Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
QarorI
Fuqarolik, jinoyat va maʼmuriy ishlarni koʻrishda sud majlislarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishning ayrim masalalari toʻgʻrisida
Fuqaro va tadbirkorlik subyektlari — sud protsessi ishtirokchilarining sud orqali huquqlarini himoya qilinishida yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, odil sudlovga erishish darajasini oshirish, moliyaviy va vaqt xarajatlarini qisqartirish, shuningdek ishlarni koʻrishda tezkorlikni taʼminlash va protsessual muddatlarni tejash maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarga tushuntirilsinki, bundan buyon, protsessual qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilgunga qadar, fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha sudlar hamda maʼmuriy sudlar protsess ishtirokchilarining roziligi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy sudlarida oʻrnatilgan telekommunikatsion texnologiyalardan foydalangan holda sud majlislarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga haqli.
Bunda, sud majlislarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishning zaruriy sharti ishda ishtirok etuvchi shaxslardan loaqal bittasi boshqa maʼmuriy-hududiy birlik (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) hududida, yaʼni ishni koʻrayotgan sud joylashgan hududdan tashqarida joylashgan boʻlishi lozimligi hisoblanadi.
2. Sudlar nazarda tutishlari lozimki, videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisi deganda, real vaqt rejimida telekommunikatsiya texnologiyalari vositasida audio- va video- axborotlar almashinuvi imkoniyatlaridan foydalangan holda ishni koʻrayotgan sud va sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashayotgan sud oʻrtasidagi interaktiv oʻzaro taʼsir qilish yoʻli bilan masofadan sud majlisini oʻtkazish tushuniladi.
Ishni koʻrayotgan sud deganda, ish yurituvida boʻlgan fuqarolik, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va maʼmuriy sud tushuniladi.
Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sud deganda, videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazish uchun texnik va boshqa sharoitlarni taʼminlayotgan va ishni koʻrayotgan sud hududidan tashqarida joylashgan iqtisodiy sud tushuniladi.
3. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishda ish Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual va Jinoyat-protsessual kodeksining umumiy qoidalariga muvofiq koʻriladi.
4. Ishni sudda koʻrishga tayyorlash paytida va videokonferensaloqa rejimida sud majlislarini oʻtkazishda sudlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik sudlari tomonidan videokonferensaloqa rejimida sud majlislarini oʻtkazishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi normalarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2014-yil 28-noyabrdagi 270-sonli qarorining qoidalarini ham qoʻllashlari lozim.
Oliy sud raisi K. KAMILOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2017-yil 24-iyun,
23-son