O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jizzax viloyatida aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish hamda tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, tadbirkorlik tuzilmalarini ularning ishlab chiqarish faoliyatida paydo bo‘ladigan muammoli masalalarni hal etishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga ko‘maklashish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Jizzax viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, boshqa vazirliklar, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan ishlab chiqilgan tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-iqtisodiy holatining doimiy monitoringini olib borish, ularning ishlab chiqarish faoliyatidagi muammoli masalalarni amaliy hal etishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga ko‘maklashish mexanizmi (keyingi o‘rinlarda monitoring mexanizmi deb ataladi) 1-ilovaga* muvofiq ma’qullansin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jizzax viloyatida ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirishni tubdan jadallashtirish, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishning yangi yondashuvlari va metodlarini sinab ko‘rishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 31-maydagi 332-son qarori bilan tashkil etilgan Ishchi guruh (Bekenov), Jizzax viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi boshqa vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda:
o‘n kun muddatda — monitoring mexanizmini joriy etsinlar va kelgusida uning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlasinlar, tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy-xo‘jalik faoliyatidagi muammolarni bartaraf etishda tezkor ko‘maklashish, yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek tashkilotlar mansabdor shaxslarining shaxsiy javobgarligini belgilashga doir zarur choralar ko‘rsinlar;
monitoring mexanizmini uzluksiz takomillashtirish va samaradorligini oshirish choralarini ko‘rsinlar, uni qo‘llash bo‘yicha to‘plangan tajribaning tanqidiy tahlil qilinishini ta’minlasinlar hamda monitoring mexanizmini respublikaning barcha hududlarida joriy etish bo‘yicha 2017-yil 1-oktabrgacha bo‘lgan muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, manfaatdor xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda tegishli xo‘jalik boshqaruvi organlari birlashmalari tizimiga kiruvchi Jizzax viloyati tashkilotlarining moliyaviy-iqtisodiy holatini tanqidiy o‘rganish asosida ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirish, to‘lov muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni tubdan qisqartirish, budjet va budjetdan tashqari jamg‘armalar oldidagi qarzdorlikni qoplash, eksport salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar.
2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Iqtisodiyot vazirligi, tijorat banklari va Jizzax viloyati hokimligining tadbirkorlik faoliyatiga aholini keng jalb qilish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi qo‘shimcha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin:
tijorat banklari tomonidan joriy yilning II choragida Jizzax viloyatining 2-ilovaga* muvofiq qishloq aholi punktlarida kichik va mikroloyihalarni amalga oshirish, shu jumladan tomorqalardan samarali foydalanishni nazarda tutuvchi loyihalarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘rsatuvchi, mikrokreditlar olishga hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirishda ko‘maklashuvchi, shuningdek berilgan kreditlardan maqsadli foydalanilishi monitoringini amalga oshiruvchi aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish markazlarini tashkil etish;
bir oy muddatda — Jizzax shahrida yangidan tashkil etilgan Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, tijorat banklari filiallari, sug‘urta, lizing, baholash, auditorlik tashkilotlari va bozor infratuzilmasining boshqa subyektlari vakillari tomonidan ko‘rsatiladigan maslahat-axborot, bank, sug‘urta va boshqa xizmatlar ko‘lami kengaytirilishini ta’minlash;
2017-yilning II choragida aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish bo‘yicha Jizzax shahrida Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Biznes-trening markazini, Yangiobod va Mirzacho‘l tumanlarida ATB “Asaka” bankining, Forish tumanida — ATB “Trastbank”ning o‘quv markazlarini tashkil etish;
2017-yil iyun oyidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi tomonidan aholini va kichik tadbirkorlik subyektlari vakillarini tadbirkorlik va moliyaviy-xo‘jalik faoliyati asoslariga o‘qitish bo‘yicha 3-ilovadagi* ro‘yxatga muvofiq kasb-hunar kollejlari binolarida darsdan tashqari vaqtda o‘tkaziladigan doimiy kurslarni tashkil etish;
2017-yilda yirik tijorat banklari tomonidan qo‘shimcha filiallar, mini-banklar, shuningdek 4-ilovaga* muvofiq boshqa tijorat banklarining mavjud filiallarida vakolatxonalar ochish yo‘li bilan viloyat tumanlarida yirik tijorat banklari xizmatlaridan keng foydalanish maqsadida tadbirkorlar va aholi uchun sharoitlar yaratish.
* 1 — 4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Jizzax viloyatining barcha darajalardagi hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, tijorat banklari rahbarlari zimmasiga, Jizzax viloyatida aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar kompleksini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
3. Markaziy bank, tijorat banklari, sug‘urta, lizing, baholash, auditorlik tashkilotlari va bozor infratuzilmasi boshqa subyektlariga Jizzax shahridagi Tadbirkorlik subyektlariga ko‘maklashish markazi va aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish markazlari xodimlari uchun xodimlarning lavozim maoshiga qo‘shimcha 30 foizli maxsus ustamani, shuningdek ularning ish natijalaridan kelib chiqqan holda to‘lanadigan boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlarni nazarda tutuvchi mehnatga haq to‘lash mexanizmini bir oy muddatda joriy etish tavsiya qilinsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi Iqtisodiyot vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda — ko‘chmas mulk obyektlarini qurishga yer uchastkalari ajratish va ruxsatnomalar berish tartibotlarini yanada soddalashtirish va jadallashtirish bo‘yicha bir oy muddatda kelishilgan takliflar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Jizzax viloyati hududida har oyda bazaviy hisoblash miqdoridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qat’iy belgilangan to‘lov mexanizmini joriy etgan holda, yo‘nalish taksi faoliyati bilan shug‘ullanuvchilarni ro‘yxatga olishning soddalashtirilgan tartibini va yo‘lovchilar tashishga qo‘yiladigan talablarni ikki hafta muddatda ishlab chiqsin va joriy qilsin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamg‘armasi, Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda — viloyatdagi fermer xo‘jaliklarini past ball-bonitetli yerlarda yetishtirilgan 2017-yil hosilining 1 tonna paxta xomashyosi uchun ajratiladigan dotatsiya summasi to‘g‘risida joriy yilning 1-avgustigacha bo‘lgan muddatda xabardor qilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-maydagi 332-son qarori bilan tashkil etilgan Ishchi guruh (Bekenov), Jizzax viloyati hokimligi aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish va tadbirkorlik subyektlariga ularning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatidagi muammolarni bartaraf qilishda ko‘maklashish bo‘yicha mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosi holatining tizimli monitoring va tahlil qilinishini ta’minlasinlar, amalga oshirilgan ishlar natijalari to‘g‘risida har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-iyun,
351-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 23-son, 475-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)