OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BILAN NIDERLANDIYA QIROLLIGI OʻRTASIDA
Bayonnoma
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Niderlandiya Qirolligi oʻrtasidagi 2001-yil 18-oktabrda imzolangan daromadlarning ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik va daromad hamda kapital soliqlarini toʻlashdan bosh tortishni oldini olish toʻgʻrisida Konvensiya hamda uning Bayonnomasiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Niderlandiya Qirolligi Hukumati,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Niderlandiya Qirolligi oʻrtasidagi 2001-yil 18-oktabrda imzolangan daromadlarning ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik va daromad hamda kapital soliqlarini toʻlashdan bosh tortishni oldini olish toʻgʻrisida Konvensiya hamda uning Bayonnomasiga (bundan keyingi oʻrinlarda “Konvensiya” va “Bayonnoma” deb yuritiladi) oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida Bayonnoma tuzish istagini bildirib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Konvensiyaning Nomlanishi va Muqaddimasi chiqarib tashlansin va quyidagi Nomlanish va Muqaddima bilan almashtirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi bilan Niderlandiya Qirolligi oʻrtasidagi daromad va foyda soliqlariga nisbatan ikki yoqlama soliqqa tortishni bartaraf qilish, soliqlarni toʻlashdan qochish va bosh tortishni oldini olish toʻgʻrisida KONVENSIYA”
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Niderlandiya Qirolligi Hukumati,
iqtisodiy aloqalarini yanada rivojlantirish va soliq masalalarida hamkorlikni kengaytirish istagida,
soliqlarni toʻlashdan qochish va bosh tortish yoʻli bilan soliqqa tortilmaslik hamda soliq solinishini kamaytirish imkoniyatini (jumladan, uchinchi mamlakatlar rezidentlarining bilvosita manfaatlari uchun mazkur Konvensiya tomonidan taqdim etiladigan imtiyozlar berilishiga yoʻl ochadigan imkoniyatlarni) yaratmaslik uchun Oʻzbekiston Respublikasi bilan Niderlandiya Qirolligi oʻrtasidagi daromad va foyda soliqlariga nisbatan ikki yoqlama soliq solishni bartaraf qilish, soliqlarni toʻlashdan qochish va bosh tortishni oldini olish toʻgʻrisida Konvensiya tuzish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:”.
2-modda
Konvensiyaning 2-moddasi 3-bandi a) va b) kichik bandlari chiqarib tashlansin va quyidagi kichik bandlar bilan almashtirilsin:
“a) Oʻzbekistonda:
i. yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi;
ii. jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
iii. mol-mulk soligʻi
(bundan keyingi oʻrinlarda “Oʻzbekiston soliqlari” deb nomlanadi);
b) Niderlandiyada:
i. daromad soligʻi;
ii. ish haqidan olinadigan soliq;
iii. tabiiy resurslarni ekspluatatsiya qilish asosida olingan sof foydadagi hukumat ulushini oʻz ichiga oluvchi foydali qazilmalar qazib olish toʻgʻrisidagi Qonunga (de Mijnbouwwet) muvofiq undiriladigan korporativ soliq (de vennootschapsbelasting);
iv. dividend soligʻi
(bundan keyingi oʻrinlarda “Niderlandiya soliqlari” deb nomlanadi);”.
3-modda
Konvensiyaning 4-moddasi chiqarib tashlansin va quyidagi moddaga almashtirilsin:
“4-modda
Rezident
1. “Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti” atamasi ushbu Konvensiyaning maqsadlari uchun mazkur Davlatning qonunchiligi boʻyicha unda oʻzining yashash joyi, rezidensiyasi, boshqaruvi joylashgan joyiga koʻra yoki shunga oʻxshash xususiyat kasb etuvchi har qanday boshqa mezoni asosida soliqqa tortilishi kerak boʻlgan har qanday shaxsni anglatadi, shu jumladan mazkur Davlat va uning har qanday siyosiy yoki maʼmuriy-hududiy boʻlinmasini yoxud mahalliy hokimiyat organini qamrab oladi.
2. Jismoniy shaxsdan boshqa shaxs soliqqa tortilishi mumkin:
a) Niderlandiyada, agar shaxs korporativ soligʻi maqsadlari uchun Niderlandiya rezidenti boʻlsa;
b) Oʻzbekistonda, agar shaxs yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi maqsadlari uchun Oʻzbekiston rezidenti boʻlsa,
ushbu shaxs tomonidan olingan foyda mazkur Davlat soliq qonunchiligiga koʻra shaxsning foydasi sifatida eʼtirof etilsa va bunday foyda uning mulkdorlari, aʼzolari va ishtirokchilarining foydasi hisoblanmasa.
3. 1 va 2-bandlarning qoidalariga qaramasdan “Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti” atamasi ushbu Davlatdagi manbalardan olingan foydasi yoki u yerdagi mol-mulki uchun soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan har qanday shaxsni qamrab olmaydi.
4. 1-band qoidalariga muvofiq shaxs ikkala Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan hollarda uning maqomi quyidagi tarzda aniqlanadi:
a) mazkur shaxs faqatgina doimiy uyi mavjud boʻlgan Davlatning rezidenti hisoblanadi; agar u har ikkala Davlatda doimiy uyga ega boʻlsa, u faqatgina shaxsiy va iqtisodiy aloqalari chuqurroq boʻlgan (hayotiy manfaatlar markazi) Davlatning rezidenti hisoblanadi;
b) agar shaxsning hayotiy manfaatlar markazi joylashgan Davlatni aniqlab boʻlmasa yoki Davlatlardan hech birida doimiy uyi boʻlmasa, u odatda yashaydigan Davlatning rezidenti hisoblanadi;
c) agar shaxs odatda har ikki Davlatda ham yashasa yoki ularning hech birida odatda yashamasa, u faqatgina fuqarosi hisoblangan Davlatning rezidenti hisoblanadi;
d) agar shaxs har ikkala Davlatning fuqarosi boʻlsa yoki hech birining fuqarosi boʻlmasa, unda Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari bu masalani oʻzaro kelishuv yoʻli bilan hal qiladilar.
5. 1-bandning qoidalariga muvofiq jismoniy shaxs boʻlmagan shaxs har ikkala Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan hollarda, u faqatgina oʻzining samarali boshqaruv organi joylashgan Davlatning rezidenti hisoblanadi”.
4-modda
Konvensiya 24-moddasidan keyin quyidagi mazmundagi modda bilan toʻldirilsin:
“24A-modda
Imtiyozlar berilishi
Imtiyozlar berilishi
1. Ushbu Konvensiyaning boshqa qoidalariga qaramasdan, agar barcha tegishli faktlar va shartlarni hisobga olgan holda, har qanday kelishuv yoki bitimning asosiy maqsadlaridan biri mazkur Konvensiya doirasida imtiyoz olish boʻlib va bevosita yoki bilvosita bunday imtiyozni olinishiga olib kelgan deb xulosa qilishga asos boʻlsa, bunday daromad va foyda predmetiga nisbatan ushbu imtiyozlar taqdim qilinmaydi, basharti bunday shartlarda ushbu imtiyozlarning berilishi mazkur Konvensiya tegishli qoidalarining obyekti va maqsadiga muvofiq deb topilmasa.
2. Shaxsga ushbu Konvensiya doirasida imtiyoz berish 1-bandga koʻra rad etilgan hollarda, Ahdlashuvchi Davlat vakolatli organi bunday imtiyoz aksincha taqdim etilishi lozim deb hisoblasa, u bunday shaxsga daromad yoki foydaning maxsus qismlariga nisbatan imtiyoz yoki turlicha imtiyozlarga ega kabi munosabatda boʻladi, basharti bunday vakolatli organ ushbu shaxsning soʻrovnomasiga koʻra va barcha tegishli faktlar va shartlarni oʻrganib chiqqanidan soʻng 1-bandda koʻrsatib oʻtilgan kelishuv yoki bitim mavjud boʻlmagan taqdirda bunday imtiyozlar taqdim etilardi deb topsa.
3. Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi 1 yoki 2-bandga muvofiq imtiyoz berishni rad etishdan oldin ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi bilan maslahatlashadi.”.
5-modda
Konvensiyaning 28-moddasi chiqarib tashlansin va quyidagi moddaga almashtirilsin:
“28-modda
Axborot almashish
Axborot almashish
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari mazkur Konvensiya qoidalarini amalga oshirish yoki Ahdlashuvchi Davlatlar yoki ularning siyosiy va maʼmuriy hududiy boʻlinmalari yoki mahalliy hokimiyat organlari foydasiga soliq solinishi bilan bogʻliq mazkur Konvensiyaga zid boʻlmagan tarzda undiriladigan har qanday tur va tavsifdagi soliqlarga oid milliy qonunchilikni tatbiq etish yoki uni qoʻllashga aloqador axborotni almashadilar. Axborot almashinuvi 1 va 2-moddalar bilan cheklanmaydi.
2. Ahdlashuvchi Davlatlar biri tomonidan mazkur moddaning 1-bandiga muvofiq olingan har qanday axborot ushbu Davlatning milliy qonunchiligiga muvofiq olingan axborot singari maxfiy hisoblanadi hamda faqat mazkur moddaning 1-bandida qayd etilgan soliqlarni baholash yoki undirish, majburiy undirish yoki sud taʼqibi yoki ushbu soliqlarga nisbatan daʼvolar boʻyicha qarorlar qabul qilish yoxud yuqoridagilarni nazorat qilish bilan shugʻullanuvchi shaxslar yoki organlargagina (jumladan, sudlar va maʼmuriy organlarga) oshkor etilishi mumkin. Bunday shaxslar yoki organlar axborotlardan faqat koʻrsatilgan maqsadlardagina foydalanadilar. Ular bunday axborotni ochiq sud majlisida yoki sud qarorlarida oshkor etishlari mumkin. Yuqoridagilardan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlat tomonidan olingan axborot boshqa maqsadlarda foydalanilishi mumkin, basharti bunday axborot har ikkala Davlatning qonunchiligiga muvofiq boshqa maqsadlarda foydalanishga ruxsat etilgan boʻlsa hamda axborotni taqdim etuvchi Davlat vakolatli organining bunday foydalanishga roziligi mavjud boʻlsa.
3. Ahdlashuvchi Davlatlar 27-moddaning 5-bandi qoidalariga muvofiq taʼsis etilgan hakamlik (arbitraj) organiga arbitraj jarayonlarini bajarish uchun zarur boʻlgan shunday axborotni oshkor qilishlari mumkin. Arbitraj organining aʼzolari ularga taqdim qilingan har qanday axborotga nisbatan ushbu moddaning 2-bandida tavsiflangan oshkor etishga oid cheklovlarga rioya qilishlari lozim.
4. Hech qanday holatda yuqoridagi bandlar qoidalari Ahdlashuvchi Davlatlarga quyidagi majburiyatlarni yuklaydigan tarzda talqin qilinmasligi lozim:
a) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlatning qonunchiligi va maʼmuriy amaliyotiga zid boʻlgan maʼmuriy choralar qoʻllash;
b) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlatning qonunchiligi yoki maʼmuriy amaliyotiga muvofiq olinishi mumkin boʻlmagan axborotni taqdim qilish;
c) har qanday savdo, tadbirkorlik, sanoat, tijorat yoki kasb sirini yoxud savdo jarayonini oshkor qiluvchi yoxud oshkor etilishi jamoat tartibiga (ordre public) xilof boʻlgan axborotni taqdim qilish.
5. Agar axborot Ahdlashuvchi Davlat tomonidan ushbu modda qoidalariga muvofiq soʻralgan boʻlsa, boshqa Ahdlashuvchi Davlat oʻz soliq maqsadlari uchun bunday axborotga ehtiyoj mavjud boʻlmasa ham soʻralayotgan axborotni yigʻish boʻyicha oʻzining imkoniyatlaridan foydalanishi lozim. Avvalgi jumlada nazarda tutilgan majburiyat 4-band qoidalariga muvofiq cheklanishi mumkin, biroq hech qanday holatda, bunday cheklovlar faqatgina ichki manfaatlar mavjud emasligi sababli axborot taqdim etishni rad qilish uchun Ahdlashuvchi Davlatga ijozat beradigan tarzda talqin qilinmasligi lozim.
6. 4-band qoidalari hech qanday holatda bunday axborot faqatgina bank, boshqa moliya tashkiloti, nominal saqlovchi yoxud agent yoki ishonchli boshqaruvchi sifatida ishtirok etayotgan shaxsning ixtiyorida ekanligi yoki bunday axborot biror bir shaxsning mulkiy huquqlariga taalluqli ekanligi sababli Ahdlashuvchi Davlatga axborot taqdim qilishni rad etishga ruxsat sifatida talqin qilinishi mumkin emas.”.
6-modda
Konvensiyaning 29-moddasi chiqarib tashlansin va quyidagi mazmundagi modda bilan almashtirilsin:
“29-modda
Soliqlarni undirishda koʻmaklashish
Soliqlarni undirishda koʻmaklashish
1. Ahdlashuvchi Davlatlar oʻzlariga tegishli soliq daʼvolarini undirishda bir-birlariga yordam koʻrsatadilar. Bunday yordam Konvensiyaning 1 va 2-moddalari bilan cheklanmaydi. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari mazkur moddani qoʻllash tartibini oʻzaro kelishuv yoʻli bilan belgilaydilar.
2. Mazkur moddada qoʻllanilgan “soliq daʼvosi” atamasi Ahdlashuvchi Davlatlar yoki ularning siyosiy yoki maʼmuriy hududiy boʻlinmalari yoki mahalliy hokimiyat organlari foydasiga undiriladigan mazkur Konvensiyaga yoki Ahdlashuvchi Davlatlar ishtirokchisi boʻlgan istalgan boshqa hujjatga zid boʻlmagan tarzda har qanday tur va tavsifdagi soliqlar sifatida toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻni, shuningdek, bunday soliqlarga tegishli foizlar, maʼmuriy jarimalar hamda ushbu mablagʻni undirish yoki undirilishini taʼminlash boʻyicha xarajatlarni anglatadi.
3. Basharti Ahdlashuvchi Davlatlardan biriga taalluqli soliq daʼvosi ushbu Davlatning qonunchiligiga muvofiq undirilishi mumkin boʻlsa va ushbu Davlatning qonunchiligiga koʻra ayni shu paytda undirilishiga toʻsqinlik qila olmaydigan shaxs tomonidan toʻlanishi lozim boʻlsa, bu holda ushbu Davlatning vakolatli organlari soʻrovnomasiga binoan bunday daʼvo majburiyati ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organlari tomonidan undiruv uchun qabul qilinadi. Bunday soliq daʼvosi ikkinchi Davlat tomonidan, ayni mazkur Davlatga taalluqli soliq daʼvosi kabi, uning oʻz soliqlarini undirishi uchun qoʻllanadigan oʻzining qonunchiligi qoidalariga muvofiq undirib olinadi.
4. Agar Ahdlashuvchi Davlatlarning biriga taalluqli soliq daʼvosi uni undirish uchun ushbu Davlat qonunchiligiga muvofiq undirishni taʼminlash choralarini koʻrishni taqozo qiladigan majburiyat hisoblansa, bunday soliq daʼvosi ushbu Davlat vakolatli organlarining soʻrovnomasi bilan ikkinchi Ahdlashuvchi Davlat vakolatli organlari tomonidan taʼminot choralarini koʻrish maqsadida qabul qilinishi lozim. Mazkur ikkinchi Davlat bunday soliq daʼvolariga nisbatan, hattoki ushbu soliq daʼvosi, bunday choralarni qoʻllash paytida birinchi koʻrsatilgan Davlatda soliq talabini ijro etishning imkoni boʻlmasa yoki uni ijrosiga toʻsqinlik qilishga haqli shaxs tarafidan toʻlanilishi lozim boʻlgan holatda ikkinchi Davlatga taalluqli boʻlganidek, oʻz qonunchiligi qoidalariga muvofiq daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrishi lozim.
5. 3 va 4-bandlarning qoidalaridan qatʼiy nazar, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining qonunchiligiga muvofiq, soliq daʼvolariga nisbatan shunday daʼvoning xususiyatiga koʻra qoʻllanishi mumkin boʻlgan vaqt cheklovlari taqdim etilgan va ustuvorlik ushbu Davlat tomonidan 3 va 4-bandlarda nazarda tutilgan maqsadlar uchun qabul qilinayotgan soliq daʼvosiga nisbatan qoʻllanilmaydi. Shuningdek, Ahdlashuvchi Davlatlarning biri tomonidan 3 va 4-bandlarda nazarda tutilgan maqsadlar uchun qabul qilinayotgan soliq daʼvosiga nisbatan ushbu Davlatda boshqa Ahdlashuvchi Davlatning qonunchiligiga muvofiq ustuvorlikka ega emas.
6. Ahdlashuvchi Davlatlarning biriga taalluqli soliq daʼvosining mavjudligi, haqiqiyligi yoki miqdorini aniqlash boʻyicha tartibotlar ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatning sud yoxud maʼmuriy organlari muhokamasiga olib chiqilmaydi.
7. Ahdlashuvchi Davlatlardan biri 3 va 4-bandlarga muvofiq soʻrovnoma yuborganidan soʻng ikkinchi Ahdlashuvchi Davlat tegishli soliq daʼvosi summasini undirib birinchi Ahdlashuvchi Davlatga oʻtkazguniga qadar boʻlgan hollarda, soliq daʼvosi:
a) soʻrovnoma 3-bandga muvofiq yuborilganda — birinchi aytilgan Davlatga taalluqli, ushbu Davlatning qonunchiligiga muvofiq undirilishi hamda shu paytda ushbu Davlatning qonunchiligiga koʻra uni undirilishiga toʻsqinlik qila olmaydigan shaxs tomonidan toʻlab berilishi lozim soliq daʼvosi hisoblanmay qolsa, yoki;
b) soʻrovnoma 4-bandga muvofiq yuborilganda — koʻrsatilgan birinchi Davlatga taalluqli, uni undirish uchun ushbu Davlat oʻz qonunchiligiga muvofiq taʼminot choralarini koʻrishi mumkin soliq daʼvosi hisoblanmay qolsa, bu holda birinchi Davlatning vakolatli organi bu haqda darhol ikkinchi Davlatning vakolatli organini xabardor qiladi va birinchi Davlat ikkinchi Davlatning ixtiyori boʻyicha oʻz soʻrovnomasini toʻxtatadi yoki chaqirtirib oladi.
8. Ushbu moddaning qoidalari hech bir holatda Ahdlashuvchi Davlat zimmasiga quyidagi majburiyatlarni yuklanishi sifatida talqin qilinishi mumkin emas:
a) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlatning qonunchiligi va maʼmuriy amaliyotiga zid boʻlgan maʼmuriy choralarni koʻrish;
b) jamoat tartibiga (ordre public) zid boʻlgan choralarni koʻrish;
c) yordam koʻrsatish, basharti boshqa Ahdlashuvchi Davlat mavjud boʻlgan holat boʻyicha oʻz qonunchiligi yoki maʼmuriy amaliyotida mavjud boʻlgan undirish yoki undiruvni taʼminlashga doir barcha oqilona choralarni koʻrmagan boʻlsa;
d) koʻmaklashayotgan Davlat zimmasiga tushayotgan maʼmuriy sarf-xarajatlar undiruv natijasida ikkinchi Ahdlashuvchi Davlat olishi mumkin boʻlgan foydaga nomutanosib boʻlgan holatlarda koʻmaklashish.”.
7-modda
Konvensiyaning 30-moddasi chiqarib tashlansin.
8-modda
1. Konvensiyaning 32-moddasi 1-bandining birinchi jumlasi chiqarib tashlansin va quyidagi jumla bilan almashtirilsin:
“Ushbu Konvensiya toʻliq yoki har qanday zaruriy oʻzgartirishlari bilan Niderlandiya Qirolligining Yevropada joylashmagan istalgan qismida Konvensiyada qoʻllaniladigan va ularga oʻxshash xususiyatga ega soliqlarga nisbatan tatbiq qilinadi”.
2. Konvensiya 32-moddasining 2-bandidagi “har qanday mamlakatda” soʻzlari chiqarib tashlansin va “Niderlandiya Qirolligining istalgan qismida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
9-modda
Bayonnomaning birinchi jumlasi chiqarib tashlansin va quyidagi jumla bilan almashtirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi bilan Niderlandiya Qirolligi oʻrtasida daromad va foyda soliqlariga nisbatan ikki yoqlama soliqqa tortishni bartaraf qilish va soliqlarni toʻlashdan qochish va bosh tortishni oldini olish toʻgʻrisida Konvensiyaga muvofiq quyida imzo chekuvchilar quyidagi qoidalarni Konvensiyaning ajralmas qismi deb kelishib oldilar.”.
10-modda
Bayonnomaning 10-moddasi 2-bandi chiqarib tashlansin.
11-modda
1. Bayonnoma 13-moddadan keyin quyidagi modda bilan toʻldirilsin:
“XIV. 1 va 24a-moddalarga doir qoʻshimcha tushuntirishlar.
1. Ushbu Konvensiyaning imtiyozlari Gollandiyaning investitsiyalarni soliqdan ozod qilish institutiga (Vrijgestelde beleggingsinstelling) nisbatan qoʻllanilmaydi.
2. Mazkur moddaning 1-bandi qoidalariga qaramasdan, Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari Ahdlashuvchi Davlatlarning maxsus rejim subyekti hisoblangan rezidentiga nisbatan qaysi darajada Konvensiya imtiyozlarini taqdim qilmaslikni kelishish yoʻli bilan hal qiladilar.”.
2. Bayonnomaning mavjud XIV-moddasi XV-modda sifatida raqamlansin.
12-modda
Bayonnoma yangi XV-moddadan keyin quyidagi modda bilan toʻldirilsin:
“XVI. 28 va 29-moddalarga doir qoʻshimcha tushuntirishlar.
28 va 29-moddalarning qoidalarini qoʻllash uchun daromadlar bilan bogʻliq Niderlandiya tartiblari boʻyicha undiriladigan ulushlar va taqdim etiladigan imtiyozlar soliqlar sifatida koʻriladi.”.
13-modda
Oʻzgartirishlar kiritish haqidagi ushbu Bayonnoma, Ahdlashuvchi Davlatlar zarur konstitutsiyaviy protseduralar yakunlangani toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali soʻnggi yozma xabarnoma olingan oydan keyingi oyning soʻnggi kunida kuchga kiradi va uning qoidalari oʻzgartirishlar kiritish haqidagi Bayonnoma kuchga kirgan yildan keyingi keladigan taqvimiy yilning birinchi yanvaridan yoki undan keyin boshlanadigan soliq yillari va davrlariga nisbatan hamda undan keyin yuzaga keladigan soliq hodisalariga nisbatan amal qiladi.
Tegishli tartibda oʻz hukumatlari tomonidan vakolat berilgan quyida imzo chekuvchilar, ushbu oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi Bayonnomani imzoladilar.
___________ dan _____ yil ___________ da ikki nusxada har biri oʻzbek, niderland va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Oʻzbek va niderland tili matnlaridagi qoidalarni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)