Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2017 — 2020-yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish Dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Respublika shaharlarida yashayotgan aholining turmush darajasi va sifatini yanada oshirishga yoʻnaltirilgan arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish borasidagi tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, “Ipoteka bank” ATIB, “Oʻzmetkombinat” AJ, “Qizilqumsement” AJ va “Oʻzbekinvest” milliy sugʻurta kompaniyasining:
ustav kapitali 1,0 milliard soʻm miqdorida boʻlgan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Oʻzshahar qurilish invest” respublika ixtisoslashtirilgan injiniring kompaniyasini (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzshahar qurilish invest” IK deb yuritiladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi;
1-ilovaga muvofiq, kompaniyaning ustav jamgʻarmasida oʻz ulushi bilan ishtirok etuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, “Ipoteka bank” ATIB, “Oʻzmetkombinat” AJ, “Qizilqumsement” AJ va “Oʻzbekinvest” MSKni “Oʻzshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasining muassislari etib belgilash toʻgʻrisidagi;
“Oʻzshahar qurilish invest” IK zimmasiga arzon koʻp kvartirali uylarni toʻliq tayyor holda foydalanishga topshirish sharti bilan qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha shartnoma asosida buyurtmachi funksiyalarini, shu jumladan moliyalashtirishni tashkil qilish va qurilishning borishi ustidan texnik nazoratni amalga oshirish, keyinchalik qurilgan arzon koʻp kvartirali uylarni beriladigan imtiyozli ipoteka kreditlari hisobiga aholiga sotish uchun “Ipoteka bank” ATIBga topshirish vazifasini yuklash toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, “Ipoteka bank” ATIB, “Oʻzmetkombinat” AJ, “Qizilqumsement” AJ va “Oʻzbekinvest” MSK:
ikki hafta muddatda “Oʻzshahar qurilish invest” IKning Ustavini ishlab chiqib, tasdiqlasinlar, shuningdek uni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasinlar;
bir oy muddatda “Oʻzshahar qurilish invest” IKning ustav kapitalini shakllantirsinlar, uning faoliyati samarali tashkil etilishini taʼminlash va kompaniyaning zarur moddiy-texnika bazasini yaratish, shuningdek keyinchalik uni malakali mutaxassislar bilan toʻldirish yuzasidan amaliy choralarni koʻrsinlar.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari hamda Toshkent shahar hokimligining “Investitsiya dasturlari qurilishi departamenti” DUK “Ipoteka bank” ATIB bilan birgalikda “Oʻzshahar qurilish invest” IK davlat roʻyxatiga olingan paytdan boshlab ikki hafta muddatda belgilangan tartibda kreditlar qayta rasmiylashtirilishini amalga oshirsinlar, arzon koʻp kvartirali uylarni moliyalashtirish boʻyicha hujjatlar, shuningdek bunday uylarni qurish hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha va loyihadan oldingi hujjatlarni unga topshirsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi Iqtisodiyot vazirligi va Adliya vazirligi bilan, shuningdek boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvining raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 13-yanvar,
PQ-2728-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-yanvardagi PQ-2728-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Oʻzshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasining taʼsischilari
TARKIBI
|
T/r |
Taʼsischining nomlanishi |
Ustav jamgʻarmasidagi ishtiroki | |
|
summa (mln.soʻm) |
ulush (foizda) | ||
|
1. |
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi |
610 |
61% |
|
2. |
“Oʻzmetkombinat” AJ |
100 |
10% |
|
3. |
“Kizilqumsement” AJ |
100 |
10% |
|
4. |
“Oʻzbekinvest” MSK |
100 |
10% |
|
5. |
“Ipoteka-bank” ATIB |
90 |
9% |
|
Jami: |
1 000 |
100% | |
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-yanvardagi PQ-2728-sonli qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2020-yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish Dasturini amalga oshirish chora- tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 22-noyabrdagi PQ-2660-sonli qaroriga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar
1. 3-bandining uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“koʻp kvartirali arzon uylar massivlarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha zarur loyiha-smeta hujjatlarini, namunaviy loyihalarni rasmiylashtirish, qurilish va rekonstruksiya qilish ishlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini texnik nazorat qilish, shuningdek mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshirish funksiyalari zimmasiga yuklangan “Oʻzshahar qurilish invest” IK — buyurtmachi etib”.
2. 4-bandida:
a) ikkinchi xatboshidagi “buyurtmachilarga” soʻzi “Oʻzshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzshahar qurilish invevst” IKning kreditlar boʻyicha majburiyatlari taʼminoti sifatida aholiga kvartiralar sotilgunga qadar koʻp kvartirali uylardagi xonalarni keyinchalik sotishdan tushadigan mablagʻlarni garovga qabul qilsin”;
v) beshinchi xatboshidagi “buyurtmachilarga” va “ularga” soʻzlari tegishli ravishda “Oʻzshahar qurilish invest” IKga” va “unga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. 6-bandidagi “buyurtmachilarning” soʻzi “buyurtmachi — “Oʻzshahar qurilish invest” IKning” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. 7-bandining ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin.
“buyurtmachiga kredit va Dasturni amalga oshirishda qatnashuvchi jismoniy shaxslarga ipoteka krediti berish uchun AK “Xalq banki” tomonidan “Ipoteka bank” ATIBning, jumladan, 5 yillik imtiyozli davr bilan yiliga 6,5 foiz stavka boʻyicha milliy valyutada banklararo depozit hisobvaragʻiga berilgan buyurtmalari asosida 20 yil muddatga beriladigan 672,8 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlar”.
5. 8-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“arzon koʻp kvartirali uylarning massivlarini qurish uchun pudrat tashkilotlariga markazlashtirilgan tartibda yetkazib beriladigan asosiy qurilish materiallari va uskunalarning eng yaxshilarini tanlab olish natijalari boʻyicha tender savdolarini oʻtkazmagan holda “Oʻzshahar qurilish invest” IK tomonidan sotib olish”.
6. 11-bandining ikkinchi xatboshidagi “buyurtmachilarga” soʻzi “buyurtmachiga” soʻzi bilan almashtirilsin.
7. 17-bandida:
a) oltinchi xatboshidagi “buyurtmachilar” soʻzi “buyurtmachi” soʻzi bilan almashtirilsin.
v) quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzshahar qurilish invest” IK — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga hamda budjetdan tashqari umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasiga barcha turdagi soliqlar hamda majburiy toʻlovlarni toʻlashdan”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 3-son, 42-modda)