Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisida
Mamlakatimizda moʻtabar ayol zotiga munosib hurmat-ehtirom koʻrsatish, ularning jamiyatimizdagi oʻrni va nufuzini oshirish, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, oʻzining iqtidori va ibratli faoliyati bilan yoshlarga oʻrnak boʻlib kelayotgan qizlarni ragʻbatlantirish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 10-iyundagi “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini taʼsis etish boʻyicha takliflarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan:
1. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi huzuridagi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtidorli qizlarini aʼlo xulqi, noyob isteʼdodi, zukkoligi, tashabbuskorligi, oʻqishdagi muvaffaqiyatlari hamda adabiyot, madaniyat, sanʼat, taʼlim va sport sohalaridagi alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi takliflari ilovadagi* roʻyxatga muvofiq maʼqullansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan tantanalarda sovrindorlik diplomlari va koʻkrak nishonlari topshirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining har biriga eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida pul mukofoti berilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalarining ibratli faoliyati, ularning noyob isteʼdodi va erishgan yutuqlarini keng yoritib borish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E. Basitxanova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 1-mart,
PQ-2501-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-y., 3-son, 106-modda)