Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Keyingi yillarda asrlar davomida mardlik, bagʻrikenglik, oliyjanoblik va halollikning timsoli sifatida eʼzozlanib kelingan, oʻzbek xalqining tarixiy merosi — “Kurash” milliy sport turini (keyingi oʻrinlarda kurash deb yuritiladi) qayta tiklashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Davlatimizning bevosita koʻllab-quvvatlashi natijasida kurash xalqaro sport turi sifatida keng eʼtirof etildi, “kurash”, “halol”, “taʼzim”, “toʻxta” va “yonbosh” kabi atamalar esa xalqaro sport lugʻati tarkibidan mustahkam oʻrin egalladi.
1998-yil 6-sentabrda taʼsis etilgan Kurash xalqaro assotsiatsiyasi bugungi kunda sayyoramizning beshta qitʼasidagi 129 ta milliy federatsiyani birlashtirgan.
2010-yilda Kurash xalqaro assotsiatsiyasi Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritish uchun buyurtma berishda muhim talab hisoblangan Jahon dopingga qarshi agentligining eʼtirofiga sazovor boʻldi.
2017-yil 20-sentabrda Ashxobod shahrida boʻlib oʻtgan Osiyo Olimpiya kengashining 36-Bosh assambleyasida “Kurash” milliy sport turi tarixda ilk bor XVIII yozgi Osiyo oʻyinlari dasturiga rasman kiritildi.
Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi kurashni xalqaro sport musobaqalari va turnirlari dasturlariga, kelgusida esa Olimpiya oʻyinlari dasturiga ham kiritish boʻyicha faol tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Shu bilan birga, mavjud ayrim kamchiliklar kurashni yanada rivojlantirishga toʻsqinlik qilmoqda, xususan:
birinchidan, “Kurash” milliy sport turini, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida, oʻsib kelayotgan avlodning milliy iftixor va vatanparvarlik tuygʻusini mustahkamlash maqsadida ommalashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar zamon talablariga javob bermayapti;
ikkinchidan, mazkur sport turi boʻyicha qobiliyatli kurashchilarni aniqlash va saralash hamda ularning mashq qilishi, shuningdek, murabbiy va hakamlarni tayyorlashning samarali mexanizmlarini joriy etish imkonini beradigan klub va seksiyalarning yaxlit tizimi shakllantirilmagan;
uchinchidan, yoshlarni ushbu sport turi bilan shugʻullanishga kengroq jalb etishga qaratilgan xalqaro musobaqalar gʻoliblari va sovrindorlarini ragʻbatlantirishning samarali tizimi joriy etilmagan;
toʻrtinchidan, zarur moddiy-texnik baza va sport infratuzilmasining yetarli emasligi, sport anjomlarini ishlab chiqish yoʻlga qoʻyilmaganligi sportchilar mashgʻulotlarini talab darajasida tashkil etishga hamda kurash boʻyicha xalqaro musobaqalarni oʻtkazishga toʻsqinlik qilmoqda.
“Kurash” milliy sport turini aholi, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida yanada rivojlantirish hamda ommalashtirish, oʻsib kelayotgan avlodda milliy iftixor va vatanparvarlik tuygʻusini mustahkamlash, shuningdek, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va jahon sport maydonida yuqori natijalarga erishishni taʼminlash maqsadida:
1. 6-sentabr — “Kurash” milliy sport turi kuni sifatida belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda, jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:
Nukus shahri va viloyat markazlarida “Kurash” milliy sport turi markazlari, har bir tuman (shahar)da zamonaviy sport klublari va seksiyalarini tashkil etish;
kurash boʻyicha respublika, xalqaro musobaqa va turnirlarni doimiy asosda tashkil etish va oʻtkazish;
kurash boʻyicha respublika, xalqaro musobaqa va turnirlar ishtirokchilarining avtomatlashtirilgan maʼlumotlar bazasini joriy etish;
“Kurash” yoʻnalishi boʻyicha oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul kvotalarini oshirish;
mazkur sport turi bilan shugʻullanish uchun jahon standartlariga javob beradigan “yaktak” sport kiyimlari va “kurash gilam”larini ishlab chiqarishni tashkil etish;
kurashni, shu jumladan, reklama kampaniyalarini oʻtkazish va ijtimoiy roliklarni namoyish etish orqali ommalashtirish boʻyicha media-reja ishlab chiqish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi “Kurash” milliy sport turini “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport oʻyinlari dasturiga oʻrnatilgan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston kurash federatsiyasining Oʻzbekiston kurash federatsiyasi huzurida “Kurash” milliy sport turi markazi” nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish va Toshkent shahar, Korxojaota koʻchasi, 25-uy manzili boʻyicha joylashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Toshkent shahar hokimligi “Kurash” milliy sport turi markazini mazkur bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan manzil boʻyicha bepul joylashtirilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Oʻzbekiston kurash federatsiyasi va uning boʻlinmalari faoliyatini muntazam qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, “Kurash” milliy sport turi markazi binosini rekonstruksiya qilish va moddiy-texnik jihozlash uchun homiylik mablagʻlarini jalb etish boʻyicha takliflar kiritsin.
6. Quyidagi tartib oʻrnatilsin, unga muvofiq:
yuridik shaxslarning soliq solinadigan foydasi (yalpi tushumi) Oʻzbekiston kurash federatsiyasi faoliyatini moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilgan badal, homiylik va xayriya yordam koʻrinishidagi mablagʻlar miqdoriga, lekin soliq solinadigan foydaning (yalpi tushumning) oʻn foizidan koʻp boʻlmagan miqdorga kamayadi;
Oʻzbekiston kurash federatsiyasi tomonidan sportchilar va murabbiylarga topshiriladigan pul mukofotlari va qimmatbaho sovgʻalar koʻrinishidagi daromadlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinadi.
7. Sportchilarni hammabop va sifatli sport kiyimlari va inventarlari bilan taʼminlash maqsadida asosiy faoliyati “yaktak” sport kiyimlari va (yoki) “kurash gilam”larini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxonalar besh yil muddatga barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalarni toʻlashdan ozod qilinsin, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi bundan mustasno.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
Oʻzbekiston kurash federatsiyasining buyurtmalari boʻyicha kurashni rivojlantirish, mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish uchun jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmasdan kirish vizalarini rasmiylashtirishni taʼminlasin;
Oʻzbekiston kurash federatsiyasiga xorijda kurash boʻyicha xalqaro musobaqalar va turnirlarni tashkil etish va oʻtkazishda koʻmaklashsin.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston kurash federatsiyasining buyurtmalari boʻyicha kurashni rivojlantirish, mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish uchun jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan koʻp martalik kirish vizalari berilishini va muddatining uzaytirilishini, shuningdek, ularning turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishini va uning muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
(55-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Oʻzbekiston milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga sport musobaqalari va turnirlarini ommaviy axborot vositalarida muntazam va keng yoritish orqali kurashni ommalashtirishga koʻmaklashish tavsiya etilsin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda kurash boʻyicha Osiyo oʻyinlari, Osiyo va jahon chempionatlari, shuningdek, Oʻzbekiston birinchiligi gʻoliblarini oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli qabul qilish tartibini joriy etish haqidagi;
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-oktabr,
PQ-3306-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.10.2017-y., 07/17/3306/0046-son; 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son; 27.01.2021-y., 06/21/6146/0065-son; 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)