O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirishlar kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 17-yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1948-14]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 4-yanvardagi 30/18-sonli “Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 3420, 08.02.2023-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi va “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 16-martdagi 7/2-son qarori (ro‘yxat raqami 1948, 2009-yil 27-aprel) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 18-son, 229-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2017-yil 30-dekabr
35/6-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2017-yil 30-dekabrdagi 35/6-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. 12-band “v” kichik bandining ikkinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Shaxsni tasdiqlovchi hujjatdan nusxa olinib, asli qaytarib beriladi.”.
2. 13-bandning “g” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“g) tadbirkorlik faoliyati subyekti bo‘lmagan rezident yuridik shaxslar tomonidan ta’sis hujjatlari (ta’sis shartnomasi, ustav) hamda ularga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, shuningdek yuridik shaxs nomidan pul-hisob-kitob hujjatlarini imzolash vakolatiga ega shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport yoki uni o‘rnini bosadigan hujjat). Ushbu hujjatlardan nusxa olinib, asli qaytarib beriladi;”.
3. 14-bandda:
“g” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“g) vakolatxona yoki filialga berilgan vakolatlarni belgilovchi hujjat hamda vakolatxona yoki filial nomidan pul-hisob-kitob hujjatlarini imzolash vakolatiga ega shaxsning shaxsini tasdiqlovchi (pasport yoki uni o‘rnini bosadigan) hujjati. Ushbu hujjatlardan nusxa olinib, asli qaytarib beriladi.”;
“d” kichik band chiqarib tashlansin.
4. 17-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17. Rezident va norezident jismoniy shaxslar tomonidan milliy valyutada depozit hisobvaraqlari ochish uchun bankka mazkur Yo‘riqnomaning 5-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki uni o‘rnini bosadigan hujjat) taqdim qilinadi (nusxasi olinib, asli qaytariladi). Hisobvaraq ochish uchun ariza jismoniy shaxslar tomonidan shaxsan taqdim etilishi lozim, qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan hollar bundan mustasno.
Jismoniy shaxslar o‘zlari tanlagan bank (filial)da ushbu Yo‘riqnomada belgilangan tartibda depozit hisobvaraq ochganlaridan so‘ng, shu bank (filial)da bank hisobvaraqlariga masofadan xizmat ko‘rsatish tizimlaridan foydalangan holda boshqa depozit hisobvaraqlarni ochishlari mumkin.”.
5. 18-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari chiqarib tashlansin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.01.2018-y., 10/18/1948-14/0583-son)