Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi hamda Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-fevraldagi 66-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi toʻgʻrisidagi hamda Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yerlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasida nazoratni kuchaytirish, geodeziya va kartografiya faoliyatini takomillashtirish, davlat kadastrlari yuritishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2017-yil 31-maydagi PF-5065-son Farmoni va “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3024-son qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq;
Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisida nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 19-iyul,
529-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 529-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda Davyergeodezkadastr deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Davyergeodezkadastr yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruv organi hisoblanadi.
3. Davyergeodezkadastr Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi va hisobot beradi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda hududiy boshqarmalar deb ataladi), tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari, shuningdek qoʻmita tizimiga kiruvchi boshqa tashkilotlar Davyergeodezkadastrning yagona tizimini tashkil etadi.
5. Davyergeodezkadastr oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, shuningdek boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
6. Davyergeodezkadastr oʻz faoliyatini davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, xorijiy va xalqaro hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
7. Davyergeodezkadastrning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan va normativ-huquqiy tusga ega qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, tashkiliy-huquqiy shaklidan va idoraviy boʻysunishidan qatʼi nazar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
8. Davyergeodezkadastr yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri va oʻz nomi tushirilgan muhr va blankalarga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida hisob raqamlariga, bank, shu jumladan chet el valyutasidagi hisob raqamlariga ega boʻladi.
9. Davyergeodezkadastrning joylashgan yeri (pochta manzili): Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Choʻponota koʻchasi, “S” mavzesi, 100097.
2-bob. Davyergeodezkadastrning vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar Davyergeodezkadastrning asosiy vazifalari hisoblanadi:
yer resurslaridan oqilona foydalanish, geodeziya va kartografiya sohasi faoliyati boʻyicha yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirilishini taʼminlash;
erdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish boʻyicha tizimli davlat nazoratini, davlat geodeziya nazoratini qonun hujjatlari talablariga soʻzsiz rioya etilishi yuzasidan uni buzganlik uchun aybdor shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish orqali amalga oshirish;
yer resurslaridan oqilona foydalanish, yerlarni saqlash va muhofaza qilish, tuproq unumdorligini oshirish, geodeziya va kartografiya faoliyati samaradorligini kuchaytirish boʻyicha davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
davlat yer kadastrini, davlat kartografiya-geodeziya kadastrini, binolar va inshootlar davlat kadastrini, hududlar davlat kadastrini, shuningdek, Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
uchuvchisiz apparatlardan foydalangan holda qishloq xoʻjaligi yerlarini, qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish va parvarishlashni monitoring qilish, geodeziya maʼlumotlari va kartografiya materiallaridan foydalangan holda sunʼiy yoʻldosh navigatsiya tizimi ishlashini taʼminlash;
aerokosmik suratga olish, topografiya-geodeziya, kartografiya, tuproqshunoslik, geobotanikaga oid va boshqa izlanishlar hamda tadqiqotlarni, yerlarni masofadan zondlash, geodinamik tadqiqotlar maʼlumotlari va materiallaridan foydalangan holda, kartografik monitoringni amalga oshirish;
koʻchmas mulk obyektlarining elektron maʼlumotlar bazasini, koʻchmas mulk bahosini bozor qiymatida baholashga bosqichma-bosqich oʻtish uchun davlat kadastrlari geoaxborot tizimlarini yaratish va doimiy ravishda yangilab borish;
sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shu jumladan, davlat xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida fuqarolarga hamda tadbirkorlik subyektlariga tezkor va sifatli xizmatlar koʻrsatish;
yer tuzish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xalqaro grantlarni jalb etish;
yer tuzish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlari boʻyicha tizimli ravishda kadrlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirishni taʼminlash.
11. Davyergeodezkadastr oʻziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) yer resurslaridan oqilona foydalanish, geodeziya va kartografiya sohasi faoliyati boʻyicha yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirilishini taʼminlash sohasida:
yer tuzish, yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish, yer resurslarini hisobga olish va baholashni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
yer fondining holatini kuzatish, oʻzgarishlarni oʻz vaqtida aniqlash, salbiy jarayonlarning oldini olish va oqibatlarini tugatish maqsadida yerlar monitoringini amalga oshiradi;
har bir yer egasi, yerdan foydalanuvchi, ijarachi va yer uchastkasi mulkdori boʻyicha yer kadastri elektron maʼlumotlar bazasini shakllantiradi;
qishloq xoʻjaligi yerlarining olib qoʻyilishi munosabati bilan qishloq xoʻjaligi nobudgarchiligining oʻrnini qoplash uchun kelib tushadigan mablagʻlarni jamlash, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni tashkil qiladi;
yer resurslarining holati toʻgʻrisida har yilgi Milliy hisobotni tuzadi;
geodeziya va kartografiya faoliyatini muvofiqlashtiradi va tartibga soladi;
davlat kartografiya-geodeziya fondini shakllantiradi va yuritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasini dyelimitatsiya, demarkatsiya va redemarkatsiya qilish bilan bogʻliq yer tuzish, geodeziya, kartografiya, topografiya, gidrografiya va oʻz vakolati doirasida boshqa ishlarni tizimli asosda tashkil qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasini dyelimitatsiya, demarkatsiya va redemarkatsiya qilish masalalari boʻyicha geodeziya maʼlumotlari, yerni masofadan zondlash, yer tuzish, topografik, kartografik, gidrografik va boshqa materiallar bilan taʼminlaydi;
geodeziya, kartografiya va kadastr ishlarini metrologiya jihatidan taʼminlashni tashkil qiladi;
geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazadi, geografik obyektlarning nomlarini maqbullashtirish ishlarini amalga oshiradi, geografik obyektlar nomlari davlat reyestrini yuritadi;
ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va tajriba-texnologiya ishlarini bajaradi, geodeziya va kartografiya asbob-uskunalari ishlab chiqarishni tashkil qiladi;
jismoniy va yuridik shaxslarni belgilangan tartibda geodeziya maʼlumotlari va kartografiya materiallari bilan taʼminlaydi;
b) yer resurslaridan oqilona foydalanish, yerlarni saqlash va muhofaza qilish, tuproq unumdorligini oshirish, geodeziya va kartografiya faoliyati samaradorligini kuchaytirish boʻyicha davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish sohasida:
davlat boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning yerlardan foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash va oshirishni taʼminlash sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda tuproq unumdorligini oshirish, yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish boʻyicha davlat dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
yer tuzish, yerdan foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish sohalarida davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
tuproqlarning sifatini baholash maqsadida tuproq sʼyomkasini, tuproqlarning bonitirovkasini oʻtkazadi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan tabiiy yaylovlarda geobotanik izlanishlarni amalga oshiradi;
qishloq xoʻjalik yerlarining meʼyoriy qiymatini aniqlaydi;
geodeziya va kartografiya faoliyati litsenziyalanishini tashkil qiladi;
geodeziya punktlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashtirishda zichlik meʼyorlarini va davlat topografiya xaritalari hamda planlarini davriy yangilash meʼyorlarini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida geodeziya punktlarini hisobga olishni va yuritishni tashkil etadi;
geodeziya, topografiya va kartografiya ishlarini roʻyxatga olishni amalga oshiradi;
v) yerdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish boʻyicha tizimli davlat nazoratini, davlat geodeziya nazoratini amalga oshirish sohasida:
erga oid munosabatlarni tartibga solish tizimini takomillashtirishga, yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilishga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
davlat geodeziya nazoratini amalga oshiradi;
yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish, yuridik va jismoniy shaxslar, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qiladi va amalga oshiradi, yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlarini oldini olish va bartaraf etish hamda aybdor shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish boʻyicha oʻz vaqtida chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlaydi;
foydalanmayotgan va samarasiz tarzda foydalanayotgan yerlarni aniqlash, ularni oʻrnatilgan tartibda olib qoʻyish va belgilangan maqsadda foydalanish, jumladan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida ajratib berish yuzasidan takliflarni mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritadi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda yer resurslaridan samarali va maqsadli foydalanishni taʼminlash, yer munosabatlarini tartibga solish, yer qonunchiligiga rioya qilish, yerlardan samarasiz foydalanishning oʻz vaqtida oldini olish boʻyicha muntazam ravishda targʻibot-tashviqot ishlarini tizimli tashkil etadi va amalga oshiradi;
g) Davlat kadastrlari yagona tizimini, shu jumladan davlat yer kadastrini, davlat kartografiya-geodeziya kadastrini, binolar va inshootlar kadastrini, hududlar davlat kadastrini yuritish sohasida:
davlat kadastrlarini yuritishni takomillashtirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini taʼminlaydi;
davlat yer kadastrini yuritadi;
binolar va inshootlarning davlat kadastrini yuritadi;
davlat kartografiya-geodeziya kadastrini yuritadi;
hududlar davlat kadastrini yuritadi;
Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritadi;
Davlat kadastrlari yagona tizimiga kiritiladigan tarmoq kadastr axborotlarini yigʻish, tahlil qilish, turkumlash, saqlash va yangilashni amalga oshiradi;
jismoniy shaxslarning egaligida boʻlgan bino va inshootlarning inventarizatsiya qiymatini belgilaydi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni va koʻchmas mulkka doir bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiradi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning vujudga kelishi, boshqa shaxslarga oʻtishi, cheklanishi, bekor boʻlishi va koʻchmas mulkka doir boshqa bitimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini tashkil qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasining tumanlar va shaharlarning yer kadastri navbatchi xaritalarini elektron shaklida yuritadi;
maʼmuriy-hududiy birliklarning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish boʻyicha materiallarni tayyorlaydi;
yer uchastkalarni tanlash va ajratish boʻyicha hujjatlarni tayyorlaydi;
yer tuzish va yerlarni inventarizatsiya qilishni amalga oshiradi;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
d) uchuvchisiz uchish apparatlardan foydalangan holda qishloq xoʻjalik yerlarini, qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish va parvarishlashni monitoring qilish, geodeziya maʼlumotlari va kartografiya materiallardan foydalangan holda sunʼiy yoʻldosh navigatsiya tizimi ishlashini taʼminlash sohasida:
qishloq xoʻjalik ekinlarini joylashtirishni tashkil etishda ishtirok etadi;
sunʼiy yoʻldosh navigatsiya tizimining ishlashini taʼminlash uchun geodeziya maʼlumotlari, kartografiya materiallarini yaratadi hamda yangilab boradi;
uchuvchisiz uchish qurilmalarining funksional va texnik imkoniyatlarini takomillashtirish boʻyicha ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini tashkil etadi va amalga oshiradi;
iqtisodiyot tarmoqlarida uchuvchisiz uchish qurilmalarini qoʻllash va ulardan foydalanish boʻyicha metodik tavsiyalarni ishlab chiqadi;
uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish jarayonida olingan maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish, qayta ishlash va saqlash ishlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi;
uchuvchisiz uchish qurilmalari uchun konstruktiv elementlar ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich mahalliylashtirishda va dasturiy taʼminotni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
uchuvchisiz uchish qurilmalarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanishda eng zamonaviy texnologiyalar va xorijiy tajribaning joriy etilishini taʼminlaydi;
uchuvchisiz uchish qurilmalarini boshqarish sohasida mutaxassislarni tayyorlashga koʻmaklashadi;
operatatori boʻlmagan uchuvchisiz uchish qurilmalarini faqat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ruxsatnomasiga ega boʻlgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga iqtisodiyot tarmoqlaridagi boshqa tashkilotlar uchun operator bilan ijaraga beradi;
uchuvchisiz uchish qurilmalarini taʼmirlash va texnikaviy qoʻllab-quvvatlash xizmatlari koʻrsatadi.
(11-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-avgustdagi 663-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2018-y., 09/18/663/1765-son)
e) aerokosmik suratga olish, topografiya-geodeziya, kartografiya, tuproqshunoslik, geobotanikaga oid va boshqa izlanishlar hamda tadqiqotlarni, yerlarni masofadan zondlash, geodinamik tadqiqotlar maʼlumotlari va materiallaridan foydalangan holda kartografik monitoringni amalga oshirish sohasida:
kartografiya monitoringi, yerni masofadan zondlashni va geodinamik tadqiqotlarni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududini masofadan zondlash, geodeziya va kartografiya ishlarini amalga oshirishda istiqbolli rejalarini ishlab chiqadi;
erni masofadan zondlash materiallaridan foydalanish faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda geodeziya, kartografiya va yerni masofadan zondlash boʻyicha zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etishni tashkil etadi;
davlat geodeziya tarmogʻini yaratadi, rivojlantiradi va ish holatida saqlaydi;
davlat maqsadidagi hamda maxsus maqsaddagi grafik, raqamli, fotosuratli va boshqa shakllardagi topografiya xaritalari va planlarini yaratadi, yangilaydi va nashr qiladi;
umumgeografik, siyosiy-maʼmuriy, ilmiy maʼlumotnoma va boshqa mavzuli xaritalarni hamda tarmoqlararo maqsaddagi atlaslarni, oʻquv kartografiya qoʻllanmalarini tuzadi va nashr qiladi;
davlat maqsadidagi va maxsus maqsaddagi geoaxborot tizimlarini yaratadi, rivojlantiradi va yuritadi;
ilmiy-tadqiqot va tajriba-texnologiya ishlarini bajaradi, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
j) koʻchmas mulk obyektlarining elektron maʼlumotlar bazasini, koʻchmas mulk bahosini bozor qiymatida baholashga bosqichma-bosqich oʻtish uchun davlat kadastrlari geoaxborot tizimlarini yaratish va doimiy ravishda yangilab borish sohasida:
koʻchmas mulk obyektlarining elektron maʼlumotlar bazasini, koʻchmas mulk bahosini bozor qiymatida baholashga bosqichma-bosqich oʻtish uchun davlat kadastrlari geoaxborot tizimlarini yaratadi va doimiy ravishda yangilab borishni taʼminlaydi;
davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrining elektron maʼlumotlar bazasini yaratadi va yuritadi;
manfaatdor vazirlik, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda oʻzaro elektron axborot almashuvini taʼminlaydi;
z) sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shu jumladan, davlat xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida fuqarolarga hamda tadbirkorlik subyektlariga tezkor va sifatli xizmatlar koʻrsatish sohasida:
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatadi;
foydalanuvchilarni kadastr axborotlari bilan taʼminlaydi;
i) yer tuzish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xalqaro grantlarni jalb etish sohasida:
yer tuzish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish ishlarini tashkil etadi, xalqaro grantlarni jalb etishni taʼminlaydi;
k) yer tuzish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlari boʻyicha tizimli ravishda kadrlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirishni taʼminlash sohasida:
yer tuzish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlari boʻyicha tizimli ravishda, shuningdek masofaviy oʻqitish texnologiyalarini qoʻllagan holda kadrlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirishni taʼminlaydi;
Davyergeodezkadastr qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin.
12. Davyergeodezkadastr oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek hududiy boshqarmalar hamda tizimiga kiruvchi tashkilotlar orqali bajaradi.
3-bob. Davyergeodezkadastrning huquqlari va javobgarligi
13. Davyergeodezkadastr oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish masalalari boʻyicha tekshirishlarni belgilangan tartibda amalga oshirish, yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishi sabablari va oqibatlarini bartaraf etishga yoʻnaltirilgan, davlat boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berish;
aybdor fuqarolar va mansabdor shaxslarni belgilangan tartibda vakolati doirasida maʼmuriy javobgarlikka tortish, yer qonunchiligi buzilishi oqibatida yetkazilgan zararni undirish boʻyicha daʼvolar taqdim etish, yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslarning javobgarligi masalasini hal qilish uchun tegishli tashkilotlarga taqdimnomalar kiritish;
er toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan hollarda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni toʻxtatish toʻgʻrisida mahalliy davlat hokimiyati organlariga takliflar kiritish;
geodeziya va kartografiya faoliyati subyektlari tomonidan geodeziya va kartografiya faoliyatini amalga oshirish boʻyicha qonun hujjatlariga rioya qilinishini belgilangan tartibda tekshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasini belgilanishi bilan bogʻliq arxiv materiallarini oʻrganishda ishtirok etish, vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilish, dyelimitatsiya va demarkatsiya boʻyicha topografiya-geodeziya va kartografiya ishlarini bajarish texnologiyasini ishlab chiqish, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegara chizigʻini joyida tekshirish va aniqlash;
kadastr maʼlumotlariga muvofiqligini aniqlash uchun tuproqni tekshirish;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va boshqa tashkilotlardan qoʻmitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun belgilangan tartibda zarur maʼlumotlarni soʻrab olish;
davlat statistika organlaridan zarur statistik maʼlumotlarni bepul olish;
sohaga oid muammolar boʻyicha jamoatchilik, maslahat, ilmiy-texnik va boshqa kengashlar, idoralararo ekspert komissiyalar tashkil etish, yigʻilishlar chaqirish hamda uzoq muddatli dasturlarni, hududiy kompleks sxemalarni, qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek boshqa masalalarni hal etish uchun ilmiy-tadqiqot, loyihalash, konstruktorlik tashkilotlari, oliy taʼlim muassasalari hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jalb etish;
oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga sohaga oid kadrlar zaxirasini tayyorlash uchun buyurtma va yoʻllanmalar berish;
belgilangan tartibda markaziy apparat va uning tizimiga kiruvchi hududiy boshqarmalar hamda tashkilotlarning daromadlar va xarajatlar smetasi, shtat jadvallarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamgʻarmasini shakllantirish va undan foydalanishni tashkil etish;
Davyergeodezkadastr xodimlarini mehnatiga haq toʻlash, ragʻbatlantirish, mukofotlash va boshqa ragʻbatlantirishlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirish;
Davyergeodezkadastr tizimi faoliyatiga oid noshirlik faoliyati bilan shugʻullanish.
Davyergeodezkadastr qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
14. Davyergeodezkadastr oʻz vakolatlari doirasida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga haqli.
Davyergeodezkadastr, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda idoralar bilan birgalikda qoʻshma qarorlar va boshqa turdagi hujjatlarni chiqarishga haqli.
15. Davyergeodezkadastr va uning mansabdor shaxslari oʻzlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradilar.
4-bob. Davyergeodezkadastr faoliyatini tashkil etish
16. Davyergeodezkadastrga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan rais rahbarlik qiladi.
(16-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-apreldagi 234-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2020-y., 09/20/234/0453-son)
Davyergeodezkadastr raisining Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari boʻladi.
Davyergeodezkadastr raisi maqomi, mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport taʼminoti shart-sharoitlari hamda moddiy va ijtimoiy taʼminoti boʻyicha vazirga, raisning birinchi oʻrinbosari vazirning birinchi oʻrinbosariga, rais oʻrinbosarlari esa vazir oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi.
Davyergeodezkadastr raisi ayni bir vaqtda yerlardan foydalanilishi va ularning muhofaza qilinishini nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining bosh davlat inspektori hisoblanadi.
17. Davyergeodezkadastr raisi:
Davyergeodezkadastr faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi hamda qoʻmitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
davlat organlarida va boshqa tashkilotlarda Davyergeodezkadastr nomidan vakillik qiladi yoxud qoʻmita nomidan ishonchnoma va (yoki) vakolatlar beradi;
belgilangan umumiy shtatlar soni doirasida Davyergeodezkadastrning markaziy apparati va hududiy boshqarmalarning shtat jadvalini, shuningdek Davyergeodezkadastrning markaziy apparati, uning hududiy boshqarmalari va tizimiga kiruvchi tashkilotlar xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
Davyergeodezkadastrga ajratilgan moliyaviy va moddiy mablagʻlarni belgilangan tartibda tasarruf etadi;
belgilangan tartibda markaziy apparat va hududiy boshqarmalar tuzilmasi va nizomlarini, shuningdek tizimga kiruvchi tashkilotlar ustavlarini va tuzilmasini tasdiqlaydi;
belgilangan tartibda Davyergeodezkadastr markaziy apparati xodimlarini, hududiy boshqarmalar, tizimga kiruvchi tashkilotlar rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;
Davyergeodezkadastr vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi, rais oʻrinbosarlarining, qoʻmitaning, uning hududiy boshqarmalari va tizimga kiruvchi tashkilotlarining boshqa mansabdor shaxslarining vakolatlari, majburiyatlari va javobgarlik darajasini belgilaydi;
zarur boʻlganda markaziy apparatning, hududiy boshqarmalar va tizimga kiruvchi tashkilotlarning tuzilmasiga xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy shtatlar soniga muvofiq oʻzgartirishlar kiritadi;
Davyergeodezkadastr, hududiy boshqarmalar va tizimga kiruvchi tashkilotlar xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
Davyergeodezkadastr tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarni ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etadi, alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlashga taqdim etadi, shuningdek soha tarmoqlarini rivojlantirishda alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarga Davyergeodezkadastrning koʻkrak nishonlari va faxriy yorliqlari hamda boshqa ragʻbatlantirishlar bilan taqdirlaydi;
Rais qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega boʻladi.
18. Davyergeodezkadastr raisining oʻrinbosarlari:
Davyergeodezkadastr nazoratidagi boʻlinmalarga bevosita rahbarlik qiladilar va qoʻmitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar;
Davyergeodezkadastr raisi tomonidan oʻzlariga yuklangan boshqa funksiyalarni amalga oshiradilar.
Davyergeodezkadastr qoʻmitasi raisining Yerlardan foydalanish va uni muhofaza qilishni nazorat qilish boshqarmasiga mutasaddilik qiluvchi oʻrinbosari ayni bir vaqtda yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi bosh davlat inspektorining oʻrinbosari hisoblanadi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-fevraldagi 117-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.02.2019-y., 09/19/117/2603-son)
19. Quyidagilarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari boshliqlarini — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda Davyergeodezkadastr raisi tomonidan;
Tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari boshliqlarini — Davyergeodezkadastr bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari boshliqlari tomonidan;
Davyergeodezkadastr tizimiga kiruvchi tashkilotlarning rahbarlarini — qoʻmita raisi tomonidan amalga oshiriladi.
Hududiy boshqarmalar Davyergeodezkadastrga, shuningdek tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga hisobot beradi.
20. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari boshliqlari ayni bir vaqtda yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan nazorat qilish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining bosh davlat inspektorlari hisoblanadilar.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-fevraldagi 117-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.02.2019-y., 09/19/117/2603-son)
21. Davyergeodezkadastrda, uning asosiy faoliyat yoʻnalishlarini muvofiqlashtiradigan, qoʻmita raisi (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari, shuningdek qoʻmita markaziy apparati boʻlinmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi boshligʻi, hududiy boshqarmalari, tizimga kiruvchi tashkilotlarning rahbarlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi.
Hayʼat aʼzolarining soni va shaxsiy tarkibi Davyergeodezkadastr raisining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
22. Hayʼat tomonidan quyidagilar bilan bogʻliq boʻlgan masalalar koʻrib chiqiladi:
Davyergeodezkadastrning mazkur Nizomda nazarda tutilgan faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
kadrlarni Davyergeodezkadastr nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlarga tanlash, joy-joyiga qoʻyish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
Davyergeodezkadastrning hududiy boshqarmalari va qoʻmita tizimiga kiruvchi tashkilotlar rahbarlarining har chorak yakunlari boʻyicha hisobotlarini eshitish;
Davyergeodezkadastr rahbarlari va xodimlarining qonun hujjatlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi taʼminlanishi uchun shaxsiy masʼuliyatini oshirish.
Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini Davyergeodezkadastr hududiy boshqarmalari va qoʻmita tizimiga kiruvchi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilash;
Hayʼat Davyergeodezkadastr vakolatiga kiruvchi boshqa masalalarni ham koʻrib chiqishi mumkin.
23. Hayʼat majlislariga boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Davyergeodezkadastr vakolatlariga kiruvchi masalalarga aloqador boshqa tashkilotlar rahbarlari taklif qilinishi mumkin.
Majlisda Hayʼat tarkibining yarmidan koʻpi hozir boʻlganda Hayʼat majlisi vakolatli hisoblanadi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
24. Hayʼat tomonidan qabul qilingan qarorlar Davyergeodezkadastr qarorlari va raisning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Davyergeodezkadastr raisi va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar mavjud boʻlgan taqdirda rais mustaqil ravishda qaror qabul qiladi, bunda yuzaga kelgan kelishmovchiliklar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi rahbariga xabar qilinadi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikrlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi rahbariga maʼlum qilishlari mumkin.
Hayʼat faoliyati tartibi hayʼat tomonidan tasdiqlanadigan reglament bilan belgilanadi.
Hayʼat majlislari, qoida tariqasida har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi.
25. Davyergeodezkadastr huzurida ilmiy-texnik Kengash tuziladi. Ilmiy-texnik Kengash toʻgʻrisida nizom va uning shaxsiy tarkibi qoʻmita Hayʼati tomonidan tasdiqlanadi.
5-bob. Davyergeodezkadastr tizimini moliyalashtirish va ragʻbatlantirish
26. Davyergeodezkadastr, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari, Davlat geodeziya nazorati inspeksiyasi va uning tarkibidagi Davlat kartografiya-geodeziya fondi, Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot institutini saqlab turish va moddiy-texnik taʼminlash, shu jumladan ularning xodimlari mehnatiga haq toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamgʻarmasi, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
27. Davyergeodezkadastr xodimlariga qoʻmita raisi tomonidan tasdiqlanadigan va respublikaning tegishli tarmoq kasaba uyushmasi bilan kelishiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi xodimlariga ish staji (Davyergeodezkadastr qoʻmitasi tizimida uzoq muddat ishlaganlik) uchun ustamalar toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq har oyda ish staji (Davyergeodezkadastr qoʻmitasi tizimida uzoq muddat ishlaganlik) uchun ustama toʻlanadi.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-fevraldagi 117-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.02.2019-y., 09/19/117/2603-son)
28. Davyergeodezkadastr tizimida ish staji (uzoq muddat ishlaganlik) uchun toʻlanadigan ustamalar faqat asosiy ish joyi boʻyicha har oyda va xodimning lavozim maoshiga belgilangan razryad tarif stavkasiga nisbatan quyidagi foizlarda hisoblanadi:
|
Ctaj uchun ustama miqdori | |
|
3 yildan 5 yilgacha |
20 foiz |
|
5 yildan 10 yilgacha |
35 foiz |
|
10 yildan 15 yilgacha |
50 foiz |
|
15 yildan va undan ortiq |
60 foiz |
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-fevraldagi 117-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.02.2019-y., 09/19/117/2603-son)
29. Davyergeodezkadastr, hududiy boshqarmalar va qoʻmita tizimiga kiruvchi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, xususan, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari va umumiy foydalanish boʻyicha axborot tizimlarini joriy etish, dasturiy vositalar bilan taʼminlash hamda qoʻmita xodimlarining malakasini oshirish, ularni ijtimoiy himoya qilish, moddiy ragʻbatlantirish va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa maqsadlar uchun qoʻshimcha manba sifatida Davyergeodezkadastrning budjetdan tashqari rivojlantirish jamgʻarmasi yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonalari hamda tizimga kiruvchi tashkilotlarning jami bajarilgan ishlar hajmiga nisbatan 5 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorida ajratmalar oʻtkazishi hisobiga shakllantiriladi.
30. Davyergeodezkadastr qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soha xodimlarining hayotini sugʻurtalash, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish hamda ijtimoiy muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshiradi.
31. Xodimlarning ish haqi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan lavozim maoshi, mukofotlar, qoʻshimcha haqlar va ustamalar, ragʻbatlantirish toʻlovlari, shuningdek qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlaridan iborat boʻladi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
32. Davyergeodezkadastrni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 529-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2017-yil 31-maydagi PQ-3024-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda Davyergeodezkadastr deb ataladi) amaldagi shtatlariga qoʻshimcha ravishda kiritilgan shtat birliklarini saqlash, Davyergeodezkadastrning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, uning xodimlarini ragʻbatlantirish, ijtimoiy himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni moliyalashtirish maqsadida tashkil etiladi.
3. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida ochilgan Davyergeodezkadastrning yagona shaxsiy hisobvaragʻida jamlanadi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish
4. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
Davyergeodezkadastr organlari tomonidan yerlardan xoʻjasizlarcha foydalanganligi yoki ularni yaroqsiz holga tushirganligi, xoʻjalik ichidagi yer tuzish loyihalaridan oʻzboshimchalik bilan chetga chiqilganligi, davlat yer kadastrini yuritish qoidalari buzilganligi, chegara va cheklov belgilarini yoʻq qilinganligi yoki shikastlanganligi uchun solinadigan jarimalarning 100 foizi;
fuqarolarning uy-joyga doir mulk huquqini koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlarda oʻz vaqtida rasmiylashtirilmaganligi uchun undiriladigan jarimalarning 10 foizi;
kadastr hujjatlarini texnik xatlovdan oʻtkazish va rasmiylashtirish boʻyicha davlat xizmatlariga belgilangan narxlarni 25 foizga oshirish hisobiga tushadigan mablagʻlarning (soliqlar hisoblangandan keyin) 100 foizi;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarida joylashtirishdan olingan daromadlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish
5. Jamgʻarmaning mablagʻlaridan foydalanish Jamgʻarmaning har yili tasdiqlanadigan daromadlari va xarajatlar smetalariga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagilarni moliyalashtirish uchun foydalaniladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 31-maydagi PQ-3024-son qaroriga muvofiq Davyergeodezkadastrning amaldagi shtatlariga qoʻshimcha ravishda kiritilgan shtat birliklarini saqlash;
yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri organlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirish;
Davyergeodezkadastr tizimi organlari xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishni tashkil qilish bilan bogʻliq xarajatlar;
xizmat va maxsus avtotransport, shuningdek, boshqa moddiy-texnika vositalarini sotib olish, ularga servis xizmati koʻrsatish, ehtiyot qismlari va yoqilgʻi-moylash materiallari bilan taʼminlash;
xodimlarni ragʻbatlantirish, ularni ijtimoiy himoya qilish, shu jumladan, xizmat turar joylari qurish, tibbiy xizmat koʻrsatish;
tarmoqqa oid ilmiy ishlar, innovatsiya loyihalari va ilgʻor texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, ixtirolar, ilmiy ishlar yaratishni ragʻbatlantirish, tarmoq masalalariga oid metodik koʻrsatmalar va maqolalarni nashr etish, ilmiy-amaliy konferensiyalarni tashkil etish va oʻtkazish;
kommunal-ekspluatatsiya va joriy saqlash boʻyicha boshqa xizmatlar xarajatlarini qoplash.
Jamgʻarma mablagʻlari Davyergeodezkadastrga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa maqsadlar uchun ham ishlatiladi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish
7. Jamgʻarma faoliyatini boshqarish va uning mablagʻlarini taqsimlash Davyergeodezkadastr raisi boshqaradigan Kuzatuv kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Kuzatuv kengashi tarkibi Davyergeodezkadastr raisi tomonidan tasdiqlanadi va unga lavozimiga koʻra Davyergeodezkadastr raisi oʻrinbosarlari, Iqtisodiy tahlil va buxgalteriya hisobi boshqarmasi boshligʻi kiradi.
Kuzatuv kengashi uning majlisida ushbu kengash tarkibining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda vakolatli boʻladi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Qabul qilingan qaror bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.
8. Kuzatuv kengashi:
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarini tasdiqlaydi;
mazkur Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan tadbirlarni jamgʻarma mablagʻlari hisobiga moliyalashtirilishini belgilaydi;
zarur hollarda tasdiqlangan xarajatlar smetalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
9. Kuzatuv kengashi majlisi har chorakda bir marotaba, zarur boʻlganda navbatdan tashqari hollarda chaqiriladi.
10. Jamgʻarma mablagʻlarini toʻplash va sarflashni tezkor boshqarish Davyergeodezkadastrning Iqtisodiy tahlil va buxgalteriya hisobi boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda Boshqarma deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
11. Boshqarma:
Jamgʻarmaning mablagʻlari hisobi yuritilishini taʼminlaydi;
Jamgʻarma faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni tayyorlaydi;
Kuzatuv kengashiga Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha moliyalashtirish toʻgʻrisida takliflar kiritadi.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi yuzasidan hisobot, nazorat va javobgarlik
12. Jamgʻarma boʻyicha mablagʻlar tushumi va harakati hisobi Davyergeodezkadastr tomonidan alohida yuritiladi.
13. Hududiy organlarning gʻaznachilik hisob raqamlarida jamlangan mablagʻlardan foydalanish haqida hisobotlar belgilangan tartibda hisobot choragidan keyingi oyning 10-sanasigacha Davyergeodezkadastrga taqdim etiladi.
14. Davyergeodezkadastr tomonidan har chorakdan keyingi oyning 15-sanasida Jamgʻarma mablagʻlarini jamlanishi va xarajatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Kuzatuv kengashiga taqdim etadi.
15. Hisobotlar hisobot choragidan keyingi oyning 20-sanasigacha Davyergeodezkadastr tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
16. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat Kuzatuv kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
17. Jamgʻarma mablagʻlarining sarflanishida Davyergeodezkadastr quyidagilar uchun javobgardir:
jamgʻarma mablagʻlari buxgalteriya hisobini toʻgʻri yuritilishiga;
jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanishga.
18. Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmay qolgan mablagʻlari keyingi yilga oʻtadi va olib qoʻyilmaydi.
19. Jamgʻarma mablagʻlarining toʻgʻri shakllantirilishi va foydalanilishi yuzasidan nazorat belgilangan tartibda davlat moliyaviy nazorat organi tomonidan amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Jamgʻarmani tugatish yoki qayta tuzish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
21. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishida kelib chiqadigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
22. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 529-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 16-yanvardagi 19-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Geodeziya va kartografiya boshqarmasini tashkil etish haqida”gi qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 19-oktabrdagi 483-son “Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorining 1 — 10 va 12-bandlari, shuningdek qarorga 1 — 6-ilovalar (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2004-y., 42-son, 446-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-son “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash boʻyicha ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qaroriga 1-ilovaning 54-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi 295-son “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi qarorining 10-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2012-y., 41-42-son, 483-modda).
5. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-son “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 2014-yil 7-yanvardagi 1-son qarori) gi qaroriga ilovaning 9-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda).
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 30-son, 733-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2018-y., 09/18/663/1765-son;13.02.2019-y., 09/19/117/2603-son; 17.04.2020-y., 09/20/234/0453-son)