Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni davlat mulkini boshqarish boʻyicha vakolatli organga topshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 131-moddasiga muvofiq hamda davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni nazorat qilish va hisobga olish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.S. Otajonov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining raisi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 3-aprel,
260-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 260-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-sentabrdagi 742-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni davlat mulkini boshqarish boʻyicha vakolatli organga topshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 2-bandning toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“davlat mulkini boshqarish boʻyicha vakolatli organ — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari — oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa tovarlar boʻyicha, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi yoki uning hududiy organlari — qimmatli qogʻozlar va qimmatbaho metallar, qimmatbaho toshlar hamda ulardan yasalgan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar boʻyicha”.
2. 11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Davlat mulkini boshqarish boʻyicha vakolatli organ davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan:
oziq-ovqat mahsulotlarini — “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tashkilotlariga;
qimmatli qogʻozlarni — Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysiga vaqtincha saqlash uchun topshiradi. Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysiga vaqtincha saqlash uchun joylashtirilgan qimmatli qogʻozlar boʻyicha huquqlar davlat mulkini boshqarish boʻyicha vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi;
qimmatbaho metallar, qimmatbaho toshlar hamda ulardan yasalgan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlarni — ular Davlat asillik darajasini belgilash palatasida ekspertizadan oʻtkazilgandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligiga topshiradi. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi tomonidan davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirilgan qimmatbaho metallar, qimmatbaho toshlar hamda ulardan yasalgan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlarni texnik ekspertizadan oʻtkazishda asillik darajasi toʻlovi undirilmaydi.
Boshqa tovarlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan kimoshdi savdosini oʻtkazish tartibida sotuvga qoʻyiladi. Tez buziladigan va past qiymatli tovarlar davlat mulkini boshqarish boʻyicha vakolatli organ tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish orqali sotiladi”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.04.2018-y., 09/18/260/1000-son)