O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahar Uchtepa tumanida kichik sanoat zonasini tashkil etish to‘g‘risida
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rag‘batlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir, raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlash bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etishga investitsiyalarni keng jalb qilish, ishlab chiqarish quvvatlaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilinsin:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida” 2017-yil 18-maydagi PQ-2973-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasiga Toshkent shahrida kichik sanoat zonalarida tashkil etiladigan ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalari ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berilgan:
Toshkent shahar tumanlararo iqtisodiy sudining qarori bilan Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Chilonzor-26, 36-uyda joylashgan umumiy maydoni 5,1 gektar bo‘lgan “AOKS Plus Business” MChJning (sobiq “Signal” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi) bino va inshootlari (keyingi o‘rinlarda obyekt deb ataladi) Toshkent shahar hokimligiga beriladi:
2. Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining obyekt negizida Uchtepa kichik sanoat zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Toshkent shahar hokimligi:
bir oy muddatda Uchtepa kichik sanoat zonasi direksiyasini tashkil etsin va uni yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirilishini ta’minlasin;
manfaatdor tijorat banklari bilan birgalikda ikki oy muddatda Uchtepa kichik sanoat zonasi hududida joylashtirish uchun taklif etilayotgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishning tarmoq jadvallarini tasdiqlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-maydagi PQ-2973-son qarori bilan tasdiqlangan Toshkent shahrida kichik sanoat zonalarida tashkil etiladigan ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalari ro‘yxatiga (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 21-son, 384-modda) ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov va Toshkent shahar hokimi R.J. Usmonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 7-oktabr,
806-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-oktabrdagi 806-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-maydagi PQ-2973-son qarori bilan tasdiqlangan Toshkent shahrida kichik sanoat zonalarida tashkil etiladigan ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalari ro‘yxatiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. 2-banddan ikkinchi satr chiqarib tashlansin;
2. 3-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
|
“ |
3 |
Uchtepa kichik sanoat zonasi |
“Aoks plyus biznes” MChJ (sobiq “Signal” IIB) ishlab chiqarish hududi |
5,1 |
25,6 |
”. |
3. **** havolaning matni chiqarib tashlansin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.10.2017-y., 09/17/806/0074)