Norasmiy tarjima
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
O‘zbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyatida gaz-kimyo kompleksini qurish, “Mustaqillikning 25 yilligi” konida dastlabki qidiruv va uni ishlatish bilan birga “O‘zbekiston mustaqilligi” investitsiya blokiga nisbatan mahsulot taqsimotiga oid bitimni amalga oshirish choralari haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston mustaqilligi” investitsiya blokida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, O‘zbekiston Respublikasining Surxondaryo viloyatida gaz-kimyo kompleksini qurgan holda “Mustaqillikning 25 yilligi” konini qo‘shimcha razvedka qilish va ishlatish to‘g‘risida” 2017-yil 3-maydagi PQ-2948-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, “O‘zbekiston mustaqilligi” investitsiya blokiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Surxondaryo viloyatida gaz-kimyo kompleksi qurilishi bilan “Mustaqillikning 25 yilligi” konini razvedka qilish va qazib olish bo‘yicha Mahsulot taqsimotiga oid bitim (keyingi o‘rinlarda Bitim deb ataladi) bo‘yicha ishlarni bajarishni tashkil etish uchun “Altmax Nolding Ltd” kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi operator — “Surhan Gas Chemical Operating Company” MCHJ XK (keyingi o‘rinlarda operator deb ataladi) ta’sis etilgan va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Surxondaryo viloyatida gaz-kimyo kompleksini qurgan holda “Mustaqillikning 25 yilligi” konini qayta qidirish va ishlatish bilan “O‘zbekiston mustaqilligi” investitsiya blokiga nisbatan Mahsulot taqsimotiga oid bitimni amalga oshirish bo‘yicha boshqaruvchi qo‘mita tarkibi ilovaga muvofiq;
Bitimda nazarda tutilgan Bitimni bajarishda operator va marketing kompaniyasining yo‘l qo‘yiladigan xarajatlari tarkibi.
3. “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi “Altmax Nolding Ltd,” “Gas Project Development Central Asia AG” kompaniyalari, “O‘zneftgazqazibchiqarish” aksiyadorlik kompaniyasi va operator bilan birgalikda bir oy muddatda Bitimning amal qilish davrida operatorga bepul foydalanishga (tasarruf etish huquqisiz) beriladigan mol-mulk ro‘yxatini aniqlasin.
4. Surxondaryo viloyati hokimligi Bitimni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalarini operatorga belgilangan tartibda ajratsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan birgalikda operatorga yer usti va yer osti manbalaridan suv olishning zarur limitini belgilangan tartibda ajratsin.
6. “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyatida gaz-kimyo kompleksini qurgan holda “Mustaqillikning 25 yilligi” konini razvedka qilish va ishlatish bilan “O‘zbekiston mustaqilligi” investitsiya blokiga nisbatan Mahsulot taqsimotiga oid bitimni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Bitimni amalga oshirish doirasida operator, uning pudratchilari va subpudratchilariga radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar bersin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi operatorning “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tasdiqlanadigan buyurtmanomalari bo‘yicha Bitimni amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari, shu jumladan ko‘p martalik kirish vizalari konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi operatorning “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tasdiqlanadigan buyurtmanomalari bo‘yicha Bitimni amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning vaqtincha yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishi va uning muddati uzaytirilishini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi operatorning “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tasdiqlanadigan buyurtmanomalari bo‘yicha loyihani amalga oshirishda ishtirok etish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni O‘zbekiston Respublikasiga jalb etishga belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, ko‘rsatib o‘tilgan xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) ta’minlasin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 1-iyun,
333-son
2017-yil 1-iyundagi 333-son qarorga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Surxondaryo viloyatida gaz-kimyo majmuasi qurilishi bilan “Mustaqillikning 25 yilligi” konini qo‘shimcha razvedka qilish va ishlatish bilan “O‘zbekiston mustaqilligi” investitsiya blokiga nisbatan Mahsulot taqsimotiga oid bitimni amalga oshirish bo‘yicha boshqaruv qo‘mitasining
TARKIBI
|
T/r |
F.I.Sh. |
|
Lavozimi |
|
1. |
J.T. Mirzamaxmudov |
— |
Vazirlar Mahkamasi Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari bo‘yicha Axborot-tahlil departamenti mudiri |
|
2. |
U.X. Sayidov |
— |
“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari |
|
3. |
N.S. Jurayev |
— |
Adliya vaziri birinchi o‘rinbosari |
|
4. |
J.A. Kuchkarov |
— |
Moliya vaziri o‘rinbosari |
|
5. |
D.D. Asamov |
— |
Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari |
Izoh. Boshqaruv qo‘mitasi a’zolari boshqa lavozimga o‘tgan taqdirda, ularning o‘rniga mazkur lavozimlarga tayinlangan shaxslar yoki tegishli vazifalarni bajaruvchi shaxslar kiritiladi.