Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oliy taʼlim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) va kechki (smenali) taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3153-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oliy taʼlim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1 -ilovaga muvofiq;
Oliy taʼlim muassasasida kechki (smenali) taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 21-noyabr,
930-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-noyabrdagi 930-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oliy taʼlim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3153-son hamda “Oliy taʼlim muassasalarida pedagogika yoʻnalishida maxsus sirtqi boʻlimlarni tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 9-avgustdagi PQ-3183-son qarorlari asosida oliy taʼlim muassasasida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimni (keyingi oʻrinlarda sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim deb ataladi) tashkil etish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)
2. Oliy taʼlim muassasalarida sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalariga muvofiq tashkil etiladi.
3. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim quyidagi shakllarda olib boriladi: sirtqi shakl, maxsus sirtqi shakl, ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumot berishning sirtqi shakli.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Ushbu Nizom sogʻliqni saqlash, Al-Xorazmiy universiteti, taʼlim sohasi va harbiy oliy taʼlim muassasalariga tatbiq etilmaydi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-sentabrdagi 608-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2025-y., 09/25/608/0879-son)
2-bob. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimga qabul qilish va oʻqitishni tashkil qilish
5. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimga talabalarni qabul qilish:
sirtqi shaklda — umumiy oʻrta (10-11-sinflar negizida), oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumoti toʻgʻrisidagi tegishli hujjatga ega boʻlgan va test sinovlaridan (kirish imtihonlaridan) muvaffaqiyatli oʻtgan;
maxsus sirtqi shaklda — faqat tegishli yoki turdosh taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotiga va taʼlim yoʻnalishiga muvofiq soha, kasb, lavozimlarda kamida uch yillik amaliy ish stajiga (pedagogika yoʻnalishlari uchun pedagogik stajga) ega boʻlgan, tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega, test sinovlaridan (kirish imtihonlari yoki kasbiy suhbatdan) muvaffaqiyatli oʻtgan;
ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumot berishning sirtqi shaklda — oliy maʼlumotga ega boʻlgan (agar xorijiy oliy taʼlim muassasasini tugatgan boʻlsa, oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjati belgilangan tartibda tan olingan (nostrifikatsiya qilishgan) boʻlishi kerak) va test sinovlaridan (kirish imtihonlaridan yoki kasbiy suhbatdan) muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlar hisobidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimga talabalarni qabul qilish Oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)
7. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda oʻqish muddati:
sirtqi shaklda — kamida 5 yil;
maxsus sirtqi shaklda — kamida 3 yil;
ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim negizidagi sirtqi shaklda — kamida 3 yil. Bunda, oʻqish oʻquv rejalaridagi fanlar farqidan qatʼi nazar, bakalavriat taʼlim yoʻnalishining 2-kursidan boshlanadi.
8. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim talabalariga talabalik guvohnomasi va reyting daftarchasi bepul beriladi.
9. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim talabalarini oʻquv adabiyotlar va materiallar bilan oliy taʼlim muassasasi taʼminlaydi va bilim olish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi.
Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim talabalari oliy taʼlim muassasasining barcha oʻquv jihozlari, auditoriyasi, laboratoriyasi, kutubxonasi, axborot-resurs markazlari hamda oʻquv-yordamchi tuzilmalari xizmatidan bepul foydalanadi.
10. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda oʻqish boʻyicha oliy taʼlim yoʻnalishlariga qarab bir oʻqituvchiga toʻgʻri keladigan talabalar soni nisbati 1:20 etib belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Taʼlim sohalari bloklari va shakllari boʻyicha bir nafar oʻqituvchi hisobiga toʻgʻri keladigan talabalar soni nisbatining normativlari qonunchilik hujjatlari asosida belgilanadi.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
11. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim talabalarini talabalar safidan chetlashtirish va oʻqishini qayta tiklash Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)
Oldingi tahrirga qarang.
12. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimdan kunduzgi taʼlimga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimning bir taʼlim sohasidan ikkinchisiga koʻchirishga ruxsat beriladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.02.2020-y., 09/20/59/0126-son)
3-bob. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda oʻquv jarayonini tashkil qilish
Oldingi tahrirga qarang.
13. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda oʻquv jarayoni taʼlim sohalarining davlat taʼlim standartlari va tegishli taʼlim yoʻnalishlari malaka talablari asosida tayyorlangan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan kunduzgi taʼlim uchun tasdiqlangan oʻquv rejasi va fan dasturlari asosida tashkil etiladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)
14. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda taʼlim yoʻnalishlarining ishchi oʻquv rejasi va fan dasturlari belgilangan tartibda tasdiqlangan oʻquv rejasi va fan dasturlari asosida ishlab chiqiladi hamda tayanch oliy taʼlim muassasalari bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
15. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda oʻquv jarayoni jadvali belgilangan tartibda tasdiqlangan oʻquv rejasi asosida ishlab chiqilgan ishchi oʻquv rejasida qayd etiladi.
16. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim talabasi uchun oʻqishga qabul qilingan oʻquv yili boshida (odatda, sentabr-oktabr oylarida) bevosita oliy taʼlim muassasasida 10 kunlik oʻquv jarayoni bilan dastlabki tanishtiruv hamda semestr davomida oʻqitiladigan fanlar boʻyicha qisqacha (ishchi oʻquv rejasida belgilangan hajmda) maʼruza, amaliy, laboratoriya va seminar mashgʻulotlari oʻtkaziladi. Talabalarga mavzular boʻyicha topshiriqlar va ularni bajarish yuzasidan metodik koʻrsatmalar beriladi.
17. Oʻquv sessiyasigacha boʻlgan muddatda sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda oʻqish mustaqil, jumladan, masofadan turib taʼlim olish shaklida amalga oshiriladi.
Bunda talaba metodik koʻrsatmalardan foydalangan holda ishchi oʻquv rejada semestr uchun rejalashtirilgan fanlarning dasturlarida belgilangan mavzularni mustaqil oʻzlashtiradi.
18. Talaba fan boʻyicha topshiriqlarni bajargandan soʻng, uni fan oʻqituvchisiga belgilangan muddatlarda (odatda, masofadan turib Internet orqali) yuboradi hamda qayddan oʻtkazadi. Fan oʻqituvchisi talaba yuborgan materiallarni tekshirib, oraliq ishi sifatida baholaydi. Fan oʻqituvchisi mavzular boʻyicha navbatdagi topshiriqlar va koʻrsatmalarni yuborishi, shuningdek, on-layn rejimida oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazishi mumkin.
19. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim talabasi har bir semestr davomida bir marta oliy taʼlim muassasasiga oʻquv sessiyasiga chaqiriladi. Buning uchun unga oʻquv sessiyasi boshlanishiga qadar (kamida 10 kun oldin) belgilangan shaklda xabarnoma yuboriladi.
20. Oʻquv sessiyasi davomida:
talaba semestr uchun berilgan topshiriqlarni himoya qiladi. Fan boʻyicha barcha topshiriqlar ijobiy baholangan taqdirda talabaga fan boʻyicha yakuniy baholashga kirish huquqi beriladi;
fanlar boʻyicha yakuniy baholashlar oʻtkaziladi;
navbatdagi semestr davomida oʻqitiladigan fanlar qisqacha (ishchi oʻquv rejasida belgilangan hajmda) maʼruza, amaliy, laboratoriya va seminar mashgʻulotlari orqali tanishtiriladi. Ushbu mashgʻulotlar talabaga navbatdagi semestr davomida fanlarni oʻzlashtirishi va topshiriqlarni bajarishi uchun asosiy va qoʻshimcha adabiyotlar bilan ishlash usullari va texnologiyalarini oʻrgatishga qaratiladi. Mavzular boʻyicha topshiriqlar bilan ularni bajarish yuzasidan metodik koʻrsatmalar beriladi.
21. Oʻquv sessiyasi davomida oʻtkaziladigan maʼruza, amaliy, laboratoriya va seminar mashgʻulotlarida ilgʻor usul va texnologiyalardan (jumladan, muammoli, interaktiv, ijodiy faoliyatni rivojlantirish, ijodiy vazifalarni guruh boʻlib hal etish, hamkorlik pedagogikasi, tabaqalashtirish, individuallashtirish va boshqalardan) foydalaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda talaba tasdiqlangan ishchi oʻquv rejasidagi barcha oʻquv fanlarini oʻzlashtirishi shart. Talabalar bilimini baholash qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
23. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda oraliq va yakuniy baholash turlari joriy qilinadi.
Oraliq baholashning mazmuni, uni bajarish usul va tartiblari hamda soni (bir oʻquv semestri davomida ikki martagacha) har bir fan boʻyicha sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim uchun tayyorlangan ishchi fan dasturlarida belgilab beriladi va quyidagi mustaqil ish turlaridan iborat boʻladi:
kurs (loyihasi) ishi;
nazorat savollari va topshiriqlari;
test-sinov savollari;
keyslar, mashqlar, misol va masalalar;
tajriba natijalari;
ishlab chiqarish muammolarini hal etishga yoʻnaltirilgan maxsus metodik ishlanmalar va tavsiyalar;
hisob-jadval ishlari va boshqalar.
Oraliq baholash masofaviy aloqa orqali on-layn rejimida oʻtkazilishi ham mumkin.
24. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim talabalarining malakaviy amaliyotlari ishchi oʻquv rejasida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi. Odatda, bitiruv malakaviy ishi oldi amaliyotidan boshqa amaliyotlar (taʼlim yoʻnalishiga mos boʻlgan holda) talabaning ishlab turgan ish joyida mustaqil ravishda oʻtkaziladi.
Bitiruv malakaviy ishi oldi amaliyoti talabaning ish joyi taʼlim yoʻnalishiga mos boʻlmagan holda, shuningdek, ishlamayotgan talabalar uchun barcha malakaviy amaliyotlar oliy taʼlim muassasasi tomonidan belgilangan obyektda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Malakaviy amaliyotlarning hisobotlari oʻquv sessiyasi davrida belgilangan tartibda himoya qilinadi.
25. Muayyan kursdagi fanlarni toʻliq oʻzlashtirgan talaba oliy taʼlim muassasasi rektorining buyrugʻi bilan keyingi kursga oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
26. Uzrli sabablar (kasallik, tabiiy ofat, xizmat safari, ogʻir oilaviy ahvol, turmush qurish, farzand koʻrish, sud yoki tergov organlari tomonidan chaqiruv) tufayli muayyan kursdagi fanlarni belgilangan muddatlarda oʻzlashtira olmagan talabalarga muddati qoʻyilgan shaxsiy jadval beriladi. Shaxsiy jadval tegishli prorektor tomonidan tasdiqlanadi va undagi muddat navbatdagi oʻquv yiliga oʻtmasligi lozim.
(26-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
Shaxsiy jadvalni belgilangan muddatda bajara olmagan talaba qayta oʻqish uchun kursda qoldiriladi. Talaba birinchi kursning birinchi semestridagi akademik qarzdorlikni belgilangan muddatda bartaraf etmagan taqdirda, talabalar safidan chetlashtiriladi, kasallik tufayli akademik taʼtil berilgan holatlar bundan mustasno.
27. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda har bir talaba uchun shaxsiy varaqa ochiladi hamda unda oliy taʼlim muassasasidagi faoliyatining toʻliq monitoringi yuritilib, quyidagi maʼlumotlar aks ettiriladi:
oraliq ishlarining bajarilishi;
oraliq va yakuniy baholashlar natijalari;
davlat attestatsiyasi baholari;
bitiruv malakaviy ishi boʻyicha baho;
kursdan kursga oʻtganligi.
4-bob. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda masofadan turib oʻqitish elementlaridan foydalanish
28. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda masofadan turib oʻqitish talabalarning asosiy ish joyidan ajralmagan holda oʻquv rejasidagi barcha fan dasturlarida belgilangan bilimlarni mustaqil masofadan turib oʻzlashtirish asosida amalga oshirilishi mumkin.
29. Masofadan turib oʻqitish on-layn (masofadan turib real vaqt rejimida videomaʼruzalar, konsultatsiyalar, nazorat turlarini oʻtkazish) va off-layn (masofadan turib oʻqitish tizimidagi tegishli oʻquv-metodik resurslarni mustaqil ravishda oʻzlashtirish) rejimlarida tashkil etiladi.
30. Masofadan turib oʻqitish jadvali sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlim boshligʻi tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
31. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda masofadan turib oʻqitish elementlaridan foydalanganda oʻquv kurslarining sifati va samaradorligining doimiy nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
(31-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)
Masofadan turib oʻqitishning texnik taʼminoti oliy taʼlim muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
32. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda masofadan turib oʻqitish elementlarini joriy etish dasturiy platformasi, reglamenti va tartiblari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)
33. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda taʼlim faoliyatini amalga oshiruvchi kafedralar professor-oʻqituvchilari masofadan turib oʻqitishda oʻquv materiallari, topshiriqlar va maslahat-konsultativ ishlarni oliy taʼlim muassasasi saytidagi “Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim” sahifasiga joylashtiradi va ularning bajarilishini nazorat qilib boradi.
Masofadan turib oʻqitish elementlaridan foydalangan xolda taʼlim beruvchi professor-oʻqituvchilar uchun oʻquv yuklamasi belgilangan tartibda belgilanadi.
34. Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi, sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlim boshligʻi va tegishli kafedra mudiri masofadan turib oʻqitishni taʼminlaydi.
Masofadan turib oʻqitishda oʻquv-metodik jarayonni takomillashtirish va ilmiy-metodik masalalar oliy taʼlim muassasasi oʻquv-metodik kengashi yigʻilishida muhokama qilib boriladi.
5-bob. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda davlat attestatsiyasini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
35. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda davlat attestatsiyasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi.
(35-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Davlat attestatsiyalari oʻquv rejasida koʻrsatilgan fan (fanlar majmuasi) boʻyicha oʻtkaziladi.
36. Oʻquv rejasida bitiruv malakaviy ishini bajarish nazarda tutilgan taqdirda, bitiruv malakaviy ishi oliy taʼlim muassasasi bakalavriatida oʻqitishning yakuniy bosqichi hisoblanadi va sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda bitiruv malakaviy ishi mavzusi va mazmuni asosan talabalarning amaliy faoliyati bilan bogʻliq holda shakllantiriladi.
37. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda taʼlim yoʻnalishi ishchi oʻquv rejasini toʻliq bajargan, yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli oʻtgan bitiruvchiga Davlat attestatsiya komissiyasining qarori asosida “bakalavr” darajasi beriladi va davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi bakalavr diplomi ilovasi bilan beriladi.
6-bob. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim talabalarining oliy taʼlim muassasasida oʻquv sessiyasida ishtirokini taʼminlash
38. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim talabalariga oʻquv sessiyasida ishtirok etish uchun ishlab turgan joyidan kamida 30 kalendar kunlik oʻrtacha oylik maoshi saqlangan qoʻshimcha taʼtil beriladi. Kursda qoldirilgan talabalarga esa haq toʻlanmaydigan taklif xabarnomasi beriladi.
39. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim bitiruvchisiga yakuniy davlat attestatsiyalaridan oʻtish, bitiruv malakaviy ishini himoya qilish uchun taʼlim yoʻnalishi oʻquv rejasi va jadvalida belgilangan muddatlarda ishlab turgan joyidan kamida 30 kalendar kunlik oʻrtacha maoshi saqlangan qoʻshimcha taʼtil beriladi.
40. Bitiruv malakaviy ishini yakunlash davrida bitiruvchi xizmat qilayotgan muassasa unga 30 kalendar kunlik maoshi saqlanmagan qoʻshimcha taʼtil berishi mumkin. Talaba ish joyidan tashkilot rahbari va buxgalteri imzosi bilan shu davr uchun haq toʻlanmaydigan taʼtilda ekanligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani Sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlimga taqdim etadi.
41. Bitiruv malakaviy ishining yakunlanganligi toʻgʻrisida uning himoyasi belgilangan kundan bir hafta muddat avval sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlim boshligʻi va mutaxassis tayyorlovchi kafedra mudiri nomiga bildirgi yoziladi va tegishli hujjatda qayd qilinadi. Bildirgi talaba yoki uning ilmiy rahbari tomonidan berilishi mumkin.
7-bob. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda oʻquv jarayonini boshqarish
42. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim mavjud boʻlgan oliy taʼlim muassasalarida boʻlim boshligʻi va oʻquv-metodik ishlar boʻyicha metodist lavozimlaridan iborat boʻlgan Sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlim tashkil etiladi. Bunda boʻlim shtat jadvali dekanatlar uchun belgilangan normativlarga muvofiq shakllantiriladi.
43. Sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlimni oliy taʼlim muassasasi fakultetining dekani maqomiga tenglashtirilgan boshliq boshqaradi.
Boʻlim boshligʻi:
sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimni rivojlantirish dasturini ishlab chiqadi;
talabalarning malakaviy amaliyotlarini tashkil qilish boʻyicha ish beruvchilar bilan shartnomalar tuzadi;
oʻqitishning yangi texnologiyalari tatbiq qilinishini va talabalar oʻzlashtirishi nazorat qilinishini taʼminlaydi;
talabalarning bitiruv malakaviy ishlari mavzularini muvofiqlashtiradi va tasdiqlaydi;
talabalar bilan oʻquv va tarbiyaviy ishlar olib borish samaradorligini oshirish choralarini koʻradi;
mehnat muhofazasi, texnika va yongʻin xavfsizligi boʻyicha tadbirlarni, boʻlim xodimlarining ichki tartib va mehnat intizomi qoidalariga rioya qilishini tashkil etadi;
oʻquv jarayonini taʼminlaydigan professor-oʻqituvchilarning oʻquv-metodik, ilmiy ishlarini rejalashtiradi, tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
oliy taʼlim muassasasi ilmiy kengashi majlislarida, rektoratda, fakultet va kafedralarda sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlim manfaatlarini oʻz vakolati doirasida himoya qiladi va amalga oshiradi;
talabalarning kurs ishi va bitiruv malakaviy ishlariga rahbarlik qilish uchun sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimda oʻquv jarayonini taʼminlaydigan professor-oʻqituvchilarni taqsimlaydi;
Sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlimning oliy taʼlim muassasasining boshqa tuzilmalari bilan oʻzaro aloqasini taʼminlaydi.
44. Sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlim maʼmuriy boshqaruv jihatdan oliy taʼlim muassasasi rektoriga hamda oʻquv va ilmiy-metodik ishlar yuzasidan oliy taʼlim muassasasining oʻquv va ilmiy ishlar boʻyicha prorektorlariga boʻysunadi.
45. Sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlimni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari (toʻlov-kontrakt mablagʻlari) hisobidan amalga oshiriladi.
46. Sirtqi (maxsus sirtqi) boʻlim faoliyati har bir oʻquv semestri oxirida tegishli fakultetlar oʻquv-metodik kengashida va oʻquv yili yakunida oliy taʼlim muassasasi kengashida muhokama etiladi.
8-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
47. Ushbu Nizomda qayd etilgan masalalar yuzasidan kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
(47-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-noyabrdagi 930-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oliy taʼlim muassasasida kechki (smenali) taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3153-son qarori asosida oliy taʼlim muassasalarida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kechki (smenali) taʼlimni tashkil etish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)
2. Oliy taʼlim muassasalarida kechki (smenali) taʼlim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalariga muvofiq tashkil etiladi.
3. Ushbu Nizom sogʻliqni saqlash, taʼlim sohasi va harbiy oliy taʼlim muassasalariga tatbiq etilmaydi.
2-bob. Kechki (smenali) taʼlimga qabul qilish va oʻqitishni tashkil qilish
Oldingi tahrirga qarang.
4. Kechki (smenali) taʼlimga talabalarni qabul qilish Oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi/
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)
5. Kechki (smenali) taʼlimda oʻqish muddati — kamida 4,5 yil.
6. Kechki (smenali) taʼlimga kirgan shaxslarga talabalik guvohnomasi va reyting daftarchasi bepul beriladi.
7. Kechki (smenali) taʼlim talabalarini oʻquv-metodik adabiyotlar, oʻquv-metodik hujjatlar, tarqatma materiallar bilan oliy taʼlim muassasasi taʼminlaydi va bilim olish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi.
8. Kechki (smenali) taʼlim talabalari oliy taʼlim muassasasining barcha oʻquv jihozlari, auditoriyasi, laboratoriyasi, kutubxonasi, axborot-resurs markazlari hamda oʻquv-yordamchi tuzilmalari xizmatidan bepul foydalanadi.
9. Kechki (smenali) taʼlimda oʻqish boʻyicha oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklariga qarab bir oʻqituvchiga toʻgʻri keladigan talabalar soni nisbati kunduzgi taʼlim bilan bir xil nisbatda belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Kechki (smenali) taʼlim talabalarini talabalar safidan chetlashtirish va oʻqishini qayta tiklash Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)
11. Kechki (smenali) taʼlimdan sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimga hamda kechki (smenali) taʼlimning bir taʼlim sohasidan ikkinchisiga koʻchirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Kechki (smenali) taʼlimda oʻquv jarayonini tashkil qilish
Oldingi tahrirga qarang.
12. Kechki (smenali) taʼlimda oʻquv jarayoni taʼlim sohalarining davlat taʼlim standartlari va tegishli taʼlim yoʻnalishlari malaka talablari asosida tayyorlangan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan kunduzgi taʼlim uchun tasdiqlangan oʻquv rejasi va fan dasturlari asosida tashkil etiladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)
13. Kechki (smenali) taʼlim taʼlim yoʻnalishlarining ishchi oʻquv rejasi va fan dasturlari belgilangan tartibda tasdiqlangan oʻquv rejasi va fan dasturlari asosida ishlab chiqiladi hamda tayanch oliy taʼlim muassasalari bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
14. Kechki (smenali) taʼlimda oʻquv jarayoni jadvali belgilangan tartibda tasdiqlangan oʻquv rejasi asosida ishlab chiqilgan ishchi oʻquv rejasi tarkibida qayd etiladi.
15. Kechki (smenali) taʼlimda oʻquv jarayoni bir oʻquv yilida ikki semestrli boʻlib, oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish kunduzgi taʼlim bilan bir xil tartibda tashkil etiladi.
16. Kechki (smenali) taʼlim talabasi tasdiqlangan ishchi oʻquv rejasidagi barcha oʻquv fanlarini oʻzlashtirishi shart.
17. Kechki (smenali) taʼlimda oʻqish odatda kunduzgi smena mehnat faoliyatidan keyingi vaqtda auditoriya mashgʻulotlari (maʼruza, amaliy, laboratoriya) shaklida hamda talabalarni asosiy ish joyidan ajralmagan holda mustaqil, jumladan, masofadan turib oʻqitish shaklida amalga oshiriladi.
18. Oʻquv mashgʻulotlari oliy taʼlim muassasasi hamda professor-oʻqituvchilarning vaqt va imkoniyatlarini inobatga olgan holda talabalarning mehnat faoliyati smenasiga muvofiqlashtirilib kunning birinchi yarmida ham tashkil qilinishi mumkin. Bunda mazkur talabalar soni akademik guruh shakllantirish darajasida boʻlishi lozim.
19. Kechki (smenali) taʼlimda oʻqish (kunduzgi taʼlimdan farqli ravishda) bir haftada, odatda, besh kun amalga oshiriladi va haftalik oʻquv soati hajmi 20 akademik soat qilib belgilanadi.
20. Kechki (smenali) taʼlimda maʼruza oʻqish, amaliy, laboratoriya va seminar mashgʻulotlarini oʻtkazishda ilgʻor usul va texnologiyalardan (jumladan, muammoli, interaktiv, ijodiy faoliyatni rivojlantirish, ijodiy vazifalarni guruh boʻlib yechish, hamkorlik pedagogikasi, tabaqalashtirish, individuallashtirish va boshqalardan) foydalaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Kechki (smenali) taʼlimda talabalar bilimini baholash qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
22. Kechki (smenali) taʼlimda oraliq va yakuniy baholash turlari joriy qilinadi. Oʻquv fanining oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqib joriy baholash turi joriy qilinishi mumkin.
Oraliq ish mazmuni, uni bajarish usul va tartiblari har bir fan boʻyicha tayyorlangan ishchi fan dasturlarida belgilab beriladi va quyidagi mustaqil ish turlaridan iborat boʻladi:
kurs (loyihasi) ishi;
nazorat savollari va topshiriqlari;
test-sinov savollari;
keyslar, mashqlar, misol va masalalar;
tajriba natijalari;
ishlab chiqarish muammolarini yechishga yoʻnaltirilgan maxsus metodik ishlanmalar va tavsiyalar;
hisob-jadval ishlari va boshqalar.
23. Kechki (smenali) taʼlim talabalarining malakaviy amaliyotlari oʻquv rejasida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi. Odatda, bitiruv malakaviy ishi oldi amaliyotidan boshqa amaliyotlar (taʼlim yoʻnalishiga mos boʻlgan holda) talabaning ishlab turgan ish joyida mustaqil ravishda oʻtkaziladi.
Bitiruv malakaviy ishi oldi amaliyoti talabaning ish joyi taʼlim yoʻnalishiga mos boʻlmagan holda, shuningdek, ishlamayotgan talabalar uchun barcha malakaviy amaliyotlar oliy taʼlim muassasasi tomonidan belgilangan obyektda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
24. Muayyan kursdagi fanlarni toʻliq oʻzlashtirgan talaba oliy taʼlim muassasasi rektori buyrugʻi bilan keyingi kursga oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
25. Uzrli sabablar (kasallik, tabiiy ofat, xizmat safari, ogʻir oilaviy ahvol, turmush qurish, farzand koʻrish, sud yoki tergov organlari tomonidan chaqiruv) tufayli muayyan kursdagi fanlarni belgilangan muddatlarda oʻzlashtira olmagan talabalarga muddati qoʻyilgan shaxsiy jadval beriladi. Shaxsiy jadval tegishli prorektor tomonidan tasdiqlanadi, undagi muddat navbatdagi oʻquv yiliga oʻtmasligi lozim.
(25-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
Shaxsiy jadvalni belgilangan muddatda bajara olmagan talaba qayta oʻqish uchun kursda qoldiriladi. Talaba birinchi kursning birinchi semestridagi akademik qarzdorlikni belgilangan muddatda bartaraf etmagan taqdirda, talabalar safidan chetlashtiriladi, kasallik tufayli akademik taʼtil berilgan holatlar bundan mustasno.
26. Kechki (smenali) taʼlimda har bir talaba uchun shaxsiy varaqa ochiladi hamda unda oliy taʼlim muassasasidagi faoliyatning toʻliq monitoringi yuritilib, quyidagi maʼlumotlar aks ettiriladi:
oraliq ishlarining bajarilishi;
oraliq va yakuniy baholashlar natijalari;
davlat attestatsiyasi baholari;
bitiruv malakaviy ishi boʻyicha baho;
kursdan kursga oʻtganligi.
4-bob. Kechki (smenali) taʼlimda masofadan turib oʻqitish elementlaridan foydalanish
27. Kechki (smenali) taʼlimda masofadan turib oʻqitish talabalarning asosiy ish joyidan ajralmagan holda oʻquv rejasidagi barcha fan dasturlarida belgilangan bilimlarni mustaqil masofadan turib oʻzlashtirish asosida amalga oshirilishi mumkin.
28. Masofadan turib oʻqitish on-layn (masofadan turib real vaqt rejimida videomaʼruzalar, konsultatsiyalar, nazorat turlarini oʻtkazish) va off-layn (masofadan turib oʻqitish tizimidagi tegishli oʻquv-metodik resurslarni mustaqil ravishda oʻzlashtirish) rejimlarida tashkil etiladi.
29. Masofadan turib oʻqitish jadvali oʻquv-metodik boʻlim (boshqarma) boshligʻi tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
30. Kechki (smenali) taʼlimda masofadan turib oʻqitish elementlaridan foydalanganda oʻquv kurslarining sifati va samaradorligining doimiy nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
(30-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)
Masofadan turib oʻqitishning texnik taʼminoti oliy taʼlim muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
31. Kechki (smenali) taʼlimda masofadan turib oʻqitish elementlarini joriy etish dasturiy platformasi, reglamenti va tartiblari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son)
32. Kechki (smenali) taʼlimda taʼlim faoliyatini amalga oshiruvchi kafedralar professor-oʻqituvchilari masofadan turib oʻqitishda oʻquv materiallari, topshiriqlar va maslahat-konsultativ ishlarini oliy taʼlim muassasasi saytidagi “Kechki (smenali) taʼlim” sahifasiga joylashtiradi va ularning bajarilishini nazorat qilib boradi.
Masofadan turib oʻqitish elementlaridan foydalangan xolda taʼlim beruvchi professor-oʻqituvchilar uchun oʻquv yuklamasi belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
33. Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi, oʻquv-metodik boʻlim (boshqarma) boshligʻi va tegishli kafedra mudiri kechki (smenali) taʼlimda masofadan turib oʻqitish amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Masofadan turib oʻqitishda oʻquv-metodik jarayonni takomillashtirish va ilmiy-metodik masalalar oliy taʼlim muassasasi oʻquv-metodik kengashi yigʻilishida muhokama qilib boriladi.
5-bob. Kechki (smenali) taʼlimda davlat attestatsiyasini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
34. Kechki (smenali) taʼlimda davlat attestatsiyasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
35. Davlat attestatsiyalari oʻquv rejasida koʻrsatilgan fan (fanlar majmuasi) boʻyicha oʻtkaziladi.
36. Bitiruv malakaviy ishi oliy taʼlim muassasasi bakalavriatida oʻqitishning yakuniy bosqichi hisoblanadi va kechki (smenali) taʼlimda bitiruv malakaviy ishi mavzusi va mazmuni asosan talabalarning amaliy faoliyati bilan bogʻliq holda shakllantiriladi.
37. Kechki (smenali) taʼlimda taʼlim yoʻnalishi ishchi oʻquv rejasini toʻliq bajargan, yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli oʻtgan bitiruvchiga Davlat attestatsiya komissiyasining qarori asosida “bakalavr” darajasi beriladi va davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi bakalavr diplomi ilovasi bilan beriladi.
6-bob. Kechki (smenali) taʼlimda oʻquv jarayonini boshqarish
38. Kechki (smenali) taʼlim oʻquv-metodik boʻlim (boshqarma) boshligʻi tomonidan tegishli taʼlim yoʻnalishlari dekanlari bilan birgalikda boshqariladi.
39. Kechki (smenali) taʼlim tashkil etilgan oliy taʼlim muassasalarida oʻquv-metodik boʻlim (boshqarma) tarkibida kechki (smenali) taʼlim uchun oʻquv-metodik ishlar boʻyicha qoʻshimcha metodist lavozimlari joriy etiladi.
40. Oʻquv-metodik boʻlim (boshqarma) boshligʻi:
kechki (smenali) taʼlimni rivojlantirish dasturini ishlab chiqadi;
ish beruvchilar, davlat va jamoat organlari, taʼlim tizimini boshqaruvchi organlar, tashkilotlar, muassasalar, korxonalar bilan oʻzaro aloqalarni amalga oshiradi, talabalarning malakaviy amaliyotlari boʻyicha shartnomalarini rasmiylashtiradi;
oʻqitishning yangi texnologiyalari tatbiq qilinishini va talabalar oʻzlashtirishi nazorat qilinishini taʼminlaydi;
talabalar bilan oʻquv va tarbiyaviy ishlar olib borish samaradorligini oshirish choralarini koʻradi;
mehnat muhofazasi, texnika va yongʻin xavfsizligi boʻyicha tadbirlarni, boʻlim xodimlarining ichki tartib va mehnat intizomi qoidalariga rioya qilishini tashkil etadi;
oʻquv jarayonini taʼminlaydigan professor-oʻqituvchilarning oʻquv-metodik, ilmiy ishlarini rejalashtiradi, tashkil etadi va muvofiqlashtiradi; oliy taʼlim muassasasi ilmiy kengashi majlislarida, rektoratda, fakultet va kafedralarda kechki (smenali) taʼlim manfaatlarini oʻz vakolati doirasida himoya qiladi va amalga oshiradi;
kechki (smenali) taʼlim masalalari boʻyicha oliy taʼlim muassasasining boshqa tuzilmalari bilan oʻzaro aloqasini taʼminlaydi.
41. Kechki (smenali) taʼlim maʼmuriy boshqaruv jihatdan oliy taʼlim muassasasi rektoriga hamda oʻquv va ilmiy-metodik ishlar yuzasidan oliy taʼlim muassasasi oʻquv va ilmiy ishlar boʻyicha prorektorlariga boʻysunadi.
42. Kechki (smenali) taʼlim bilan bogʻliq xarajatlar oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari (toʻlov-kontrakt mablagʻlari) hisobidan amalga oshiriladi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
43. Ushbu Nizomda qayd etilgan masalalar yuzasidan kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
(43-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2017-y., 09/17/930/0301-son; 01.02.2020-y., 09/20/59/0126-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 15.09.2025-y., 09/25/578/0826-son; 29.09.2025-y., 09/25/608/0879-son; 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)