Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat ehtiyojlari uchun sholi xarid qilishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2018-yilda qishloq xoʻjaligi ekinlarini oqilona joylashtirish chora-tadbirlari va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishning prognoz hajmlari toʻgʻrisida” 2017-yil 15-sentabrdagi PQ-3281-son qarorini bajarish yuzasidan, sholi yetishtirish hamda xarid qilishning yagona tizimini shakllantirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek ichki isteʼmol bozorini yuqori sifatli mahsulotlar bilan toʻldirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, 2017-yil hosilidan boshlab davlat ehtiyojlari uchun sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklar va “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasining don qabul qilish tashkilotlari oʻrtasida tuziladigan kontraktatsiya shartnomalari asosida ilovaga muvofiq sxema boʻyicha kelishilgan bozor narxlarida xarid qilinadi.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda tuproq-iqlim sharoitlari, suv bilan taʼminlangani va sholi yetishtirish tajribasi hisobga olingan holda, 2018-yil hosili uchun sholi yetishtiradigan tumanlar hamda xoʻjaliklarni 2018-yilning 1-fevralgacha belgilasinlar.
3. “Oʻzdonmahsulot” AK, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda sholi yetishtiradigan xoʻjaliklar bilan 2017-yil hosilidan tovarbop va urugʻlik sholi xarid qilish yuzasidan 2017-yilning 5-noyabrigacha ushbu qarorning 1-bandiga muvofiq kontraktatsiya shartnomalari tuzilishini taʼminlasinlar.
4. “Oʻzdonmahsulot” AK bir oy muddatda belgilangan tartibda:
Xaridlarni moliyalashtirish va sholi yetishtirish hamda uni qayta ishlash tizimiga bozor mexanizmlarini toʻliq joriy etish uchun yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan maqsadli jamgʻarmani tashkil etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Xaridlarni moliyalashtirish va sholi yetishtirish hamda uni qayta ishlash tizimiga bozor mexanizmlarini toʻliq joriy etish uchun maqsadli jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.
5. “Oʻzdonmahsulot” AKning don qabul qilish tashkilotlariga, istisno tariqasida, budjet tashkilotlari va budjetdan mablagʻ oluvchilar bilan Oʻzbekiston Respublikasining ichki bozoridagi oʻrtacha narxlardan oshmaydigan narxlarda sholi yetkazib berish boʻyicha toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat berilsin.
6. “Oʻzdonmahsulot” AK manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2018-yilning oxirigacha belgilangan tartibda zamonaviy texnologik liniyalar sotib olinishini va oʻrnatilishini, shuningdek sholini qabul qilish, tashish, qayta ishlash hamda saqlash boʻyicha faoliyat koʻrsatayotgan sexlar modernizatsiya qilinishini taʼminlasin.
7. “Agrobank” ATBga “Oʻzdonmahsulot” AK don qabul qilish tashkilotlarining buyurtmanomalariga binoan sholini qabul qilish, qayta ishlash va tashish boʻyicha sexlarni modernizatsiya qilish hamda zamonaviy texnologik liniyalar, shuningdek sholi xarid qilish uchun kreditlar ajratish va ajratilgan kreditlarni keyinchalik mahsulotni sotishdan tushadigan mablagʻlar hisobiga qoplash tavsiya etilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 27-oktabr,
876-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-oktabrdagi 876-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Davlat ehtiyojlari uchun sholi xarid qilish
SXEMASI
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2017-y., 09/17/876/0189-son)