Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kam taʼminlangan oilalarni bandlik bilan taʼminlash uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining kam taʼminlangan qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 12-sentabrdagi PQ-3268-son qaroriga asosan muayyan mehnat turlari bilan shugʻullanish istagida boʻlgan kam taʼminlangan oilalarga mikrokreditlar ajratishning samarali mexanizmini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Kam taʼminlangan oilalarni bandlik bilan taʼminlash uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Muayyan mehnat turlari bilan shugʻullanish istagida boʻlgan kam taʼminlangan oilalarga ularning oilalarini yetarli darajada taʼminlash imkonini beradigan imtiyozli shartlar asosida mikrokreditlar ajratuvchi tijorat banklarini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilab berishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga muayyan mehnat turlari bilan shugʻullanish istagida boʻlgan kam taʼminlangan oilalarga imtiyozli shartlar asosida mikrokreditlar ajratuvchi tijorat banklari belgilangandan soʻng, ularning roʻyxatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 20-oktabr,
857-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-oktabrdagi 857-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Kam taʼminlangan oilalarni bandlik bilan taʼminlash uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom muayyan mehnat turlari bilan shugʻullanish istagida boʻlgan kam taʼminlangan oilalarga ularning oilalarini yetarli darajada taʼminlash imkonini beradigan imtiyozli shartlar asosida mikrokreditlar ajratish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
qarz oluvchi — Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek tijorat banklarining masʼul xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruh tomonidan shakllantirilgan roʻyxatga kiritilgan muayyan mehnat turlari bilan shugʻullanish istagida boʻlgan kam taʼminlangan oilaning voyaga yetgan aʼzosi;
bank — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilab berilgan, qarz oluvchilarga mikrokreditlar ajratadigan tijorat banki.
2-bob. Mikrokreditlarni ajratish shartlari
3. Mikrokreditlar qaytarishlik, toʻlovlilik, taʼminlanganlik, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlari asosida ushbu Nizomning ilovasida keltirilgan sxemaga asosan beriladi.
4. Mikrokreditlar qarz oluvchilarga:
tikuv mashinalari, matolar va boshqa sarf materiallari, kosibchilik faoliyati uchun inventarlar, maishiy, kompyuter va boshqa texnikalar, shuningdek, mehnat bilan bandlikni taʼminlovchi boshqa asbob-uskunalar xarid qilish;
shaxsiy tomorqa uchastkalarini rivojlantirish (kichik-issiqxonalar barpo etish, chorva mollari, parranda sotib olish, ogʻilxona va tovuqxona qurish, bogʻdorchilik inventarlari va asboblari xarid qilish) maqsadlari uchun ajratiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Mikrokreditlar banklar tomonidan qarz oluvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorigacha yillik 4 foiz stavkada ajratiladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
6. Qarz oluvchilarga mikrokredit qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz, 6 oygacha boʻlgan imtiyozli davr bilan, 3 yildan koʻp boʻlmagan muddatga bank kredit qoʻmitasining belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan qarori asosida beriladi.
3-bob. Mikrokreditlarni rasmiylashtirish tartibi
7. Mikrokredit olish uchun qarz oluvchi tomonidan bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan maqsadlar uchun mikrokredit olish uchun soʻralgan ariza;
shaxsiy tomorqa uchastkalarini rivojlantirish maqsadlari uchun mikrokredit soʻralgan hollarda qarz oluvchida tomorqa uchastkasi mavjudligi koʻrsatilgan oʻzini-oʻzi boshqarish organlari tomonidan berilgan maʼlumotnoma;
mikrokreditni qaytarishning taʼminlanishi toʻgʻrisida hujjat.
8. Mikrokreditlar qaytarilishining taʼminoti sifatida bankka quyidagi taʼminot turlaridan biri taqdim etiladi:
mol-mulk garovi;
tijorat banki yoki sugʻurta kompaniyasi kafolati;
uchinchi shaxs kafilligi;
qarz oluvchi tomonidan olingan mikrokreditni qaytarmaslik xatarining bank foydasiga sugʻurta qilinganligi.
9. Qarz oluvchi mazkur Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan tegishli hujjatlarni topshirishda oʻzining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini koʻrsatadi hamda undan nusxa taqdim etadi.
10. Mikrokredit soʻrab, mazkur Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan barcha zarur hujjatlar ilova qilingan holda berilgan ariza bankka kelib tushgan kundan boshlab, bank kredit qoʻmitasi tomonidan ushbu ariza boʻyicha qaror qabul qilish muddati 3 ish kunidan oshmasligi lozim.
11. Mikrokredit berish asoslantirilgan holda rad etilgan taqdirda, bank arizachiga bu haqda keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda yozma shaklda maʼlum qilishi shart.
4-bob. Mikrokreditlarni ajratish va ularni qaytarish tartibi
12. Mikrokreditlar qarz oluvchining ssuda hisobvaragʻidan uning toʻlov topshiriqnomasiga asosan, kredit shartnomasida belgilangan maqsadlar uchun tegishli tashkilotlarning bankdagi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
13. Qarz oluvchilarga berilgan mikrokreditlar hisobi alohida belgilangan balans hisobvaraqlarida yuritiladi.
14. Qarz oluvchi mikrokredit hamda unga hisoblangan foizlarni naqd pulda, bank plastik kartochkalari orqali yoki qarz oluvchining omonat hisobvaragʻidan pul oʻtkazib berish yoʻli bilan toʻlashi mumkin.
15. Bank tomonidan mikrokreditdan foydalanishning muddati davomida fuqarolar yigini xodimi ishtirokida mikrokreditdan maqsadli foydalanilayotganligini aniqlash boʻyicha bevosita joyiga chiqib, doimiy monitoring oʻtkaziladi.
16. Olingan mikrokreditdan boshqa maqsadda foydalanilganlik aniqlangan taqdirda, bank kredit shartnomasida belgilangan tartibda mikrokreditning maqsadsiz ishlatilgan qismini qarz oluvchidan muddatidan ilgari undirib olish huquqiga ega.
17. Mikrokreditlar boʻyicha qarzdorlikni undirishda birinchi navbatda mikrokreditdan foydalanganlik uchun foizlar undiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Mikrokredit belgilangan muddatlarda qaytarilmagan taqdirda, bank undiruvni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda mikrokreditning qaytarilish taʼminoti sifatida taqdim etilgan taʼminot turiga qaratadi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
19. Ushbu Nizom talablarini buzishda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Kam taʼminlangan oilalarni bandlik bilan taʼminlash uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga
ILOVA
ILOVA
Kam taʼminlangan oilalarni bandlik bilan taʼminlash uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar ajratish
SXEMASI
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2017-y., 09/17/857/0155; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)