Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Urganch ekskavator” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
Xorazm mintaqasining iqtisodiyotini jadal rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatini oshirish, xorijiy investorlarni meliorativ va yoʻl-qurilish texnikasini ishlab chiqarish va taʼmirlash sohasiga faol jalb qilish maqsadida:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida Xalqaro investitsiya forumi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 10-fevraldagi F-4613-sonli farmoyishiga muvofiq, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va “Xuzhou Construction Machinery Group Co., Ltd” (XXP) korporatsiyasi (keyingi oʻrinlarda — xorijiy investor deb yuritiladi) oʻrtasida 2016-yil 28-iyun kuni “Urganch ekskavator” AJ aksiyalarining 51 foizini xorijiy investorga realizatsiya qilish toʻgʻrisida oraliq bitimi imzolandi;
imzolangan oraliq bitimi asosida xorijiy investor olti oy mobaynida texnologik uskunalar, asboblar, zamonaviy terish liniyasi va nomoddiy mulkni yetkazib berish shaklida investitsiyalar kiritish, mustaqil baholovchi tashkilot orqali ularning umumiy miqdorini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlash majburiyatini oʻz zimmasiga oldi;
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 18-moddasi talablariga muvofiq, jamiyatning ustav jamgʻarmasi (ustav kapitali) qoʻshimcha aksiyalarni joylashtirish yoʻli bilan koʻpaytirilishi mumkin;
“Urganch ekskavator” aksiyadorlik jamiyatining yagona aksiyadori boʻlmish “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan xorijiy investor ulushini 51 foizgacha yetkazish uchun qoʻshimcha aksiyalar chiqarish orqali “Urganch ekskavator” AJ ustav jamgʻarmasini (ustav kapitalini) koʻpaytirish, keyinchalik ularni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish xamda texnologik uskunalar, asboblar, zamonaviy terish liniyasi va nomoddiy mulkning belgilangan narxi miqdorida xorijiy investor tomonidan kiritiladigan investitsiyalar hisobiga mazkur aksiyalarning haqini toʻlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
2. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining xorijiy investor ulushini 51 foizgacha yetkazish uchun qoʻshimcha aksiyalar chiqarish orqali “Urganch ekskavator” AJ ustav jamgʻarmasini (ustav kapitalini) koʻpaytirish, keyinchalik ularni Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Bunda “Urganch ekskavator” AJ ustav jamgʻarmasidagi (ustav kapitalidagi) ulushlar kuyidagi tartibda taqsimlanadi:
xorijiy investor — 51 foiz;
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ — 49 foiz.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi “Urganch ekskavator” aksiyadorlik jamiyatining qoʻshimcha chiqarilgan aksiyalari belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini, Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida ularning keyinchalik hisobga qoʻyilishini taʼminlasin.
4. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ uch oy muddatda “Urganch ekskavator” AJ va xorijiy investor oʻrtasida qoʻshimcha chiqarilgan aksiyalarning oldi-sotdisi boʻyicha bitim tuzilishini, mazkur bitimning Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov xamda Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi R.A. Gulyamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 18-yanvar,
PQ-3481-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-yanvardagi PQ-3481-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan ayrim hujjatlari
roʻyxati
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 28-apreldagi PQ-2340-sonli qarori 1-ilovasining “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DATK kichik boʻlimi va 31-pozitsiyasi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida Xalqaro investitsiya forumi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 16-noyabrdagi PQ-2432-sonli qarori 2-ilovasining 6-kichik bandi va 26-pozitsiyasi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida Xalqaro investitsiya forumi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 10-fevraldagi F-4613-sonli farmoyishi 2-ilovasining 6-kichik bandi va 26-pozitsiyasi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.01.2018-y., 07/18/3481/0594-son)