Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fargʻona viloyatining Margʻilon, Qoʻqon shaharlari va Rishton tumanida hunarmandchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekistonning boy tarixiy va madaniy merosining yorqin namunasi sifatida hunarmandchilikni keng qoʻllab-quvvatlash, Fargʻona viloyatining xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy sanʼatining tarixiy markazlari boʻlgan Margʻilon, Qoʻqon shaharlari va Rishton tumanida koʻp asrlik anʼanalarni asrab-avaylash va davom ettirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shu asosda ishsiz aholi, ayniqsa yoshlar, ayollar va kam taʼminlangan oilalarning bandligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar Fargʻona viloyatining Margʻilon, Qoʻqon shaharlari va Rishton tumanida milliy hunarmandchilikni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
birinchidan, xalq amaliy sanʼati va hunarmandchiligi bilan shugʻullanuvchi fuqarolar va oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyatini tashkil etish, rivojlantirish, ishlab chiqarish jarayonini takomillashtirish va kengaytirish, shu asosda yangi ish oʻrinlari yaratilishini ragʻbatlantirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
ikkinchidan, hunarmandlar markazlari va mavzelarini tashkil etish, ularni turistlar yoʻnalishlariga kiritish yoki yangi turistik yoʻnalishlar tuzish takliflarini ishlab chiqish;
uchinchidan, hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirish uchun moddiy-texnika bazani yaratish, shu jumladan, hunarmandlarga yer maydonlari va binolar ajratish, muhandislik-kommunikatsiyalari tarmoqlariga ulash, asbob-uskunalar va xom ashyo materiallari bilan uzluksiz taʼminlash, ularga imtiyozli kredit va lizing mablagʻlari ajratish boʻyicha aniq choralar koʻrish;
toʻrtinchidan, hunarmandlar ishlab chiqargan mahsulotlarni xaridorlarga yetkazib berish boʻyicha tegishli bozor infratuzilmasini yaratish, shu jumladan, barpo etiladigan hunarmandchilikni qoʻllab-quvvatlash markazlarida koʻrgazma-savdolar tashkil etish, hunarmandlarga bozorlar va savdo majmualarida savdo rastalari ajratish;
beshinchidan, hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilish tizimini shakllantirish va har tomonlama ragʻbatlantirish, xalq hunarmandchiligi mahsulotlar xorijiy davlatlarda oʻtkaziladigan koʻrgazma, festival, yarmarkalarda namoyish qilinishiga koʻmaklashish;
oltinchidan, noyob, oʻtmishda avloddan avlodga oʻtib kelayotgan, lekin hozirda yoʻqolib borish xavfi ostidagi hunarmandchilik turlarini qayta tiklash va rivojlantirish choralarini koʻrish, ushbu yoʻnalishlar boʻyicha faoliyat yuritayotgan hunarmandlarga tegishli imtiyozlar va sharoitlar yaratish;
yettinchidan, “Usto-shogird” maktablari faoliyatini doimiy tahlil qilib borish, ularni yanada takomillashtirish choralarini koʻrish, hunarmandlarni shogirdlikka olish va hunarga oʻrgatishni ragʻbatlantiruvchi choralar koʻrish, yangidan yetishib chiqayotgan hunarmandlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashda har tomonlama koʻmaklashish.
2. Fargʻona viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi Fargʻona viloyatining Margʻilon, Qoʻqon shaharlari va Rishton tumanida milliy hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) maʼqullansin, jumladan:
Fargʻona viloyatining Margʻilon, Qoʻqon shaharlari va Rishton tumanida milliy hunarmandchilik, xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy sanʼatini yanada rivojlantirish kompleks chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga* muvofiq;
Fargʻona viloyatining Margʻilon, Qoʻqon shaharlari va Rishton tumanida hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha manzilli dastur 2-ilovaga* muvofiq;
Fargʻona viloyatining Margʻilon, Qoʻqon shaharlari va Rishton tumanida milliy hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi ijrosini taʼminlash boʻyicha Respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi (keyingi oʻrinlarda Respublika muvofiqlashtiruvchi kengash deb ataladi) tarkibi 3-ilovaga* muvofiq.
* 1 — 3-ilovalar berilmaydi.
3. Respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi Dasturning toʻliq, sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi, shu jumladan, Fargʻona viloyatining Margʻilon, Qoʻqon shaharlari va Rishton tumanida milliy hunarmandchilikni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari amalga oshirilishi ustidan doimiy monitoring oʻrnatsin.
4. Fargʻona viloyati hududida chuqur tarixiy ildizlarga ega boʻlgan, anʼanaviy tarzda saqlanib, avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan quyidagi hunarmandchilik turlarini:
Margʻilon shahrida — atlas, adras toʻqimachiligi, chitkarlik, yogʻoch oʻymakorligi, kosibchilik va ipakdan gilam toʻqishni;
Qoʻqon shahrida — yogʻoch oʻymakorligi, pichoqchilik, zargarlik, kandakorlik va temirchilikni;
Rishton tumanida — kulolchilik, chinni mahsulotlari va musavvirlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor berilsin.
5. Fargʻona viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “Hunarmand” uyushmasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining Fargʻona viloyatining Margʻilon, Qoʻqon shaharlari va Rishton tumanida quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi hunarmandchilik va turizm markazlarini (keyingi oʻrinlarda markazlar deb ataladi) qurish va ularning faoliyatini tashkil etish boʻyicha taklifi maʼqullansin:
a) markazlarni qurish va ular faoliyatini tashkil etish boʻyicha:
markazlar qadimgi milliy meʼmorchilik uslublari va shaklida qurilgan boʻlib, zamonaviy infratuzilma va kommunikatsiyalar bilan jihozlangan boʻlishi;
markazlarga milliy matolar (adras, atlas va boshqalar), milliy poyabzal ishlab chiqarish, yogʻochsozlik va yogʻoch oʻymakorligi, doʻppichilik, gilamchilik, toʻnchilik, temirchilik, misgarlik, zargarlik, kulolchilik va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha hunarmandlarni, ayniqsa, avloddan avlodga oʻtib kelayotgan hunarmandlar sulolalarini jalb etish;
markazlarga jalb etilgan hunarmandlar uchun ushbu markazlarda quriladigan va ularga imtiyozli ipoteka kreditlari asosida ajratiladigan uy-joylarning 1-qavatida hunarmandlar ustaxonalari va doʻkonlari, 2-qavatida esa hunarmandlarning xonadonlari joylashtirilishi;
markazlarda turistlar uchun karvonsaroylar (mehmonxonalar), oshxonalar, restoranlar, qahvaxonalar va boshqa koʻngilochar xizmatlar koʻrsatuvchi joylar tashkil etilishi;
markazlar hududlarida “qadimgi sharqiy bozor” uslubida qurilgan bozor rastalari, milliy sanʼatkorlar (askiyachilar, dorbozlar, masxarabozlar va boshqalar)ning oʻz mahoratlarini namoyish qilishlari uchun joylar, mavze hududi boʻylab va boshqa mavzelar bilan bogʻlaydigan zamonaviy texnik yechimlar asosida ishlab chiqarilgan tarixiy koʻrinishdagi transport vositalari (foytun va arava) qatnovining yoʻlga qoʻyilishi;
b) markazlarni joylashtirish manzillari boʻyicha:
Fargʻona viloyatining Margʻilon shahri Xiyobon koʻchasida Margʻilon hunarmandlari markazi — “Karvonsaroy-hunarmandlar markazi”ni tashkil etish;
Qoʻqon shahri Bogʻiston koʻchasi hududida Hunarmandchilik va turizm markazini, “Jomeʼ” tarixiy yodgorligi masjidida “Qoʻqon adabiy badiiy, maʼnaviy-marifiy muhiti” markazini tashkil etish, Tinchlik koʻchasida joylashgan “Dasturxonchi” madrasasida tikuvchilik yoʻnalishidagi hunarmandlarni joylashtirish.
6. “Ipoteka-bank” ATIBga “Qishloqqurilishbank” ATB bilan birgalikda hunarmandlar uchun uy-joylar qurish uchun kreditlar ajratish tavsiya etilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov, Z.T. Mirzayev, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.A. Xaitov va “Hunarmand” uyushmasi raisi A.A. Xakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-sentabr,
687-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 36-son, 953-modda)