Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻi hududida Adiblar xiyobonini barpo etish toʻgʻrisida
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻi mustaqillik yillarida xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan tobora chiroy ochib bormoqda.
Qayd etish lozimki, 1991-yili Milliy bogʻ hududida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning muazzam haykali barpo etilib, oʻtgan davr mobaynida ulugʻ ajdodimiz tarannum etgan yuksak gumanistik gʻoyalarga hamohang ravishda, aniq meʼmoriy reja asosida keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Ushbu hududda 2007-yili Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor, 2010-yili Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oybek, 2013-yili Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad va taniqli shoira Saida Zunnunova xotiralariga bagʻishlab yodgorlik majmualari oʻrnatildi.
Milliy bogʻni xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning madaniy-maʼrifiy saviyasini yuksaltirishga xizmat qiladigan, nafaqat yurtimiz, balki jahonning turli mamlakatlaridan mehmonlar va sayyohlar tashrif buyuradigan har tomonlama goʻzal va betakror maskanga aylantirish, maʼnaviy hayotimizda oʻchmas iz qoldirgan atoqli soʻz sanʼatkorlarining tarixiy xotirasini abadiylashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi, “Nuroniy” jamgʻarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Toshkent shahar hokimligi va keng jamoatchilik vakillarining Oʻzbekiston Milliy bogʻi hududida Adiblar xiyobonini barpo etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi Toshkent shahar hokimligi, Moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Milliy bogʻi hududida bogʻning umumiy koʻrinishi va Alisher Navoiy haykali bilan uygʻun ravishda Adiblar xiyobonining yaxlit meʼmoriy ansambl shaklidagi loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin.
3. Adiblar xiyobonining meʼmoriy loyihasini ishlab chiqishda ushbu manzilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi uchun zamonaviy yangi bino qurish nazarda tutilsin.
4. Mazkur hududda joylashgan Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati koʻrgazmasi binosi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tasarrufiga oʻtkazilsin va bu yerda doimiy ravishda kitoblar koʻrgazmalari va taqdimotlari, turli adabiy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladigan adabiy markaz tashkil etilsin.
5. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tegishli tashkilot va idoralar bilan birgalikda milliy adabiyotimizning ulkan namoyandalari:
Oʻzbekiston Qahramoni, atoqli olim va jamoat arbobi Ozod Sharafiddinov;
Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov;
Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov;
Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik majmualarini barpo etish boʻyicha bir oy muddatda ijodiy tanlov eʼlon qilsin va uni belgilangan tartibda oʻtkazsin.
6. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi:
Toshkent shahar hokimligining poytaxtimizdagi Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan Hamid Olimjon haykalini;
Gʻafur Gʻulom nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida oʻrnatilgan Oʻzbekiston xalq shoiri Gʻafur Gʻulom haykalini;
Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi yonidagi xiyobonda oʻrnatilgan Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya haykalini Adiblar xiyoboniga koʻchirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi Adiblar xiyobonining yaxlit meʼmoriy ansamblini barpo etish boʻyicha, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi mazkur qarorning 5-bandida koʻrsatilgan adiblarning haykallarini yaratish boʻyicha buyurtmachi etib, shuningdek, “ToshkentboshplanLITI” DUK loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun bosh loyihachi etib belgilansin.
8. Oʻzbekiston Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazsin va bajarilayotgan qurilish-montaj ishlari yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshirsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda tasdiqlangan loyiha hamda ushbu qarorning 5-bandida koʻrsatilgan ijodiy tanlov natijalari asosida Adiblar xiyobonining yaxlit meʼmoriy ansamblini barpo etish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni, shuningdek, moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda qaror qabul qilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 18-aprel,
PQ-2894-son