Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Tijorat banklari kapitalining monandligiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 7-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2693-1]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 2-oktabrdagi 21/6-sonli “Banklar kapitalining monandligiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3697, 28.10.2025-y.) asosan 2026-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va 2017-yil 12-apreldagi OʻRQ-428-son “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual va Xoʻjalik protsessual kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi PF-5022-son “Iqtisodiy nochor korxonalarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yanada kengaytirish hamda tijorat banklarining koʻchmas mulk obyektlari negizida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 13-iyundagi 14/3-son qarori (roʻyxat raqami 2693, 2015-yil 6-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 27-son, 360-modda) bilan tasdiqlangan Tijorat banklari kapitalining monandligiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2017-yil 24-iyun,
14/17-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2017-yil 24-iyundagi 14/17-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklari kapitalining monandligiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 2-bandda:
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“kapital zaxiralar — soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlangandan soʻng sof foyda yoki avvalgi yillarning taqsimlanmagan foydasi hisobidan shakllangan zaxiralar. Ulardan bank faoliyatida vujudga keladigan har qanday zararlarni ular yuzaga kelishi bilanoq hech qanday cheklashlarsiz qoplash uchun foydalanilishi mumkin;”;
toʻrtinchi xatboshi “foyda” degan soʻzdan keyin “yoki avvalgi yillarning taqsimlanmagan foydasi” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
2. 13-banddagi “10 va 11-bandlardagi” degan soʻzlar “11 va 12-bandlardagi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 16-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bunda I darajali kapitaldan chegirmalar tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 18-noyabrdagi PF-4053-son “Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq tanlov savdolarida banklarga realizatsiya qilingan ishlab chiqaruvchi bankrot korxonalar mol-mulki negizida tashkil qilingan korxonalarga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 19-noyabrdagi F-4010-son farmoyishi bilan tasdiqlangan Iqtisodiy nochor korxonalarni tanlov savdolarida banklarga realizatsiya qilish tartibiga muvofiq iqtisodiy sudlarning qarorlariga binoan kreditor banklar balansiga tugatish qiymati boʻyicha qabul qilingan ishlab chiqaruvchi bankrot korxonalar mol-mulki negizida tashkil etilgan korxonalarga banklarning investitsiyalari kiritilmaydi.”.
4. 20-bandning oltinchi xatboshisidagi “15” raqami “16” raqami bilan almashtirilsin.
5. 21-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tavakkalchilik darajasi past boʻlgan mamlakatlar banklariga qoʻyilgan barcha talablar, shu jumladan, qarzlar va pul bozori vositalari;”.
6. 23-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “19 — 21-bandlarida” degan soʻzlar “20 — 22-bandlarida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshidan “yoki restrukturizatsiya qilingan” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
7. 37-bandning jadvalidagi “asosiy kapitalning regulativ kapitaldagi ulushi” degan soʻzlar “asosiy kapitalga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 27-son, 632-modda)