Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti huzurida “Samarqand meʼmor loyiha” loyiha-qidiruv tashkilotini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Samarqand viloyati shahar va tumanlari hududlarini arxitektura va shaharsozlik jihatidan rejalashtirish ishini tubdan yaxshilash, sohadagi ilmiy-tadqiqot ishlarini va ilgʻor chet el tajribasini amaliyotga tatbiq etish, zamonaviy texnika va texnologiyalarni loyihalashtirish va qurilishga joriy etish, turar joylar, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlarining zamonaviy turdagi, shu jumladan, eksperimental loyihalarini ishlab chiqishni tashkil qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Samarqand viloyati hokimligi, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti muassisligida davlat unitar korxonasi shaklidagi “Samarqand meʼmor loyiha” loyiha-qidiruv tashkilotini (keyingi oʻrinlarda “Samarqand meʼmor loyiha” DUK deb ataladi) tashkil etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. “Samarqand meʼmor loyiha” DUKning xodimlari cheklangan umumiy soni 117 nafar boʻlgan tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
“Samarqand meʼmor loyiha” DUK direktoriga Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi bilan kelishgan holda, zarurat boʻlganda, “Samarqand meʼmor loyiha” DUKning tasdiqlangan tuzilmasiga xodimlarning cheklangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Quyidagilar “Samarqand meʼmor loyiha” DUKning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Samarqand viloyatining shahar va tumanlarida qurilishi rejalashtirilayotgan muhim ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarni loyihalashtirish hamda hududning arxitektura-rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish;
aholi punktlari hududlarini qurishni rivojlantirish hujjatlarini ishlab chiqish;
transport va yoʻl qurilishi obyektlari va komplekslarini loyihalashtirish;
umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllarini, magistral muhandislik tarmoqlarini, jumladan, ularning muhandislik tarmoqlari va tizimlari bilan birga, qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash boʻyicha hujjatlarni ishlab chiqish;
namunaviy loyihalashtirishdan keng foydalanish hamda loyihalarni optimallashtirish va qiymatini pasaytirish choralarini koʻrish;
qurilishning ilgʻor uslublarini, zamonaviy va energiya jihatdan samarali qurilish materiallarining turlarini loyiha yechimlariga ustuvor tatbiq etish;
ilgʻor xorijiy tajribadan foydalangan holda loyihalashtirishning zamonaviy, ilmiy jihatdan asoslangan texnologik tartiblarni ishlab chiqish va tatbiq etish;
loyihalarni energiya jihatdan tejamkor va iqtisodiy samarasi yuqori boʻlgan, ilgʻor va yangi turdagi qurilish materiallarini qoʻllashni nazarda tutadigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hisobiga ishlab chiqish;
xalqaro standartlar darajasida qoʻllashni nazarda tutadigan loyihalashtirish jarayonlariga zamonaviy standartlarni tatbiq etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
sohaga oid ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari bilan izchil hamkorlikni amalga oshirish.
4. Belgilansinki:
“Samarqand meʼmor loyiha” DUK rahbari bir vaqtning oʻzida jamoatchilik asosida Samarqand viloyat hokimining loyiha-qidiruv ishlari boʻyicha yordamchisi hisoblanadi;
“Samarqand meʼmor loyiha” DUKning Italiya, Janubiy Koreya, Xitoy va boshqa xorijiy mamlakatlardan tajribali loyihachi meʼmorlarni jalb qilish bilan bogʻliq hamda ularga sarf etiladigan barcha xarajatlari dastlabki uch yil mobaynida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan qoplanadi;
“Samarqand meʼmor loyiha” DUK Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti talabalarining oʻquv-ishlab chiqarish amaliyotini oʻtishida tayanch tashkilot hisoblanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Samarqand viloyati hokimligi hamda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti Samarqand shahar, Lolazor koʻchasi, 70-uy manzilidagi oʻquv laboratoriyasi binosi majmuasi operativ boshqaruv huquqi asosida “Samarqand meʼmor loyiha” DUKga berilishini taʼminlasinlar.
6. Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti bir oy muddatda “Samarqand meʼmor loyiha” DUKning ustavini va shtat jadvalini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
“Samarqand meʼmor loyiha” DUKning oʻz mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar uning faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
“Samarqand meʼmor loyiha” DUK direktori Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi hamda Samarqand viloyati hokimligi bilan kelishgan holda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti rektori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
8. Samarqand viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
“Samarqand meʼmor loyiha” DUKning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va uni qurilish obyektlarini loyihalashtirish sohasida yuqori malakali kadrlar va mutaxassislar bilan toʻldirish;
“Samarqand meʼmor loyiha” DUKga operativ boshqaruv huquqi asosida beriladigan Samarqand shahar, Lolazor koʻchasi, 70-uy manzilidagi oʻquv laboratoriyasi binosini kapital taʼmirlash bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etish va moliyalashtirish manbalarini aniqlash choralarini koʻrsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B.I. Zokirov va Samarqand viloyati hokimi T.I. Joʻrayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 27-noyabr,
945-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-noyabrdagi 945-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Samarqand meʼmor loyiha” davlat unitar korxonasining
TUZILMASI
Xodimlarning umumiy cheklangan soni — 117 kishi.
Boshqaruv xodimlari soni — 10 kishi.
Ishlab chiqarish xodimlari soni bajariladigan ishlar (xizmatlar) hajmidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi bilan kelishilgan holda “Samarqand meʼmor loyiha” davlat unitar korxonasi direktori tomonidan oʻzgartirilishi mumkin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2017-y., 09/17/945/0350-son)