Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Paxtakor” futbol klubining moddiy-texnika bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Paxtakor” futbol klubining moddiy-texnika bazasini yanada takomillashtirish, “Paxtakor” futbol klubining sport-mashgʻulot oʻquv kompleksi va unga tegishli boʻlgan obyektlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, shuningdek, Oʻzbekistonni xalqaro musobaqalarda munosib namoyon etishga qodir boʻlgan yuqori darajadagi futbolchilarni tayyorlashni taʼminlash maqsadida:
1. Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston futbol federatsiyasi hamda “SFI Management Group” masʼuliyati cheklangan jamiyatining (keyingi oʻrinlarda — investor):
“PAXTAKOR” sport-mashgʻulot oʻquv markazi” MCHJ va “PAXTAKOR TENNIS ASE” MCHJni “PAXTAKOR” MCHJga birlashtirish yoʻli bilan qayta tashkil etish (keyingi oʻrinlarda — Jamiyat);
investorga investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan “nul”inchi sotib olish qiymati narxida Jamiyatning ustav fondiga 80 foiz ulushini sotish;
investorning investitsiya majburiyatlarini bajarganidan soʻng Jamiyatning ustav fondidagi 20 foiz ulushni Toshkent shahar hokimligida saqlab qolish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, investor bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, ularni xalqaro standartlarga mos keltirishni nazarda tutadigan biznes-rejaga muvofiq, 200,0 mlrd, soʻmdan kam boʻlmagan summadagi bajariladigan investitsiya majburiyatlarini besh yil davomida amalga oshiradi.
3. Belgilansinki:
“tasarruf etish huquqisiz” belgili Jamiyatning ustav fondidagi 80 foiz ulushiga boʻlgan mulkiy huquqni beradigan sertifikatni investorga berish “nulinchi” sotib olish narxi boʻyicha ulushining 80 foizini oldi-sotdi shartnomasini (keyingi oʻrinlarda — oldi-sotdi shartnomasi) tuzilgan kundan boshlab besh ish kunida amalga oshiriladi;
investorga Jamiyatning ustav fondidagi 80 foiz ulushni tasarruf qilish huquqi u tomonidan investitsiya majburiyatlari bajarilganidan soʻng taqdim etiladi;
oldi-sotdi shartnomasi tuzilguniga qadar Jamiyatning manfaatlari yoʻlida investor yoki investor taʼsischisi tomonidan turli shakldagi kiritilgan pul mablagʻlari investitsiya majburiyatlarini bajarish hisobiga kiritiladi.
4. Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston futbol federatsiyasi investor bilan birgalikda besh oy muddatda mazkur qarorning 2-bandida koʻrsatilgan investitsiya majburiyatlarini bajarish jadvali, biznes-rejani ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi investor bilan:
mazkur qarorning 2-bandida koʻrsatilgan investitsiya majburiyatlarini bajarishni nazarda tutadigan oldi-sotdi shartnomasini;
mazkur qarorning 4-bandida koʻrsatilgan biznes-reja va investitsiya majburiyatlarini bajarish jadvali tasdiqlanganidan soʻng tasdiqlangan investitsiyalarni kiritish jadvali bilan birga oldi-sotdi shartnomasiga tegishli qoʻshimcha kelishuv tuzilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda investorning oʻz zimmasiga olgan investorlik majburiyatlari bajarilishini nazorat qilishni taʼminlasin.
7. Jamiyatga quyidagilar ruxsat etilsin:
tender savdolarisiz, qurilish-montaj va tiklash ishlari boʻyicha eng yaxshi takliflarni tanlash asosida loyihachilar, tovarlar (ishlar, xizmatlar) va pudratchilar bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar tuzish;
yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilish va ularga oylik maoshi miqdorini va boshqa toʻlovlarni erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada toʻlash.
8. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi loyiha-smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazishni va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi yuzasidan davlat-arxitektura nazorati amalga oshirilishini taʼminlasin.
9. Jamiyat 2023-yilning 1-yanvarigacha:
investitsiya majburiyatlarini amalga oshirish doirasida — davlat maqsadli jamgʻarmalariga boʻlgan barcha soliq va majburiy toʻlovlardan (Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi bundan mustasno), shuningdek, Jamiyatning xorijiy mutaxassislariga mehnat haqi sifatida daromadlar qismida toʻlanadigan yagona ijtimoiy toʻlovdan;
xorijiy mutaxassislarni - jismoniy shaxslarning daromadlari boʻyicha Jamiyat bilan tuzilgan mehnat shartnomasi doirasida olinadigan daromad soligʻi toʻlashdan ozod etilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jamiyatning buyurtmanomalariga koʻra jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarni kirish vizalari bilan taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamiyatning buyurtmanomalariga koʻra jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berishni va uning muddatini uzaytirishni, shuningdek, vaqtincha yashash joyida vaqtinchalik roʻyxatga olish va uning muddatini uzaytirishni taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Jamiyatning buyurtmanomalariga koʻra respublikaga xorijiy mutaxassislarni jalb etishga ruxsatnomalar berish (muddatini uzaytirish), shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga mehnat faoliyatini olib borish (muddatini uzaytirish) huquqini beradigan tasdiqnomalar berilishini taʼminlasin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi R.A. Gʻulomov, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi raisi R.D. Qurbonov va Toshkent shahar hokimi R.J. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 21-avgust,
PQ-3227-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 34-son, 882-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.09.07.2020-y., 06/20/6021/1047-son)