Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlarning eksport qilinishi va raqobatdoshligini taʼminlashni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-dekabrdagi PF-5286-sonli “Tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlar raqobatdoshligini taʼminlash va eksportini ragʻbatlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublikamiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirishni ragʻbatlantirish, ishlab chiqarish korxonalari tomonidan, eng avvalo, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga oʻzlari ishlab chiqargan tovarlarning eksport hajmini oshirish, eksport qilish geografiyasini diversifikatsiyalash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, tashqi bozorlarda mahalliy eksportga yetkazib beruvchi tashkilotlarning mahsulotlarini raqobatdoshligini oshirish maqsadida:
1. Xoʻjalik subyektlariga 2017-yilning 1-iyunidan boshlab quyidagi huquqlar berilsin:
a) oʻzlari ishlab chiqargan tovarlarni eksport qilish, yangi meva- sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz ekinlaridan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 10-oktabrdagi “Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PF-1871-sonli Farmonining 2-ilovasida koʻrsatilgan xomashyo tovarlaridan tashqari, chet el valyutasida oldindan toʻlovsiz, akkreditiv ochmasdan, bank kafolatini rasmiylashtirmasdan hamda eksport shartnomalarini siyosiy va tijorat xavflaridan sugʻurta polisisiz amalga oshirish, bunda quyidagi shartlarga rioya qilinsin:
shartnoma miqdori 100 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmasligi kerak;
tovarlar eksport qilingan kundan boshlab, 90 kun ichida majburiy valyuta tushumining kelib tushishi taʼminlanishi lozim;
belgilansinki, oʻzlari ishlab chiqargan tovarlarning keyingi eksporti mazkur qoʻshimcha bandning shartlariga muvofiq eksportchi tashkilotning mazkur qoʻshimcha bandda koʻrsatilgan shartlarda avvalgi debitorlik qarzi boʻlmagan taqdirda amalga oshiriladi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarori asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 10-oktabrdagi “Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PF-1871-sonli Farmonining 4-ilovasida nazarda tutilgan buyum va mahsulotlar eksportini amalga oshirish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori asosida beriladigan litsenziyalar boʻyicha amalga oshiriladigan eksport-importning oʻziga xos mahsulotlari roʻyxatidan zargarlik buyumlari chiqarib tashlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga ilovaga* muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 25-may,
PF-5057-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 22-son, 412-modda)