Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazini tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktabrdagi 640-sonli “Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 1-noyabrdagi PQ-3365-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, nanotexnologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining yuridik shaxs tashkil etmasdan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazini (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tashkil qilish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va faoliyatining yoʻnalishlari etib belgilansin:
fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni, shuningdek, nanotizimlar, nanomateriallar va nanotexnologiyalar sohasida innovatsion loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish, nanotexnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va amalga oshirishda qatnashish, nanotexnologiyalar rivojlanishining zamonaviy xalqaro tendensiyalarini tahlil qilish;
jamoaviy foydalaniladigan laboratoriya faoliyatini tashkil etish va taʼminlash, oliy taʼlim muassasalarida Markazning moddiy-texnika bazasini nanotexnologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan zamonaviy ilmiy uskunalar bilan mustahkamlash;
nanotexnologiyalar sohasida innovatsiyalarni amalga oshirish maqsadida oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa manfaatdor tashkilotlar va xususiy sektor bilan hamkorlik qilish;
fundamental va amaliy ilm-fanni oʻquv-tadqiqot, bakalavriat va magistratura talabalarining laboratoriya va kurs ishlarini, ishlab chiqarish va malakaviy amaliyotlarni bajarish uchun laboratoriya bazasidan foydalanishni nazarda tutgan holda, oʻquv-metodik ishlar darajasini yangi oʻquv dasturlari, darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari yaratishda ishtirok etish orqali taʼlim jarayonining barcha bosqichlari bilan hamkorligini taʼminlash;
xalqaro aloqalarni oʻrnatish, nanotexnologiyalar sohasida hamkorlikda xalqaro loyihalarni ishlab chiqish va bajarish, xalqaro ilmiy anjumanlar va simpoziumlarni tashkil etish va oʻtkazishda ishtirok etish;
nanotexnologiyalar sohasida magistr va doktorantlar tayyorlashda ilmiy-metodik yordam koʻrsatish.
3. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti rektoriga, zarurat boʻlganda, Markaz tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan cheklangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Belgilansinki:
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari (toʻlov-shartnoma asosidagi taʼlimdan tushadigan mablagʻlar bundan mustasno), Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov natijalari boʻyicha ajratiladigan grantlar, xalqaro moliya va boshqa institutlar, xorijiy hukumat tashkilotlari grantlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar Markazni moliyalashtirish manbalari hisoblanadi;
Markaz xodimlariga respublika ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi.
5. Markaz Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining Toshkent shahar, Olmazor tumani, Universitet koʻchasi, 4-uy manzilidagi Fizika fakulteti binosiga joylashtirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining yangilangan ustavini tasdiqlasin;
Markaz toʻgʻrisidagi Nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
Markazni zamonaviy ilmiy jihozlar bilan taʼminlash uchun xalqaro moliya institutlari va chet el hukumatlari moliyaviy tashkilotlari kreditlarini jalb etish choralarini koʻrsin;
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan Markazni zarur jihozlar, kompyuter texnikasi, asbob-uskunalar va boshqa moddiy vositalar bilan taʼminlasin;
bir oy muddatda Markazni yuqori malakali ilmiy kadrlar bilan taʼminlash uchun zarur choralar koʻrsin;
Markaz faoliyatini tashkil qilish va rivojlantirish, uni zamonaviy ilmiy uskunalar bilan jihozlash, ilmiy faoliyatini oʻquv jarayoni bilan integratsiyalash boʻyicha birinchi navbatdagi choralar rejasini uch oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari K.V. Akmalov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari –Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 27-aprel,
311-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-apreldagi 311-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Nanotexnologiyalar markazining
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni — 10 nafar.
Ilmiy-texnik loyihalarni amalga oshirish uchun mutaxassislar va olimlar shartnoma asosida qoʻshimcha ravishda jalb etilishi mumkin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2018-y., 09/18/311/1134-son)