O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Rasmiy davlat hujjatlarini tayyorlash, hisobga olish, saqlash, topshirish hamda ulardan foydalanish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida
Rasmiy davlat hujjatlarini tayyorlash uchun buyurtma berish, ularni tayyorlash, hisobga olish, saqlash, topshirish tartibini takomillashtirish hamda bunday hujjatlarni g‘ayriqonuniy tayyorlash va ulardan foydalanish hollarining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Rasmiy davlat hujjatlarini tayyorlashga buyurtma berish, ularni tayyorlash, hisobga olish, saqlash va topshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq.
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi 620-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.07.2019-y., 09/19/620/3482-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 161-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2026-y., 09/26/161/0339-son)
2. Rasmiy davlat hujjatlarini tayyorlashga buyurtma berish, ularni saqlash, hisobga olish va hisobdan chiqarish hamda topshirish vakolatiga ega bo‘lgan vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar bir oy muddatda tegishli hujjatlarini mazkur qaror talablariga muvofiqlashtirsinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” ishlab chiqarish birlashmasi rasmiy davlat hujjatlarini buyurtmalar asosida muhofazalangan maxsus qog‘ozlarda tayyorlab bersin.
4. Barcha vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va tashkilotlar o‘z xodimlarining rasmiy hujjatlari qonuniyligi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar rasmiy hujjatlarni g‘ayriqonuniy tarzda tayyorlash va ulardan foydalanish holatlarini o‘z vaqtida aniqlab, qonunbuzarlarga nisbatan jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan choralarni ko‘rsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 25-iyul,
283-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 25-iyuldagi 283-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Rasmiy davlat hujjatlarini tayyorlashga buyurtma berish, ularni tayyorlash, hisobga olish, saqlash va topshirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom rasmiy davlat hujjatlarini (keyingi o‘rinlarda “rasmiy hujjatlar” deb ataladi)tayyorlashga buyurtma berish, ularni tayyorlash, saqlash, hisobga olish va topshirish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomning amal qilishi rasmiy hujjatlar blankalari asl nusxalarini ishlab chiquvchi, ularga buyurtma beruvchi, ularni tayyorlovchi, hisobga oluvchi, saqlovchi, topshiruvchi va hisobdan chiqaruvchi vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlarga joriy etiladi.
3. Rasmiy hujjatlar blankalari, shu jumladan bunga Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolat berilgan matbaa korxonalari (keyingi o‘rinlarda “matbaa korxonalari” deb ataladi) tomonidan “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan ishlab chiqarilgan, qalbakilashtirishdan himoya qiluvchi elementlari bo‘lgan maxsus qog‘ozda tayyorlanadi.
4. 1992-yilning 1-yanvaridan so‘ng berilgan xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarning tan olinganligini tasdiqlovchi rasmiy hujjatlar shakli Davlat test markazi tomonidan ishlab chiqiladi va uning buyurtmasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” ishlab chiqarish birlashmasida muhofazalangan qog‘ozlarda tayyorlanadi.
5. Rasmiy hujjatlar muayyan seriyaga va tartib raqamiga ega bo‘lgan qat’iy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi.
Rasmiy hujjatlar blankalarini tayyorlashga mo‘ljallangan qog‘oz, yarim tayyor mahsulotlar, tayyor bosma va quyma ashyolar qat’iy hisobda turadigan ashyolar jumlasiga kiradi.
II. Rasmiy hujjatlar tayyorlashga buyurtmalarni rasmiylashtirish
6. Rasmiy hujjatlar blankalarini tayyorlash vakolatli vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning (keyingi o‘rinlarda “buyurtmachilar” deb ataladi) yozma buyurtmanomalari asosida matbaa korxonalari tomonidan amalga oshiriladi.
7. Matbaa korxonalari tomonidan rasmiy hujjatlar blankalari tayyorlashga buyurtmalarni rasmiylashtirish buyurtmachida seriyalari va tartib raqamlari majburiy ravishda ko‘rsatilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan namunalar mavjud bo‘lgan taqdirdagina amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Rasmiy hujjatlarni tayyorlashga barcha buyurtmalar tartib raqami qo‘yilgan, ip o‘tkazib tikilgan, muhr bilan tasdiqlangan, matbaa korxonasi va Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbarlari tomonidan imzolangan alohida “Buyurtmalar daftari”da ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyundagi 457-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son)
III. Matbaa korxonalarida rasmiy hujjatlarni tayyorlash, saqlash, hisobga olish va topshirish tartibiga qo‘yiladigan talablar
9. Matbaa korxonalarida qat’iy hisobda turadigan buyumlarning saqlanishi va tezkor hisobga olinishini ta’minlaydigan qat’iy tartib o‘rnatiladi.
10. Tartib talablariga rioya etish matbaa korxonasi barcha xodimlari uchun majburiy hisoblanadi.
11. Matbaa korxonasida tartibning tashkil etilishi va holati uchun rahbar va tartib bo‘yicha mas’ul shaxs javob beradi.
Matbaa korxonasida tartibning holati uchun mas’ul shaxs bevosita korxona rahbariga bo‘ysunadi.
12. Ishlab chiqarish va omborxona binolarida tartibga rioya qilish uchun tegishli bo‘linmalarning rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari, ustalar, katta omborchilar va omborchilar javob beradilar.
13. Maxsus qog‘oz, yarim tayyor mahsulotlar, rasmiy hujjatlar blankalarining tayyor bosma va quyma mahsulotlari qoldiqlarining buxgalteriya hisobi tashkil etilishi uchun matbaa korxonasining bosh (katta) buxgalteri javob beradi.
Ko‘rsatib o‘tilgan mahsulotlarning tezkor hisobi o‘z vaqtida va to‘g‘ri yuritilishi uchun sexlar (uchastkalar) boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari, ustalar, omborchilar hamda qat’iy hisobda turadigan maxsus qog‘oz, yarim tayyor mahsulotlar, tayyor bosma va quyma mahsulotlarga ishlov berish, ularni saqlash va hisobga olish bilan bog‘liq boshqa shaxslar javob beradilar.
14. Qat’iy hisobda turadigan yarim tayyor mahsulotlar, tayyor bosma va quyma mahsulotlarga ishlov berish, ularni saqlash bilan bog‘liq shaxslar tartib buzilishining barcha hollari to‘g‘risida matbaa korxonasi rahbariyatiga yoki tartibning holati uchun mas’ul shaxsga, buxgalteriya hisobi buzilishi to‘g‘risida esa, shuningdek bosh (katta) buxgalterga yozma shaklda axborot berishlari kerak.
15. Daftarlardagi va boshqa hisobga olish hujjatlaridagi yozuvlar operatsiyalar sodir etilgan paytda yuritiladi. Aniqlangan xato bitta chiziq bilan o‘chiriladi va uning tepasiga to‘g‘ri yozuv yozib qo‘yiladi. O‘chirib yozish va tuzatishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
16. Matbaa korxonasi rahbari, shuningdek tartibning holati uchun mas’ul shaxs qat’iy hisobda turadigan mahsulotlarga ishlov berish va ularni saqlash bilan bog‘liq barcha xodimlar bilan belgilangan tartibni o‘rganishni tashkil etadilar hamda bir yilda kamida bir marta jurnalga tegishli shaklda belgi qo‘ygan holda ushbu tartib bo‘yicha bilimlarni tekshiradilar. Qat’iy hisobda turadigan mahsulotlarga ishlov berishga yangi xodim qo‘yilishi oldidan uning tartib bo‘yicha bilimlari jurnalga belgi qo‘yilgan holda albatta tekshiriladi.
17. Omborxona uchun javob beruvchi moddiy javobgar shaxs almashtirilgan taqdirda uning zimmasida bo‘lgan qat’iy hisobda turadigan mahsulotlarni berish matbaa korxonasi rahbari tomonidan tayinlanadigan va tasdiqlanadigan komissiya ishtirokida dalolatnoma bo‘yicha amalga oshiriladi. Dalolatnoma korxona bosh buxgalteriga beriladi.
Omborxona ichidagi uchastka uchun javob beruvchi moddiy javobgar shaxs almashgan taqdirda uning zimmasida bo‘lgan qat’iy hisobda turadigan mahsulotlarni topshirish sex boshlig‘ining farmoyishi bo‘yicha amalga oshiriladi hamda katta usta va usta ishtirokida dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
18. Qat’iy hisobda turadigan mahsulotlarga ishlov berish va ularni saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan sexlar binolarini, ustaxonalar, bo‘limlar, yuk saqlanadigan joylar va omborxonalarni ochish tegishli bo‘linmalarning boshliqlari, o‘rinbosarlari yoki katta smena ustalari, qo‘riqlash vakili hamda moddiy javobgar shaxslar ishtirokida amalga oshiriladi. Eshiklar ochilishidan oldin muhrlarning butunligi puxta ko‘zdan kechiriladi, qulflarning sozligi tekshiriladi.
Ikkita moddiy javobgar shaxs birgalikda ishlashi nazarda tutilgan qat’iy hisobda turadigan yukxonada saqlanadigan mahsulotlarni ochish va yopish ular hozir bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi. Moddiy javobgar shaxslardan biri hozir bo‘lmagan taqdirda yukxonalarni ochish va yopish korxonadagi tartib uchun javob beruvchi shaxs ishtirokida bajariladi.
19. Ish tamom bo‘lgandan keyin sex binolari, ustaxonalar, bo‘limlar, yukxonalar va qat’iy hisobda turadigan mahsulotlarga ishlov berish va ularni saqlash bilan bog‘liq omborxonalar yong‘indan saqlash nuqtai nazaridan tekshiriladi, qulflanadi hamda qo‘riqlash vakili hozirligida tegishli boshliqlar, o‘rinbosarlar, katta smena masterlari tomonidan muhrlanadi.
Yopilgan va muhrlangan binoning kalitlari maxsus shaklda qo‘riqlashga obyektni qabul qilib olish daftaridagi dasxat bilan mas’ul shaxsga saqlash uchun topshiriladi.
20. Sexlar, ustaxonalar, bo‘limlar, yukxonalar va omborxonalarni avariyalar paytida sex boshliqlari va moddiy javobgar shaxslar hozir bo‘lmaganda ochish faqat matbaa korxonasi rahbari, uning o‘rinbosari yoki korxona bo‘yicha mas’ul navbatchining ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin. Ishlab chiqarish binolari va yukxonalarni ochishning bunday har bir holati dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi hamda keyingi kuni komissiya ishtirokida qat’iy hisobda turadigan mahsulotlar mavjudligi tekshiriladi.
Qat’iy hisobda turadigan mahsulotlar kamomadi aniqlangan taqdirda tegishli shakldagi dalolatnoma tuziladi, u tegishli chora-tadbirlar ko‘rish uchun tuzilgan zahoti matbaa korxonasi rahbariga yoki tartibning holati uchun mas’ul shaxsga beriladi.
21. Qat’iy hisobda turadigan buyumlarni matbaa korxonasi hududidan olib chiqib ketish ishonchnoma asosida berilgan, matbaa korxonasi rahbari va bosh buxgalteri yoki ularning o‘rinbosarlari tomonidan imzolangan ruxsatnomalar bo‘yicha amalga oshiriladi.
22. Qat’iy hisobda turadigan mahsulot ishlab chiqaradigan ixtisoslashtirilgan bosmaxonalar yoki maxsus uchastkalar tegishli alohida qo‘riqchi bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
23. Qat’iy hisobda turadigan mahsulot tayyorlovchi maxsus uchastkalarda yoki ixtisoslashtirilgan bosmaxonalarda ishlaydigan shaxslarni kiritish maxsus doimiy ruxsatnomalar bo‘yicha amalga oshiriladi (ruxsatnomaning old tomonida rekvizitlar: xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi, ruxsatnomaning tartib raqami, 3x4 sm o‘lchamdagi surat, guvohnomaning amal qilish muddati, rahbarning imzosi va korxona muhri bo‘ladi).
Ruxsatnomalar nazorat-o‘tkazish punkti kartotekasida saqlanadi. Xodim ishga kelganda o‘zining tartib raqamini aytadi, qo‘riqchi kartotekadan ushbu tartib raqamli ruxsatnomani oladi, shaxsni surati bilan solishtiradi va shundan keyingina uni maxsus uchastka hududiga kiritadi (ruxsatnoma ish smenasi tugagungacha xodimda bo‘ladi).
Ish tugagach nazorat o‘tkazish punktidan o‘tayotganda xodim ruxsatnomani qo‘riqchiga ko‘rsatadi, qo‘riqchi uni kartotekaga biriktirib qo‘yadi.
24. Maxsus uchastkaga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar (chilangarlar, elektrchilar, santexniklar) korxonaga ularda ruxsatnomalar byurosi tomonidan katta usta (usta)ning oldindan berilgan, matbaa korxonasi rahbari yoki korxonadagi tartib uchun mas’ul shaxs imzolagan yozma buyurtmanomasi asosida beriladigan maxsus shakldagi vaqtinchalik ruxsatnoma mavjud bo‘lgan taqdirda kiritiladi.
25. Korxonaga keluvchilar (buyurtmachilar, yetkazib beruvchilar, loyihalash va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, energiya, bug‘ qozonxonalari nazorati vakillari va shu kabilar) maxsus uchastka yoki maxsus bosmaxona hududiga ma’muriyat ruxsati bilan ruxsatnomalar byurosi tomonidan beriladigan bir martalik ruxsatnomalar bo‘yicha, shaxsini tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lgan taqdirda kiritiladilar. Ruxsatnomalar byurosi bo‘lmaganda, ruxsatnomalar matbaa korxonasi rahbari tomonidan maxsus tayinlanadigan shaxs tomonidan beriladi. Ruxsatnomada uning amal qilish muddati, keluvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, uning borayotgan joyi, ruxsatnoma berishga asos bo‘lgan hujjatning nomi va tartib raqami, matbaa korxonasining muhri bo‘ladi. Ruxsatnomada nazorat koreshogi bo‘ladi. Unda ham yuqoridagi rekvizitlar ko‘rsatiladi.
Koreshokli bir martalik ruxsatnoma keluvchiga beriladi, uni berishga buyurtmanoma koreshoklar daftarining ruxsatnoma “yirtib olingan” joyiga yopishtirib qo‘yiladi.
Korxonaga kirayotganda keluvchi bir martalik ruxsatnomani pasporti (shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma) bilan birga qo‘riqchiga ko‘rsatadi, qo‘riqchi bir martalik ruxsatnoma koreshogini yirtib oladi va alohida kartochkada saqlaydi. Chiqib ketish chog‘ida usta keluvchining ruxsatnomasiga chiqib ketayotgani to‘g‘risida (vaqtini ko‘rsatgan holda) belgi qo‘yadi. Qo‘riqchiga belgi qo‘yilgan ruxsatnoma va shaxsini tasdiqlovchi hujjat ko‘rsatilgan taqdirda keluvchi korxonadan chiqariladi, ruxsatnoma esa qo‘riqchidagi alohida kartochkada qoladi.
Keluvchining uncha katta bo‘lmagan bosmaxonaning maxsus uchastkasi hududida bo‘lishiga uning ma’muriyati vakili ishtirokida yo‘l qo‘yilishi mumkin. Sexlarda ishlamaydigan va ularga xizmat ko‘rsatmaydigan, shuningdek ustki kiyim-boshdagi va xo‘jalik sumkalari bo‘lgan xodimlarning ushbu sexlarga, ustaxonalarga, omborxonalarga kirishi qat’iyan taqiqlanadi.
26. Qat’iy hisobda turadigan mahsulotlar tayyorlanadigan va saqlanadigan ixtisoslashtirilgan bosmaxona binosi yoki maxsus uchastka derazalari maxsus to‘siqlar va qoidaga ko‘ra, avtomatik signalizatsiya tizimi bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
27. Tartib-qoida talablariga rioya etilmagan holda qat’iy hisobda turadigan qog‘ozlar, chala tayyor mahsulotlar, tayyor matbaa va shaklli buyumlarning yo‘qolishiga hamda o‘g‘irlanishiga olib kelgan aybdor shaxslar amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
(27-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
IV. Vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlarda rasmiy hujjatlarni saqlash, hisobga olish, topshirish va hisobdan chiqarish tartibi
28. Vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlarda rasmiy hujjatlar blankalarini qabul qilish, hisobga olish, saqlash va topshirish (jo‘natish) bo‘yicha moddiy javobgar shaxslar tayinlanadi. Bundan tashqari, ushbu hujjatlarni matbaa korxonasidan tashib ketish uchun avtotransport vositasi biriktirib qo‘yiladi.
Agar rasmiy hujjatlar blankalarini qabul qilish, hisobga olish va topshirish (jo‘natish) uchun mas’ul shaxslar vaqtinchalik bo‘lmagan yoki boshqa ishga o‘tgan taqdirda guvohnomalar blankalari aynan shu maqsadda tuzilgan komissiya a’zolari tomonidan imzolangan dalolatnoma bo‘yicha ushbu vazifalarni vaqtinchalik bajarayotgan shaxslarga berilishi kerak.
29. Matbaa korxonasidan rasmiy hujjatlar blankalarini qabul qilib olish buning uchun maxsus vakil qilingan mas’ul shaxs tomonidan amalga oshiriladi va, qoidaga ko‘ra, tegishli vazirlik, idora, korxona va tashkilotga qarashli avtotransportda tashib ketiladi.
30. Rasmiy hujjatlar blankalarini olish chog‘ida blankalar paketlari, to‘g‘ri joylanganligini aniqlash maqsadida, mas’ul shaxs tomonidan majburiy tartibda ko‘zdan kechiriladi, olingan o‘ramlar sonining ularning ilova qilinayotgan hujjatlarda ko‘rsatilgan soniga muvofiqligi tekshirib ko‘riladi va bu haqda dalolatnoma tuziladi.
31. Matbaa korxonasidan olingan rasmiy hujjatlar blankalari belgilangan joyga yetkazib kelingan kuniyoq ularni hisobga olish va saqlash uchun mas’ul shaxslar tomonidan rasmiy hujjatlar blankalarini hisobga olish daftarida darhol kirim qilinadi.
Rasmiy hujjatlar blankalarini hisobga olish daftarlari aniq, tushunarli holda va qisqartirishlarsiz to‘ldiriladi. Daftarlarda o‘chirib yozishlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Yo‘l qo‘yilgan xatolar tegishli izohlar bilan tuzatiladi.
Rasmiy hujjatlar daftarlari ip o‘tkazib bog‘langan, ularning varaqlariga tartib raqamlari qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Daftardagi jami varaqlar soni daftarlarni yuritish uchun mas’ul bo‘lgan shaxs tomonidan imzolanadi va muhrlanadi.
32. Qat’iy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadigan rasmiy hujjatlar blankalari po‘lat sandiqlarda yoxud yonmaydigan shkaflarda va maxsus jihozlangan xonalarda saqlanishi kerak.
Ishdan tashqari vaqtda rasmiy hujjatlar joylangan po‘lat sandiqlar, yonmaydigan shkaflar, shuningdek, blankalarni saqlash uchun maxsus jihozlangan xonalar muhrlangan yoki so‘rg‘ichlangan bo‘lishi kerak. Muhr yoki so‘rg‘ich rasmiy hujjatlar blankalarini hisobga olish va saqlash uchun mas’ul bo‘lgan shaxsda saqlanadi.
Rasmiy hujjatlar blankalari saqlanayotgan xonaga kirishga ularni hisobga olish va saqlash uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar haqlidirlar. Rasmiy hujjatlar blankalari saqlanayotgan xonaga ulardan tashqari, biroq ularning ishtirokida, ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri va yuqori turuvchi boshliqlari kiritilishi mumkin.
33. Blankalarning yetishmasligi yoki nuqsoni borlari (himoya kataklarining, bosma matnning yo‘qligi yoki buzilganligi, tartib raqamlarining takroriyligi yoxud boshqa seriyalar yoki tartib raqamlari bo‘lgan, qiyshaygan shriftli, noto‘g‘ri kesilgan va noto‘g‘ri shaklli, seriya va tartib raqamlari yo‘q bo‘lgan yoki paketlardagi matbaa korxonasining yopishtirilgan varaqchalariga boshqacha tarzda nomuvofiq bo‘lgan blankalar) aniqlangan taqdirda maxsus komissiya tomonidan zarur nusxada dalolatnoma tuziladi. Dalolatnomaning birinchi va ikkinchi nusxalari matbaa korxonasining yopishtirilgan varaqchalari va nuqsoni bor blankalar hamda ilova xat bilan yuqori turuvchi tashkilotga (u mavjud bo‘lsa) jo‘natiladi. Bu holda dalolatnomaning birinchi nusxasi matbaa korxonasining yopishtirilgan varaqchasi va nuqsoni bor blankalar bilan yuqori turuvchi tashkilot tomonidan tegishli xat bilan matbaa korxonasiga jo‘natiladi, ikkinchi nusxasi esa yuqori turuvchi tashkilotda qoladi. Dalolatnomaning uchinchi nusxasi yopishtirilgan varaqcha kseronusxasi bilan bevosita vazirlikda (idora, korxona, tashkilotda) qoldiriladi.
34. To‘ldirish chog‘ida buzilgan blankalar, eskirgan, topib olingan yoki yozuvlariga o‘zgartirishlar kiritilishi munosabati bilan almashtirish uchun topshirilgan bekor qilingan rasmiy hujjatlar, blankalarni qabul qilib olish uchun tuzilgan komissiya tomonidan, ikki nusxada tuzilgan dalolatnoma bo‘yicha, har yili bir marta yo‘q qilinadi, ulardan bir nusxasi albatta yuqori turuvchi tashkilotga jo‘natiladi. Yo‘q qilish yondirib yuborish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
35. Vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlarda rasmiy hujjatlarni saqlash, hisobga olish, topshirish va hisobdan chiqarish tartibi xususiyatlari vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar tomonidan qabul qilinadigan hamda rasmiy hujjatlarni saqlash, hisobga olish, topshirish va hisobdan chiqarish bo‘yicha mazkur Nizomda belgilangan talablardan iborat bo‘lgan maxsus me’yoriy hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
36. Rasmiy hujjatlar yo‘qolishi yoki o‘g‘irlanishining har bir holati bo‘yicha yuqori turuvchi tashkilot tomonidan, blankalarning yo‘qolishida aybdor bo‘lgan shaxslarni aniqlash maqsadida, darhol xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi, zudlik bilan taftish qilinadi va mavjud blankalar qoldiqlari olib tashlanadi, shuningdek, ularning saqlanishini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar ko‘riladi.
Zarur hollarda, blankalarning yo‘qolishida aybdor bo‘lgan shaxslar bo‘yicha hujjatlar tergov organlariga topshiriladi.
Rasmiy davlat hujjatlarini tayyorlashga buyurtma berish, ularni tayyorlash, hisobga olish, saqlash va topshirish tartibi to‘g‘risida Nizomga
ILOVA
ILOVA
Rasmiy davlat hujjatlari
I. Davlat gerbli guvohnomalari:
1. Tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma
2. Nikohdan o‘tganlik to‘g‘risida guvohnoma
3. Nikoh bekor qilinganligi to‘g‘risida guvohnoma
4. Vafot etganlik to‘g‘risida guvohnoma
II. Shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar:
1. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti
2. Chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun O‘zbekiston Respublikasida yashashga ruxsatnoma
III. Harbiy hisobga olish hujjatlari:
1. Chaqiriluvchining qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi
2. Harbiy bilet
3. Ofitserning shaxsiy guvohnomasi
4. Zaxiradagi ofitserning shaxsiy guvohnomasi
IV. Ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlar:
1. To‘liqsiz o‘rta ma’lumot to‘g‘risida shahodatnoma
2. O‘rta ma’lumot to‘g‘risida attestat
Oldingi tahrirga qarang.
3. O‘rta maxsus ta’lim hamda boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim to‘g‘risida diplom
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-noyabrdagi 734-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.11.2020-y., 09/20/734/1528-son)
4. Oliy ma’lumot to‘g‘risida diplom
5. Fan nomzodi yoki doktori diplomi
V. Huquq beruvchi yoki majburiyatlardan ozod qiluvchi hujjatlar:
1. Mehnat daftarchasi
2. Haydovchilik guvohnomasi
3. Nogironlik guvohnomasi
4. Urush qatnashchisi guvohnomasi
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi 620-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.07.2019-y., 09/19/620/3482-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 161-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2026-y., 09/26/161/0339-son)