Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Tijorat banklari kapitalining monandligiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 25-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2693-3]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 2-oktabrdagi 21/6-sonli “Banklar kapitalining monandligiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3697, 28.10.2025-y.) asosan 2026-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 13-iyundagi 14/3-son qarori (roʻyxat raqami 2693, 2015-yil 6-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 27-son, 360-modda) bilan tasdiqlangan Tijorat banklari kapitalining monandligiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran bir oydan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2018-yil 31-mart,
12/21-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 31-martdagi 12/21-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklari kapitalining monandligiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 2-bandning oʻninchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tavakkalchilik darajasi past boʻlgan mamlakatlar — “Standard & Poor`s”, “Fitch Ratings” va “Moody`s Investors Service” reyting kompaniyalarining investitsion reyting baholariga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tan olinadigan boshqa reyting kompaniyalarining ushbu baholarga teng boʻlgan reyting baholariga ega mamlakatlar;”.
2. Quyidagi mazmundagi 21-band bilan toʻldirilsin:
“21. Mamlakat, bank yoki korxona “Standard & Poor`s”, “Fitch Ratings”, “Moody`s Investors Service” hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadigan boshqa reyting kompaniyalarining bir nechtasi tomonidan berilgan reyting baholariga ega boʻlganda, ushbu nizom hisob-kitoblarida eng past reyting bahosi hisobga olinadi.”.
3. 11-bandda:
a) “a” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) bankning toʻliq toʻlangan oddiy aksiyalari yoki bank aksiyadorlik jamiyatidan boshqa shaklda tashkil etilganda oddiy aksiyaga tenglashtirilgan vositalar. Bunday aksiyalar yoki vositalar quyidagi shartlarni qanoatlantirishi lozim:
bank tugatilganda ular boʻyicha talablar bankning barcha talablaridan (depozitorlar va bankning boshqa kreditorlari talablari, subordinar qarz, imtiyozli aksiyalar va boshqalar) soʻng qondirilishi;
egalari bank tugatilganda barcha talablar qondirilgandan soʻng bank ixtiyorida qoladigan aktivlarning oʻzlariga tegishli ulushga muvofiq qismini olish huquqiga ega boʻlishi;
muddatsiz va bankni tugatilishidan boshqa holatlarda toʻlab berilmasligi, bundan qonun hujjatlarida belgilangan qayta sotib olish holatlari mustasno;
chiqarilishida bank uni qayta sotib olish yoki bekor qilish boʻyicha harakat qilmasligi hamda qonuniy va shartnomaviy talablar bunday holatni keltirib chiqarish xususiyatlariga ega boʻlmasligi;
emitent yoki unga aloqador shaxslar tomonidan kafolatlanmagan va taʼminlanmagan, shuningdek bank tugatilgan taqdirda hech qanday shartnoma bilan uning toʻlash navbati (subordinatsiyasi) oʻzgartirilmagan boʻlishi;”;
birinchi xatboshi “foyda” degan soʻzdan keyin “(zarar)” degan soʻz bilan toʻldirilsin;
ikkinchi xatboshi “(tekinga olingan mulklar (30905) va” degan soʻzlardan keyin “asosiy vositalar hamda nomoddiy aktivlarning” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“oʻtgan yillardagi qoplanmagan zararlar va joriy yil zararlari;”;
v) “g” va “d” kichik bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“g) ozchilik ulush egalarining bank yigʻma balansiga birlashadigan korxonalardagi ulushlari. Bu ulush shuʼba korxonalari hisobvaraqlari bank moliyaviy hisobotlarida birlashtirilganda va bank ulushi bunday korxonalar kapitalining 100 foizdan kam qismini tashkil qilganda vujudga keladi. Bunda ushbu ulushlar mazkur bandning “a” kichik bandi ikkinchi-oltinchi xatboshilarida belgilangan talablarga javob berishi lozim;
d) devalvatsiya zaxirasi. Bu zaxira sezilarli darajada milliy valyutaning qadrsizlanishida (devalvatsiya) bankning oʻz majburiyatlarini qoplash uchun taqsimlanmagan foyda hisobidan ajratilgan mablagʻlardan shakllanadi.”.
4. 12-bandda:
“a” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) toʻliq toʻlangan nokumulyativ muddatsiz imtiyozli aksiyalar. Bunday aksiyalar quyidagi shartlarni qanoatlantirishi lozim:
muayyan sotib olish sanasi yoki shartlariga ega boʻlmasligi;
egasining xohishiga koʻra sotib olinmasligi;
bank tugatilganda ularga doir talablar bank depozitorlari, kreditorlari va subordinar qarzlar boʻyicha talablari bajarilgandan soʻng qondirilishi;
emitent yoki unga aloqador shaxslar tomonidan ushbu aksiyalar boshqa aktivlarga kafolat va taʼminot sifatida qoʻyilmagan boʻlishi;
bank aksiyadorlari umumiy yigʻilishi qaroriga muvofiq ularga doir dividendlar toʻlanmasligi mumkinligi;
ular boʻyicha oʻtgan davrdagi olinmagan dividendlar toʻlanmasligi;
bank faqat Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidan oldindan olingan ruxsati bilan va chiqarilganiga 10 yildan kam boʻlmagan aksiyalar va sotib olinadigan summani kapitalning oʻsha turi yoki boshqa undan yuqoriroq turiga almashtirgandan soʻng yoxud bank kapitalining monandligi kapitalga qoʻyilgan minimal talabdan yuqori ekanligini koʻrsatgandan soʻng, ularni sotib olinishi mumkinligi;”;
“v” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“v) I darajali qoʻshimcha kapitalga qoʻshilish shartlariga javob beruvchi shuʼba korxonalari tomonidan chiqarilgan va uchinchi shaxslar ixtiyorida boʻlgan kapitalga tenglashtirilgan vositalar, shuningdek mazkur Nizomning 11-bandi “g” kichik bandiga kiritilmagan ozchilik ulush egalarining bank yigʻma balansiga birlashadigan korxonalardagi ulushlari.”.
5. 14-bandning “g” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“g) subordinar qarz — bu bankning qarz majburiyatlari shakli boʻlib, bank kapitalini aniqlash maqsadida hisob-kitoblardan soʻng I darajali kapitalning uchdan bir qismidan oshmasligi kerak. II darajali kapital tarkibiga kiruvchi subordinar qarz quyidagi talablarga javob berishi lozim:
garov taʼminotiga ega boʻlmasligi;
bank tugatilayotganda ushbu majburiyatlar boʻyicha talablar depozitorlar va bankning boshqa kreditorlari talablari qondirilganidan soʻng amalga oshirilishi;
boshlangʻich toʻlov muddati 5 yildan keyin boʻlishi;
qarzdor bank yoki unga aloqador shaxslar tomonidan boshqa aktivlarga kafolat va taʼminot sifatida qoʻyilmagan, shuningdek bank tugatilgan taqdirda hech qanday shartnoma bilan uning toʻlash navbati (subordinatsiyasi) oʻzgartirilmagan, yaʼni bank depozitorlari va kreditorlari talablariga tenglashtirilmagan boʻlishi;
muddatidan avval Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining ruxsati bilan qaytarilishi.
Subordinar qarzni bankning II darajali kapitali sifatida tan olish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
boshlangʻich toʻlov muddati yetib kelgunga qadar 5 yildan oshgan muddatda — toʻliq hajmda;
boshlangʻich toʻlov muddatidan oldingi 5 yil davomida:
1-yilda — subordinar qarz qoldigʻining 80 foizi;
2-yilda — subordinar qarz qoldigʻining 60 foizi;
3-yilda — subordinar qarz qoldigʻining 40 foizi;
4-yilda — subordinar qarz qoldigʻining 20 foizi;
5-yilda — 0;”.
6. 16-bandda:
birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. I darajali asosiy kapitaldan quyidagilar chegiriladi:”;
beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
7. 20-bandda:
uchinchi xatboshi “hisobvaraqlaridagi” degan soʻzlardan keyin “milliy valyutadagi” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“bankning Xalqaro valyuta fondi va Jahon banki guruhi (Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya koorporatsiyasi, Xalqaro investitsiyalarni kafolatlash agentligi, Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi) hamda Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infrastruktura investitsiya banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki, Yevropa investitsiya jamgʻarmasi, Islom taraqqiyot banki, Yevropa Kengashining taraqqiyot banklariga nisbatan talablari, shuningdek bu tashkilotlar tomonidan kafolatlangan bank aktivlari;”;
oltinchi xatboshi yettinchi xatboshi deb hisoblansin;
yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“mazkur Nizomning 16-bandida keltirilgan aktivlar.”.
8. 21 va 22-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21. Minimal tavakkalchilik darajasiga ega aktivlar (tavakkalchilik darajasi 20 foiz) quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining vakillik va zaxira hisobvaraqlaridagi chet el valyutasidagi mablagʻlar;
“Standard & Poor`s”, “Fitch Ratings” va “Moody`s Investors Service” kompaniyalarining mos ravishda A, A va A2 reyting darajasidan kam boʻlmagan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tan olinadigan boshqa reyting kompaniyalarining ushbu baho darajasiga teng boʻlgan reyting baholariga ega, tavakkalchilik darajasi past boʻlgan mamlakatlarda roʻyxatga olingan banklarga qoʻyilgan barcha talablar, shu jumladan qarzlar va pul bozori vositalari, shuningdek ushbu banklar tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlar bilan taʼminlangan boshqa barcha aktivlar;
joriy bozor qiymatida baholangan va xalqaro moliya institutlari tomonidan muomalaga chiqarilgan qimmatli qogʻozlar bilan taʼminlangan aktivlar va ularning qismlari;
bankning tavakkalchilik darajasi past boʻlgan mamlakatlarga kirmagan mamlakatlarning milliy valyutalariga denominatsiya qilingan va milliy valyutadagi majburiyatlar bilan qoplangan, ushbu mamlakatlar Hukumatlari va Markaziy banklariga nisbatan talablari;
joriy bozor qiymatida baholangan va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki yoki tavakkalchilik darajasi past boʻlgan mamlakatlar Hukumatlari tomonidan emissiya qilingan yoki kafolatlangan qimmatli qogʻozlar koʻrinishidagi garov bilan taʼminlangan yoki kafolatlangan aktivlar, ularning qismlari va balansdan tashqari majburiyatlar. Qimmatli qogʻozlar bank tasarrufida boʻlishi va belgilangan tartibga muvofiq unga berilishi lozim. Kafolatlar toʻgʻridan-toʻgʻri va hech qanday shartlarsiz, yaʼni ularni qoʻllashni cheklovchi biron-bir qoʻshimcha shartlarni oʻzida qamrab olmagan boʻlishi kerak;
oʻtkazish jarayonidagi pul hujjatlari (jumladan, yoʻldagi naqd pullar).
22. Oʻrtacha tavakkalchilik darajasiga ega aktivlar (tavakkalchilik darajasi 50 foiz) quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
“Standard & Poor`s”, “Fitch Ratings” va “Moody`s Investors Service” kompaniyalarining mos ravishda BBB-, BBB- va Baa3 reyting darajasidan kam boʻlmagan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadigan boshqa reyting kompaniyalarining ushbu baho darajasiga teng boʻlgan reyting baholariga ega, tavakkalchilik darajasi past boʻlgan mamlakatlarda roʻyxatga olingan banklarga qoʻyilgan barcha talablar, shu jumladan qarzlar va pul bozori vositalari, shuningdek ushbu banklar tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlar bilan taʼminlangan boshqa barcha aktivlar;
jismoniy shaxslarga bir oilaga uy-joy sotib olish yoki qurish uchun berilgan va dastlabki garov (garov predmetiga egalik qilishning imtiyozli huquqi) sifatida sotib olinayotgan yoki qurilayotgan uy-joy bilan taʼminlangan kreditlar. Bunda kredit miqdorining garov qiymatiga nisbati 60 foizdan oshmasligi kerak.”.
9. 33-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yalpi daromad = (foizli daromadlar — foizli xarajatlar) + (foizsiz daromadlar — foizsiz xarajatlar).”.
10. 35-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Kapitalning konservatsiya buferi tavakkalchilikni hisobga olgan holdagi barcha aktivlarning 3,0 foizi sifatli I darajali kapital boʻlishini hisobga olgan holda K2 koeffitsiyenti 2017-yilning 1-yanvaridan 0,095 (9,5 foiz) va 2019-yilning 1-yanvaridan 0,10 (10,0 foiz) miqdoridan kam boʻlmasligi lozim.”.
11. 36-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“36. I darajali asosiy kapitalning monandlik koeffitsiyenti K3 = I darajali asosiy kapital/TAUS sifatida aniqlanib, uning eng kichik miqdori 0,075 (7,5 foiz)dan kam boʻlmasligi kerak.
2019-yil 1-yanvardan boshlab K3 ning eng kichik darajasini 0,08 (8,0 foiz) miqdoridan kam boʻlmasligi lozim.”.
12. 38-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“K4 = I darajali kapital / (Umumiy aktivlar + mazkur Nizomning 5 va 6-boblaridagi aktivlar — mazkur Nizomning 16-bandida keltirilgan aktivlar). Leveraj koeffitsiyentining eng kichik darajasi 0,06 (6 foiz)ga teng.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2018-y., 10/18/2693-3/1099-son)