O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrug‘i
Mahkumlarni jazoni ijro etish muassasasiga jo‘natish hamda ularni bir muassasadan boshqasiga ko‘chirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 22-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2608-1]
O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 29-martdagi O‘RQ-421-son “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2014-yil 27-iyuldagi 103-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2608, 2014-yil 8-avgust) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 33-son, 424-modda) bilan tasdiqlangan Mahkumlarni jazoni ijro etish muassasasiga jo‘natish hamda ularni bir muassasadan boshqasiga ko‘chirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2017-yil 19-dekabr,
271-son
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2017-yil 19-dekabrdagi 271-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Mahkumlarni jazoni ijro etish muassasasiga jo‘natish hamda ularni bir muassasadan boshqasiga ko‘chirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. 1-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
2. 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar tergov hibsxonasining ma’muriyati hukm qonuniy kuchga kirganligi to‘g‘risida sud xabarnomasini olgan kundan boshlab o‘n kunlik muddat ichida jazoni o‘tash uchun jo‘natiladi.”.
3. 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs butun jazo muddatini, odatda, bitta muassasada o‘taydi.”.
4. 12-banddan “qamoq uyidan,” degan so‘zlar chiqarib tashlansin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/2608-1/0444-son)