Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent metropolitenini yanada rivojlantirish va faoliyati samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 21-oktabrdagi PQ-2638-son qarori)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent metropolitenini yanada rivojlantirish va faoliyati samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 21-oktabrdagi PQ-2638-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 14-fevral,
77-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-fevraldagi 77-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 31-yanvardagi 11-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 1-son, 6-modda) bilan tasdiqlangan Toshkent shahrida yoʻlovchilar tashish yoʻnalishlarini joylashtirish uchun ochiq tenderlarni tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisidagi Nizomning 12-bandiga “Toshkent shahar hokimligi” soʻzlaridan keyin “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ” soʻzlari qoʻshilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “2016 — 2019-yillar davrida “Toshkent metropoliteni” DUK poyezdlarining harakat xavfsizligini taʼminlash uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash, harakatdagi tarkibni modernizatsiyalash va zamonaviy muhandislik-texnik vositalar bilan jihozlash chora-tadbirlari kompleksi toʻgʻrisida” 2016-yil 3-fevraldagi 24-son qarorining nomidagi, muqaddimasidagi, 1-bandning toʻrtinchi xatboshidagi, 2-bandning birinchi va toʻrtinchi xatboshidagi, 3-bandning beshinchi xatboshidagi, 5-banddagi, 6-bandning uchinchi xatboshidagi va 7-banddagi, shuningdek qarorga 1 va 2-ilovalardagi “DUK” qisqartmasi “UK” qisqartmasi bilan almashtirilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 7-son, 95-modda)