O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Shaharlar, tuman markazlari va shahar tipidagi posyolkalarning bosh rejalarini ishlab chiqish va ularni qurish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 5-yanvardagi 3-sonli “Shaharlar va shahar posyolkalari hududlarini rivojlantirish va qurish bo‘yicha shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Arxitektura va shaharsozlik sohasidagi ishlarni tashkil etishni takomillashtirish, shaharlar, tuman markazlari, shahar tipidagi posyolkalarning bosh rejalari o‘z vaqtida ishlab chiqilishini va qurilishi sifat darajasi oshirilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Shaharlar, tuman markazlari va shahar tipidagi posyolkalarning bosh rejalarini ishlab chiqish va ularni qurish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, loyihalash tashkilotlari Shaharlar, tuman markazlari va shahar tipidagi posyolkalarning bosh rejalarini ishlab chiqish va ularni qurish tartibi to‘g‘risidagi nizomga qat’iy rioya qilinishini ta’minlasinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N. Isayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 14-avgust,
320-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 14-avgustdagi 320-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Shaharlar, tuman markazlari va shahar tipidagi posyolkalarning bosh rejalarini ishlab chiqish va ularni qurish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Shaharlar, tuman markazlari va shahar tipidagi posyolkalarning bosh rejalarini ishlab chiqish va ularni qurish tartibi to‘g‘risidagi mazkur Nizom (keyingi o‘rinlarda Nizom deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida arxitektura va shahar qurilishini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2000-yil 26-apreldagi PF-2595-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Arxitektura va qurilish sohasidagi ishlarni tashkil etish va nazoratni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2000-yil 27-apreldagi 165-son qarori talablari hisobga olingan holda ishlab chiqilgan.
(1.1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-fevraldagi 42-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 8-9-son, 79-modda)
1.2. Nizom shaharlar, tuman markazlari va shahar tipidagi posyolkalarning (keyingi o‘rinlarda aholi yashaydigan joylar deb yuritiladi) bosh rejalarini ishlab chiqish va ularni qurishning yagona tartibini belgilab beradi hamda, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, shahar qurilishi faoliyatining barcha subyektlari uchun majburiy hisoblanadi.
1.3. Aholi punktining bosh rejasi:
uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar, respublikani va uning mintaqalarini rivojlantirish prognozlari, tumanni rejalashtirish sxemalari yoki loyihalari;
aholi punktining oldingi bosh rejasini amalga oshirishning holatini tahlil qilish natijalari asosida ishlab chiqiladi.
Aholi punktining bosh rejasi aholi punktlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini va chegaralarini, ular hududining funksional vazifasini va qurilishni zonalashtirishni, muhandislik, transport ijtimoiy infratuzilmasini kompleks rivojlantirishni, shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirishda shaharsozlik faoliyati reglamentlarini, shu jumladan hududlarni o‘zlashtirishning navbatma-navbatligini, tarixiy-madaniy meros obyektlarini saqlashga, ekologik va sanitariya holatiga qo‘yiladigan talablarni va boshqalarni belgilab beradi.
(1.3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 24-iyuldagi 203-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 31-son, 381-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
1.4. Shaharlarning bosh rejalari 15-20 yil muddatga ishlab chiqiladi. Bosh reja batafsil rejalashtirish loyihalarini, imorat qurish loyihalarini va rivojlantirishning tarmoq sxemasini ishlab chiqish uchun asos hisoblanadi.
(1.4-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 24-iyuldagi 203-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 31-son, 381-modda)
O‘zlashtirilmagan (qurilmagan) zaxira hududlar mavjud bo‘lgan taqdirda hisob-kitob muddati tamom bo‘lgandan keyin bosh rejaning amal qilishi yangi (tuzatish kiritilgan) bosh reja belgilangan tartibda tasdiqlangunga qadar tatbiq etiladi.
(1.4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-fevraldagi 42-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2012-y., 8-9-son, 79-modda)
1.5. Batafsil rejalashtirish loyihasi imoratlar qurishning hajm-makon va arxitektura-badiiy yechimini, binolarning necha qavat bo‘lishi va turlarini, tarix va madaniyat yodgorliklarining qo‘riqlash zonalaridan foydalanish rejimini, imorat qurish va yerdan foydalanishni tartibga solishning qizil chiziqlari, chegaralarini, hududlarni funksional va qurish bilan bog‘liq zonalashtirishni, yerdan foydalanuvchilar hududlarining chegaralarini, ijtimoiy infratuzilma obyektlarining tarkibi va ularni joylashtirishni, magistral muhandislik kommunikatsiyalari trassalarini, ko‘chalarning ko‘ndalang ko‘rinishini belgilab beradi, shuningdek, hududlarni muhandislik yuzasidan tayyorlash tadbirlarini, atrof muhitini muhofaza qilishni va transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etishni va shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirishda belgilanadigan shaharsozlik faoliyatining boshqa reglamentlarini nazarda tutadi.
(1.5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 24-iyuldagi 203-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 31-son, 381-modda)
1.6. Batafsil rejalashtirish loyihalari 10—15 yilga shaharsozlik faoliyati sohasida texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq aholi yashash joylarining ayrim qismlariga va ularning funksional zonalariga, shuningdek, ayrim hollarda aholi yashash joylarining butun hududiga ishlab chiqiladi.
(1.6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 24-iyuldagi 203-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 31-son, 381-modda)
1.7. Qurish loyihasi batafsil rejalashtirishning tasdiqlangan loyihasi asosida odamlar yashaydigan yangi yoki rekonstruksiya qilinadigan mikrotumanlar va kvartallarning hududiga, turar joy binolari va jamoat binolari, ishlab chiqarish obyektlari, ilmiy-tadqiqot, o‘quv, tibbiyot, rekreatsion, sport va boshqa shaharsozlik, arxitektura, landshaftli majmualar, ansambllar guruhlari uchastkasiga hamda aholi yashash joylari boshqa rejalashtirish elementlariga ishlab chiqiladi.
Batafsil rejalashtirishning tasdiqlangan loyihasisiz qurilish loyihasini bajarishga shaharsozlik faoliyati sohasida texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi.
(1.7-bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 24-iyuldagi 203-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 31-son, 381-modda)
II. ShAHARSOZLIK HUJJATLARINING BUYuRTMAChILARI
2.1. Quyidagilar bosh reja, batafsil rejalashtirish loyihasi, qurilish loyihasi va shahar chegarasi loyihasi (keyingi o‘rinlarda shaharsozlik hujjatlari deb yuritiladi)ning:
Obyektlarni markazlashtirilgan manbalar hisobiga qurishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi yagona buyurtmachi hududiy xizmatlari — shaharlar va shahar posyolkalarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishga;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar hokimliklari, shuningdek korxonalar, tashkilotlar va boshqa yuridik shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturiga kiritilmagan, markazlashtirilgan budjet manbalari hisobiga moliyalashtiriladigan shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishga;
tumanlar (shaharlar) hokimliklari, korxonalar, tashkilotlar, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar — imorat qurish loyihalarini ishlab chiqish yuzasidan buyurtmachilar hisoblanadilar.
(2.1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 24-iyuldagi 203-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 31-son, 381-modda)
2.2. Buyurtmachi shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchiga aholi yashash joylarining bosh rejalarini loyihalashtirishga va batafsil rejalashtirish loyihalariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari tomonidan tasdiqlangan, qurilish loyihalarini ishlab chiqishga esa shahar (tuman) hokimi tomonidan tasdiqlangan topshiriq beradi. Loyihalashtirishga topshiriq majburiy tartibda arxitektura va qurilish hududiy organlari bilan kelishilishi kerak.
2.3. Buyurtmachi shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchiga belgilangan masshtabdagi ishonchli topografiya asosini loyihalashtiriladigan hududning muhandislik-geologiya qidiruvlari natijalarini, mikroseysmorayonlashtirish xaritasini hamda 1.03.02—96-son respublika “Qurilish me’yorlari va qoidalariga muvofiq boshqa birlamchi ma’lumotlarni taqdim etadi.
2.4. Buyurtmachi:
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchi bilan tuzilgan shartnomada belgilangan muddatlar va hajmlarda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishni mablag‘ bilan ta’minlashga;
loyihalashtirishning borishi ustidan nazorat qilishga va shaharsozlik hujjatlarini belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlashga;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish davrida yer ajratish, obyektlarni joylashtirish, shahar posyolkasi hududidagi joriy qurilish bilan bog‘lik barcha masalalarini ishlab chiquvchi bilan kelishishga;
bosh rejalar va joriy qurish amalga oshirilishi monitoringini ta’minlashga majburdir.
III. ShAHARSOZLIK HUJJATLARINI IShLAB ChIQUVChILAR
3.1. Bosh shaharsozlik loyihalashtirish institutlari — “O‘zshaharsozlikLITI” davlat unitar korxonasi va “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasi aholi yashash joylarining bosh rejalarini ishlab chiquvchilar hisoblanadilar.
(3.1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-fevraldagi 42-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 8-9-son, 79-modda)
3.2. Maxsus ruxsatnoma (litsenziya)ga bo‘lgan yuridik shaxslar batafsil rejalashtirish loyihalari va qurilish loyihalarini ishlab chiquvchilar hisoblanadilar.
(3.2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-fevraldagi 42-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 8-9-son, 79-modda)
Batafsil rejalashtirish loyihalarini va aholi yashash joylari alohida funksional zonalari loyihalarini hamda qurilish loyihalarini bajarishga tanlov asosida yo‘l qo‘yiladi.
3.3. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar:
shaharsozlik hujjatlari shartnomada belgilangan muddatlarda ishlab chiqilishini, hujjatlarning amaldagi normativ hujjatlar talabiga javob beruvchi va tarixiy rivojlanishning uzviyligini, aholi yashash joylarining mintaqaviy shart-sharoitlarini hisobga oluvchi sifatini ta’minlashga;
shaharsozlik hujjatlarini loyihalashtirishning dastlabki va uzil-kesil bosqichlarida belgilangan tartibda kelishishga va himoya qilishga;
belgilangan tartibda joriy qurilish ustidan mualliflik nazoratini va shaharsozlik hujjatlari amalga oshirilishi monitoringini olib borishga;
zaruriyat bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Davlat ekspertizasi organlari, kelishuvchi tashkilotlarning mulohazalari bo‘yicha ishlab chiqilgan shaharsozlik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga majburdir.
3.4. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar, qoidaga ko‘ra, alohida bo‘limlarni ishlab chiqishga bosh loyihalashtirish institutlarini jalb etadilar.
3.5. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar arxitektura va shaharsozlik hududiy organlariga, alohida obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiquvchi loyihalash tashkilotlariga maslahat yordami va uslubiy yordam ko‘rsatadilar.
3.6. Batafsil rejalashtirish loyihalarini va qurilish loyihalarini ishlab chiquvchilar loyihalarni bosh shaharsozlik loyihalash instituti bilan kelishishi shart.
IV. ShAHARSOZLIK HUJJATLARINI IShLAB ChIQUVChILARNI MABLAG‘ BILAN TA’MINLASh
4.1. “Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishni moliyalashtirish:
aholi punktlarini mikroseysmorayonlashtirish xaritalari tuzishni moliyalashtirishni, ekologik ekspertiza xulosalarini, favqulodda vaziyatlar yuz berganda aholini himoya qilish sxemalari va bo‘limlarini, shaharsozlik hujjatlarini kelishishni va davlat ekspertizasidan o‘tkazishni hisobga olgan holda markazlashtirilgan budjet manbalari;
4.2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy budjet hisobiga qurilishlarning har yilgi aniq ro‘yxatini tuzishda aholi yashash joylari shaharsozlik hujjatlarining ishlab chiqilishi mablag‘ bilan ta’minlanishini, topogeodeziya va muhandislik-geologiya qidiruvlari o‘tkazilishini, aholi yashash joylarining mikroseysmorayonlashtirish xaritalari, tabiatni muhofaza qilish hududiy kompleks sxemalari tuzilishini, loyihalash tashkilotlari tomonidan joriy qurilish ustidan mualliflik nazorati va aholi yashash joylari bosh rejalari amalga oshirilishi monitoringi o‘tkazilishini, shaharsozlik hujjatlari kelishilishini va ekspertizadan o‘tkazilishini nazarda tutishi shart.
V. AHOLI YaShASh JOYLARINI QURISh UChUN ShAHARSOZLIK HUJJATLARINI KELIShISh VA TASDIQLASh
5.1. Shaharsozlik hujjatlarini kelishish va tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga, arxitektura va qurilish sohasidagi qonun hujjatlari, normativ hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
5.2. Aholi yashash joylarining bosh rejalari, batafsil rejalashtirish loyihalari, qurilish loyihalari, qurilish loyihalari buyurtmachilar ko‘magida shaharsozlik faoliyati sohasida texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan belgilangan tartibga muvofiq ularni ishlab chiquvchi bilan kelishiladi.
(5.2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 24-iyuldagi 203-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 31-son, 381-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Tarix, arxeologiya, shaharsozlik, arxitektura va monumental san’at yodgorliklariga ega bo‘lgan aholi yashash joylarining bosh rejalari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan ham kelishilishi kerak.
(5.2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 6-iyuldagi 156-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2005-y., 27-son, 191-modda)
5.21. Shaharsozlik hujjatlarini vazirliklar, idoralar va vakolatli tashkilotlar bilan kelishish muddati bir oydan ortiq bo‘lmasligi kerak;
agar kelishuvchi vazirlik, idora yoki vakolatli tashkilot o‘z xulosasini belgilangan muddatda yubormasa va uni ko‘rib chiqish muddatini uzaytirishni kelishmasa, shaharsozlik hujjatlari kelishilgan deb hisoblanadi.
(5.21-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 24-iyuldagi 203-sonli qaroriga asosan kiritilgan — O‘R QHT, 2014-y., 31-son, 381-modda)
5.22. Vazirliklar va idoralar o‘n kun muddatda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash masalalariga daxl qiluvchi o‘z idoraviy normativ-huquqiy hujjatlari o‘zgarganligini “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi e’tiboriga majburiy tartibga yozma shaklda yetkazadi.
(5.22-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 24-iyuldagi 203-sonli qaroriga asosan kiritilgan — O‘R QHT, 2014-y., 31-son, 381-modda)
5.3. Aholi yashash joylarining shaharsozlik hujjatlari majburiy tartibda Davlat ekspertizasi tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.
5.4. Shaharlarning bosh rejalari va batafsil rejalashtirish loyihalari tasdiqlangunga qadar keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi kerak.
5.5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 26-apreldagi PF-2595-son Farmoni bilan belgilangan Toshkent, Nukus shaharlarining, viloyatlar va yirik sanoat markazlarining bosh rejalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Qolgan aholi yashash joylarining bosh rejalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.
5.6. Toshkent, Nukus shaharlari, viloyat markazlari hamda tarix, arxeologiya, shaharsozlik va arxitektura yodgorliklariga ega bo‘lgan shaharlarning markaziy qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
5.7. Qolgan aholi yashash joylarini batafsil rejalashtirish loyihalari shaharlar (tumanlar) hokimliklarining taqdimnomasiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.
5.8. Qurilish loyihalari buyurtmachilarning taqdimnomasiga ko‘ra hamda arxitektura va qurilish loyihalari hududiy organlari bilan kelishilgan holda shaharlar (tumanlar) hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.
VI. ShAHARSOZLIK HUJJATLARINI AMALGA OShIRISh VA AHOLI YaShASh JOYLARINI QURISh
6.1. Aholi yashash joylari qurilish bosh reja talablariga qat’iy muvofiq ravishda olib borilishi kerak.
6.2. Qurilish olib boruvchilar o‘zlariga ajratilgan hududda qurilishni amalga oshirishda birlamchi-ruxsat beruvchi va shaharsozlik hujjatlari talablariga muvofiq qurilish sifati va hajmini ta’minlashlari shart.
6.3. Tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga faqat ularni tasdiqlangan organlarning qaroriga ko‘ra belgilangan tartibda o‘zgartirishlar kiritishga yo‘l qo‘yiladi.
6.4. Quyidagilar:
tegishli birlamchi-ruxsat beruvchi va shaharsozlik hujjatlarisiz, shuningdek ularni aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalariga muvofiqlashtirmasdan aholi yashash joylari hududida obyektlarni loyihalashtirish va qurish;
shaharlar, posyolkalar va tuman markazlarida qurilishi tugallangan massivlar, ko‘p qavatli turar joy kichik dahalari (mavzelar) hududida tasdiqlangan bosh rejalarda nazarda tutilmagan ishlab chiqarish, savdo, umumiy ovqatlanish, servis xizmat ko‘rsatish va bozor infratuzilmasining alohida turgan obyektlarini joylashtirish, loyihalashtirish va qurish taqiqlanadi.
(6.4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-fevraldagi 42-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 8-9-son, 79-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(6.5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-fevraldagi 42-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2012-y., 8-9-son, 79-modda)
6.6. Bosh shaharsozlik loyihalashtirish institutlari — “O‘zshaharsozlikLITI” davlat unitar korxonasi va “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasi o‘z vakolatlari doirasida aholi yashash joylari hududida shaharsozlik faoliyati va qurilishlarning tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi ustidan doimiy nazoratni amalga oshiradi.
(6.6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-fevraldagi 42-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 8-9-son, 79-modda)
6.7. Tasdiqlangan bosh rejalar va batafsil loyihalashtirish loyihalarning amalga oshirilishi ustidan nazoratni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari, bosh loyihalashtirish institutlari — “O‘zshaharsozlikLITI” davlat unitar korxonasi va “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Arxitektura ishlari va qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi amalga oshiradilar.
(6.7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 24-iyuldagi 203-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 31-son, 381-modda)