O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida” 2017-yil 25-yanvardagi PQ-2744-son qarori)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida” 2017-yil 25-yanvardagi PQ-2744-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti deb qayta nomlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat texnika dorilfununiga Abu Rayhon Beruniy nomini berish to‘g‘risida” 1991-yil 27-iyundagi 175-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1991-y., 6-son, 22-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. Vazirlik va idoralar bir oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 23-iyun,
417-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-iyundagi 417-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1.Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida” 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qarorida (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2008-yil, 10-son, 55-modda):
a) 1-bandning to‘rtinchi xatboshisidagi “Nomli davlat” so‘zlari “Davlat” so‘zi bilan almashtirilsin;
b) 2-ilovaning 8-bandi to‘rtinchi xatboshisidagi “nomli” so‘zi “boshqa” so‘zi bilan almashtirilsin;
v) 3-ilovada:
nomidagi, 3-bandning beshinchi xatboshisidagi, 9 va 10-bandlardagi “Nomli davlat” so‘zlari “Davlat” so‘zi bilan almashtirilsin;
1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek,Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyalari (keyingi o‘rinlarda — davlat stipendiyalari deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bo‘yicha o‘qiyotgan oxirgi ikki kurs talabalariga tayinlanadi”;
2-bandning ikkinchi xatboshisidagi “nomli stipendiyalarni” so‘zlari “davlat stipendiyalarini” so‘zlari bilan almashtirilsin;
birinchi va ikkinchi xatboshilardagi “Nomli davlat” so‘zlari “Davlat” so‘zi bilan almashtirilsin;
yettinchi xatboshidan “nomli” so‘zi chiqarib tashlansin;
5-bandning ikkinchi xatboshisi, 7-bandning birinchi xatboshisi, 11 va 12-bandlardan “nomli” so‘zi chiqarib tashlansin;
8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalarga quyidagi guvohnomalar beriladi:
“Beruniy davlat stipendiyasining sohibi”;
“Ibn Sino davlat stipendiyasining sohibi”;
“Navoiy davlat stipendiyasining sohibi”;
“Ulug‘bek davlat stipendiyasining sohibi”;
“Imom al-Buxoriy davlat stipendiyasining sohibi”;
“Islom Karimov davlat stipendiyasining sohibi”.
Guvohnomalar talabalarning o‘qish joyida tantanali vaziyatda topshiriladi”;
g) 4-ilovaning 11-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Olimpiada, tanlov va musobaqaning har bir fani uchun xalqaro va respublika musobaqalari g‘oliblari test sinovisiz hamda qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadigan soha ixtisosliklari ro‘yxati har yili O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.02.2020-y., 09/20/59/0126-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 26-son, 586-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.02.2020-y., 09/20/59/0126-son)