Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, oʻrmon mahsulotlari hajmini koʻpaytirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev va Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining raisi N.J. Bakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 10-aprel,
282-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-apreldagi 282-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi 290-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 10-son, 108-modda) bilan tasdiqlangan Hayvonot va oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanganlik uchun toʻlov sifatida tushgan mablagʻlardan, jarima summalari va tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlardan yetkazilgan zarar uchun undirilgan summalarni taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 2-bandda:
“arizalarni koʻrib chiqqanlik va” soʻzlaridan keyin “Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilmagan oʻsimliklar turlarini tabiiy muhitdan tayyorlash (toʻplash) uchun olib qoʻyishga” soʻzlari qoʻshilsin;
b) 5-bandda:
ikkinchi xatboshiga “agar huquqni buzish” soʻzlaridan keyin “Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimiga kirmaydigan” soʻzlari qoʻshilsin;
toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“ovchilik-baliq ovlash xoʻjaliklarida huquqni buzish sodir etilgan taqdirda — ovchilik-baliq ovlash xoʻjaligini yurituvchi foydalanuvchining hisob raqamiga oʻtkaziladi.
Quyidagi mablagʻlar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimiga kiradigan qoʻriqxonalar, biosfera rezervatlari, milliy tabiat bogʻlari hududlaridagi maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun jarimalar undirishdan olingan mablagʻlar — 100 foiz miqdorda hududida huquqbuzarlik sodir etilgan qoʻriqxonalar, biosfera rezervatlari, milliy tabiat bogʻlari hisob raqamiga oʻtkaziladi;
davlat oʻrmon fondi yerlaridagi hayvonot va oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha mablagʻlarning:
50 foizi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga;
50 foizi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimiga kiradigan oʻrmonni, oʻrmon-ovchilik, ixtisoslashtirilgan oʻrmon xoʻjaliklari, qoʻriqxonalar, biosfera rezervatlari, milliy tabiat bogʻlarini, shuningdek, ilmiy-tajriba stansiyalarini rivojlantirish jamgʻarmalarining hisob raqamiga oʻtkaziladi”;
oltinchi xatboshi oʻninchi xatboshi deb hisoblansin;
v) Ilovaga ilovada:
“Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi” soʻzlari “Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi” boʻlimi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiga:
maʼmuriy huquqbuzarlik uchun jarimalar undirishdan, shuningdek, davlat oʻrmon fondi yerlarida yovvoyi hayvonlarni boshqa joyga koʻchirish yoki urchitish uchun ularni tutishga ruxsatnomalar berishdan olingan mablagʻlar — mansubligi va yovvoyi hayvonlarni tutish joyi boʻyicha huquqbuzarlik sodir etilgan xoʻjalikning hisob raqamiga — 100 foiz.
Hayvonot va oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha undirishdan olingan mablagʻlarning:
50 foizi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasining shaxsiy gʻazna hisob raqamiga;
50 foizi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimiga kiradigan oʻrmon, oʻrmon-ovchilik, ixtisoslashtirilgan oʻrmon xoʻjaliklari, qoʻriqxonalar, biosfera rezervatlari, milliy tabiat bogʻlarini, shuningdek, ilmiy-tajriba stansiyalarini rivojlantirish jamgʻarmalarining hisob raqamlariga taqsimlanadi”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 30-sentabrdagi 278-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 9-son, 86-modda) bilan tasdiqlangan Oʻrmondan foydalanganlik uchun toʻlovlar miqdorini va ularni undirishni tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomning 6-bandidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasining” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 30-son, 734-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 3-bandda:
“kiritilmagan tabiiy holda oʻsuvchi oʻsimlik xomashyolarini terish” soʻzlari “kiritilmagan oʻsimliklar turlarini tabiiy muhitdan tayyorlash (toʻplash) uchun olib qoʻyish” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“b” kichik band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“b) oʻrmon fondi yerlaridagi oʻsimlik va hayvonot dunyosiga yetkazilgan zararni qoplash uchun undiriladigan mablagʻlarning 50 foizi;”;
“v” kichik banddagi “(milliy tabiat bogʻlari, biorezervatlar, ov xoʻjaliklari)” soʻzlari “(oʻrmon fondi yerlarida oʻrmon xoʻjaligini yuritish bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarni amalga oshirishda daraxtlar va butalar kesilganligi, shuningdek, oʻsimlik qoplamasi shikastlanganligi uchun)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“g” kichik band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“g) Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimiga kiradigan oʻrmonni, oʻrmon-ovchilik, ixtisoslashtirilgan oʻrmon xoʻjaliklari, qoʻriqxonalar, biosfera rezervatlari, milliy tabiat bogʻlarini rivojlantirish jamgʻarmalariga tushgan mablagʻlarning 10 foizi miqdoridagi ajratmalar (ushbu bandning “a”. “b”, “v” kichik bandlarida belgilangan toʻlovlar chegirib tashlangan holda)”;
“e” kichik band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“e) Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini tijorat banklarida joylashtirishdan olingan daromadlar, belgilangan tartibda tashkil etilgan tashkilotlarning ustav fondidagi ulushlar (aksiyalar) boʻyicha dividendlar (daromadlar) va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.”;
b) 5-bandda:
“n” kichik bandning birinchi xatboshidagi “ovchilik xoʻjaliklari” soʻzlari “ovchilik, oʻrmon va ixtisoslashtirilgan xoʻjaliklar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“s” kichik bandning ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi “t” kichik band qoʻshilsin:
“t) davlat qoʻriqxonalari, milliy tabiat bogʻlari va ovchilik xoʻjaliklarini, shuningdek, “Shifobaxsh” dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash markazini boshqarishning budjetdan tashqari qismini moliyalashtirish va saqlab turish”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.04.2018-y., 09/18/282/1055-son)