Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BALIQChILIK TARMOGʻINI BOShQARISh TIZIMINI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Baliqchilik tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirish, baliqchilik va baliq ovlash korxonalarini xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish, raqobat muhitini shakllantirish, tarmoq korxonalarining zamonaviylashtirilishini va texnik jihatdan qayta jihozlanishini, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga zamonaviylashtirilishini va texnik jihatdan qayta jihozlanishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 17-maydagi 220-son qarori bilan tashkil etilgan “Oʻzbaliq” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasini davlat tasarrufidan chiqarish va boshqarishni takomillashtirish masalalari boʻyicha maxsus komissiyaning:
“Oʻzbaliq” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasini “Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasiga aylantirish;
“Qoraqalpoqbaliq” davlat-aksiyadorlik uyushmasini “Qoraqalpoqbaliq” uyushmasiga aylantirish;
savdo korxonalarini “Oʻzbaliq” tizimidan chiqarish va ularning ustav fondlaridagi davlatga tegishli ulushlarni erkin bozorda toʻliq sotgan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tasarrufiga berish nazarda tutilgan takliflari qabul qilinsin.
2. Quyidagilar “Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
respublika baliqchilik tarmogʻini rivojlantirishning oʻrta va uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, shu asosda aholining keng assortimentdagi baliq mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlari qondirilishini taʼminlash;
marketing tadqiqotlarini oʻtkazish va baliq mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish, ularni ichki va tashqi bozorga yetkazib berishni kengaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
baliqchilik, baliq ovlash va tarmoqning qayta ishlash korxonalariga bozor islohotlarini amalga oshirishda, investitsiyalarni, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni ularni texnika bilan qayta jihozlashga, zamonaviylashtirishga va rekonstruksiya qilishga jalb etishda koʻmaklashish;
baliqlarning ovlanadigan turlari boʻyicha baliqchilik xoʻjaligi resurslarining ahvolini aniqlash, ularni saqlash va koʻpaytirish, seleksiya-naslchilik ishlarini tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirish, baliqchilik xoʻjaligi melioratsiyasi, baliq kasalliklarining oldini olish va ularni davolash tadbirlarini oʻtkazish.
3. Quyidagilar:
“Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi ijro etuvchi apparatining xodimlarining cheklangan soni 17 (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) nafardan iborat boʻlgan tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
“Oʻzbaliq” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi tarkibidan chiqarilayotgan hamda viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tasarrufiga berilayotgan korxonalar va tashkilotlar roʻyxati 4-ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
* 4-ilova berilmaydi.
“Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisiga ijro etuvchi apparat tuzilmasiga xodimlarning belgilangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi va uning oʻrinbosari aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida saylanadi va keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
“Oʻzbaliq” kompaniyasi boshqaruvi raisi maqomi, maishiy taʼminot, tibbiy va transport xizmatlari koʻrsatish sharoitlariga koʻra vazirning birinchi oʻrinbosariga, rais oʻrinbosari esa vazir oʻrinbosariga tenglashtirilsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
“Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi tuzilgan shartnomalari va majburiyatlari boʻyicha “Oʻzbaliq” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasining huquqiy vorisi hisoblanadi;
“Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasining ustav fondi qayta tashkil etilayotgan “Oʻzbaliq” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi, tugatilayotgan “Ishlar boshqaruvi” shoʻba korxonasi, davlat korxonalari (“Akvakultura” ilmiy-tadqiqot instituti, Ixtiopatologiya markazi, Mintaqaviy davlat baliq pitomnigi) mol-mulkining qiymati, shuningdek kompaniya tarkibiga kiruvchi xoʻjalik jamiyatlari aksiyalarining davlatga tegishli ulushini berish hisobiga shakllantiriladi;
“Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi ustav fondi quyidagi tartibda taqsimlanadi: davlat ulushi — 51 foiz va erkin sotish uchun, shu jumladan xorijiy investorlarga sotish uchun — 49 foiz.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi “Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda:
2001-yilning oxiriga qadar “Toshkent baliq xoʻjaligi” va “Surxonbaliq” davlat korxonalarini belgilangan tartibda xususiylashtirsin hamda keyinchalik aksiyalarning davlatga tegishli 25 foiz ulushini “Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasining ustav fondiga kiritsin;
joriy yilning oxiriga qadar tarmoqning barcha jamoa korxonalarini belgilangan tartibda mulkchilikning boshqa nodavlat shakllariga, shu jumladan xususiy mulkchilikka aylantirsin;
2001-yil 1-oktabrgacha “Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi aksiyadorlik jamiyatlari ustav fondlarining tarkibini belgilangan tartibda oʻzgartirsin, bunda aksiyalar paketining 25 foizini davlat mulki, koʻpi bilan 10 foizini mehnat jamoasi aʼzolari mulki etib biriktirib qoʻysin va qolgan qismini erkin sotishga, shu jumladan xorijiy investorlarga sotishga yoʻnaltirsin;
“Chinoz omixta yem zavodi” aksiyadorlik jamiyati ustav fondidagi aksiyalarning davlat paketini “Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasining ishonchli boshqaruviga bersin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Maxsus komissiya (Oʻ.T. Sultonov) bir oy muddatda:
“Oʻzbaliq” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasini “Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasiga aylantirish boʻyicha tashkiliy tadbirlarni amalga oshirsin, aksiyadorlar taʼsis yigʻilishi oʻtkazilishini, kompaniya ustavi ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin;
“Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi aksiyalarining davlatga tegishli ulushini boshqarish boʻyicha davlat ishonchli vakilini belgilangan tartibda tayinlasin;
“Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalarning rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazsin.
7. “Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda 2002-yil 1-yanvargacha, belgilangan tartibda:
qabul qilish-topshirish dalolatnomalari asosida uy-joy fondi ular joylashgan joydagi hududiy uy-joy-kommunal-foydalanish birlashmalari balanslariga oʻtkazilishini;
“Jizzaxbaliq” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli kutubxona va maktabning Jizzax viloyati hokimligi tasarrufiga oʻtkazilishini taʼminlasin.
8. Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 14-iyuldagi 344-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan Tarmoqni tiklash va rivojlantirish jamgʻarmasi “Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibida saqlab qolinsin.
“Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Tarmoqni tiklash va rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanishning yangi tartibini bir oy muddatda qayta ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Koʻllarda baliq yetishtirishning (sanoatda qayta ishlashdan tashqari) qishloq xoʻjaligi mahsulotiga mansubligini hisobga olgan holda, baliqchilik xoʻjaliklari soliq solish shartlari boʻyicha 2002-yil 1-yanvardan boshlab qishloq xoʻjaligi korxonalariga tenglashtirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi “Oʻzgeodezkadastr” bosh boshqarmasi bilan birgalikda Baliqchilik xoʻjaliklariga soliq solish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
10. “Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi ijro etuvchi apparati Toshkent shahri, Farhod koʻchasi, 10-mavze, 21a-uyga joylashtirilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 5-ilovaga muvofiq qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin, shuningdek oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I.H. Joʻrabekov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari T. Xoltoyev zimmasiga yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 6-iyul,
289-son
“Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasining tashkiliy tuzilmasi
*Mulkchilikning boshqa nodavlat shakllariga aylantiriladi.
**Davlat tasarrufidan chiqariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
“Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlar
ROʻYXATI
I. Baliqchilik korxonalari
1. “Andijon baliq” aksiyadorlik jamiyati
2. “Buxorobaliqsanoatsotish” aksiyadorlik jamiyati
3. “Qashqadaryobaliqchilik” aksiyadorlik jamiyati
4. “Namangan baliqchilik xoʻjaligi” aksiyadorlik jamiyati
5. “Payariq baliq xoʻjaligi” masʼuliyati cheklangan jamiyat, Samarqand viloyati
6. “Sirdaryo baliqchilik kombinati” aksiyadorlik jamiyati
7. “Yangiyer baliq” aksiyadorlik jamiyati, Sirdaryo viloyati
8. “Baliqchi”aksiyadorlik jamiyati, Toshkent viloyati
9. “Damachi” aksiyadorlik jamiyati, Toshkent viloyati
10. Mintaqaviy davlat baliq pitomnigi, Toshkent viloyati
11. “Toshkent baliq xoʻjaligi” davlat korxonasi**
12. “Uray” aksiyadorlik jamiyati, Fargʻona viloyati
13. “Beshariq baliq xoʻjaligi” jamoa korxonasi*, Fargʻona viloyati
14. “Xorazm baliq mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati
15. “Azizbobo”, “Sheralibobo”, “Abu Xurayra”, “At-Termiziy” fermer xoʻjaliklari
II. Baliq ovlash korxonalari
16. “Qoraqalpoqbaliq” uyushmasi
17. “Surxonbaliq” davlat korxonasi**
18. “Jizzax baliq” aksiyadorlik jamiyati
19. “Aydarkoʻl” masʼuliyati cheklangan jamiyat, Jizzax viloyati
20. “Baliqchilik” aksiyadorlik jamiyati, Navoiy viloyati
21. “Samarqand baliq xoʻjaligi” jamoa korxonasi*
III. Qayta ishlash korxonalari
22. “Moʻynoq baliq-konserva kombinati” aksiyadorlik jamiyati
23. “Baliqsavdo” savdo-vositachilik yopiq aksiyadorlik jamiyati
IV. Ilmiy-tadqiqot tashkilotlari
24. “Akvakultura” ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent shahri
25. “Ixtiomarkaz” davlat korxonasi, Toshkent shahri
V. Infratuzilma korxonalari va tashkilotlari
26. “Chinoz omixta yem zavodi” aksiyadorlik jamiyati, Toshkent viloyati***
27. “Alanga” masʼuliyati cheklangan jamiyat, Toshkent viloyati
28. “Xoʻjalik hisobidagi 3-taʼmirlash-qurilish boshqarmasi” masʼuliyati cheklangan jamiyat, Fargʻona viloyati
*belgilangan tartibda mulkchilikning boshqa nodavlat shakllariga aylantiriladi.
**davlat tasarrufidan chiqariladi.
***aksiyalarning davlat ulushi “Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
“Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi ijro etuvchi apparatining
tuzilmasi
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining oʻz kuchini yoʻqotayotgan hamda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilayotgan qarorlari roʻyxati
1. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbaliq” davlat-aksionerlik korporatsiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1994-yil 18-avgustdagi 427-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida parranda goʻshti yetishtirishni yanada koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 6-maydagi 220-son qarori 2-bandining toʻrtinchi xatboshi.
2. Vazirlar Mahkamasining “Respublika baliqchilik tabiiy suv havzalaridan foydalanishni yaxshilash va baliq resurslari muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 11-maydagi 198-son qarorining 2, 3 va 4-bandlaridagi “Oʻzbaliq” davlat korporatsiyasi” soʻzlari “Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 2-iyuldagi 277-son qarorida hamda mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Respublika baliqchilik tabiiy suv havzalarini biriktirib qoʻyish va ulardan foydalanish tartibi”da “Oʻzbaliq” davlat korporatsiyasi” soʻzlari “Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari uchun yagona yer soligʻining muvaqqat bazaviy stavkalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 1998-yil 26-dekabrdagi 539-son qarori 2-bandining ikkinchi xatboshidagi “baliqchilik” soʻzi “baliq ovlash” soʻzi bilan almashtirilsin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida parranda goʻshti yetishtirishni yanada koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 6-maydagi 220-son qarori 2-bandining birinchi va beshinchi xatboshidagi “Oʻzbaliq” davlat korporatsiyasi” soʻzlari “Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. Vazirlar Mahkamasining “1999—2001-yillarda va 2005-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasida baliq va baliq mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 14-iyuldagi 344-son qarorining butun matnidagi “Oʻzbaliq” korporatsiyasiga havolalar “Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasiga havolalar bilan almashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 13-son, 86-modda; 2003-y., 7-8-son, 61-modda; 15-16-son, 127-modda; 2009-y., 25-son, 288-modda)