Oʻzbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida
Shartnoma
Jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlarining jinoiy ishlarni tergov qilish va sudda koʻrishda samaradorligini oshirish hamda jinoyatchilikka qarshi yanada samarali tarzda kurashish istagini bildirib,
jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatishda keng koʻlamda hamkorlik qilish zaruriyatini tan olgan holda, quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Umumiy qoidalar
Umumiy qoidalar
1. Mazkur Shartnoma boʻyicha Tomonlar bir-birlariga jinoiy ishlar boʻyicha keng koʻlamda oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatadilar.
2. Huquqiy yordam toʻgʻrisidagi soʻrovlar Markaziy organga diplomatik kanallar orqali joʻnatilishi lozim. Shoshilinch holatlarda soʻrovlar bevosita Markaziy organga yuborilishi mumkin. Bunday hollarda soʻrovlarning nusxalari imkon qadar qisqa vaqtda diplomatik kanallar orqali ham yuborilishi hamda Markaziy organlar soʻrovlarni tezda ijro etishni tashkil qilishi lozim.
3. Oʻzbekiston Respublikasi uchun Markaziy organ Bosh prokuratura hisoblanadi.
Birlashgan Arab Amirliklari uchun Markaziy organ Adliya vazirligi hisoblanadi.
4. Tomonlardan biri oʻz Markaziy organini oʻzgartirgan taqdirda, u bunday oʻzgarishlar toʻgʻrisida boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qiladi.
2-modda
Axborot almashinuvi
Axborot almashinuvi
Tomonlar mazkur Shartnomani amalga oshirish bilan bogʻliq oʻz davlatlarining amaldagi qonunchiligi va sud amaliyotiga oid axborotlarni almashishlari mumkin.
3-modda
Huquqiy yordam koʻlami
Huquqiy yordam koʻlami
1. Tomonlar ushbu Shartnoma qoidalariga muvofiq, jinoyat ishlari yuzasidan tergov qilish, jinoiy taʼqib qilish va ishni sudda koʻrishda bir-birlariga oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatadilar.
2. Huquqiy yordam quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) soʻralayotgan Tomon qonunchiligiga muvofiq shaxslardan koʻrsatuv yoki arizalar olish, shu jumladan, videokonferensiya yoki televizion aloqalar orqali;
b) hujjatlar, yozuvlar va dalillarni taqdim etish;
c) hujjatlarni topshirish;
d) qamoqda saqlanayotgan shaxsni koʻrsatuv berish uchun vaqtincha oʻtkazish;
e) tintuv oʻtkazish va xatlash toʻgʻrisidagi soʻrovlarni bajarish;
f) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar, jinoyat predmeti va qurollarini musodara qilish;
g) mazkur Shartnoma doirasida soʻralayotgan Tomonning qonunchiligiga zid boʻlmagan hamkorlikning boshqa shakllari.
4-modda
Huquqiy yordamni rad etish
Huquqiy yordamni rad etish
1. Soʻralayotgan Tomon quyidagi hollarda yordamni rad etishi mumkin:
a) soʻrov harbiy jinoyat bilan bogʻliq boʻlib, u umumiy jinoyat huquqi boʻyicha jinoyat deb hisoblanmasa;
b) soʻrovni bajarish soʻralayotgan Tomonning suvereniteti, xavfsizligi, jamoat tartibi yoki boshqa muhim manfaatlariga putur yetkazishi mumkin boʻlsa;
c) soʻrov siyosiy xususiyatga ega jinoyatlar bilan bogʻliq boʻlsa;
d) soʻrov soʻralayotgan Tomon qonunchiligi qoidalariga zid boʻlsa;
e) soʻrov faqat moliyaviy jinoyatlar bilan bogʻliq boʻlsa;
f) agar jinoiy ish Tomonlardan birining qonunchiligida belgilangan har qanday asoslarga koʻra tugatilgan boʻlsa;
g) agar huquqiy yordam soʻralayotgan Tomonning qonunchiligiga zid kelishi mumkin boʻlgan majburlov choralari koʻrilishini talab etsa;
h) soʻrov mazkur Shartnoma qoidalariga muvofiq ravishda taqdim etilmagan boʻlsa;
i) soʻrov bilan bogʻliq jinoyat yuzasidan soʻralayotgan Tomon hududida uning yurisdiksiyasi doirasida tergov yoki sud muhokamasi olib borilayotgan boʻlsa yoxud uzil-kesil qaror qabul qilingan boʻlsa.
2. Ushbu modda qoidalariga muvofiq yordam koʻrsatishni rad etishdan avval soʻralayotgan Tomon zarur deb hisoblagan shartlarda yordam koʻrsatish mumkinligini aniqlash maqsadida soʻrayotgan Tomon bilan maslahatlashishi lozim. Agar soʻrayotgan Tomon bunday shartlarda yordam koʻrsatilishiga rozi boʻlsa, mazkur shartlarga amal qilinadi.
3. Agar soʻralayotgan Tomon mazkur modda qoidalariga muvofiq yordam koʻrsatishni rad etsa, buning sabablari toʻgʻrisida soʻrayotgan Tomonni xabardor qiladi.
5-modda
Soʻrov shakli va mazmuni
Soʻrov shakli va mazmuni
1. Yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrov yozma shaklda boʻlishi lozim, shoshilinch holatlarda soʻralayotgan Tomon faks yoki elektron pochta orqali soʻrovni qabul qilishi mumkin. Bunday holda, basharti Tomonlar oʻzgacha tarzda kelishib olmagan boʻlsalar, soʻrov yigirma (20) kun ichida yozma shaklda tasdiqlanishi lozim.
2. Barcha soʻrovlar, zarur hujjatlar va kelgusidagi yozuvlar, agar Tomonlar oʻzgacha tarzda kelishib olmagan boʻlsalar, soʻralayotgan Tomon tiliga yoki ingliz tiliga tarjimasi bilan birga taqdim qilinishi, vakolatli organlar tomonidan imzolangan va rasmiy muhrlangan boʻlishi lozim.
3. Soʻrov quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
a) soʻrov bogʻliq boʻlgan ish yuzasidan tergov olib boruvchi, jinoiy taʼqibni amalga oshiruvchi organ yoki ishni koʻruvchi sud nomi;
b) ish tafsilotlari, tergov, jinoiy taʼqib yoki sud muhokamasi, shu jumladan ishga oid jinoyatlar xususiyatining tavsifi;
c) soʻralayotgan dalil, axborot yoki boshqa turdagi yordam tavsifi;
d) soʻralayotgan dalil, axborot yoki boshqa yordamga doir soʻrov maqsadining tavsifi;
e) qilmishni jinoyat sifatida belgilovchi jinoyat qonunchiligining tegishli moddasi matni.
4. Yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrov, shuningdek quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) dalil olinishi talab qilinayotgan shaxs va u turgan joy toʻgʻrisida maʼlumot;
b) hujjatlar topshirilishi lozim boʻlgan shaxs va u turgan joy toʻgʻrisida maʼlumot, ushbu shaxsning yuritilayotgan jinoyat ishiga aloqadorligi hamda hujjatlarni topshirish usuli;
c) shaxs yoki ashyolar va ularning boʻlishi taxmin qilinayotgan joy toʻgʻrisida maʼlumot;
d) tintuv oʻtkazilishi lozim boʻlgan shaxs va xatlanishi lozim boʻlgan ashyolar turgan joyning aniq tavsifi;
e) soʻralayotgan koʻrsatuv yoki arizalar bayoni, shu jumladan, shaxsdan soʻralishi lozim boʻlgan savollar roʻyxati;
f) soʻrovni bajarishda amal qilish zarur boʻlgan har qanday alohida tartibning bayoni;
g) soʻrayotgan Tomonda hozir boʻlish uchun chaqirilayotgan shaxsga toʻlanadigan toʻlov va xarajatlar toʻgʻrisida maʼlumot;
h) soʻrovning bajarilishini yengillashtirish uchun soʻralayotgan Tomon eʼtiborini jalb qilishi mumkin boʻlgan har qanday boshqa maʼlumotlar.
6-modda
Soʻrovlarni ijro etish
Soʻrovlarni ijro etish
1. Soʻralayotgan Tomon soʻrovni vakolatli organga ijro qilish uchun topshirish orqali uni bajaradi. Ushbu vakolatli organ soʻrovni ijro etish uchun zarur boʻlgan barcha choralarni koʻradi. Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organi soʻrovni bajarish uchun zarur boʻlgan chaqiruv qogʻozi, tintuv oʻtkazishga ruxsat yoki boshqa har qanday qaror chiqarish huquqiga ega.
2. Soʻrov soʻralayotgan Tomonning qonunchiligiga muvofiq ijro etiladi, soʻrovda koʻrsatilgan tartibga, basharti u soʻralayotgan Tomon qonunchiligiga zid boʻlmasa, amal qilinadi.
3. Agar soʻralayotgan Tomon soʻrovning bajarilishi mazkur Tomonda olib borilayotgan tergov, jinoiy taʼqib yoki sud muhokamasiga toʻsqinlik qiladi deb hisoblasa yoxud uning ijro etilishini zarur shartlarga rioya qilinganidan soʻng taʼminlash mumkin deb topsa, soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomon bilan maslahatlashib olishi lozim. Agar soʻrayotgan Tomon soʻralayotgan Tomon belgilagan shartlarda yordam koʻrsatilishiga rozi boʻlsa, mazkur shartlarga amal qilinadi.
4. Agar soʻrayotgan Tomon soʻrov va uning mazmunini sir saqlashni talab qilsa, soʻralayotgan Tomon buning uchun zarur boʻlgan barcha choralar koʻradi. Basharti maxfiylikni buzmagan holda ushbu soʻrovni ijro qilishning imkoni boʻlmasa, soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomonni bu haqda xabardor qiladi, u esa oʻz navbatida soʻrovni bu holatda ijro etish yoki etmaslik masalasini hal qiladi.
5. Soʻralayotgan Tomon soʻrovni bajarish jarayoni yuzasidan soʻrayotgan Tomonning asosli iltimoslariga javob yuborishi lozim.
6. Soʻralayotgan Tomon soʻrovni ijro etish natijalari toʻgʻrisida soʻrayotgan Tomonni xabardor qiladi. Agar soʻrovning bajarilishi rad etilsa yoki kechiktirilsa, soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomonni bunday rad etish yoki kechiktirish sabablari toʻgʻrisida xabardor qiladi.
7-modda
Xarajatlar
Xarajatlar
1. Soʻralayotgan Tomon soʻrovning ijro etilishi bilan bogʻliq barcha xarajatlarni qoplaydi, soʻrayotgan Tomon esa quyidagilarni oʻz zimmasiga oladi:
a) ekspertlarga toʻlanadigan haq, tarjima va nusxa koʻchirish xarajatlari;
b) shaxsning mazkur Shartnomaning 11 va 12-moddalari qoidalariga binoan yoki soʻrayotgan Tomon ehtiyojlari uchun soʻralayotgan Tomon hududiga kelib-ketishi bilan bogʻliq toʻlov va xarajatlar;
c) videokonferensiya va televizion aloqalarni oʻrnatish hamda undan foydalanish va bunday harakatlarda tarjimonni taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar;
d) mazkur Shartnomaning 12-moddasiga muvofiq qamoqda ushlab turilgan shaxsni koʻrsatuv berish uchun oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar.
2. Agar soʻrovni ijro etish mobaynida koʻzda tutilmagan xarajatlar kelib chiqishi ayon boʻlsa, Tomonlar soʻrov ijrosini davom ettirish shartlarini aniqlashtirish maqsadida maslahatlashishlari lozim.
8-modda
Foydalanishga oid cheklovlar
Foydalanishga oid cheklovlar
1. Soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomondan ushbu Shartnomaga muvofiq olingan har qanday axborot yoki dalillardan soʻralayotgan Tomonning oldindan olingan roziligisiz soʻrovda koʻzda tutilgandan boshqa tergov, jinoiy taʼqib yoki sud muhokamasida foydalanmaslikni talab qilishi mumkin. Basharti soʻralayotgan Tomon buni talab qilsa, soʻrayotgan Tomon ushbu shartlarga rioya etishi lozim.
2. Soʻralayotgan Tomon ushbu Shartnoma boʻyicha taqdim etilgan axborot yoki dalillarning sir saqlanishini yoki ulardan faqat oʻzi belgilab bergan shartlarda foydalanishni talab qilish mumkin. Agar soʻralayotgan Tomon buni talab qilsa, soʻrayotgan Tomon ushbu shartlarga rioya etishi lozim.
3. Axborot yoki dalillar soʻrayotgan Tomonda ushbu moddaning 1 va 2-bandlariga zid boʻlmagan tartibda hammaga maʼlum qilingan boʻlsa, ular istalgan maqsadlarda foydalanilishi mumkin.
9-modda
Soʻralayotgan Tomonda koʻrsatuv va dalillar
Soʻralayotgan Tomonda koʻrsatuv va dalillar
1. Mazkur Shartnomaga binoan soʻralayotgan Tomon hududidagi dalillar olinishi talab etilayotgan shaxs ushbu Tomon milliy qonunchiligiga muvofiq, zarurat tugʻilganda hozir boʻlishga va koʻrsatuv berishga yoki ashyolarni, jumladan, hujjat va yozuvlarni taqdim etishga majbur qilinadi.
2. Soʻralayotgan Tomon oʻz qonunchiligida belgilangan tartibda, soʻrovni ijro etishda unda koʻrsatilgan shaxslarning hozir boʻlishiga ruxsat berishi mumkin.
3. Agar mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan shaxs soʻrayotgan Tomon qonunchiligiga binoan daxlsizligi, layoqatsizligi yoki imtiyozi toʻgʻrisida daʼvo qilsa, soʻralayotgan Tomon koʻrsatuv yoki dalillarni olishdan oldin soʻrayotgan Tomonni mazkur daʼvoni hal qilish uchun xabardor qiladi.
4. Soʻralayotgan Tomon hududida taqdim qilingan yoki mazkur moddaga muvofiq soʻrayotgan Tomonning soʻrovi boʻyicha olingan koʻrsatuvlarga tegishli boʻlgan dalillar soʻralayotgan Tomon qonunchiligiga binoan tasdiqlanishi lozim.
10-modda
Hujjat va yozuvlar bilan taʼminlash
Hujjat va yozuvlar bilan taʼminlash
1. Soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomonni umumiy foydalanish uchun ochiq boʻlgan hujjat va yozuvlarning nusxalari bilan taʼminlaydi.
2. Soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomonni ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilmagan har qanday boshqa hujjat va yozuvlarning nusxalari bilan taʼminlashi mumkin, milliy xavfsizlikka taalluqli boʻlgan hujjat va yozuvlar bundan mustasno.
11-modda
Soʻralayotgan Tomon hududidan tashqaridagi koʻrsatuvlar
Soʻralayotgan Tomon hududidan tashqaridagi koʻrsatuvlar
1. Agar soʻrayotgan Tomon soʻralayotgan Tomondagi shaxsni koʻrsatuvlar berish uchun soʻrayotgan Tomonda hozir boʻlishini talab etsa, soʻralayotgan Tomon mazkur shaxsni uning xohishiga koʻra koʻrsatuv berish uchun taklif qilishi lozim. Soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomonni bu borada koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida xabardor qiladi.
2. Soʻrayotgan Tomon shaxsga qoplanadigan xarajatlar doirasini aniqlashi lozim. Hozir boʻlishga rozilik bergan shaxs soʻrayotgan Tomondan bu xarajatlarni qoplash uchun avans soʻrashi mumkin. Bu avans soʻrayotgan Tomonning elchixonasi yoki konsullik muassasasi tomonidan taʼminlanishi mumkin.
3. Mazkur modda qoidalariga asosan hozir boʻlgan shaxs soʻrayotgan Tomon hududida soʻralayotgan Tomon hududini tark etguniga qadar sodir etgan har qanday qilmishi uchun yoki chiqarilgan hukmlar asosida hozir boʻlishi uchun chaqirilishi, qamoqqa olinishi yoxud shaxsiy erkinlikning boshqacha tarzda cheklanishiga duchor etilishi, shuningdek oʻz koʻrsatuvlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi yoki jazolanishi mumkin emas.
4. Agar soʻrayotgan Tomonda hozir boʻlgan shaxs uning hududini tark etish uchun erkinligi va imkoniyatlarga ega boʻlib, bundan buyon hozir boʻlishiga zarurat yoʻqligi toʻgʻrisida xabar olgan kundan boshlab oʻttiz (30) kun ichida tark etmasa yoki tark etib, ixtiyoriy ravishda qaytib kelsa, boshqa jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilishi mumkin. Mazkur muddat shaxs oʻziga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra hududni tark eta olmagan davrni qamrab olmaydi.
12-modda
Qamoqdagi shaxsni oʻtkazish
Qamoqdagi shaxsni oʻtkazish
1. Soʻralayotgan Tomonda qamoqda saqlanayotgan shaxs oʻzining va soʻralayotgan Tomonning roziligi bilan mazkur Shartnomaga muvofiq soʻrayotgan Tomonda koʻrsatuv berish uchun vaqtincha oʻtkazilishi mumkin.
2. Ushbu modda maqsadlarida:
a) soʻrayotgan Tomon oʻtkazilgan shaxsni qamoqda saqlab turadi, basharti soʻralayotgan Tomon boshqacha ruxsat bermagan boʻlsa;
b) soʻrayotgan Tomon qamoqda saqlab turilgan shaxsni oʻtkazilgan vaqtdan boshlab oltmish (60) kun ichida soʻralayotgan Tomonga qaytarishi lozim;
c) oʻtkazilgan shaxs soʻrayotgan Tomonda qamoqda saqlab turilgan davr uning soʻralayotgan Tomonda belgilangan jazoni oʻtash muddatiga qoʻshiladi.
3. Soʻralayotgan Tomon oʻtkazilgan shaxsning hukm bilan tayinlangan jazo muddati tugaganligi yoki boshqa sabablarga koʻra bundan keyin qamoqda ushlab turish zaruriyati yoʻqligi toʻgʻrisida soʻrayotgan Tomonga xabar qiladi. Bu holatda soʻrayotgan Tomon shaxsni ozod qiladi va unga nisbatan mazkur Shartnoma 11-moddasining 4-bandi qoidalari qoʻllaniladi.
13-modda
Qamoqdagi shaxslarni tranzit olib oʻtish
Qamoqdagi shaxslarni tranzit olib oʻtish
1. Soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomonda hozir boʻlishi talab qilingan qamoqda saqlab turilgan shaxsni oʻz hududi orqali tranzit olib oʻtish uchun ruxsat berishi mumkin.
2. Soʻralayotgan Tomon tranzit olib oʻtish davomida shaxsni qamoqda saqlab turadi.
14-modda
Hujjatlarni topshirish
Hujjatlarni topshirish
1. Soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomonning mazkur Shartnoma qoidalariga muvofiq yuborgan yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻroviga toʻliq yoki qisman tegishli boʻlgan har qanday hujjatlarni samarali tarzda topshirish uchun barcha choralar koʻradi.
2. Soʻrayotgan Tomon shaxsni oʻz organida hozir boʻlishini talab qiluvchi hujjatni topshirish toʻgʻrisidagi soʻrovni ushbu shaxs hozir boʻlishi kerak boʻlgan muddatdan oltmish (60) kun oldin yuboradi.
3. Soʻralayotgan Tomon soʻrovda koʻrsatilgan tartibda hujjatlarni topshirganligini tasdiqlovchi xabarnomani qaytarishi lozim.
4. Chaqiruvga binoan kelmagan shaxs soʻralayotgan Tomonning qonunchiligiga muvofiq biror bir jazoga tortilishi yoki majburiy choralarga duchor qilinishi mumkin emas.
15-modda
Tintuv oʻtkazish va xatlash
Tintuv oʻtkazish va xatlash
1. Soʻralayotgan Tomon oʻz qonunchiligiga muvofiq soʻrayotgan Tomonda tergov qilinayotgan jinoyatga aloqador har qanday ashyolarni topish uchun tintuv oʻtkazish, xatlash yoki topshirish toʻgʻrisidagi soʻrovni bajarishi hamda ushbu ashyolarni topshirishi lozim.
2. Soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomondan topshiradigan ashyolarga nisbatan uchinchi shaxslarning manfaatlarini himoya qilish uchun zarur boʻlgan shartlarga rozi boʻlishni talab qilishi mumkin.
3. Soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomonni u talab qilishi mumkin boʻlgan har qanday tintuv natijalari, xatlash joyi va holatlari hamda olib qoʻyilgan ashyolarning kelgusida saqlanishiga doir maʼlumotlar bilan taʼminlashi lozim.
4. Soʻrayotgan Tomon xatlanib, unga topshirilgan ashyolarga doir soʻralayotgan Tomon belgilagan har qanday shartlarga amal qilishi lozim.
16-modda
Ashyolarni qaytarish
Ashyolarni qaytarish
Soʻrayotgan Tomon, agar soʻralayotgan Tomon buni talab qilsa, mazkur Shartnomaga muvofiq soʻrovni bajarish maqsadida unga taqdim etilgan ashyolarni, shu jumladan, hujjatlar va yozuvlarni qaytarib beradi.
17-modda
Musodara qilishda koʻmaklashish
Musodara qilishda koʻmaklashish
1. Agar Tomonlardan biriga boshqa Tomon hududida joylashgan va musodara qilinishi mumkin boʻlgan yoki mazkur Tomonning qonunchiligiga muvofiq boshqacha tarzda xatlanishi mumkin boʻlgan jinoiy daromadlar, jinoyat predmetlari va qurollari maʼlum boʻlsa, u bu haqda boshqa Tomonni xabardor qilishi mumkin. Agar mazkur boshqa Tomon bunga nisbatan yurisdiksiyaga ega boʻlsa, u olingan maʼlumotni qaror qabul qilish uchun oʻzining vakolatli organlariga taqdim etishi mumkin va bu organlar qonunchilikka asosan qaror qabul qilib, koʻrilgan choralar toʻgʻrisida boshqa Tomonni xabardor qilishi lozim.
2. Har bir Tomon boshqa Tomonga jinoiy daromadlar, jinoyat predmetlari va qurollarini musodara qilish, jabrlanuvchilarga jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni qoplash va tovon undirishda oʻz qonunchiligi yoʻl qoʻyadigan darajada yordam beradi.
3. Jinoiy daromadlar, jinoyat predmetlari va qurollarini saqlayotgan Tomon oʻz qonunchiligiga muvofiq ularni tasarruf etadi. Tomonlardan har biri mazkur mulkning hammasini yoki bir qismini yoxud uni sotishdan olingan foydani boshqa Tomonga oʻz qonunchiligi ruxsat bergan darajada va mazkur Tomon lozim deb topgan shartlarda topshirishi mumkin.
18-modda
Oʻzlashtirib olingan davlat aktivlarini qaytarish
Oʻzlashtirib olingan davlat aktivlarini qaytarish
1. Agar soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomondan talon-toroj qilingan davlat mulki boʻlgan aktivlarni xatlasa yoki musodara qilsa, soʻralayotgan Tomon xatlangan yoki musodara qilingan aktivlarni ularning legallashtirilganligi yoki legallashtirilmaganligidan qatʼi nazar, asosli xarajatlarni chiqarib tashlagan holda soʻrayotgan Tomonga qaytarib beradi.
2. Qaytarib berish soʻrayotgan Tomonda yakuniy qaror chiqarilgandan soʻng amalga oshiriladi.
19-modda
Musodara qilingan aktivlar yoxud ularga tenglashtirilgan mablagʻlarni taqsimlash
Musodara qilingan aktivlar yoxud ularga tenglashtirilgan mablagʻlarni taqsimlash
1. Agar bir Tomon ixtiyorida davlat aktivi hisoblanmagan, musodara qilingan mulk boʻlsa va mazkur Tomon (saqlovchi Tomon) boshqa Tomonni (hamkorlik qiluvchi Tomon) bunga hamkorlik qilgan deb hisoblasa, saqlovchi Tomon oʻz ixtiyoriga koʻra va oʻz qonunchiligiga muvofiq ushbu aktivlar yoki ularga tenglashtirilgan mablagʻlarni hamkorlik qiluvchi Tomon bilan taqsimlab olishi mumkin.
2. Agar alohida holatlarda Tomonlar boshqacha tarzda kelishib olmagan boʻlsa, aktivlarni taqsimlash toʻgʻrisidagi soʻrov musodara qilish boʻyicha yakuniy qaror kuchga kirgandan soʻng bir yil ichida yuborilishi lozim.
3. Agar Tomonlar boshqacha tarzda kelishib olmagan boʻlsa, saqlovchi Tomon mazkur modda qoidalariga muvofiq har qanday summani topshirishda undan foydalanish shartlarini belgilamasligi lozim, shu jumladan, hamkorlik qiluvchi Tomondan boshqa davlat, tashkilot yoki jismoniy shaxs bilan ushbu mablagʻni boʻlishishni talab qilmasligi lozim.
20-modda
Shartnomaning boshqa xalqaro shartnomalar bilan munosabati
Shartnomaning boshqa xalqaro shartnomalar bilan munosabati
Ushbu Shartnoma Tomonlar ishtirokchi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga daxl qilmaydi.
21-modda
Nizolarni hal etish
Nizolarni hal etish
Ushbu Shartnomani talqin qilish va qoʻllashda yuzaga keladigan barcha nizolar boʻyicha Tomonlarning Markaziy organlari oʻzaro kelishuvga erishishmasa, ular diplomatik kanallar orqali maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal qilinadi.
22-modda
Ratifikatsiya, kuchga kirishi, oʻzgartishlar va tugatilishi
Ratifikatsiya, kuchga kirishi, oʻzgartishlar va tugatilishi
1. Ushbu Shartnoma ratifikatsiya qilinishi hamda ratifikatsiya yorliqlari almashinishi lozim.
2. Ushbu Shartnoma ratifikatsiya yorliqlari almashingan sanadan soʻng oʻttizinchi (30) kunda kuchga kiradi.
3. Ushbu Shartnoma Tomonlarning oʻzaro kelishuviga asosan oʻzgartirilishi mumkin, bunday holatlarda mazkur modda qoidalari qoʻllaniladi.
4. Har bir Tomon istalgan vaqtda diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma yuborish bilan Shartnomaning amal qilishini tugatishi mumkin. Shartnomaning amal qilishi bunday xabarnoma berilgan sanadan boshlab olti (6) oydan soʻng tugaydi. Biroq xabarnoma berilishidan oldin boshlangan protsessual harakatlar ular yakunlanguniga qadar ushbu Shartnoma bilan tartibga solinishda davom etadi.
Tegishli tartibda oʻz davlatlari tomonidan vakolatlangan quyida imzo chekuvchilar shunga guvohlik berib, ushbu Shartnomani imzoladilar.
Abu Dabi shahrida 2014-yil 11-noyabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Ushbu Shartnoma matnlarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)