Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzurida Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, oʻzaro ahdlashuvlar asosida Afgʻoniston Islom Respublikasidan yuboriladigan shaxslarni malakali mutaxassislar etib tayyorlashga koʻmaklashish uchun sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzurida Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etilsin va uni Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida joylashtirish nazarda tutilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Markaz yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan davlat taʼlim muassasasi hisoblanadi va bu erda oliy, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlanadi, shuningdek, qayta tayyorlanib malakasi oshiriladi, Markaz Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida gʻazna hisobvaraqlariga, milliy va xorijiy valyutada bank hisobvaraqlariga ega boʻladi;
Markazda Afgʻoniston tomoni buyurtmanomalariga muvofiq gumanitar, pedagogika va muhandis-texnik taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga zarurat boʻlganda, taʼlim yoʻnalishlariga Afgʻoniston tomoni buyurtmanomalariga binoan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishiga ruxsat berilsin.
3. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblansin:
oʻzaro kelishilgan oliy, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi dasturlariga muvofiq malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish;
ijodiy, baynalmilal, bagʻrikenglik taʼlimi muhitini shakllantirish;
pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, pedagogika texnologiyalari va oʻqitish uslublarini takomillashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasining yetakchi taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va tegishli tarmoq idoralari hamda tashkilotlari bilan munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash.
4. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzurida Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazini tashkil etish boʻyicha tashkiliy komissiya tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziriga zarurat boʻlganda, Markaz tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Afgʻoniston tomoni bilan kelishgan holda, Markaz faoliyatiga oʻquv-uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Afgʻoniston tomoni bilan kelishuv asosida Markaz belgilaydigan tartib hamda muddatlarda oʻquvchilar va talabalar oʻqishga qabul qilinadi hamda bitiruvchilar attestatsiyadan oʻtkaziladi;
Markazda oʻqitish Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tizimida qabul qilingan normalarga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv rejalari va dasturlariga muvofiq kunduzgi hamda sirtqi taʼlim shakllari boʻyicha amalga oshiriladi.
Markaz xodimlariga oliy taʼlim muassasalari filiallarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash miqdori va shartlari tatbiq etiladi;
Markazga respublika taʼlim muassasalaridan oʻqituvchilar va mutaxassislar mehnatga soatbay haq toʻlash shartlari asosida jalb etiladi;
respublika taʼlim muassasalaridan jalb etiladigan oʻqituvchilarning Markazga kelib-ketishi va yashashi bilan bogʻliq xarajatlar Markaz tomonidan qoplanadi.
6. Quyidagilarga:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga:
istisno tariqasida, Afgʻoniston tomoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Markazda kadrlarni oliy, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi dasturlari asosida oʻqitish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha qisqartirilgan taʼlim muddatlarini belgilash;
oʻquv jarayonini tashkil etishning modul tuzilmasiga ega oʻquv rejalari va dasturlarini tasdiqlash;
b) Markazga belgilangan maqsadli koʻrsatmalar, milliy-madaniy xususiyatlar, oʻqitish tiliga koʻra akademik guruhlar tashkil etish huquqi berilsin.
7. Surxondaryo viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga tezkor boshqarish huquqi asosida Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida joylashgan Yangiariq qishloq xoʻjaligi kollejining (keyingi oʻrinlarda kollej deb ataladi) bino hamda inshootlarini Markazni joylashtirish uchun bepul berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin va bir oy muddatda topshirish-qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda yuqorida qayd etilgan kollejni belgilangan tartibda tugatish, kollej oʻquvchilarining yashash joylarini hisobga olgan holda, ular kontingentini taqsimlash yoʻli bilan boshqa kasb-hunar kollejlarida tegishli taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻqishni davom ettirishini taʼminlash, shuningdek, kollejning tugatilishi sababli uning boʻshab qoladigan xodimlarini belgilangan tartibda ishga joylashtirish choralarini koʻrsin.
9. Belgilab qoʻyilsinki:
Markazda toʻlov-kontrakt asosida oʻqitiladi, zarurat boʻlganda Markazni taʼminlash xarajatlarining yetishmaydigan qismi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining asoslangan buyurtmanomalari boʻyicha budjet mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
Markaz bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasining kadrlar tayyorlanadigan oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining yoʻnalishlari hamda mutaxassisliklari dasturlari boʻyicha oʻqishni tamomlaganligi toʻgʻrisida davlat namunasidagi tegishli hujjat beriladi;
Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash kurslari tinglovchilariga oʻqishni tugatganidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan belgilangan shakldagi sertifikatlar beriladi;
Markazda tegishli oʻquv yili uchun kadrlar tayyorlash koʻrsatkichlari va shartlari Afgʻoniston tomoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organining oʻzaro kelishuviga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda belgilanadi.
10. Belgilansinki, Afgʻoniston Islom Respublikasining fuqarolari oʻqish uchun toʻlovni Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan chet el fuqarolari uchun nazarda tutilgan taʼlim qiymatining 50 foizi miqdorida yuborayotgan tomon mablagʻlari hisobidan toʻlaydi, toʻlovning qolgan qismi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda:
Markazning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Markaz Ustavini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
12. Surxondaryo viloyati hokimligi Markazning talabalar shaharchasini tashkil etsin va uning infratuzilmasida talabalarning alohida yashash joylari, tibbiy xizmat punktlari, oshxonalar, kir yuvish xonalari, kundalik foydalanish uchun tovarlar chakana savdo doʻkonlari, tegishli muhandislik kommunikatsiyalari va boshqalarni nazarda tutsin.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi 2018-yil va kelgusi yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlari parametrlarini shakllantirishda Markaz oʻquv korpuslarida qurilish-tiklash ishlarini moliyalashtirish va talabalar shaharchasining toʻliq faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun Surxondaryo viloyati hokimligining asoslangan hisob-kitoblari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan kapital mablagʻlar hisobidan tegishli mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-martdagi 197-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.03.2018-y., 09/18/197/0892-son)
14. Markazning tegishli bino va inshootlarini hamda uning talabalar shaharchasini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha:
Surxondaryo viloyati hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi — buyurtmachi etib;
“Uyjoysanoatsuv-qurilish” xususiy loyiha korxonasi — bosh loyihachi tashkilot etib;
“Santexmontaj” xususiy korxonasi bosh pudrat tashkiloti etib belgilansin.
15. Belgilansinki, Markazning bino va inshootlari asosiy turdagi kompyuter va multimedia texnikasi, sinxron tarjima apparaturasi, videokuzatuv uskunalari, inventar va mebel bilan qurilish-rekonstruksiya ishlarining tegishli bosqichlari yakunlanishiga koʻra (foydalanishga “tayyor holda” topshirish sharti bilan), ularni xarid qilish xarajatlarini loyiha-smeta hujjatiga kiritish orqali belgilangan normativlarga muvofiq jihozlanadi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmanomalariga binoan Markazning ushbu qarorni amalga oshirish doirasida oʻqish uchun keladigan chet ellik talabalarning kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Oldingi tahrirga qarang.
Markazning chet ellik talabalariga koʻp martalik vizalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmanomalariga binoan belgilangan tartibda berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularni davlat bojlari undirmasdan vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olishni va muddati uzaytirilishini taʼminlasin;
(20-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
Markaz hududida taʼlim oluvchilar xavfsizligini va jamoat tartibini taʼminlash maqsadida ularning oʻqish va yashash joylarini videokuzatuv vositalari bilan jihozlash hamda tegishli xodimlar ajratish, shuningdek, oʻquv jarayonini puxta tashkil etish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutgan holda Markazning qoʻriqlash kompleksini shakllantirsin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda tegishli xorijiy tillarga ixtisoslashgan malakali sinxron tarjimonlarning Markaz oʻquv jarayoniga jalb etilishini taʼminlasin.
19. Markazga ikkita avtotransport vositasini, jumladan, bitta yengil xizmat avtomobili va bitta avtobusni saqlash uchun limit ajratilsin.
20. Belgilab qoʻyilsinki, 2017-yilda Markazni saqlash va uning faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining “Maorif” sohasi uchun mablagʻlari hisobidan va tasdiqlangan parametrlari doirasida, 2018-yildan boshlab esa — ushbu sohaga har yili ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
21. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
Markazda pulli-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
shartnomalar asosida xizmatlar koʻrsatishdan va xoʻjalik faoliyatini yuritishdan tushadigan pul mablagʻlari;
yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya mablagʻlari va maqsadli badallari;
xalqaro moliya institutlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar haqida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
23. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Surxondaryo viloyati hokimi E.O. Turdimov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 13-noyabr,
911-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-noyabrdagi 911-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazini tashkil etish boʻyicha tashkiliy komissiya
TARKIBI
|
— |
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi, komissiya raisi | |
|
Qoʻchqorov J.A. |
— |
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, komissiya raisining oʻrinbosari |
|
Turdimov E.O. |
— |
Surxondaryo viloyati hokimi |
|
Madjidov I.U. |
— |
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri |
|
Bekenov S.X. |
— |
Iqtisodiyot vazirining birinchi oʻrinbosari |
|
Xaydarov A.Y. |
— |
Moliya vazirining birinchi oʻrinbosari |
|
Xoshimov Sh.R. |
— |
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari |
|
Nazarmuxamedov D.A. |
— |
Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari |
|
Raimov B.Y. |
— |
Davlat bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari |
|
Fazilov G.G. |
— |
Tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari |
Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda Komissiya tarkibiga ularning lavozimiga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-noyabrdagi 911-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazining
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan soni (texnik, xizmat koʻrsatuvchi, oʻquv-yordamchi xodimlar va professor-oʻqituvchilar tarkibidan tashqari) — 36 nafar.
Professor-oʻqituvchilar tarkibi soni tegishli taʼlim turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida nazarda tutilgan normativlar boʻyicha belgilanadi.
* Texnik, xizmat koʻrsatuvchi, oʻquv-yordamchi xodimlar soni oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlar asosida belgilanadi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/911/0253-son, 14.03.2018-y., 09/18/197/0892-son; 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)