Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Xalqaro avtomobil qatnovi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar davlatlarining tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish uchun avtomobilda xalqaro tashishlarni ishonchli va samarali taʼminlashning muhimligini tan olib,
avtomobilda xalqaro tashishlar sohasida hamkorlikni rivojlantirishga boʻlgan intilishga amal qilgan holda va avtomobil qatnovini yengillashtirish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Ushbu Bitim qoidalari Tomonlardan birining davlati hududida roʻyxatga olingan tashuvchilar va avtotransport vositalari Tomonlar davlatlari oʻrtasida va ularning hududlari orqali tranzit tarzda amalga oshiradigan yoʻlovchi va yuklarni xalqaro tashishlarga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Ushbu Bitim Tomonlarning oʻz davlatlari ishtirokchi hisoblangan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
2-modda
Ushbu Bitimda qoʻllanilgan tushunchalar quyidagilarni anglatadi:
1. “Tashuvchi” — Tomonlardan birining davlati hududida roʻyxatga olingan hamda mazkur Tomon davlatining qonun hujjatlariga muvofiq avtomobilda xalqaro tashishlarga ruxsat berilgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
2. “Avtotransport vositasi”:
yoʻlovchilarni tashishda — avtobus, yaʼni yoʻlovchilarni tashish uchun konstruksiyalangan va moʻljallangan, haydovchi oʻrindigʻi bilan hisoblaganda oʻtirish uchun 9 tadan ortiq oʻringa ega boʻlgan avtotransport vositasi, shu jumladan qonun hujjatlari foydalanilishini taʼqiqlamaydigan Tomon davlatining hududi boʻylab tashishlarda bagajni tashish uchun tirkamali avtotransport vositasi;
yuklarni tashishda — yopiq turdagi yuk boʻlinmasiga ega boʻlgan, yuklarni tashish uchun konstruksiyalangan va moʻljallangan avtotransport vositasi, shu jumladan yuk avtomobili, tirkamali yuk avtomobili (avtopoyezd) va yarim tirkamali shatakchi avtomobil;
3. “Yoʻlovchilarni muntazam tashishlar” — Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari oʻrtasida oldindan kelishilgan yoʻnalishlar, jadval, tariflar, tashuvchi tomonidan yoʻlovchilar chiqariladigan va tushiriladigan toʻxtash bekatlari boʻyicha amalga oshiriladigan avtobusda yoʻlovchilarni tashishlar;
4. “Yoʻlovchilarni nomuntazam tashishlar” — “yoʻlovchilarni muntazam tashishlar” atamasi qamroviga kirmaydigan barcha yoʻlovchilarni avtobuslarda tashishlar;
5. “Ruxsatnoma” — Tomonlardan birining davlati vakolatli organi tomonidan berilgan, ushbu Tomon davlati hududida boshqa Tomon davlati hududida roʻyxatga olingan avtotransport vositasidan avtomobilda xalqaro tashishlarni bajarishda foydalanish huquqini beruvchi hujjat;
6. “Maxsus ruxsatnoma” — bir Tomon davlati tashuvchisining avtotransport vositasini boshqa Tomon davlati hududi boʻylab ogʻir vaznli, katta hajmli yoki xavfli yuk bilan oʻtishiga ushbu davlatning qonun hujjatlariga muvofiq beriladigan bir martalik ruxsatnoma;
7. “Tranzit tashishlar” — Tomonlardan birining davlati hududi orqali yoʻlovchi va yuklarni tashish, basharti joʻnash va yetib borish manzili ushbu Tomon davlatining hududidan tashqarida joylashgan boʻlsa;
8. “Vakolatli organlar” — ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan davlat organlari va vakolatli idoralar.
3-modda
1. Avtobusda yoʻlovchilarni muntazam tashishlar Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha tashkil etiladi va ular tomonidan berilgan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.
2. Yoʻlovchilarni muntazam tashishni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflar Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari tomonidan bir-birlariga oldindan beriladi. Koʻrsatib oʻtilgan takliflarda tashuvchining nomi, avtotransport vositalari va ularning haydovchilari, qatnov yoʻnalishi, harakat jadvali, tarifi, tashuvchi yoʻlovchilarni chiqaradigan va tushiradigan toʻxtash bekatlari, shuningdek tashishlarning moʻljallanayotgan davri va bajarishning muntazamligi toʻgʻrisida maʼlumotlar koʻrsatiladi.
4-modda
1. Ikki davlat oʻrtasida avtobuslarda yoʻlovchilarni nomuntazam tashishni amalga oshirish uchun Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar talab etiladi.
2. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari yoʻlning oʻz hududlari boʻylab oʻtadigan qismida tashish uchun ruxsatnomalar beradilar.
3. Avtobusda yoʻlovchilarni har bir nomuntazam tashish uchun bir marotaba manzilga borish va qaytishni amalga oshirish huquqini beruvchi alohida ruxsatnoma berilishi lozim, basharti ruxsatnomada boshqacha holat belgilanmagan boʻlsa.
5-modda
1. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari yoʻlovchilarni xalqaro tashish uchun ruxsatnoma blankalarini almashish tartibini oʻzaro kelishadilar.
2. Nosoz avtobus boshqa avtobus bilan almashtirilganda ushbu Bitimning 3 va 4-moddalarida koʻrsatilgan ruxsatnoma talab etilmaydi.
6-modda
1. Tomonlar davlatlari oʻrtasida va ularning hududlari orqali tranzit tarzda yuk tashishlar avtotransport vositalarida Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari bergan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi, ushbu Bitimning 7-moddasida nazarda tutilgan tashishlar bundan mustasno.
2. Yuklarni har bir tashish uchun bir marotaba manzilga borish va qaytishni amalga oshirish huquqini beruvchi alohida ruxsatnoma berilishi lozim, basharti ruxsatnomada boshqacha holat belgilanmagan boʻlsa.
3. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari har yili bir-birlariga yuklarni tashish uchun ruxsatnoma blankalarini oʻzaro kelishilgan miqdorda taqdim etadilar. Ushbu blankalarda vakolatli organ muhri va ruxsatnoma bergan masʼul shaxsning imzosi boʻlishi lozim.
4. Xalqaro yuk tashuvlari boʻyicha ruxsatnoma blankalarini almashish tartibi Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari oʻrtasida kelishiladi.
7-modda
1. Quyidagi tashishlarni bajarishda ruxsatnoma talab etilmaydi:
a) yarmarka va koʻrgazmalarga moʻljallangan eksponatlar, asbob-uskunalar va materiallar;
b) sport tadbirlari va sirk tomoshalarini oʻtkazish uchun moʻljallangan transport vositalari, hayvonlar, shuningdek har xil inventar va mol-mulk;
v) teatr bezak va ashyolari, musiqa asboblari, kino suratga olish, radioeshittirishlar va televizion koʻrsatuvlar uchun asbob-uskuna va jihozlar;
g) vafot etganlarning jasadi va hoklari;
d) pochta joʻnatmalari;
e) tabiiy ofatlar roʻy berganda qutqaruv operatsiyalari uchun muruvvat va tibbiy yordam sifatida amalga oshiriladigan tashishlar;
j) boshqa joyga koʻchayotgandagi mol-mulklar;
z) tashilishi uchun ushbu Bitim qoidalariga muvofiq maxsus ruxsatnoma olingan yuklar.
2. Nosoz avtotransport vositalarini shatakka olishga moʻljallangan texnik yordam avtomobilining oʻtishi uchun ham ruxsatnoma talab etilmaydi.
8-modda
1. Ushbu Bitimda nazarda tutilgan tashishlar Tomonlar davlatlari vakolatli organlarining oʻzaro kelishuviga koʻra belgilanadigan yoʻnalishlar boʻyicha Tomonlardan har birining Davlat chegarasida oʻrnatilgan oʻtkazish punktlari orqali amalga oshirilishi lozim.
2. Xalqaro tashishlarni amalga oshirayotgan avtotransport vositalari oʻz davlatining roʻyxatga olish raqamlari hamda farqlovchi belgilariga ega boʻlishlari lozim.
3. Bir Tomon davlatining tashuvchilariga boshqa Tomon davlatining hududida joylashgan ikki punkt oʻrtasida yoʻlovchilar va yuklarni tashishga ruxsat berilmaydi.
9-modda
1. Ushbu Bitim doirasida yoʻlovchi va yuklarni tashishni amalga oshirayotgan avtotransport vositasining haydovchisi oʻz yonida oʻzining davlati vakolatli organi bergan va avtomobilda xalqaro tashishlar uchun foydalaniladigan avtotransport vositasining toifasiga nisbatan haqiqiy boʻlgan haydovchilik guvohnomasi hamda mazkur avtotransport vositasining roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar boʻlishi lozim. Koʻrsatib oʻtilgan hujjatlarga boshqa Tomonning davlat tilida tasdiqlangan tarjimasi ilova qilinishi lozim.
2. Ushbu Bitim qoidalariga muvofiq talab etiladigan ruxsatnoma va boshqa hujjatlar ular tegishli boʻlgan avtotransport, vositasida boʻlishi hamda Tomonlar davlatlari nazorat organlarining talabiga koʻra taqdim etilishi lozim.
10-modda
1. Yuk bilan yoki yuksiz harakatlanayotgan avtotransport vositasining oʻlchamlari va vazn parametrlari boshqa Tomon davlatining hududida belgilangan meʼyorlar va texnik standartlardan oshmasligi lozim.
2. Agar yuk bilan yoki yuksiz harakatlanayotgan avtotransport vositasining oʻlchamlari yoki vazn parametrlari, ushbu avtotransport vositasidan foydalangan holda tashishni hududi boʻylab amalga oshirish moʻljallanayotgan Tomon davlatining qonun hujjatlarida belgilangan meʼyorlardan oshsa, tashuvchi ushbu Tomon davlatining qonun hujjatlariga muvofiq uning vakolatli organlari maxsus ruxsatnomasini oldindan olishi lozim.
3. Agar ushbu moddaning 2-bandida qayd etilgan ruxsatnoma avtotransport vositasining muayyan yoʻnalish boʻyicha harakatlanishini nazarda tutsa, tashish faqat ushbu yoʻnalish boʻyicha amalga oshirilishi lozim.
11-modda
1. Xavfli yuklarni tashish Tomonlar davlatlari qatnashchisi boʻlgan xalqaro shartnomalarga, shuningdek bunday tashish hududi boʻylab bajarilayotgan Tomon davlatining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Agar ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan shartnoma yoki qonun hujjatlariga muvofiq xavfli yuklarni tashish uchun maxsus ruxsatnomaning mavjud boʻlishi talab etilsa, tashuvchi bunday ruxsatnomani tashishni amalga oshirish boshlanguniga qadar ushbu tashish hududi boʻylab bajariladigan Tomon davlatining vakolatli organidan olishi lozim.
3. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari oʻz davlatlari qonun hujjatlariga muvofiq xavfli yuklar roʻyxatlarini va ularni tashish shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni almashadilar.
12-modda
1. Tomonlar davlatlarining tashuvchilari boshqa Tomon davlatida ushbu Bitim doirasida avtomobilda xalqaro tashishlarni amalga oshirishda avtotransport vositalariga egalik qilish yoki ulardan foydalanish, shuningdek boshqa Tomon davlatining avtomobil yoʻllaridan foydalanish yoki ularni saqlash bilan bogʻliq yigʻimlar va toʻlovlar toʻlashdan oʻzarolik asosida ozod qilinadilar.
2. Koʻrsatib oʻtalgan ozod qilish kamsitmaslik asosida undiriladigan pulli yoʻl, koʻprik va tunnellardan foydalanganlik uchun yigʻim va toʻlovlarga taalluqli emas.
3. Pulli avtomobil yoʻli, koʻprik va tunnellar mavjud boʻlganda, tashuvchi muqobil bepul avtomobil yoʻllari boʻyicha tashishlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlishi lozim.
13-modda
1. Ushbu Bitim asosida tashishlarni amalga oshirishda bir Tomon davlatining tashuvchisi tomonidan boshqa Tomon davlati hududiga olib kirilayotgan quyidagilar bojxona yigʻimlari, bojlari va soliqlaridan oʻzarolik asosida ozod qilinadilar:
a) avtotransport vositasining har bir modeli uchun ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan nazarda tutilgan, dvigatelning taʼminot tizimiga texnologik va konstruktiv jihatdan bogʻliq boʻlgan sigʻimlardagi yoqilgʻi, shuningdek ushbu avtotransport vositasining isitish yoki sovutish qurilmalari ishlashi uchun moʻljallangan ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan tirkamalarda va yarim tirkamalarda oʻrnatilgan sigʻimlardagi yoqilgʻi;
b) tashish davomida avtotransport vositasini ekspluatatsiya qilish uchun zarur boʻlgan miqdordagi moylash materiallari;
v) avtomobilda xalqaro tashishni amalga oshirayotganda yoʻlda buzilgan avtotransport vositasini taʼmirlash uchun moʻljallangan ehtiyot qismlar va asboblar.
2. Ushbu moddaning 1-bandi v) kichik bandida koʻrsatilgan ishlatilmagan ehtiyot qismlar va asboblar qaytarib olib chiqilishi lozim. Almashtirilgan ehtiyot qismlar qaytarib olib chiqilishi yoki Tomon davlatining bojxona qonunchiligida belgilangan tartibda yoʻq qilishning bojxona protsedurasi (rejimi) yoki boshqa bojxona protsedurasi (rejimi) ostida joylashtirilishi lozim.
14-modda
1. Chegara, bojxona, sanitariya, transport va boshqa turdagi nazoratlarga nisbatan Tomonlar davlatlari ishtirokchi hisoblangan koʻp tomonlama va ikki tomonlama xalqaro shartnomalar qoidalari qoʻllaniladi, ushbu shartnomalar bilan tartibga solinmagan masalalarni hal etishda esa Tomonlar davlatlarining qonun hujjatlari qoʻllaniladi.
2. Ogʻir kasalga chalingan yoʻlovchilar, hayvonlar, xavfli va tez buziluvchi yuklarni tashishda chegara, bojxona, sanitariya, transport va boshqa turdagi nazoratlar ustuvorlik asosida amalga oshiriladi.
15-modda
Avtomobilda xalqaro tashishlarni bajaruvchi tashuvchilar va avtotransport vositalari haydovchilari ushbu Bitimning qoidalari, shuningdek avtotransport vositasi hududida turgan Tomon davlatining qonun hujjatlari, shu jumladan yoʻl harakati qoidalariga rioya qilishlari shart. Ular buzilgan taqdirda javobgarlik, qaysi Tomon hududida bunday qoidabuzarlik sodir etilgan boʻlsa, oʻsha Tomon davlatining qonun hujjatlariga muvofiq kelib chiqadi.
16-modda
Ushbu Bitim asosida avtomobilda xalqaro tashishlar tashish hududi boʻylab bajarilayotgan Tomon davlatida uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun avtotransport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi sugʻurta qilinganligi toʻgʻrisida amaldagi guvohnoma mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi.
17-modda
1. Ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirish maqsadida Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun — Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi;
Xitoy Xalq Respublikasi uchun — Transport vazirligi va tegishli provinsiyalardagi uning vakolatli transport idoralari hisoblanadi.
2. Tomonlar davlatlari vakolatli organlarining rasmiy nomi va funksiyalari oʻzgargan taqdirda, Tomonlar diplomatik kanallar orqali bir-birlarini darhol xabardor qiladilar.
18-modda
1. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari muntazam yoki zaruriyat boʻlganda navbati bilan quyidagi masalalarni hal etish maqsadida qoʻshma yigʻilishlar oʻtkazadilar:
a) ushbu Bitimni va uning doirasida Tomonlar tarafidan imzolanadigan boshqa hujjatlarni bajarish holati;
b) avtomobilda xalqaro tashishlarga ruxsatnomalar berish tartibi va shartlarini belgilash;
v) ushbu Bitim doirasida tashishlar yoʻnalishlarini aniqlash;
g) Tomonlar davlatlari oʻrtasida avtomobilda xalqaro tashish hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni almashish;
d) ushbu Bitimni qoʻllash bilan bogʻliq boʻlgan boshqa masalalarni koʻrib chiqish.
2. Zarur hollarda, Tomonlar qoʻshma majlislarga boshqa manfaatdor tashkilotlarning vakillarini taklif etishlari mumkin.
19-modda
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq Tomonlar oʻrtasidagi nizolar muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal etiladi.
20-modda
Tomonlarning oʻzaro roziligiga muvofiq ushbu Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
21-modda
1. Ushbu Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralari Tomonlar tarafidan bajarilganligini tasdiqlovchi soʻngi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab oʻttiz (30) kun oʻtgandan soʻng kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim besh (5) yil muddatga tuziladi va Tomonlardan hech biri ushbu Bitim amal qilishining tegishli davri tugashidan kamida olti (6) oy oldin uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amal qilish muddati oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik davrlarga uzayaveradi.
Pekin shahrida 2017-yil 12-mayda har biri oʻzbek, xitoy va rus tillarida ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)