Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-maydagi 390-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 13-apreldagi PF-5012-son Farmoniga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 13-apreldagi PQ-2887-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari U.U. Rozukulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-iyun,
346-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi 346-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi (keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb ataladi) vakolatli davlat organi boʻlib, tashqi savdo sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish uchun masʼul hisoblanadi hamda tashqi savdo faoliyatini tartibga solish sohasida davlat boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi.
2. Vazirlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
3. Vazirlik tizimiga markaziy apparat, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 13-apreldagi PQ-2887-son qarorining 1-ilovasida koʻrsatilgan tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda Vazirlikka qarashli tashkilotlar deb ataladi).
Vazirlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida vakolatli vakillariga ega.
4. Vazirlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qiladi.
5. Vazirlik oʻz faoliyatini davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan bevosita va oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
6. Vazirlikni va uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi vakolatli vakillarini moddiy-texnik taʼminlash, shuningdek Vazirlik tizimi xodimlari mehnatiga haq toʻlash ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
7. Vazirlik yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
2-bob. Vazirlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tashqi savdo faoliyati sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
jahon bozorlarining kompleks marketing tadqiqotlarini olib borish, Oʻzbekiston Respublikasining eksport salohiyatini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishda koʻmaklashish, tashqi bozorlardagi talab-ehtiyojlarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilayotgan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarning raqobatdoshligini kuchaytirish va rivojlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi va xillarini tizimli asosda tahlil qilish, tashqi bozorlarda ularning raqobatdoshligi darajasini aniqlash, tegishli maʼlumotlar bazasini shakllantirish;
tovarlar, ishlar va xizmatlar eksportini qoʻllab-quvvatlash, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar bilan savdo hamkorligini kengaytirish va mustahkamlashga koʻmaklashish, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tovarlar, ishlar va xizmatlarning tashqi bozorlarga chiqishi uchun qulay shart-sharoitlarni taʼminlash, sotish bozorlarini diversifikatsiyalashga yoʻnaltirilgan tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
ishonchli xorijiy savdo sheriklarini izlash va tanlashda xoʻjalik yurituvchi subyektlarga, shuningdek, mahalliy korxonalarning tender savdolarida, xalqaro savdo-sanoat koʻrgazmalari, yarmarkalarida va xorijiy mamlakatlarda oʻtkaziladigan boshqa shunday tadbirlarda ishtirok etishlariga amaliy yordam koʻrsatish;
import boʻyicha keltiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning hajmi va tarkibini chuqur tahlil qilish, mahalliy xomashyo negizida import oʻrnini bosadigan tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarish hamda ularni mahalliylashtirish masalalari yuzasidan takliflar ishlab chiqish, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirish boʻyicha konsepsiya va dasturlarni ishlab chiqishda qatnashish;
tashqi savdo asosiy koʻrsatkichlari parametrlarini shakllantirishda va Oʻzbekiston Respublikasining bojxona-tarif siyosatini takomillashtirishda ishtirok etish, tashqi savdoni liberallashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
tovarlar (ishlar va xizmatlar), shu jumladan, oʻziga xos tovarlar va sanoat mahsulotlari tashqi savdosi, shuningdek, tashqi savdoda tarif va notarif boshqaruvi choralarini qoʻllash sohasida davlat siyosatini amalga oshirish bilan bogʻliq tadbirlarni muvofiqlashtirish;
tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish choralarini amalga oshirish boʻyicha takliflar kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasining tashqi savdo infratuzilmasini rivojlantirish, xususan tranzit salohiyatini, logistika va transport yoʻlaklarini rivojlantirish masalalari boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.
9. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) tashqi savdo faoliyati sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish sohasida:
davlat boshqaruvi organlarining tashqi savdo faoliyatini tartibga solish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiradi;
erkin va teng huquqli sherikchilik tamoyillariga asoslangan, oʻzaro manfaatli va diskriminatsiya qilinmaydigan tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish jarayonida qulay shart-sharoitlarni yaratishda qatnashadi;
tovarlar, xizmatlar va ishlar, shu jumladan strategik tovarlar va sanoat mahsulotlari tashqi savdosida davlat siyosati bilan bogʻliq tadbirlarni muvofiqlashtiradi, tarif va notarif choralarini qoʻllashni tartibga soladi;
eksportni nazorat qilish sohasida vakolatli davlat organi funksiyasini bajaradi;
oʻz vakolati doirasida tashqi savdo sohasidagi qonunchilik hamda vazirlik faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha tushuntirishlar beradi;
tashqi iqtisodiy faoliyatning elektron tijorat sohasida tashqi savdo siyosatini shakllantirishda ishtirok etadi;
mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy integratsiyani amalga oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
tashqi savdo hamkorligi sohasida Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari doirasida tomonlar majburiyatlarining bajarilishini monitoring qiladi;
savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida xalqaro munosabatlarni rivojlantirish maqsadida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari mansabdor shaxslarining xorijiy xizmat safarlari hamda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, nodavlat tuzilmalar hamda ishbilarmon doiralar vakillarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi natijalari boʻyicha erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ustidan tegishli monitoringni taʼminlaydi;
(9-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-oktabrdagi 817-sonli qaroriga asosan oʻninchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2017-y., 09/17/817/0102)
Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyalarini xorijiy mamlakatlarga davlat tashriflari va safarlari bilan bogʻliq tadbirlarni tashqi savdo jihatidan axborot-tahliliy, shartnomaviy-huquqiy, tashkiliy jihatdan taʼminlashda ishtirok etadi;
tashqi savdo kelishuvlari va xalqaro bitimlar shartlari asosida Oʻzbekiston Respublikasi hududida sodir boʻlgan yengib boʻlmas kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlaydi;
chet el hamda respublika hududida tashqi savdo faoliyatiga oid tadqiqot va izlanishlar, oʻquv amaliyotlari va seminarlari, malaka oshirish kurslari oʻtkazishni tashkillashtiradi;
b) jahon bozorlarining kompleks marketing tadqiqotlarini olib borish, Oʻzbekiston Respublikasining eksport salohiyatini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishda koʻmaklashish, tashqi bozorlardagi talab- ehtiyojlarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilayotgan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarning raqobatdoshligini oshirish va rivojlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik yurituvchi subyektlarining xorijiy sheriklar bilan uzoq muddatli, barqaror sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish maqsadida tashqi bozorlarini tadqiq etadi;
xalqaro savdo holatini, xorijiy davlatlaridagi iqtisodiy vaziyatni tahlil qiladi, konyunkturani oʻrganadi va shu asosda tashqi bozorlarning rivojlanish tendensiyasini prognozlashtiradi;
tashqi bozorlarning istiqbollari va samaradorligini inobatga olgan holda tashqi bozorlarning rivojlanish holati va prognozini chuqur tahlil qiladi;
asosiy eksport nomenklaturasi boʻyicha marketing va tahliliy maʼlumotlar tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyatini va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasini tashqi savdo masalalari boʻyicha zarur axborotlar bilan taʼminlashni amalga oshiradi;
respublikamiz tashkilotlaridagi marketing xizmatlarini tashkil etishda va faoliyatida uslubiy va amaliy yordam beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi vazirlik, idora va xoʻjalik subyektlari bilan birgalikda tashqi savdo sohasida xalqaro sanoat koʻrgazmalari, yarmarkalar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarni mamlakatimizda va xorijda tashkil qiladi va oʻtkazadi;
taqdimotlar, reklama tadbirlari va aksiyalar oʻtkazish, maxsus adabiyotlar, bukletlar chop etish, Internet xalqaro axborot tarmogʻida maxsus veb-saytlar yaratish orqali Oʻzbekiston Respublikasining yuqori xalqaro mavqeyini shakllantiradi va qoʻllab-quvvatlaydi;
v) xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi va xillarini tizimli asosda tahlil qilish, tashqi bozorlarda ularning raqobatdoshligi darajasini aniqlash, tegishli maʼlumotlar bazasini shakllantirish sohasida:
tadqiqotlar oʻtkazadi va ular asosida mamlakatning asosiy eksport tovarlarining qisqa, oʻrta va uzoq muddatlarda jahon bozoridagi vaziyatlarning rivojlanishini ishlab chiqadi;
tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlariga eksport qilayotgan mahsulotlari boʻyicha huquqiy, narx, moliyaviy xususiyatlari toʻgʻrisida maʼlumotlar, konsultatsiyalar berib boradi;
Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasini yuritadi;
eksportbop mahsulotlar, shuningdek, soha korxonalarining eksport mahsulotlari va eksportchilar boʻyicha maʼlumotlar bazasini yaratadi va yuritadi;
g) tovarlar, ishlar va xizmatlar eksportini qoʻllab-quvvatlash, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar bilan savdo hamkorligini kengaytirish va mustahkamlashga koʻmaklashish, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tovarlar, ishlar va xizmatlarning tashqi bozorlarga chiqishi uchun qulay shart-sharoitlarni taʼminlash, sotish bozorlarini diversifikatsiyalashga yoʻnaltirilgan tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish sohasida:
xorijiy davlatlar bozorlari marketingini tadqiq etish asosida, tovarlarning yangi turlarini, ularni keyinchalik eksport qilish uchun ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga doir takliflar ishlab chiqadi;
eksport salohiyatni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha takliflar ishlab chiqadi, eksport salohiyatini kengaytirish, mamlakatning eksport siyosatini shakllantirish va amalga oshirish maqsadli dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish bilan bogʻliq tadbirlarni muvofiqlashtiradi;
tashqi sotish bozorlari ehtiyojlari va talablarini oʻrganadi, eksport strategiyasini, shuningdek eksport nomenklaturasini kengaytirish va hajmini koʻpaytirish, eksportni moliyalashtirish mexanizmini takomillashtirish, milliy tovar ishlab chiqaruvchilarning ham anʼanaviy eksport nomenklaturasi bilan savdo qilish shart-sharoitlarini maqbullashtirish va yangi vositalarni joriy etish hisobiga, ham noanʼanaviy eksport mahsulotlari (ishlar va xizmatlar)ning boshqa turlarini kiritish va eksport nomenklaturasini diversifikatsiyalash hisobiga xalqaro bozorlarga chiqishi boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
Vazirlikka qarashli tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Vazirlikka qarashli tashkilotlar tomonidan milliy tovar ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarining eksport prognozi ijrosi boʻyicha monitoring olib boradi;
tashqi savdo infratuzilmasining jahon elektron savdo tizimiga integratsiyasi, Internetning global tarmogʻida milliy ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarning mavjud boʻlishini kuchaytirish, Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyat axborot markazini tashkil etish boʻyicha dasturlar va kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovarlarini sotish bozorlarini diversifikatsiya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
respublika xoʻjalik yurituvchi subyektlarining tashqi bozorlarga kirib borishi uchun qulay shart-sharoitlarni taʼminlashga doir kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi, tashqi iqtisodiy hamkorlikning har xil shakllari kengaytirilishiga koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan muassasalarning chet elda tashkil etilgan tashkilotlari reyestrini yaratadi va yuritadi;
davlat boshqaruv va xoʻjalik organlari tomonidan berilgan maʼlumotlar asosida eksport va import prognozlari bajarilishi tahlilini va monitoringini olib boradi, eksport va import surʼatlari, ulushi va samaradorligi prognozini amalga oshiradi va ularni muvofiqlashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
asosiy tovarlarni, shu jumladan rangli metallar va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksportga yetkazib berish balansini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
oʻtkazilgan marketing tadqiqotlari va tashqi bozorlarni oʻrganish natijasida xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ishlab chiqarish quvvatlari, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning standartlari va sifatlarini optimallashtirish boʻyicha oʻz tavsiyalarini beradi;
d) ishonchli xorijiy savdo sheriklarni izlash va tanlashda xoʻjalik yurituvchi subyektlarga, shuningdek, mahalliy korxonalarning tender savdolarida, xalqaro savdo-sanoat koʻrgazmalarida, yarmarkalarida va xorijiy mamlakatlarda oʻtkaziladigan boshqa shunday tadbirlarda ishtirok etishlariga amaliy yordam koʻrsatish sohasida:
respublika tashkilotlari tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarni eksportga sotishni tashkil etishda qatnashadi va ularga xorijiy bozorlarning marketing tadqiqotlarini amalga oshirishda koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini chet elda belgilangan tartibda ifodalaydi va himoya qiladi, Oʻzbekiston Respublikasi vakillarining xalqaro va xorijiy tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarda ishtirok etishiga koʻmaklashadi;
e) import boʻyicha keltiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning hajmi va tarkibini chuqur tahlil qilish, mahalliy xomashyo negizida import oʻrnini bosadigan tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarish hamda ularni mahalliylashtirish masalalari yuzasidan takliflar ishlab chiqish, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirish boʻyicha konsepsiya va dasturlarni ishlab chiqishda qatnashish sohasida;
milliy ishlab chiqarilgan mahsulotlar, ishlar va xizmatlar sifatini oshirish boʻyicha dastur va konsepsiya ishlab chiqishda qatnashadi, mahalliy xomashyo asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va import oʻrnini bosish masalalari boʻyicha takliflarni belgilangan tartibda kiritadi;
mahalliylashtirish dasturini shakllantirish uchun Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida kontraktlar, shartnomalar, tashqi bozorlar konyunkturasini tizimli oʻrganish hamda import qilinayotgan mahsulotlar nomenklaturasi, strukturasi va hajmlarini chuqur tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga kiritadi;
mahalliylashtirilgan mahsulotni ishlab chiqarish texnologik jarayonida ishlatiladigan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan texnologik jihozlar, ehtiyot qismlar, materiallar va komponentlar toifasiga kiradiganlarni olib kirishda xulosalar beradi, ichki ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun korxonalar tomonidan mahsulotlarni olib kelish sertifikati, tovarlarni kelib chiqish sertifikati boʻyicha mustaqil ravishda amalga oshiradi yoki oʻzining vakolatlarini oʻz tashkilotlariga beradi;
j) tashqi savdo asosiy koʻrsatkichlari parametrlarini shakllantirishda va Oʻzbekiston Respublikasining bojxona-tarif siyosatini takomillashtirishda ishtirok etish, tashqi savdoni liberallashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo siyosatining asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqadi, tashqi savdo asosiy koʻrsatkichlari parametrlarini shakllantirishda va mamlakat bojxona-tarif siyosatini takomillashtirishda qatnashadi;
tashqi savdoni liberallashtirish va unga koʻmaklashish, respublikaning reyting koʻrsatkichlarini yaxshilash, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo aloqalarini mustahkamlash va kengaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
tashqi savdoda imtiyozli rejimlar qoʻllash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
importni optimallashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
z) tovarlar (ishlar va xizmatlar), shu jumladan oʻziga xos tovarlar va sanoat mahsulotlari tashqi savdosi, shuningdek, tashqi savdoda tarif va notarif boshqaruvi choralarini qoʻllash sohasida davlat siyosatini amalga oshirish bilan bogʻliq tadbirlarni muvofiqlashtirish sohasida:
tovarlarni olib kirish va olib chiqish boʻyicha miqdoriy cheklovlarni joriy etish, alohida turdagi tovarlarni eksport va (yoki) import qilish boʻyicha davlat monopoliyasini oʻrnatadi, shuningdek tovarlarni olib kirish va olib chiqishga nisbatan himoyalash, kompensatsiya, antidemping va boshqa choralarni qoʻllash tartibi boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlarini tatbiq etish borasida belgilangan tartibda oʻrganishlarni olib boradi;
Jahon savdo tashkiloti (keyingi oʻrinlarda TSBB/JST deb yuritiladi) bilan ishlar boʻyicha idoralararo komissiyasi kotibiyati vazifasini bajaradi, mamlakatning TSBB/JSTga aʼzo boʻlib kirishi uchun chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida vazirlik va idoralar hamkorligini taʼminlaydi, shu jumladan, qonunchilikni TSBB/JST norma va qoidalariga moslashtiradi;
TSBB/JST tamoyillariga muvofiq oldindan joʻnatish inspeksiyasi, sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish va joʻnatishdan oldin tekshirish inspeksiyasi tashkilot faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarida qatnashadi;
tashqi savdoda xalqaro iqtisodiy nizolarni hal etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi, Oʻzbekiston Respublikasi tadbirkorlik subyektlariga xorijiy mamlakatlarda iqtisodiy nizolarni sudgacha hal etishda belgilangan tartibda yordam koʻrsatadi;
eksport uchun muhim tovarlarni, shu jumladan rangli metallar va boshqa mahsulotlarni yetkazib berishda ishtirok etadi;
tashqi savdoda texnik toʻsiqlarni qoʻllash boʻyicha ishlarda ishtirok etadi;
i) tashqi iqtisodiy faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish choralarini amalga oshirish boʻyicha takliflar kiritish sohasida:
eksport qilinayotgan mahsulotlarning soni va sifatini ekspert baholash tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflarni shakllantiradi va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
eksport faoliyatini ragʻbatlantirishda xalqaro tajribani oʻrganish va qonunchilik tahlili asosida eksport salohiyatini kengaytirish sohasida qonunchilikni yanada takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
eksport bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarni iqtisodiy jihatdan ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan tashqi savdo hamkorligining ustuvor yoʻnalishlarini shakllantirishga doir takliflar ishlab chiqadi;
tashqi savdo masalalari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati topshirigʻiga asosan xorijiy davlatlarning tashqi iqtisodiy organlari va kompaniyalari hamda xalqaro tashkilotlar bilan muzokaralar olib boradi va xalqaro shartnomalarni imzolaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan savdo-iqtisodiy va transport kommunikatsiyasi masalalaridagi hamkorligi boʻyicha xalqaro shartnomalar loyihalarini kelishadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
k) Oʻzbekiston Respublikasining tashqi savdo infratuzilmasini rivojlantirish, xususan, tranzit salohiyatini, logistika va transport yoʻlaklarini rivojlantirish masalalari boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish sohasida:
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda transport, transport aloqalari va xalqaro logistika sohasida tashqi savdo siyosati masalalari boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
respublikaning tranzit salohiyatini oshirish, transport-kommunikatsion tizimlarini xalqaro transport kommunikatsiyasiga integratsiya qilish maqsadida Oʻzbekiston tashqi savdo tovarlarini optimallashtirish, yangi transport yoʻnalishlarini (yoʻlaklarini) koʻpaytirish maqsadida chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tranzit orqali oʻtadigan xavfli yuklar, qurol-aslahalar, harbiy uskunalar, harbiy mulklar, portlovchi moddalar va mahsulotlarni oʻtkazish chogʻida belgilangan tartibda xulosa beradi.
Vazirlik qonun hujjatlariga muvofiq oʻziga yuklangan boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
3-bob. Vazirlikning huquqlari va javobgarligi
10. Vazirlik oʻziga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlarni hamda boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
xorijiy davlatlarning organlari, chet eldagi xalqaro tashkilotlar, va kompaniyalar, xorijiy davlatlarning elchixonalari va missiyalari, Oʻzbekiston Respublikasidagi xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalar bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni amalga oshirish va oʻzaro xat yozishmalari olib borish;
xorijiy davlatlar bilan belgilangan tartibda texnik va iqtisodiy axborotlarni ayirboshlashni amalga oshirish hamda qonun hujjatlariga muvofiq vazirliklar, idoralar va tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlaridan axborotlarni soʻrab olish;
Vazirlik vakolati doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish uchun zarur maʼlumotlarni vazirlik, idora va xoʻjalik subyektlaridan belgilangan tartibda soʻrash va olish;
tegishli vazirliklar, idoralar, davlat tashkilotlari, mahalliy hokimiyat va boshqa davlat boshqaruvi organlari masʼul shaxslarining Vazirlik vakolati doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha hisobotlarini eshitish;
tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishning belgilangan tartibini buzayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va holatlarda choralar koʻrish boʻyicha takliflar kiritish;
tashqi savdo masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi, ilmiy-texnik va boshqa kengashlar, idoralararo ekspert komissiyalari tuzish, maxsus kengashlar chaqirish, shuningdek maslahatlar olish, ushbu masalalarni oʻrganish va hal qilish uchun ham respublikadan, ham xorijdan olimlar, mutaxassislar va ekspertlarni shartnoma asosida jalb etish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Vazirlikning ijtimoiy infratuzilmasini shakllantirish va takomillashtirish, Vazirlik xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlashning yagona tizimini shakllantirish;
Vazirlikning va Vazirlik roziligi bilan Vazirlikka qarashli tashkilotlarning rasmiy taklifiga koʻra Oʻzbekistonga kelgan xorijiy delegatsiyalarning respublika hududida yashashi va transport xarajatlariga zarur holatlarda haq toʻlash;
Vazirlik tizimida budjet mablagʻlaridan oqilona foydalanilishini muntazam nazorat qilish;
Vazirlik vakolati doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni, rasmiy eʼlonlarni chop etish va boshqa materiallarni joylashtirish uchun belgilangan tartibda bosma va elektron ommaviy axborot vositalarini taʼsis etish.
Vazirlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
11. Vazirlik oʻz vakolatlari doirasida vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqli.
Vazirlik, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan qoʻshma qarorlar va boshqa hujjatlar chiqarishga haqli.
12. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Vazirlik faoliyatini tashkil qilish
13. Vazirlikka Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan vazir boshchilik qiladi.
Vazirning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan bir nafar oʻrinbosari boʻladi.
14. Vazir:
Vazirlik faoliyatiga yakkaboshchilik asosida umumiy rahbarlikni amalga oshiradi hamda Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Vazirlik markaziy apparati xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida markaziy apparat shtatlar jadvalini, shuningdek xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Vazirlik markaziy apparati xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga vakolatli vakillarni tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan kelishgan holda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Vazirlikning markaziy apparati tashkiliy tuzilmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi vakolatli vakillar toʻgʻrisidagi nizomlarni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Vazir qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
15. Vazirlikda vazir (hayʼat raisi), vazir oʻrinbosari, Vazirlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi boʻlinmalar rahbarlaridan iborat hayʼat tuziladi.
Vazirning taqdimnomasiga asosan, hayʼat aʼzolari soni va shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
16. Hayʼat quyidagilar bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi:
ushbu Nizomda belgilangan, tashqi savdo siyosatini amalga oshirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, eksport salohiyatini rivojlantirish boʻyicha Vazirlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
Vazirlik nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlarga kadrlarni tanlash, joylashtirish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlashda Vazirlik rahbariyati va xodimlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish orqali ijro intizomini mustahkamlash;
Hayʼat Vazirlik vakolatiga kiruvchi boshqa masalalarni ham koʻrib chiqishga haqlidir.
Hayʼat yigʻilishlariga yuqori tashkilotlar vakillari, davlat va xoʻjalik organlari, mahalliy hokimiyat va boshqa davlat boshqaruvi organlari, joylardagi va boshqa tashkilotlar rahbarlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari taklif etilishi mumkin.
Hayʼat uning majlisida aʼzolarining yarmidan koʻpi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hayʼat qarorlari vazir buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Vazir va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda, vazir ushbu kelishmovchiliklar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikr-mulohazalari haqida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot berishlari mumkin.
Hayʼat faoliyati tartibi hayʼat tomonidan tasdiqlanadigan reglament bilan belgilanadi.
17. Vazirlik tizimida va Vazirlikka qarashli tashkilotlarda safarbarlik tayyorgarligi boʻyicha chora-tadbirlarni belgilangan tartibda amalga oshiradi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
18. Vazirlikni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 23-son, 471-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2017-y., 09/17/817/0102)