Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2017 — 2019-yillar davrida Namangan shahrining yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2016 — 2019-yillarda Namangan viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida” 2015-yil 24-noyabrdagi PQ-2439-son qarorini bajarish yuzasidan, Namangan shahrini rivojlantirishning bosh rejasini amalga oshirish doirasida yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada takomillashtirish, shuningdek magistral koʻchalar boʻyidagi zamonaviy qurilish va obodonlashtirishni amalga oshirish yoʻli bilan shaharning arxitekturaviy qiyofasini yangilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2017 — 2019-yillar davrida Namangan shahrining mukammal taʼmirlanishi kerak boʻlgan koʻchalari roʻyxati (keyingi oʻrinlarda roʻyxat deb ataladi) 1-ilovaga* muvofiq;
2017 — 2019-yillar davrida Namangan shahrining muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini — suv taʼminoti, kanalizatsiya, elektr taʼminoti, gaz taʼminoti va telekommunikatsiyalar tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish ishlarining prognoz hajmlari 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar:
Namangan viloyati hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi — Namangan shahrining roʻyxatga kiritilgan koʻchalarini mukammal taʼmirlash, shuningdek Namangan shahrining suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish ishlarining buyurtmachisi etib;
“Yoʻl — loyiha byurosi” masʼuliyati cheklangan jamiyat — Namangan shahrining roʻyxatga kiritilgan koʻchalarini mukammal taʼmirlash boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiquvchi bosh loyihalash tashkiloti etib;
Namangan shahrining suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha bosh loyihalash tashkilotlari — belgilangan tartibda tanlov savdolari natijalari boʻyicha;
Namangan shahrining roʻyxatga kiritilgan koʻchalarini mukammal taʼmirlash, shuningdek Namangan shahrining suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish boʻyicha bosh pudrat tashkilotlari — belgilangan tartibda tanlov savdolari natijalari boʻyicha belgilansin.
3. Quyidagilar 2017 — 2019-yillarda Namangan shahrining yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rekonstruksiya qilish va qurish ishlarini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Namangan shahrining tasdiqlangan roʻyxatga kiritilgan koʻchalari qizil liniyalari doirasida mukammal taʼmirlash boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlari;
Namangan shahrining tasdiqlangan roʻyxatga kiritilgan koʻchalari boʻylab joylashgan obyektlarni koʻchirish boʻyicha — mahalliy budjet mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar;
Namangan shahrining tasdiqlangan roʻyxatga kiritilgan koʻchalari boʻylab joylashgan, ushbu qarorga 2-ilovada* nazarda tutilgan suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish boʻyicha — kapital qoʻyilmalar mablagʻlari;
Namangan shahrining tasdiqlangan roʻyxatga kiritilgan koʻchalari boʻylab joylashgan, ushbu qarorga 2-ilovada* nazarda tutilgan elektr taʼminoti, gaz taʼminoti va telekommunikatsiyalar tizimlarini — muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rekonstruksiya qilish boʻyicha — tegishli ravishda “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻztransgaz” va “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyalarining oʻz mablagʻlari.
4. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi va “Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksi” masʼuliyati cheklangan jamiyat 2017 — 2019-yillar davrida Namangan shahrining suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish ishlarini bajarish uchun belgilangan tartibda aniqlangan pudrat tashkilotlariga, buyurtmachining asoslangan buyurtmanomalariga binoan, polietilen granulalarga deklaratsiya qilingan narxlar boʻyicha 3-ilovaga* muvofiq hajmlarda polietilen quvurlar ajratilishini taʼminlasinlar.
* 1 — 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi har yili Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda kelgusi yil uchun Namangan shahrining suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini loyihalash, rekonstruksiya qilish va qurishga tegishli kapital qoʻyilmalar mablagʻlarini nazarda tutsinlar.
6. Namangan viloyati hokimligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi va “Yoʻl — loyiha byurosi” masʼuliyati cheklangan jamiyat bilan birgalikda — Namangan shahrining tasdiqlangan roʻyxatga kiritilgan koʻchalarini bosqichma-bosqich mukammal taʼmirlash boʻyicha;
“Oʻzkommunxizmat” agentligi bilan birgalikda — Namangan shahrining suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarining ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin va obyektlarning qurilish-montaj ishlarini bajarish sifati yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov va Namangan viloyati hokimi X.X. Bozarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 13-dekabr,
404-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 50-son, 568-modda)