O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
MATBUOT VA AXBOROT SOHASIDA BOShQARUVNI TAKOMILLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-avgustdagi PF-5148-sonli “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida” va “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq hamda mamlakat ijtimoiy hayotini demokratlashtirish va erkinlashtirish sharoitida respublika aholisining axborotga bo‘lgan talab-ehtiyojlarini yanada to‘liqroq qondirish, ommaviy axborot vositalari, noshirlik ishlari va matbaachilikni keng ko‘lamda rivojlantirishga ko‘maklashish, axborot xizmatlarining zamonaviy bozorini shakllantirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligi etib qayta tashkil qilinsin.
2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligining asosiy vazifalari etib belgilansin:
ommaviy axborot vositalarining mustaqil faoliyatiga doir konstitutsiyaviy huquqlar va qonunchilikning so‘zsiz bajarilishi, so‘z va matbuot erkinligi kafolatlari ta’minlanishi monitoringini olib borish;
respublika fuqarolarining axborotga bo‘lgan talab-ehtiyojlarini yanada to‘liqroq qondirish, aholining, avvalo o‘sib kelayotgan yosh avlodning bilim, ma’naviy va madaniy saviyasini oshirish manfaatlaridan kelib chiqqan holda ommaviy axborot vositalarini, noshirlik ishlari va matbaachilikni keng miqyosda rivojlantirishga ko‘maklashish;
noshirlik va matbaachilik faoliyati, ommaviy axborot vositalari, davriy nashrlarni tarqatish shu jumladan, mazkur faoliyat turlarida ro‘yxatga olish ishlarini bajarish sohalarida davlat siyosatini amalga oshirish;
nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari, televideniye, radioeshittirish hamda respublika axborot bozorining boshqa qatnashchilari tomonidan axborot sohasida amaldagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish;
axborot tayyorlash, tarqatish va undan foydalanish sohasida respublika fuqarolari hamda yuridik shaxslarining huquq va manfaatlari himoya etilishini ta’minlash;
noshirlik faoliyatini litsenziyalashni tashkil qilish;
noshirlik va matbaachilik faoliyatida, davriy nashrlarni tarqatishda yagona texnikaviy siyosat o‘tkazish;
reklama tayyorlash, shuningdek uni ommaviy axborot vositalari orqali tarqatish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashish;
noshirlik-matbaachilik faoliyatining ishlab chiqarish-texnika bazasini rivojlantirish va yangilash, standartlashtirish hamda sertifikatsiyalash sohasidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Matbuot qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi etib;
viloyat hokimliklari huzuridagi matbuot hududiy boshqarmalari tegishli ravishda matbuot va axborot hududiy boshqarmalari etib qayta tashkil qilinsin.
Toshkent shahar hokimligi huzurida matbuot va axborot hududiy boshqarmasi tashkil etilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligiga senzura, tahrir qilish, taqiqlash hamda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga o‘zgacha tarzda g‘ayriqonuniy aralashish qat’iyan man etiladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligiga matbuot va axborot sohasidagi qonunchilikni buzuvchi davlat boshqaruvi organlariga, joylardagi hokimiyat organlariga, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va ularning mansabdor shaxslariga o‘z vakolati doirasida, qonunchilikda belgilangan tartibda qarorlar (taqdimnomalar) yuborish huquqi berilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, Agentlikning o‘z vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari va taqdimnomalari vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari, muassasalar va tashkilotlar, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va ularning birlashmalari, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etish uchun majburiy hisoblanadi.
Ommaviy axborot vositalari hamda nashriyotlar tomonidan matbuot va axborot sohasidagi qonunchilik muntazam ravishda bajarilmagan hollarda O‘zbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligi ularga berilgan litsenziya hamda ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini sud orqali to‘xtatib qo‘yishga haqlidir.
6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tegishli idoralar bilan birgalikda bir oy muddat ichida qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur Farmonni ijro etish yuzasidan qaror qabul qilsin.
8. Ushbu Farmon matbuotda e’lon qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 3-iyul,
PF-3103-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 6-7-con, 119-modda)