O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ariza beruvchi — uy quruvchining fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tavsiyalari asosida 2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-fevraldagi 103-sonli “Ariza beruvchi-uy quruvchining 2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida” 2016-yil 21-oktabrdagi PQ-2639-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish ko‘lamlarini kengaytirish hisobiga qishloq aholisining turmush darajasi va sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ariza beruvchi — uy quruvchining fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tavsiyalari asosida 2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri R.S. Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 24-noyabr,
393-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 24-noyabrdagi 393-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ariza beruvchi — uy quruvchining fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tavsiyalari asosida 2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi PQ-2639-son qarori bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish uchun fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tomonidan aniqlanadigan potensial uy quruvchilarning Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylarga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyojlaridan kelib chiqib, uy quruvchilarni tanlab olish va ularning ishtirok etishi tartibini belgilaydi.
2. Agar Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish uchun jalb etilgan xorijiy kreditlar va grantlarni berish shartlarida ushbu Nizomda nazarda tutilgan qoidalardan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro va xorijiy moliyaviy tashkilotlarning tegishli amal qiluvchi hujjatlarida belgilangan qoidalar qo‘llaniladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oila — boshqa oila yoxud boshqa oilalar bilan bir uyda (bir kvartirada) birgalikda yashovchi oila; ko‘p bolali oilalar; to‘liq bo‘lmagan oilada bolani (bolalarni) tarbiyalayotgan onalar (otalar); tarkibida birinchi guruh nogironi bo‘lgan yoxud surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va qonun hujjatlariga muvofiq alohida xonada yashashga ehtiyoj sezuvchi shaxs bo‘lgan oila; kam ta’minlangan oilalar, shuningdek uy-joy maydoni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq bo‘lmagan oilalar;
ariza beruvchi — qishloq joylarda doimiy yashovchi va uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida Dasturda ishtirok etish uchun yozma tavsiya olish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga ariza bergan uy-joyga muhtoj bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining 18 yoshga to‘lgan fuqarosi;
talabgor — uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida Dasturda ishtirok etish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining yozma tavsiyasini olgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi;
uy-joy quruvchi — qishloq joylarda doimiy yashovchi, Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish uchun belgilangan tartibda buyurtmani rasmiylashtirgan, unga nisbatan ishtirok etuvchi tijorat bankining Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joy qurish uchun ipoteka krediti berish to‘g‘risida ijobiy qarori qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi;
injiniring kompaniyasi — Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joy qurish uchun uy quruvchi bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha buyurtmachi funksiyasini bajaruvchi “Qishloq qurilish invest” IK MChJ;
ishtirok etuvchi tijorat banklari — Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylar qurishni moliyalashtirishda ishtirok etuvchi tijorat banklari;
er massivi — tegishli aholi punkti uchun ishlab chiqilgan bosh reja asosida Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylar hamda ijtimoiy, muhandislik va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlari qurish uchun injiniring kompaniyasiga beriladigan yer uchastkalari;
Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylar — hovlidagi imoratlar va obod hovlilar bilan birgalikda ikki, uch qavatli ko‘p kvartirali (2-3 xonali) uylar va 0,02 ga o‘lchamli yer uchastkalarida aholi zich tumanlarda joylashtiriladigan hovlisida imoratlari bo‘lgan bir qavatli 2 va 3 xonali uylar;
yozma tavsiya — uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida Dasturda ishtirok etish uchun ariza beruvchiga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan beriladigan yozma tavsiya.
4. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining tavsiyalari asosida uy-joy quruvchilarning Dasturdagi ishtiroki ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxemaga binoan amalga oshiriladi.
2-bob. Talabgorlarni tanlab olish va ijtimoiy ustuvorlik asosida ularga yozma tavsiyalar berish tartibi
5. Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylar qurishda talabgorlarni tanlab olish fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarni dastlabki tanlash bo‘yicha tizimning shaffofligi va ishonchliligi tamoyilidan kelib chiqib amalga oshiriladi.
6. Ariza beruvchi yozma tavsiyani olish uchun doimiy yashash joyi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga raisning (oqsoqolning) nomiga ariza beruvchining ushbu Nizomning 11-bandida ko‘rsatilgan ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjatlar ilova qilingan arizani taqdim etadi.
7. Ariza beruvchi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga taqdim etiladigan hujjatlarning ishonchliligi uchun javob beradi.
8. Hujjatlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining vakolatli shaxsi tomonidan ro‘yxat bo‘yicha qabul qilinadi, uning nusxasi hujjatlar qabul qilingan sana to‘g‘risida belgi qo‘yilgan holda tilxat bilan ariza beruvchiga topshiriladi.
9. Arizalar hisobi alohida ro‘yxatdan o‘tkazish jurnalida (keyingi o‘rinlarda jurnal deb ataladi) yuritiladi. Jurnal raqamlangan, ip o‘tkazib tikilgan va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining muhri bilan muhrlangan bo‘lishi kerak.
Har bir arizaga jurnalda takrorlanmaydigan ro‘yxatdan o‘tkazish raqami beriladi. Arizalar jurnalga ketma-ketlikda, ular olinishiga qarab kiritilishi kerak.
Arizani jurnalda dastlab ro‘yxatdan o‘tkazmasdan ko‘rib chiqish taqiqlanadi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi arizalarni ularning tushishi va jurnalda ro‘yxatdan o‘tkazilishi (qayd etilishi) navbatliligiga ko‘ra ko‘rib chiqishi shart.
10. Ariza fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan ariza qabul qilingan va jurnalda ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan boshlab ikki ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqiladi.
11. Arizani ko‘rib chiqishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan quyidagi ijtimoiy mezonlar hisobga olinadi:
a) ariza beruvchida mulk huquqi bilan turar joyning yo‘qligi va turar joyda ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz turar joyda yashashi;
b) boshqa oila yoki boshqa oilalar bilan bir uyda (bir kvartirada) yashashi;
v) ko‘p bolali;
g) oilaning kam ta’minlanganligi;
d) bir yoki undan ko‘p bola ota-onalardan biri (to‘liq bo‘lmagan oila) tomonidan tarbiyalanishi va boqilishi;
e) ariza beruvchining oila a’zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslarning mavjudligi;
j) ariza beruvchining oila a’zolari orasida birinchi guruh nogironi mavjudligi;
z) uy-joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi.
12. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ariza beruvchining uy-joy sharoitlarini, shu jumladan ushbu Nizomning 11-bandida ko‘rsatilgan ijtimoiy mezonlarga muvofiqligi yuzasidan o‘rganadi, o‘rganish yakunlari bo‘yicha ariza beruvchida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoj amalda mavjudligi yoki yo‘qligi to‘g‘risida tekshirish dalolatnomasi tuziladi.
13. Tekshirish dalolatnomasi ikki nusxada tuziladi, uning bir nusxasi imzo qo‘yadigan holda ariza beruvchiga beriladi.
14. Arizani ko‘rib chiqish va uy-joy sharoitlarini o‘rganish natijalari bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi bir ish kuni mobaynida ariza beruvchiga keyinchalik injiniring kompaniyasining va ishtirok etuvchi tijorat bankining filiallariga taqdim etish uchun ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha yozma tavsiya beradi yoki ariza beruvchini rad etishning aniq sabablarini ko‘rsatgan holda yozma tavsiya berilishi rad etilishidan yozma shaklda xabardor qiladi.
15. Yozma tavsiya fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan ariza beruvchiga ikki nusxada beriladi.
Bir nusxasi talabgor tomonidan uning dastlabki shartnomani tuzish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish uchun injiniring kompaniyasining filialiga taqdim etiladi, ikkinchi nusxa esa talabgor tomonidan doimiy yashash joyi bo‘yicha ishtirok etuvchi tijorat bankining tegishli filialiga beriladigan ipoteka krediti berish to‘g‘risidagi arizaga ilova qilinadi.
16. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi yozma tavsiyaning to‘g‘riligi va o‘z vaqtida berilishi, shuningdek uni berishning asossiz ravishda rad etilishi uchun javob beradi.
17. Quyidagi hollarda yozma tavsiya berish ariza beruvchiga rad etilishi mumkin:
a) ushbu Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar to‘liq bo‘lmagan hajmda taqdim etilishi;
b) taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz yoki buzilgan ma’lumotlar mavjudligi;
v) ariza beruvchining uy-joy sharoitlarini, shu jumladan uning ushbu Nizomning 11-bandida ko‘rsatilgan ijtimoiy mezonlarga muvofiqligi yuzasidan o‘rganish yakunlari bo‘yicha tuzilgan tekshirish dalolatnomasida ariza beruvchida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoj yo‘qligi holatining asosli ko‘rsatilishi;
g) Dastur va qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joy qurish dasturlari doirasida ilgari qishloq joylarda arzon uy yoki yakka tartibdagi uy olgan uy quruvchining takroriy murojaati.
18. Ushbu Nizomning 17-bandida ko‘rsatilmagan boshqa asoslar bo‘yicha yozma tavsiya berish rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
19. Yozma tavsiya berish rad etilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi rad etishning aniq sabablarini va ariza beruvchi ko‘rsatilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddatni ko‘rsatgan holda ariza beruvchiga yozma bildirishnoma yuboradi (topshiradi).
Ariza beruvchi yozma tavsiya berish rad etilishining sabablarini bartaraf etishga va hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish uchun taqdim etishga haqli bo‘lgan muddat yozma tavsiya berish rad etilishi to‘g‘risidagi yozma bildirishnoma olingan kundan boshlab besh ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak.
20. Yozma tavsiya berish rad etilishi to‘g‘risidagi yozma bildirishnomada ko‘rsatilgan muddat tamom bo‘lgandan keyin ariza beruvchi tomonidan berilgan ariza ko‘rib chiqilmaydi.
3-bob. Talabgorlarning arizalarini ko‘rib chiqish tartibi
22. Tuman (shahar) hokimining Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish uchun yer uchastkasini injiniring kompaniyasiga berish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandan keyin tanlab olingan yer massivlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar injiniring kompaniyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari orqali mahalliy aholi e’tiboriga yetkaziladi.
23. Injiniring kompaniyasining filiali Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish xohishini bildirgan talabgorlarning arizalarini qabul qiladi va ko‘rib chiqadi hamda Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 26-oktabrdagi 280-son qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi ishtirokida yakka tartibda uy-joy qurilishini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda nazarda tutilgan talablar va muddatlar asosida ular bilan dastlabki shartnomalarni tuzadi.
24. Injiniring kompaniyasining filiali bilan dastlabki shartnomalarni tuzgan talabgorlar ipoteka krediti berish to‘g‘risidagi ariza bilan doimiy yashash joyi bo‘yicha ishtirok etuvchi tijorat bankining tegishli filialiga murojaat qiladilar.
25. Ipoteka krediti berish to‘g‘risidagi arizada talabgor qurilish uchun ipoteka krediti olishni mo‘ljallayotgan Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylarning turi ko‘rsatilishi kerak. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
a) yozma tavsiya;
b) kredit olishning maqsadi, ta’minlanganligi, kredit muddati va summasi ko‘rsatilgan holda ipoteka krediti olishga buyurtmanoma;
v) talabgor (birgalikda qarz oluvchi)ning pasporti nusxasi;
g) yashash joyidan oila tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
d) talabgor (birgalikda qarz oluvchi)ning moliyaviy ahvolini tasdiqlovchi hujjatlar;
e) dastlabki badal jamg‘arma omonat hisob raqamiga joylashtirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va injiniring kompaniyasining filiali bilan tuzilgan dastlabki shartnomaning nusxasi.
26. Ishtirok etuvchi tijorat bankining filiallari Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 25-maydagi 148-son qarori bilan tasdiqlangan Tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan imtiyozli ipoteka krediti berish tartibi to‘g‘risidagi nizomda va Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 26-oktabrdagi 280-son qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi ishtirokida yakka tartibda uy-joy qurilishini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda nazarda tutilgan talablarga va muddatlarga muvofiq talabgorlarning ipoteka krediti berish to‘g‘risidagi arizalarini ko‘rib chiqadi.
27. Talabgorlarni tanlashda ishtirok etuvchi tijorat bankining filiali yozma tavsiyani e’tiborga olgan holda talabgorlarning kreditga layoqatini baholaydi.
28. Talabgorlarning kreditga layoqatini baholash natijalari asosida ishtirok etuvchi tijorat bankining filiali bankning unga ipoteka krediti berishni ma’qullashi yoki rad etishi to‘g‘risidagi qarori haqida talabgorga yozma ravishda xabar qiladi.
29. Talabgor (birgalikda qarz oluvchi)ning kreditga layoqati yetarli bo‘lmaganda ipoteka kreditini olish huquqiga navbat tartibida ipoteka krediti berish to‘g‘risidagi arizani bergan talabgor ega bo‘ladi.
30. Ipoteka krediti berish rad etilgan talabgorlar keyingi yilda ipoteka krediti berish to‘g‘risida takroran ariza berishga haqlidir.
4-bob. Yakunlovchi qoida
31. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Ariza beruvchi — uy quruvchining fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tavsiyalari asosida 2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Uy quruvchilarning fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tavsiyalari asosida 2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi
SXEMASI
Ariza beruvchi — uy quruvchining fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tavsiyalari asosida 2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Qishloq qurilish invest” IK MChJ va ishtirok etuvchi tijorat bankining filiallariga taqdim etish uchun ariza beruvchida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoj mavjudligi to‘g‘risida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining
YoZMA TAVSIYASI
| | | | | | |
№ _______________ | |
| Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joy qurish uchun “Qishloq qurilish invest” IK MChJ filiali bilan dastlabki shartnomani tuzish va ishtirok etuvchi tijorat bankining filialida ipoteka krediti olish uchun | |||||||
| ____________________________________________________________________________________________ | |||||||
|
(doimiy yashash joyining manzili ko‘rsatiladi) | |||||||
| manzilida doimiy yashaydigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi (talabgor) _____________________________ | |||||||
| __________________________________________________________________________________________ga | |||||||
|
(F.I.O.) | |||||||
| berildi. | | | | | | | |
| Ushbu tavsiya _________________________________________________________________________________ | |||||||
| |
(fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ko‘rsatiladi) | ||||||
| tomonidan tuzilgan 20____ yil “___”__________ dagi _____-son Ariza beruvchida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoj amalda mavjudligi yoki yo‘qligi to‘g‘risida uy-joy sharoitlarini tekshirish dalolatnomasiga muvofiq berildi. Bunda, ______________________________________________________________________ | |||||||
| | |
(talabgorning F.I.O.) | |||||
| quyidagi ijtimoiy mezonlarga muvofiqligi inobatga olingan: | | | | ||||
| 1) _________________________________________________________________________________________; | |||||||
| 2) _________________________________________________________________________________________; | |||||||
| 3) _________________________________________________________________________________________. | |||||||
|
(Ariza beruvchi — uy quruvchining fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining tavsiyalari asosida 2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 11-bandida nazarda tutilgan ijtimoiy mezonlar ko‘rsatiladi) | |||||||
| Ushbu yozma tavsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi “2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida” PQ-2639-son qaroriga va Ariza beruvchi — uy quruvchining fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tavsiyalari asosida 2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq berildi. | |||||||
| Fuqarolar yig‘inining raisi (oqsoqol) | | | | | |||
| _____________________________________________ | | __________ | | | |||
| | | | | | | | |
| Fuqarolar yig‘inining mas’ul kotibi | | | | | |||
| _____________________________________________ | | __________ | | | |||
| | | | |
M.O‘. |
| | |
| 20___ yil “____”____________________ | | | | | |||
|
(berilgan sana) |
| | | | |||
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 47-son, 542-modda)