Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Birja va koʻrgazma-yarmarka savdolarini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 29-sentabrdagi PQ-3295-son qarori)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Birja va koʻrgazma-yarmarka savdolarini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 29-sentabrdagi PQ-3295-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.K. Davletov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi R.A. Gulyamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 13-noyabr,
912-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-noyabrdagi 912-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 15-apreldagi 174-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 4-son, 19-modda) bilan tasdiqlangan Birja va koʻrgazma-yarmarka savdolarida tuzilgan kontraktlar boʻyicha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotish, sotib olish va ularni olib chiqib ketish tartibiga quyidagi mazmundagi 81-band qoʻshilsin:
“81. Birjalar va yarmarkalarning hisob-kitob-kliring palatalari orqali hisob-kitoblar va oʻzaro hisob-kitoblar faqat birjalar va yarmarkalarda roʻyxatdan oʻtgan bitimlar boʻyicha amalga oshiriladi.
Birjalar va yarmarkalarning hisob-kitob-kliring palatalari hisob raqamlarida boʻlgan mablagʻlardan foydalangan holda, pul talabnomasidan voz kechish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi.
Import shartnomalari boʻyicha tovar-xomashyo birjalari yoki yarmarkalarning hisob-kitob-kliring palatalarida norezident-sotuvchining hisob raqamiga oʻtkazilgan mablagʻlar faqat birja va koʻrgazma-yarmarka savdolarida tuzilgan eksport shartnomalari, bojxona bojlari, sud xarajatlari hamda birja shartnomalarini tuzish va ijro etish bilan bevosita bogʻliq xizmatlar (vositachilik yigʻimlari, brokerlik haqlari, tashish xarajatlari va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa xarajatlar) toʻlovlari uchun ishlatilishi mumkin”.
2. Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 6-maydagi 223-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 5-son, 25-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjalari savdolarida import kontraktlari tuzish tartibining 12-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“12. Tovar birja import kontraktlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasiga kelib tushgandan va xaridor tomonidan belgilangan tartibda qabul qilingandan keyin birjaning hisob-kitob-kliring palatasi mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasi — soʻmda sotuvchi-norezidentning birjaning hisob-kitob kliring palatasidagi hisob raqamiga oʻtkazadi, sotuvchi ulardan faqat birjalar va birjalarning koʻrgazma-yarmarka savdolarida tuzilgan eksport shartnomalari, bojxona bojlari, sud xarajatlari hamda birja shartnomalarini tuzish va ijro etish bilan bevosita bogʻliq xizmatlar (vositachilik yigʻimlari, brokerlik haqlari, tashish xarajatlari va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa xarajatlar) toʻlovlari uchun ishlatishi mumkin.
Birjalar va yarmarkalarning hisob-kitob-kliring palatalari hisob raqamlarida boʻlgan mablagʻlardan foydalangan holda, pul talabnomasidan voz kechish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-iyuldagi 425-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2020-y., 09/20/425/1034-son)
4. Vazirlar Mahkamasining “Ulgurji va birja savdosini tashkil etish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2001-yil 1-maydagi 198-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2001-y., 5-son, 24-modda) 9-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“9. Belgilab qoʻyilsinki:
“import shartnomalari boʻyicha tovar-xomashyo birjalari yoki yarmarkalarning hisob-kitob-kliring palatalarida norezident-sotuvchining hisob raqamiga oʻtkazilgan mablagʻlar faqat birja va koʻrgazma-yarmarka savdolarida tuzilgan eksport shartnomalari, bojxona bojlari, sud xarajatlari hamda birja shartnomalarini tuzish va ijro etish bilan bevosita bogʻliq xizmatlar (vositachilik yigʻimlari, brokerlik haqlari, tashish xarajatlari va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa xarajatlar) toʻlovlari uchun ishlatilishi mumkin;
birjalar va yarmarkalarning hisob-kitob-kliring palatalari hisob raqamlarida boʻlgan mablagʻlardan foydalangan holda, pul talabnomasidan voz kechish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi;
Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi, shu jumladan uning filiallari, istisno tariqasida, mul soligʻi toʻlashdan besh yil muddatga ozod qilinadi, boʻshab qolayotgan mablagʻlar uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, elektron birja savdolarining yagona tizimini shakllantirishga yoʻnaltiriladi”.
5. Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2014-yil 6-oktabrdagi 279-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 10-son, 104-modda):
a) 2-ilovada:
8-bandning uchinchi xatboshidagi “hisob-kitob-kliring palatasidagi (keyingi oʻrinlarda HKKP deb ataladi) va “Xalq isteʼmol tovarlari bilan savdo qilish respublika koʻrgazma-yarmarka savdo markazi” YoAJdagi oʻzlarining maxsus hisob raqamlaridagi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
34-bandning birinchi xatboshidagi “HKKPda” soʻzi “Hisob-kitob-kliring palatasida (keyingi oʻrinlarda HKKP deb ataladi)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 3-ilova 4-bandining uchinchi xatboshidagi “hisob-kitob-kliring palatasidagi va “Xalq isteʼmoli tovarlari bilan savdo qilish respublika koʻrgazma-yarmarka savdo markazi” YoAJdagi oʻzlarining maxsus hisob raqamlaridagi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
v) 4-ilova 4-bandining uchinchi xatboshidagi “hisob-kitob-kliring palatasidagi va “Xalq isteʼmoli tovarlari bilan savdo qilish respublika koʻrgazma-yarmarka savdo markazi” YoAJdagi oʻzlarining maxsus hisob raqamlaridagi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Respublika bolalar tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitatsiyasi markazining davolash-diagnostika korpusini qurish va jihozlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 30-iyuldagi 247-son qarori 4-bandining toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/912/0254-son; 07.07.2020-y., 09/20/425/1034-son)