tashkilotlariga sement ishlab chiqaruvchi monopolist korxonalar tomonidan ikki million tonna hajmdagi sementni bir tonnasi uchun 367 ming soʻm (QQS bilan) narxda ikki tomonlama shartnomalar boʻyicha 100 foiz oldindan toʻlov asosida sotish haqidagi takliflari maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi PQ-3454-son qarori bilan tasdiqlangan Ayrim turdagi mahsulotlar boʻyicha qoʻshimcha foyda soligʻi stavkasida:
a) “Soliq solinadigan bazaning miqdori (QQS va aksiz soligʻisiz)” ustunida:
“Sement**” pozitsiyasida “1 tonna uchun 145 000 soʻmdan yuqori” soʻzlari “1 tonna uchun 280 000*** soʻmdan yuqori” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Klinker**” pozitsiyasida “1 tonna uchun 120 000 soʻmdan yuqori” soʻzlari “1 tonna uchun 260 000*** soʻmdan yuqori” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) quyidagi mazmundagi havola bilan toʻldirilsin:
“***) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi birja savdolaridagi narxlar konyunkturasidan kelib chiqqan holda, soliq solinadigan bazaning miqdorini qayta koʻrib chiqish huquqiga ega”.
3. Mazkur qarorning 2-bandi hujjat rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va “Oʻzqurilishmateriallari” AJ boshqaruvi raisi B.K. Zaripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-may,
PQ-3696-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2018-y., 07/18/3696/1165-son)