O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomalarga qo‘shilish to‘g‘risida
“O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 21-moddasiga muvofiq:
1. Quyidagilar:
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi-davlatlarining Moliya razvedkasi bo‘linmalari rahbarlari kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi Bitimga (Ashxobod, 2012-yil 5-dekabr):
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi-davlatlarining Moliya razvedkasi bo‘linmalari rahbarlari kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi Bitimga o‘zgartishlar kiritish haqidagi Protokolga (Minsk, 2014-yil 10-oktabr) qo‘shilish ma’qullansin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti mazkur xalqaro shartnomalar amalga oshirilishi uchun javobgar bo‘lgan vakolatli organ etib belgilansin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentabrdagi PF-5547-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.10.2018-y., 06/18/5547/1975-son)
3. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi mazkur xalqaro shartnomalarga qo‘shilishi hamda ularni amalga oshirishda javobgar bo‘lgan vakolatli organ to‘g‘risida depozitariyga tegishli bildirishnoma yo‘llasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnomalar kuchga kirgandan keyin O‘zbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni ta’minlasinlar.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 19-mart,
PQ-3615-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.03.2018-y., 07/18/3615/0922-son, 01.10.2018-y., 06/18/5547/1975-son)