Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 704-sonli “Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini toʻxtatish tartibi hamda Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik subyektlarini davlat reyestridan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan 2020-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida” 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-son Farmoniga muvofiq, shuningdek moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 3-iyuldagi 327-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 7-son, 35-modda) bilan tasdiqlangan Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 18-may,
293-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-maydagi 293-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga kiritilayotgan
qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. 1.1-banddagi “bank hisobvaraqlari” soʻzlari “talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Quyidagi mazmundagi 1.31-band bilan toʻldirilsin:
“1.31. Ushbu Nizom qoidalari:
banklar va kredit byurolarini;
davlat organlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarini, shu jumladan ularning yuridik shaxslar hisoblanadigan alohida boʻlinmalarini (vakolatxonalari va filiallarini), shuningdek xalqaro va xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallarini;
sud tomonidan bankrot deb eʼlon qilingan korxonalarni tugatishda qoʻllanilmaydi”.
3. 1.4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1.4. Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalar faoliyatini bundan buyon davom ettirishining maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalani hal etish, shuningdek korxonalarni tugatish jarayonini xoʻjalik sudlari qarorlari boʻyicha amalga oshirish (ularning muassislari, qatnashchilari ularni tugatishga rozi boʻlmagan, shuningdek koʻrsatib oʻtilgan shaxslar turar joyini aniqlash va ularni tugatish jarayoniga jalb etishni taʼminlash mumkin boʻlmagan holatlarda) tumanlar va shaharlar hokimliklari huzuridagi maxsus komissiyalar (keyingi oʻrinlarda maxsus komissiya deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi”.
4. 2.2-bandning birinchi xatboshidagi “ikki hafta” soʻzlari “bir hafta” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. 2.8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2.8. Soliq organi maxsus komissiyaning mazkur Nizomning 2.6-bandida nazarda tutilgan xulosasini (qarorini) olgan kundan boshlab uch kun muddatda korxonalarning davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzlarini aniqlaydi va:
soliqlar hamda davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzlari boʻlmagan korxonalar boʻyicha — ularni tugatish toʻgʻrisidagi taqdimnomani va maxsus komissiya xulosasini roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga yuboradi;
davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy toʻlovlar boʻyicha toʻlanmagan qarzlari mavjud korxonalar boʻyicha — ularning soliq qarzlarini undiradi yoki umidsiz soliq qarzlari mavjud korxonalarni belgilangan tartibda hisobdan chiqarish choralarini koʻradi.
Agar davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy toʻlovlar boʻyicha toʻlanmagan qarzlar soliq xizmati organi tomonidan undirilsa, u holda soliq xizmati organi uch kun muddatda korxonani tugatish toʻgʻrisidagi taqdimnomani va maxsus komissiya xulosasini roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga yuboradi”.
6. 3.6-bandining birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Maxsus komissiya korxonaning pul mablagʻlarini milliy va xorijiy valyutadagi yagona hisobvaraqlarini (tugatish hisob raqamini) jamlash boʻyicha korxonaga xizmat koʻrsatuvchi bankka topshiriq yuboradi. Korxonaga xizmat koʻrsatuvchi bank bir hafta muddatda korxonaning pul mablagʻlarini milliy va xorijiy valyutadagi yagona hisobvaraqlarida jamlaydi va tugatish hisob raqamidagi qoldiqlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni koʻrsatgan holda maxsus komissiyaga taqdim etadi”.
7. 3.10 va 3.11-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3.10. Maxsus komissiya bankdagi tugatish hisob raqamini yopadi, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani bekor qilish hamda muhrni, burchakli va boshqa shtamplarni yoʻq qilish uchun roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga topshiradi.
Maxsus komissiya tomonidan korxonaning muhri, burchakli va boshqa shtamplarini, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani topish imkoni mavjud boʻlmasa, ularning bekor qilinishi toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida eʼlon beradi va mazkur eʼlonni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taqdim etadi.
Korxonaning tovar belgisi mavjud boʻlsa maxsus komissiya tegishli organlarga korxonaning tugatilishi munosabati bilan tovar belgisining roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani bekor qilish haqida xat joʻnatadi.
Maxsus komissiya tugatish ishlari tugallanganligi toʻgʻrisidagi (qolgan mol-mulk taqsimotini hisobga olgan holda) protokolni rasmiylashtiradi va tasdiqlaydi.
3.11. Korxonaning tugatish hujjatlari toʻliq paketi toʻplangandan soʻng maxsus komissiya tugatilayotgan korxonani yuridik shaxslarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga murojaat qiladi:
soliq organining davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzlarning mavjud emasligi toʻgʻrisidagi xulosasi;
tugatish ishlari yakunlanganligi toʻgʻrisidagi Maxsus komissiya protokoli;
korxona hujjatlarining Davlat arxiviga topshirilganligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma”.
8. 3.12-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ yuqorida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar asosida uch kun muddatda korxonani uning tugatilishi munosabati bilan yuridik shaxslar davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va yuridik shaxslar davlat reyestriga bu haqda yozib qoʻyadi hamda tuman Bandlikka koʻmaklashish markaziga, korxonaga xizmat koʻrsatuvchi bankka, statistika va soliq organiga xabar yuboradi, ular korxonani bir ish kuni mobaynida hisobdan chiqarishlari shart”.
9. 4.1 va 4.2-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4.1. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan vaqtdan boshlab moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalarni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilishda hududiy maxsus komissiya quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:
korxonaning tugatilishi toʻgʻrisida matbuotda eʼlon beradi;
xizmat koʻrsatuvchi bank hisobvaragʻini yopadi;
roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga korxonani davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qiladi hamda agar, mavjud boʻlsa, yoʻq qilish uchun muhr va shtamplarni topshiradi.
Maxsus komissiya tomonidan korxonaning muhri, burchakli va boshqa shtamplarini, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani topish imkoni mavjud boʻlmasa, ularning bekor qilinishi toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida eʼlon beradi va mazkur eʼlonni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga taqdim etadi.
4.2. Matbuotda korxonaning tugatilishi toʻgʻrisida eʼlon chiqqandan soʻng kamida bir oydan keyin quyidagi hujjatlar taqdim etilganda korxona roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan davlat reyestridan chiqarilishi mumkin:
korxonani uning tugatilishi munosabati bilan yuridik shaxslar davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisidagi ariza;
xoʻjalik sudining korxonani tugatish toʻgʻrisidagi qarori;
agar mavjud boʻlsa — davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
xizmat koʻrsatuvchi bank hisobvaragʻi yopilganligini tasdiqlovchi hujjat;
soliq organining korxona davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan vaqtdan boshlab moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi;
korxonaning tugatilishi toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida eʼlon chiqarilganligini tasdiqlovchi hujjat;
Shundan keyin tugatish jarayoni mazkur Nizomning 3.12-bandiga muvofiq amalga oshiriladi”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 20-son, 372-modda)