Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari hamda sobiq Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolari faoliyatini yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari hamda sobiq Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolarini yanda qoʻllab-quvvatlash va faoliyatini ragʻbatlantirish, respublikaning akademik ilm-fani nufuzini oshirish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
2018-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari va sobiq Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari (keyingi oʻrinlarda akademiklar deb ataladi) uchun mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 4,22 barobari miqdorida, sobiq Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining muxbir aʼzolari (keyingi oʻrinlarda muxbir aʼzolar deb ataladi) uchun esa — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 2,81 barobari miqdorida oylik gonorar toʻlanadi;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)
akademiklarga va muxbir aʼzolarga toʻlanadigan oylik gonorarlar jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan daromad soligʻisiz amalga oshiriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2018-yil 1-yanvardan boshlab ushbu Farmonning 1-bandida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni ajratishni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
oʻzlari qabul qilgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademiklari faoliyatini yanada takomillashtirish va ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 29-dekabrdagi PF-4907-son Farmonining 2-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sobiq Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolarini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 10-avgustdagi PF-5146-son Farmonining 1-bandida ikkinchi va uchinchi xatboshilari chiqarib tashlansin.
5. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari S.R. Xolmuradov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S. Yoʻldoshev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-dekabr,
PF-5292-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2017-y., 06/18/5292/0490-son; 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)