Mustaqillik yillarida mamlakatimizda matbuot va ommaviy axborot vositalarini liberallashtirish hamda rivojlantirish, soʻz erkinligini taʼminlashga qaratilgan, demokratik talab va standartlarga toʻla javob beradigan 10 ga yaqin qonun hujjatlari qabul qilinib, bu borada mustahkam huquqiy baza yaratilgan.
Hozirgi kunda yurtimizda 1500 dan ziyod ommaviy axborot vositalari faoliyat koʻrsatayotgani, ularning safiga yaqinda qoʻshilgan, kechayu kunduz uzluksiz faoliyat olib borayotgan “Oʻzbekiston-24” telekanali ham milliy axborot makonida oʻz munosib oʻrni va oʻz tomoshabinlarini topib borayotgani, Internet — global tarmoqda Uz domenli veb-saytlar, axborot portallari soni 400 dan oshib ketganini alohida taʼkidlash zarur.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqinda mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan boʻlgan uchrashuvda adabiyot, sanʼat, madaniyat sohasini yanada rivojlantirish, bu borada ish samaradorligini oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekaniga alohida eʼtibor qaratib, shu yoʻnalishda qator Farmon va qarorlar loyihasi tayyorlanayotgani haqida toʻxtalib oʻtgan edi. Ana shunday muhim hujjatlardan biri — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga imzo chekilgani mazkur yigʻilishda aytilgan maqsad va vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha ishlar qatʼiy izchillik asosida olib borilayotganini koʻrsatadi.
Maʼlumki, har qanday davlatda demokratik, huquqiy, insonparvar jamiyat barpo etish koʻp jihatdan ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa faoliyatining darajasiga bogʻliq. Bu borada mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, soʻz va axborot erkinligining taʼminlangani, ijodkorlarning erkin fikr yuritish imkoniyatiga ega boʻlgani sohada islohotlarni amalga oshirishga sharoit yaratdi. Oʻtgan yillar davomida sohaning moddiy-texnika asosi mustahkamlandi, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor berildi.
Shu bilan birga, keyingi paytda bu borada qator kamchilik va muammolar mavjudligi ham sezila boshladi. Tahlillar shuni koʻrsatadiki, bugungi kunda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari mamlakatimiz fuqarolari maʼnaviy olamini yuksaltirish, ularda tevarak-atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalarni toʻgʻri tahlil qila olish va xolisona xulosa chiqarish koʻnikmalarini shakllantirishda hamma vaqt ham faollik koʻrsata olmayapti. Ayniqsa, xususiy ommaviy axborot vositalari, nashriyotlarning faoliyati nochor ahvolda, ular xalqimizning yuksak maʼnaviy-estetik ehtiyojlari darajasida ish yurita olmayapti.
Xususiy mulk shaklidagi gazetalar, radiostansiyalar orqali eʼlon qilinayotgan mazmunan sayoz, ijtimoiy ahamiyati past, “ommaviy madaniyat” ruhidagi materiallar, afsuski, vaqtida malakali bahosini olmayapti va ularga nisbatan tegishli qonuniy choralar qoʻllanilmayapti. Ushbu oʻta masʼuliyatli ishni bajarishga masʼul boʻlgan Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi oʻziga yuklatilgan vazifalarni ado etishda sustkashlikka yoʻl qoʻymoqda.
Prezident Farmoniga muvofiq, Matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalari, axborot almashish, matbuot, noshirlik, matbaachilik, axborot-kutubxona faoliyati sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi etib belgilandi.
Farmonda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga doir qonunchilik ijrosini taʼminlash, soʻz va axborot erkinligini kafolatlash, noshirlik, matbaachilik va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, soʻz va matbuot erkinligi kafolatlariga rioya etilishi borasida monitoring va nazoratni amalga oshirish muhim vazifa sifatida belgilab qoʻyildi.
Ayni paytda ommaviy axborot vositalari, matbuot sohasi axborot xavfsizligini taʼminlash, axborot sohasidagi xuruj va tahdidlarning oldini olishga qaratilgan choralarni amalga oshirishda faol ishtirok etishi zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Maʼlumki, bugungi kunda yurtimizda kitob mahsulotlarini nashr qilish va tarqatish tizimi samaradorligini oshirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish kabi dolzarb vazifalarni amalga oshirish uchun mamlakatimizda 118 nashriyot, 1 ming 760 matbaa korxonasi, minglab ijodiy va texnik xodimlar faoliyat olib borayotganini, ularning saʼy-harakatlari bilan har yili 7 tilda 60 million nusxadan ortiq kitob chop etilayotganini qayd etish lozim.
Ushbu Farmonda kitob targʻiboti orqali xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, kitobxonlik anʼanalarini keng targʻib qilish, elektron va audio kitoblar yaratish, kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan nashrlarning chop etilishi boʻyicha maqsadli dasturlarni tayyorlash va ijrosini tashkillashtirish, shuningdek, xorijda oʻzbek tili va adabiyotini keng targʻib qilish, nashriyotlarga kitob mahsulotlarining xalqaro kitob bozorida oʻz mavqeyi va salmogʻiga ega boʻlishida koʻmaklashish mazkur sohada bajarilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar ekani koʻrsatib oʻtildi.
Alohida eʼtiborga loyiq masalalardan biri shundan iboratki, Farmonda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, ommaviy axborot vositalari uchun media bozorida teng sharoitlar yaratish boʻyicha muayyan tadbirlar ishlab chiqish, noshirlik va matbaachilik yoʻnalishidagi texnik-texnologik bazani rivojlantirish, ularni zamonaviy jihatdan yangilash, standartlashtirish hamda sertifikatlashtirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, sohada milliy va xalqaro tanlovlar, koʻrgazma-yarmarka va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil etishga jiddiy eʼtibor qaratildi.
Prezident Farmoniga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasarrufidagi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi tarkibiga oʻtkazildi. Shuningdek, Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi muassisligidagi “Tong yulduzi” va “Klass!” gazetalari hamda “Gulxan” va “Gʻuncha” jurnallari Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufiga toʻliq oʻtkazildi.
Muxtasar aytganda, ushbu Farmon, hech shubhasiz, mamlakatimizda matbuot va axborot sohasida olib borilayotgan davlat siyosatining samaradorligini oshirish, milliy media maydonida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, ommaviy axborot vositalariga uslubiy yordam koʻrsatishda beqiyos rol oʻynaydi, fuqarolarimiz oʻrtasida mustahkam maʼnaviy muhitni vujudga keltiradi, ularning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.