Norasmiy tarjima
87-sonli Konvensiya
Birlashmalar erkinligi va birlashish huquqini himoya qilish toʻgʻrisida
Xalqaro Mehnat Tashkilotining Bosh konferensiyasi Xalqaro Mehnat Byurosining Maʼmuriy kengashi tomonidan San-Fransiskoda chaqirilib va 1948-yilning 17-iyunida oʻzining Oʻttiz birinchi Sessiyasiga toʻplanib, birlashish erkinligi va birlashish huquqini himoya qilish toʻgʻrisidagi bir qancha takliflarni konvensiya shaklida qabul qilishga qaror chiqarib va bu Sessiya kun tartibining yettinchi bandi hisoblanib, Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ustavining Muqaddimasi “birlashish erkinligi prinsipining tan olinishi” mehnat sharoitlarini yaxshilashga va tinchlikni taʼminlash vositalari sifatida eʼlon qilayotganini eʼtiborga olib, Filadelfiya deklaratsiyasida “soʻz va birlashish erkinligi taraqqiyotini koʻllab-quvvatlash uchun zarur shartlar” deb taʼkidlanganini eʼtiborga olib, Xalqaro Mehnat Konferensiyasi, oʻzining Oʻttizinchi sessiyasida xalqaro miqyosda tartibga soluvchi asosni shakllantiruvchi prinsiplarni yakdillik bilan qabul qilganini eʼtiborga olib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi oʻzining Ikkinchi sessiyasida mazkur prinsiplarni maʼqullaganini va, Xalqaro Mehnat Tashkilotidan, xalqaro Konvensiyalarning bir nechtasini qabul qilish imkoniyatini vujudga keltirish uchun har qanday faoliyatni davom ettirish taklifini eʼtiborga olib, bir ming toʻqqiz yuz qirq sakkizinchi yil iyul oyining toʻqqizinchi kunida kuyidagi “Birlashish erkinligi va birlashish huquqini himoya qilish toʻgʻrisidagi 1948-yilgi Konvensiya” deb nomlanishi mumkin boʻlgan Konvensiyani qabul qildi:
I BOʻLIM. BIRLAShISh ERKINLIGI
1-modda
Xalqaro Mehnat Tashkilotining xar bir aʼzosi, ushbu Konvensiya unga nisbatan kuchga kirgan boʻlsa, quyida keltirilgan qoidalarni amalga oshirish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
2-modda
Mehnatkashlar va ish beruvchilar, hech bir cheklashlarsiz, tashkilot taʼsis etish va, faqat ushbu tashkilotning qoidalariga boʻysungan holda, oʻzlari tanlagan tashkilotga oldindan ruxsat olmasdan qoʻshilish huquqiga egadir.
3-modda
1. Mehnatkashlar va ish beruvchilarning tashkilotlari oʻzlarining nizomlari va qoidalarini tuzish, oʻzlarining vakillarini mutlaq erkin saylash, oʻzlarining maʼmuriyatini va faoliyatini tashkil qilish, oʻzlarining dasturlarini bayon etish huquqiga egadir.
2. Davlat organlari mazkur huquqni cheklovchi yoki uning qonuniy amalga oshirilishiga qarshilik qiluvchi har qanday aralashuvdan tiyilishi kerak.
4-modda
Mehnatkashlar va ish beruvchilarning tashkilotlari maʼmuriy organ tomonidan asossiz tarqatib yuborilishi yoki vaqtinchalik taqiqlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
5-modda
Mehnatkashlar va ish beruvchilarning tashkilotlari federatsiyalar va konfederatsiyalar tuzish huquqiga, shuningdek ularga qoʻshilish huquqiga egadir va har bir shunday tashkilot, federatsiya yoki konfederatsiya mehnatkashlar va ish beruvchilarning xalqaro tashkilotlariga qoʻshilish huquqiga egadir.
6-modda
2-, 3- va 4-moddalar qoidalari mehnatkashlar va ish beruvchilar birlashmalarining federatsiyalari va konfederatsiyalariga nisbatan ham qoʻllaniladi.
7-modda
Mehnatkashlar va ish beruvchilarning tashkilotlari, federatsiyalari va konfederatsiyalari tomonidan yuridik shaxs maqomi olinishi, 2-, 3- va 4-moddalarning qoidalari qoʻllanilishini cheklovchi xarakterdagi shartlarga boʻysundirilishi mumkin emas.
8-modda
1. Ushbu Konvensiyada koʻzda tutilgan huquqlarini amalga oshirishda mehnatkashlar, ish beruvchilar va ularning tegishli tashkilotlari, boshqa shaxslar yoki birlashgan jamoalar singari, milliy qonunchilikni hurmat qiladilar.
2. Milliy qonunchilik ushbu Konvensiyada koʻzda tutilgan kafolatlarga putur yetkazuvchi shaklda boʻlmasligi kerak hamda ushbu kafolatlarning qoʻllanilishini cheklamasligi lozim.
9-modda
1. Ushbu Konvensiyada koʻzda tutilgan kafolatlar qurolli kuchlarga va politsiyaga nisbatan qay darajada qoʻllanilishini milliy qonun hujjatlari tomonidan belgilanadi.
2. Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ustavining 19-modda 8-bandida bayon etilgan qoidalarga muvofiq Xalqaro Mehnat Tashkilotining har qanday aʼzosi tomonidan ushbu Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi, mavjud qonunlarga, sud qarorlariga, anʼanalarga yoki shartnomalarga salbiy taʼsir qilishi mumkin, deb va buning oqibatida ushbu Konvensiyada kafolatlangan har qanday huquqdan qurolli kuchlar yoki politsiya shaxsiy tarkibi foydalanishi mumkin, deb qaralmaydi.
10-modda
Ushbu Konvensiyada “tashkilot” atamasi mehnatkashlar yoki ish beruvchilarning manfaatlarini himoya qilish va olgʻa surishni maqsad qilib qoʻygan har qanday mehnatkashlar yoki ish beruvchilarning tashkilotlarini anglatadi.
II BOʻLIM. BIRLAShISh HUQUQIII HIMOYA QILISh
11-modda
Xalqaro Mehnat Tashkilotining har bir aʼzosi, ushbu Konvensiya unga nisbatan kuchga kirgan boʻlsa, mehnatkashlar va ish beruvchilar birlashish huquqini erkin amalga oshirishini kafolatlash maqsadida barcha zarur va kerakli chora-tadbirlar koʻrish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
III BOʻLIM. TURLI QOIDALAR
12-modda
1. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qiladigan Tashkilotning har bir aʼzosi Xalqaro Mehnat Byurosining Bosh direktoriga, ratifikatsiya hujjatlari bilan birga yoki ratifikatsiyadan keyin imkoni boricha qisqa muddatda, Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ustavining Oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi 1946-yilgi akti bilan oʻzgartirishlar kiritilgan Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ustavining 35-moddasida koʻzda tutilgan hududlarga nisbatan (ushbu Ustavning 35-moddasining 4 va 5-bandlarida koʻzda tutilgan hududlardan tashqari) quyidagilarni bildiradigan deklaratsiyani yuboradi:
a) qaysi hududlarga nisbatan Tashkilotning tegishli aʼzosi Konvensiya qoidalarining oʻzgartirishlarsiz qoʻllanilishini zimmasiga olishi;
b) qaysi hududlarga nisbatan Tashkilotning tegishli aʼzosi Konvensiya qoidalarining oʻzgartirishlar bilan qoʻllanilishini zimmasiga olishi va shu oʻzgartirishlarning tafsiloti;
s) qaysi hududlarga nisbatan Konvensiya qoʻllanilmasligi va bu holda uning qoʻllanilmaslik sabablari;
d) qaysi hududlarga nisbatan Tashkilotning tegishli aʼzosi oʻz qarorini saqlab turishi.
2. Ushbu modda 1-bandining “a” va “b” kichik bandlarida ifodalangan majburiyatlar ratifikatsiyaning ajralmas qismi deb hisoblanadi va ratifikatsiya kuchiga ega.
3. Tashkilotning har qanday aʼzosi navbatdagi deklaratsiya orqali ushbu modda 1-bandining “b”, “s” yoki “d” kichik bandlari asosida avvalgi deklaratsiyada aytib oʻtilgan har qanday shartlardan yoki ularning bir qismidan voz kechishi mumkin.
4. Tashkilotning har qanday aʼzosi, ushbu Konvensiya denonsatsiya qilinishi mumkin boʻlgan davr mobaynida, 16-modda qoidalariga muvofiq, Bosh direktorga istalgan avvalgi deklaratsiyaning har qanday shartiga oʻzgartirishlar kirituvchi hamda belgilangan hududlaridagi hozirgi ahvolni ifoda etuvchi navbatdagi deklaratsiyani yuborishi mumkin.
13-modda
1. Ushbu Konvensiyada nazarda tutilgan masalalar har qanday metropoliyadan tashqaridagi avtonom hokimiyatlarga tegishli boʻlganda, shunday hududning xalqaro munosabatlari uchun javobgar boʻlgan Tashkilot aʼzosi, shu hududning hukumati bilan kelishib, Xalqaro Mehnat Byurosining Bosh direktoriga shu hudud nomidan mazkur Konvensiya majburiyatlarini qabul qilish toʻgʻrisidagi deklaratsiyani yuborishi mumkin.
2. Ushbu Konvensiya majburiyatlarini qabul qilish toʻgʻrisidagi deklaratsiya Xalqaro Mehnat Byurosining Bosh direktoriga yuborilishi mumkin;
a) Tashkilotning ikki yoki undan koʻp aʼzosi tomonidan ularning birgalikdagi boshqaruvi ostida boʻlgan har qanday hududlar boʻyicha;
b) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ustaviga muvofiq har qanday hududni boshqarishga yoki boshqa shunga oʻxshash hududni boshqarishga javobgar boʻlgan xar qanday xalqaro darajadagi masʼul tomonidan.
3. Ushbu moddaning aytib oʻtilgan bandlariga muvofiq, Xalqaro Mehnat Byurosining Bosh direktoriga yuboriladigan deklaratsiyalarda Konvensiya qoidalari tegishli hududga nisbatan qanday qoʻllanilishi, yaʼni oʻzgartirishlar bilan yoki oʻzgartirishlarsiz qoʻllanilishi koʻrsatiladi; agar deklaratsiyada Konvensiya qoidalari oʻzgartirishlar bilan qoʻllanilishi koʻrsatilsa, unda oʻzgartirishlarning tafsiloti ham beriladi.
4. Tashkilotning tegishli aʼzosi, aʼzolari yoki tegishli xalqaro darajadagi masʼul istalgan paytda, keyingi deklaratsiyasi orqali, tegishli huquqidan foydalanib, har qanday avvalgi deklaratsiyasida koʻzda tutilgan har qaysi oʻzgartirishlardan toʻliq yoki qisman voz kechishi mumkin.
5. Tashkilotning tegishli aʼzosi, aʼzolari yoki tegishli xalqaro darajadagi masʼul, ushbu Konvensiya denonsatsiya qilinishi mumkin boʻlgan muddat mobaynida, 16-modda qoidalariga muvofiq, Bosh direktorga har qanday avvalgi deklaratsiyaning har qanday shartiga oʻzgartirishlar kirituvchi hamda ushbu Konvensiyaning qoʻllanilishiga nisbatan hozirgi ahvolni ifoda etuvchi deklaratsiya yuborishi mumkin.
IV BOʻLIM. YAKUNIY QOIDALAR
14-modda
Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi rasmiy hujjatlar roʻyxatga olinishi uchun Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktoriga yuboriladi.
15-modda
1. Ushbu Konvensiya faqatgina ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan roʻyxatga olingan Xalqaro Mehnat Tashkilotining aʼzolarinigina birlashtiradi.
2. Ushbu Konvensiya Tashkilot ikki aʼzosining ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan roʻyxatga olingan sanadan keyin oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
3. Keyinchalik ushbu Konvensiya Tashkilotning har bir aʼzosi uchun uning ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjati roʻyxatga olingan sanadan keyin oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
16-modda
1. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning aʼzosi Konvensiya dastlab kuchga kirgan sanadan oʻn yil oʻtganidan keyin Xalqaro Mehnat Byurosining Bosh direktoriga roʻyxatga olish uchun yuborilgan akt orqali Konvensiyani denonsatsiya qilishi mumkin. Bunday denonsatsiya denonsatsiya akti roʻyxatga olinganidan keyin bir yil oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning xar bir aʼzosi, yuqoridagi bandda qayd etilgan oʻn yillik muddat oʻtganidan keyin, bir yil ichida mazkur moddada koʻzda tutilgan denonsatsiya huquqidan foydalanmagan boʻlsa, navbatdagi oʻn yillik muddatni kutishga majbur boʻladi va shunga muvofiq, u mazkur modda shartlariga binoan ushbu Konvensiyani har oʻn yillik muddat tugashi bilan denonsatsiya qilishi mumkin boʻladi.
17-modda
1. Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktori Tashkilot aʼzolari tomonidan yuborilgan ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlar, deklaratsiyalar va denonsatsiya aktlarining barchasini roʻyxatga olganligi haqida Xalqaro Mehnat Tashkilotining barcha aʼzolariga xabar beradi.
2. Bosh direktor unga yuborilgan ikkinchi ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatni roʻyxatga olganligi haqida Tashkilot aʼzolariga xabar berganda, Tashkilot aʼzolarining, eʼtiborini Konvensiyaning kuchga kirish sanasiga qaratadi.
18-modda
Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktori, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining 102-moddasiga muvofiq, yuqoridagi moddalar qoidalariga binoan oʻzi roʻyxatga olgan ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlar, deklaratsiyalar va denonsatsiya aktlarining barchasiga oid toʻla maʼlumotlarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga roʻyxatga olish uchun yuboradi.
19-modda
Har gal, Xalqaro Mehnat Byurosi Maʼmuriy kengashi zarur deb topganda, Bosh konferensiyaga ushbu Konvensiyaning qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi maʼruzani taqdim etadi va uni toʻla yoki qisman qayta koʻrib chiqish haqidagi masalani Konferensiya kun tartibiga kiritish kerakligini yoki kerak emasligini koʻrib chiqadi.
20-modda
1. Agar Konferensiya mazkur Konvensiyani toʻla yoki qisman qayta koʻrib chiqadigan yangi konvensiya qabul qilsa va yangi Konvensiyada zid keluvchi qoidalar mavjud boʻlmasa, u holda:
a) Tashkilotning biror aʼzosi tomonidan qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi, qonunning oʻz kuchi bilan, 16-modda qoidalaridan qatʼiy nazar, mazkur Konvensiyaning zudlik bilan denonsatsiya qilinishiga olib keladi, bunda qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan boʻlishi kerak;
b) qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan sanadan eʼtiboran, mazkur Konvensiyaning Tashkilot aʼzolari tomonidan ratifikatsiya qilinishi toʻxtatiladi.
2. Mazkur Konvensiya, xar qanday holatda, uni ratifikatsiya qilgan, ammo qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiyani ratifikatsiya qilmagan Tashkilot aʼzolari uchun amaldagi shakli va mazmuni oʻz kuchida qolaveradi.
21-modda
Mazkur Konvensiyaning inglizcha va fransuzcha matnlari bir xil kuchga ega.
(imzolar)