O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-avgustdagi 436-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida” 2017-yil 16-oktabrdagi PQ-3325-son hamda “Madaniyat va san’atni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2021-yil 9-dekabrdagi PQ-36-son qarorlarini bajarish yuzasidan, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish, xorijiy davlatlar va tashkilotlar bilan madaniyat va san’at sohalarida aloqalarni mustahkamlash, jamg‘armaga ajratilgan mablag‘lardan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-avgustdagi 436-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-avgustdagi 436-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 50 nafar etib belgilansin.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-iyuldagi 271-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 09/23/271/0440-son)
2. Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasini joylashtirish uchun tegishli bino ajratish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda takliflar kiritsinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi to‘g‘risidagi hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017-yil 15-martdagi 141-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 3-son, 30-modda) 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev zimmasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, san’at va turizmni rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 1-noyabr,
886-son
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-noyabrdagi 886-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlarini, shuningdek, uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Jamg‘arma o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek, mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Jamg‘arma davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, o‘zining mustaqil balansiga, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida ochilgan milliy valyutadagi shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga hamda tijorat banklarida milliy va chet el valyutasida bank hisobvaraqlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhriga ega bo‘ladi.
Jamg‘armaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi;
qisqartirilgan nomi — Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi;
b) ingliz tilida:
to‘liq nomi — Art and Culture Development Foundation under the Cabinet of Ministers of the Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Art and Culture Development Foundation;
v) rus tilida:
to‘liq nomi — Fond razvitiya kulturi i iskusstva pri Kabinete Ministrov Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Fond razvitiya kulturi i iskusstva.
2-bob. Jamg‘armaning asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar Jamg‘armaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
moliyaviy, tashkiliy va ijodiy yo‘nalishlarda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish asosida madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish, shuningdek, madaniyat arboblarini hamda tasviriy san’at, adabiyot, teatr, musiqa va xoreografiya sohalarida ularning tashabbusi bilan tashkil etiladigan tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
xalqaro va davlatlararo madaniy aloqalarni kengaytirish, madaniyat va san’at sohasida xalqaro madaniyat tashkilotlar va xayriya jamg‘armalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish, mamlakatimizda madaniyat va san’atga doir homiylikni rivojlantirishga ko‘maklashish;
madaniyatlararo ijodiy muloqotni yo‘lga qo‘yish va o‘zbek san’atining jahon badiiy va madaniy makoniga integratsiyalashuviga ko‘maklashish, shuningdek, mamlakatimizning madaniy va ilmiy-texnik salohiyatini hamda raqobatbardoshligi bilan bog‘liq jihatlarni namoyish etish;
madaniyat va san’at sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, shu bilan birga, madaniyat va san’at muassasalarini zarur adabiyotlar va davriy nashrlar bilan ta’minlash;
xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda, mamlakatimiz muzeylari va boshqa madaniyat muassasalari faoliyatining samaradorligini oshirish tizimini takomillashtirishga ko‘maklashish;
madaniy meros sohasida davlat siyosatini yuritishga ko‘maklashish;
xalqaro standartlarga muvofiq yangi madaniyat muassasalarini qurish uchun moliyaviy mablag‘ va ko‘mak berish;
madaniyat va san’at muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularni kapital hamda joriy ta’mirlash;
xalqaro institutlar, xorijiy mamlakatlar hukumatlari, homiylar va donorlar bilan hamkorlikda loyihalarni birgalikda moliyalashtirishni tashkil etishni ta’minlash;
jahondagi ilg‘or tajribalarni mamlakatimizda joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash maqsadida madaniyat va san’at sohasini moliyalashtirish bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish;
aholiga pulli xizmatlar ko‘rsatish hajmini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
qonunchilikda belgilangan manbalardan tushayotgan mablag‘larni jamg‘arishni ta’minlash;
ajratilayotgan maqsadli mablag‘lardan to‘g‘ri, samarali va maqsadli foydalanish ustidan tizimli nazorat o‘rnatish;
Jamg‘arma va uning tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha tadbirlar uchun maqsadli mablag‘lar ajratish.
5. Jamg‘arma o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) moliyaviy, tashkiliy va ijodiy yo‘nalishlarda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish asosida madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish, shuningdek, madaniyat arboblarini hamda tasviriy san’at, adabiyot, teatr, musiqa va xoreografiya sohalarida ularning tashabbusi bilan tashkil etiladigan tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida:
madaniyat va san’at sohasini moliyalashtirish bo‘yicha xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish va joriy qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
milliy va xorijiy madaniyat hamda san’at namoyandalarining ijodi bilan tanishishga doir tadbirlarni tashkil etish;
madaniyat va san’atni rivojlantirish, madaniy meros sohalarida normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;
madaniyat va san’atning turli sohalarini ommalashtirish, shuningdek, madaniyat arboblarini qo‘llab-quvvatlash tadbirlarini o‘tkazish;
Jamg‘arma tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarning kalendar rejasini tuzish va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga kiritish;
madaniyat va san’atni hamda ushbu sohadagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish;
b) xalqaro va davlatlararo madaniy aloqalarni kengaytirish, madaniyat va san’at sohasida xalqaro madaniyat tashkilotlari va xayriya jamg‘armalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy sarmoya va grantlarni jalb etish, mamlakatimizda madaniyat va san’atga doir homiylikni rivojlantirishga ko‘maklashish borasida:
xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro tadbirlar, shu jumladan ularning investitsiya loyihalarida, grantlarni ajratishdagi ishtirokini tashkil etish va O‘zbekiston Respublikasi madaniyati va san’atini rivojlantirishga yo‘naltirilgan boshqa yordamlar ko‘rsatish;
o‘zbek madaniyati va san’atini ommalashtirish hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga qaratilgan xalqaro madaniy tadbirlarning respublika va uning tashqarisida o‘tkazilishini tashkil qilish;
O‘zbekiston Respublikasida metsenatlikni rivojlantirishga ko‘maklashish;
v) madaniyatlararo ijodiy muloqotni yo‘lga qo‘yish va o‘zbek san’atining jahon badiiy va madaniy makoniga integratsiyalashuviga ko‘maklashish, shuningdek, mamlakatimizning madaniy va ilmiy-texnik salohiyati hamda raqobatbardoshligi bilan bog‘liq jihatlarni namoyish etish borasida:
madaniyat va san’at arboblarini jahon madaniy hamjamiyatiga keng jalb etish, shu jumladan ularning xalqaro ko‘rgazmalar, konferensiyalar, festivallar va shu kabilardagi ishtirokini ta’minlashga doir tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish;
O‘zbekiston madaniyati va san’atini jahon darajasida keng targ‘ib qiladigan adabiyotlar yaratish va ularni xorijiy nashriyot uylari orqali ommalashtirish;
g) madaniyat va san’at sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, shu bilan birga, madaniyat va san’at muassasalarini zarur adabiyotlar va davriy nashrlar bilan ta’minlash borasida:
madaniyat va san’at sohasi uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga, ularning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, yoshlar hamda O‘zbekiston Respublikasida va uning tashqarisida O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirishga qaratilgan faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni rag‘batlantirishga doir tadbirlarni, shu jumladan, grant dasturlarini shakllantirish orqali tashkil etish;
Jamg‘arma va uning tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni o‘qitish, tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tadbirlar uchun maqsadli mablag‘lar ajratish;
d) xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda, mamlakatimiz muzeylari va boshqa madaniy muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish tizimini takomillashtirishga ko‘maklashish borasida:
xorijiy tajribani doimiy o‘rganish va muzeylar hamda boshqa madaniyat muassasalarining faoliyati samaradorligini oshirishda ko‘maklashish;
muzeylar, madaniy meros obyektlari va madaniyat muassasalarida inklyuziv muhitni yaratish;
e) madaniy meros sohasida davlat siyosatini yuritishga ko‘maklashish borasida:
O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi faoliyatini rivojlantirish, uning vakolat doirasiga kiruvchi masalalar, ijro va mehnat intizomini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berish;
Madaniy meros agentligi taklifiga asosan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlarining har yillik manzilli ro‘yxatini ko‘rib chiqish hamda kelishish;
Madaniy meros agentligi tizimidagi tashkilotlarning rahbarlari faoliyati samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlari (indikatorlari)ni monitoring qilib borish;
j) xalqaro standartlarga muvofiq yangi madaniy muassasalar qurish uchun moliyaviy mablag‘ va ko‘mak berish borasida:
madaniyat va san’at obyektlarini loyihalash, restavratsiya, rekonstruksiya hamda qurilish-ta’mirlash bo‘yicha mazkur maqsadlar uchun ajratilgan respublika budjeti va o‘z mablag‘lari hisobidan buyurtmachi funksiyasini bajarish;
jahon tajribasidan kelib chiqib, yangi madaniyat muassasalarini qurish ishlarini amalga oshirishga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;
xalqaro standartlarga muvofiq yangi madaniyat muassasalarini qurish ishlarini amalga oshirish;
madaniyat muassasalarini qurish uchun maqsadli moliyaviy mablag‘lar ajratish;
z) madaniyat va san’at muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularni kapital hamda joriy ta’mirlash borasida:
muzeylar, madaniy meros obyektlari va madaniyat muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish;
madaniyat muassasalarini loyihalash, restavratsiya, rekonstruksiya qilish va qurish uchun yetakchi xalqaro va mahalliy ekspertlarni jalb etish;
muzeylar, madaniy meros obyektlari va madaniyat muassasalarida restavratsiya, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlarini belgilangan tartibda amalga oshirish;
i) xalqaro institutlar, xorijiy mamlakatlar hukumatlari, homiylar va donorlar bilan hamkorlikda loyihalarni birgalikda moliyalashtirishni tashkil etishni ta’minlash borasida:
xalqaro institutlar, xorijiy mamlakatlar hukumatlari, homiylar va donorlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish;
O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san’atni rivojlantirishga yo‘naltirilgan grantlar ajratish va boshqa ko‘mak berishda xalqaro institutlar, xorijiy mamlakatlar hukumatlari, homiylar va donorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma tadbirlarni, shu jumladan, ularning investitsiya loyihalarida ishtirok etishini tashkil etish;
k) jahondagi ilg‘or tajribalarni mamlakatimizda joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash maqsadida madaniyat va san’at sohasini moliyalashtirish bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish borasida:
madaniyat va san’at sohasida jahondagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish va tahlil qilib borish;
ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha asosli takliflarni tayyorlash;
ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejalari va tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash;
l) aholiga pulli xizmatlar ko‘rsatish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish:
joriy holatni o‘rganish, shuningdek, madaniyat va san’at tashkilotlari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan pulli xizmatlar hajmini oshirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
pulli asosda noyob brend mahsulotlarni ishlab chiqish va realizatsiya qilish, royalti tizimini qo‘llash, shu jumladan kitob, bosma nashrlar savdosi va Jamg‘arma tomonidan o‘tkaziladigan madaniy tadbirlarga chipta savdosini amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasida va uning tashqarisida mamlakatimiz madaniyati va san’ati sohasidagi eng yaxshi yutuqlarni targ‘ib qilish maqsadida xizmatlar ko‘rsatish va ishlarni bajarish;
m) qonunchilikda belgilangan manbalardan tushayotgan mablag‘larni jamg‘arishni ta’minlash borasida:
tahlil o‘tkazish va Jamg‘armaga mablag‘larning o‘z vaqtida tushishini ta’minlash;
Jamg‘armaga mablag‘larning tushishi va sarflanishini prognoz qilish;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini moliya tashkilotlariga joylashtirish;
n) ajratilayotgan maqsadli mablag‘lardan to‘g‘ri, samarali va maqsadli foydalanish ustidan tizimli nazorat o‘rnatish borasida:
ajratilayotgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishini monitoring qilish;
Jamg‘armaning daromad va xarajatlari smetalarini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish;
Jamg‘arma daromadlari va xarajatlarining hisobini yuritish va ularning bajarilishi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga har choraklik hisobotni taqdim etish;
o) Jamg‘arma va uning tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha tadbirlar uchun maqsadli mablag‘lar ajratish borasida:
Jamg‘arma va uning tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflarni, ularga davlat mukofotlari berish yuzasidan taqdimnomalarni kiritish;
xizmat vazifalarini bajarish chog‘idagi alohida xizmatlari uchun va pensiyaga chiqishi munosabati bilan qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlash;
xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish (xodimlar uchun uy-joy qurish va xarid qilish, sanatoriy-kurortda davolanish va tibbiy xizmat ko‘rsatish, mukofotlar to‘lash, ustamalar belgilash, moddiy yordam va boshqalar);
xodimlarining lavozim maoshi, ilmiy darajalari, uzoq muddat uzluksiz xizmati uchun ustama haqlar, bayram kunlari uchun mukofotlar, mukofotlar, qo‘shimcha haqlar, ustamalar, rag‘batlantirish to‘lovlari, qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlarni to‘lab borish.
3-bob. Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish tartibi
6. Jamg‘arma faoliyati Jamg‘arma raisi tomonidan boshqariladi.
Jamg‘arma raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. Jamg‘arma raisining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari Jamg‘arma raisining taklifiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Jamg‘arma raisi, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari maqomi va mehnatga haq to‘lash shartlari, tibbiy va transport ta’minoti sharoitlari bo‘yicha tegishli ravishda vazirga, vazirning birinchi o‘rinbosariga hamda vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
7. Jamg‘arma raisi:
Jamg‘armaning tuzilmasini tasdiqlaydi hamda zarur hollarda, unga Jamg‘arma xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritadi;
Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari smetasini tayyorlaydi va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga taqdim etadi;
Jamg‘armaning shtatlar sonini va Jamg‘armani ta’minlash mablag‘larining cheklangan umumiy miqdorini belgilash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga takliflar kiritadi;
Jamg‘armaga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarga muvofiq Jamg‘arma faoliyatini tashkil etadi, xodimlarning cheklangan umumiy soni doirasida Jamg‘armaning shtatlar jadvalini shakllantiradi, xo‘jalik, mehnat va boshqa shartnoma hamda hujjatlarni Jamg‘arma nomidan imzolaydi;
Jamg‘arma raisining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni tayinlash va lavozimdan ozod qilish bo‘yicha belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;
mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni shartnoma asosida ularga, istisno tariqasida, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ish haqi va boshqa to‘lovlarni belgilagan holda jalb qiladi;
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan Jamg‘arma xodimlariga ularning asosiy egallab turgan lavozimlari bo‘yicha lavozim maoshlari (tarif stavkalari)ga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan qat’i nazar, ustama va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlar hamda uzoq muddat xizmat qilgani uchun ustama haq to‘lash tartibi va miqdorlarini belgilaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi markaziy apparati boshqaruv xodimlari, hududiy boshqarmalari boshliqlari, uning tizimidagi tashkilotlar rahbarlari, shu jumladan davlat muzeylari direktorlari lavozimlariga nomzodlarni tayinlash va lavozimdan ozod qilish masalalarini ko‘rib chiqadi;
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda belgilangan tartibda Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini tekshirishni tashkil etadi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘radi;
har yili O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanilishi haqidagi hisobotni taqdim etadi;
Jamg‘arma mablag‘lari tushumlarini ko‘paytirish va ulardan samarali foydalanilishi, shu jumladan xorijiy investitsiya va homiylarni jalb etish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
mazkur Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
8. Jamg‘arma raisining taklifiga binoan Jamg‘armaning Vasiylik kengashi tuzilishi mumkin, uning tarkibi O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
9. Jamg‘arma huzurida madaniyat va san’at arboblaridan iborat Ekspert kengash tuzilishi mumkin, uning tarkibi Jamg‘arma raisi tomonidan tasdiqlanadi.
4-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish tartibi
10. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga asosan ajratiladigan respublika budjeti mablag‘lari;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning hamda xalqaro tashkilotlarning homiylik xayriyalari, metsenatlik ko‘magi, grantlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish tartibi
11. Jamg‘arma raisi Jamg‘arma mablag‘larining tasarrufchisi hisoblanadi.
12. Jamg‘armani ta’minlash mablag‘larining cheklangan umumiy miqdori O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
13. Jamg‘armani ta’minlash xarajatlari qoplangandan so‘ng Jamg‘arma mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan Jamg‘arma daromad va xarajatlari smetasiga muvofiq mazkur Nizomning 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun yo‘naltiriladi.
14. Jamg‘armaning daromad va xarajatlar smetasi budjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha budjet tashkilotlari uchun (choraklar, tushumlar manbalari va ularning sarflanish yo‘nalishlari bo‘yicha) qonunchilikda belgilangan tartibda tuziladi va O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
15. Jamg‘armaning bo‘sh mablag‘laridan grant asosida milliy madaniy davlat dasturlari va loyihalarini moliyalashtirish (birgalikda moliyalashtirish) uchun foydalanilishi mumkin.
16. Jamg‘armaga, istisno tariqasida, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotib olish uchun yetkazib beruvchilar bilan import bitimlari (shartnomalari) tuzilgan taqdirda, Jamg‘armaning o‘z mablag‘lari hisobidan (O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar bundan mustasno) 15 foizdan ortiq avans to‘lashga ruxsat beriladi.
6-bob. Jamg‘armaning huquqlari va majburiyatlari
17. Jamg‘arma o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
belgilangan tartibda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan Jamg‘arma vakolatlariga kiruvchi masalalarni hal etish uchun zarur axborotlarni so‘rash va olish;
o‘z bank hisobvaraqlarida mazkur Nizomning 11-bandida belgilangan manbalardan tushadigan mablag‘larni jamg‘arish;
Jamg‘arma tomonidan ajratilayotgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish, qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, moliyalashtirishni to‘xtatish yoki ajratilgan mablag‘larni qaytarib olish;
vaqtincha bo‘sh mablag‘larni likvidli moliyaviy instrumentlarga (depozitlar, qimmatli qog‘ozlar, obligatsiyalar va shu kabilarga) joylashtirish;
Jamg‘arma mablag‘larining madaniyat va san’atni rivojlantirishga doir aniq loyihalar uchun ajratilishida shartlarni belgilash;
o‘z maqsad va vazifalarini amalga oshirish uchun xorijiy hamkorlar shartnomalar tuzish;
madaniyat va san’atni rivojlantirishning turli masalalari bo‘yicha belgilangan tartibda tashabbuslar bilan chiqish;
yoshlar hamda O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirishga qaratilgan faoliyat bilan shug‘ullanuvchi O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari hisoblangan shaxslarga grantlar shaklida mablag‘lar ajratish;
ommaviy axborot vositalarida o‘z faoliyati haqida materiallar chop etish;
Jamg‘arma vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Jamg‘armaga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish;
o‘z vakolatlari doirasida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar qabul qilish;
idoraviy mansubligidan qat’i nazar, respublikadagi barcha muzeylar, madaniy meros obyektlari va madaniyat va san’at muassasalari Jamg‘arma loyihalarining amalga oshirilishiga o‘z vakolatlari doirasida yaqindan ko‘maklashish;
Jamg‘arma idoraviy mansub tashkilotlarining davlat mulkini bir bo‘linmadan boshqasiga belgilangan tartibda o‘z tashkiliy tuzilmasi doirasida, tekin foydalanish huquqi bilan berishi mumkin;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyat turlarini amalga oshirish.
Jamg‘arma qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
18. Jamg‘arma:
mazkur Nizomda belgilangan asosiy vazifalarning bajarilishini ta’minlashi;
Jamg‘arma mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishi yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshirishi;
Jamg‘arma daromadlarining istiqbolli ko‘rsatkichlari bajarilishi samaradorligini tahlil qilish, aniqlangan va mablag‘larining kelib tushishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishi shart.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Jamg‘arma har yili qonunchilikka muvofiq moliyaviy hisobotni tayyorlaydi. Jamg‘armaning moliyaviy hisoboti moliyaviy yil yakunlangandan so‘ng auditorlik tashkilotlari tomonidan majburiy tartibda tekshiriladi. Moliyaviy hisobot, auditorlik xulosasi har yili 1-maydan kech bo‘lmagan muddatda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga taqdim etiladi.
Jamg‘arma mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan nazorat qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
20. Jamg‘armani qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
21. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(ilovaning matni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-iyuldagi 271-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 09/23/271/0440-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2 va 3-ilovalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-iyundagi 485-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-sentabrdagi 558-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.09.2021-y., 09/21/558/0854-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.11.2017-y., 09/17/886/0213-son, 16.07.2018-y., 09/18/539/1519-son, 15.08.2018-y., 09/18/648/1698-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.09.2021-y., 09/21/558/0854-son; 04.07.2023-y., 09/23/271/0440-son)