Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA DORIXONA MUASSASALARIDA DORI-DARMONLAR VA TIBBIY BUYuMLAR SOTISh QOIDALARIGA OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-sonli “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2016-yil 4-yanvardagi OʻRQ-399-son Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2017-yilning 1-iyulidan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 6-avgustdagi 404-son qarori bilan tasdiqlangan Respublika dorixona muassasalarida dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sotish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 18-iyul,
276-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 18-iyuldagi 276-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Respublika dorixona muassasalarida dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sotish qoidalariga kiritilayotgan
oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 3-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan va vakolatli nazorat-tekshirish laboratoriyalarida sifat boʻyicha nazoratdan oʻtmagan dori-darmonlar va tibbiy buyumlarni sotish;
dorixona muassasalari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslardan dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sifatini tasdiqlovchi hujjatlarsiz dori-darmonlar va tibbiy buyumlarni qabul qilib olish taqiqlansin.”.
2. 10-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Bemorlarga bepul retseptlar boʻyicha dori-darmonlar, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, dorixona muassasalari tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Davolash-profilaktika muassasalarini mablagʻ bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 1997-yil 2-dekabrdagi 532-son qaroriga binoan ambulatoriyada davolashda dori-darmonlar bepul beriladigan kasalliklar va shaxslar roʻyxatiga muvofiq beriladi”.
3. 12-banddagi “narkotik” soʻzi chiqarib tashlansin.
4. 13-bandning uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Davlat nazoratidan oʻtkazilishi kerak boʻlgan narkotik vositalar, psixotrop moddalar shahar (shahar yoki qishloq tumani) doirasida faoliyatning tegishli turiga ruxsatnomasi boʻlgan dorixonalar tomonidan ularning hududidagi davolash-profilaktika muassasalari retseptlari boʻyicha beriladi”.
5. 14-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Tarkibida narkotik moddalar boʻlgan dorilar uchun berilgan retseptlar — yozib berilgan kundan boshlab 7 kun mobaynida, zaharli moddalar boʻlgan dorilar boʻyicha 10 kun, barcha qolganlari boʻyicha esa bir oy mobaynida haqiqiy hisoblanadi”.
6. 16-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Tibbiy etil spirti:
ambulatoriyaga qatnab davolanadigan uzoq davom etadigan kasalga chalingan bemorlarga vrachning “Maxsus koʻrsatma boʻyicha” deb yozib qoʻyilgan, imzolangan va davolash-profilaktika muassasasining muhri qoʻyilgan retseptlari boʻyicha, sof holda 100 grammgacha hamda “Kompress qilish uchun” deb yozib qoʻyilgan (aralashtirishi miqdori koʻrsatilgan holda) yoki “Terini ishqalash uchun” deb yozib qoʻyilgan retseptlar boʻyicha, ingrediyentlar aralashmasida 100 grammgacha;
tibbiyot maqsadlari uchun tibbiyot muassasalari va tashkilotlariga Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan normativlar boʻyicha beriladi”.
7. 19-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Tarkibida narkotik vositalar, zaharli, psixotrop moddalar, etil spirti, uxlatadigan vositalar, steroid gormonlar, anabolik aktivlikka ega moddalar, tarkibida 8-oksixinol hosilasi boʻlgan dorilar, shuningdek imtiyozli shartlarda yoki bepul beriladigan dorilar uchun berilgan retseptlar dorixonada qoldiriladi”.
8. 21-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Dorixona muassasalari va ularning xodimlari ushbu Qoidalar talablarini buzganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortiladilar”.
9. 22-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Respublika hududida, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, barcha dorixona muassasalarida ushbu Qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga yuklanadi”.