Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, shahar va tumanlari hokimlarining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonun talablarini soʻzsiz bajarish yuzasidan javobgarligi toʻgʻrisida
Fuqarolar va tashkilotlarning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha davlat organlarining masʼuliyatini oshirish maqsadida 2014-yil dekabr oyida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Qonunning maqsadi va mohiyati, uning ijrosini amalga oshirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar belgilandi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu Qonun ijrosining qator vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklardagi ahvoli maqsadli oʻrganildi. Xususan, 2016-yil uchun tasdiqlangan ish reja asosida “Oʻzstandart” agentligi, “Oʻzneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi markazi, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi va ularning tizimidagi tashkilotlarda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Toshkent shahar hokimligi hamda qator shahar va tumanlar hokimliklarida maqsadli oʻrganishlar amalga oshirildi.
Vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklarda murojaatlar bilan ishlash masalasi tanqidiy muhokama etib borilgan, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilingan, ularning murojaatlari koʻrib chiqilgan va haqli talablari qanoatlantirilgan hamda tegishli chora-tadbirlar koʻrilgan.
Shu bilan birga, tahlillar natijasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari, vazirliklar, idoralar va xoʻjalik boshqaruvi organlari tizimida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash borasida jiddiy kamchiliklar mavjudligini koʻrsatdi.
2016-yilning 9 oyida respublikadagi barcha davlat organlari va mahalliy hokimliklarga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 338,2 mingta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,1 foizga koʻpaygan. Shu jumladan, Vazirlar Mahkamasida murojaatlar soni — 16,3 mingtani, viloyat hokimliklarida — 50,0 mingtani, shahar va tumanlar hokimliklarida — 200,8 mingtani hamda vazirliklar, idoralar va xoʻjalik boshqaruv organlarida — 71,2 mingtani tashkil etgan.
Hududlar kesimi boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslardan eng koʻp murojaatlar Toshkent shahar (14,8 mingta yoki 29,9%), Toshkent (5,9 mingta yoki 12,0%), Samarqand (4,1 mingta yoki 8,3%), Andijon (3,5 mingta yoki 7,2%), Namangan (3,3 mingta yoki 6,8%), Qashqadaryo (2,8 mingta yoki 5,7%) va Surxondaryo (2,7 mingta yoki 5,6%) viloyatlari hokimliklariga tushgan.
Vazirlik, idoralar va xoʻjalik boshqaruvi organlariga kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi Adliya (10,0 mingta), Mehnat (4,4 mingta), Moliya (3,8 mingta), Xalq taʼlimi (2,1 mingta) vazirliklariga, Davlat soliq (6,2 mingta), Davlat raqobat (3,7 mingta) qoʻmitalariga, “Oʻztransgaz” (4,3 mingta), “Oʻzavtosanoat” (3,1 mingta) kompaniyalariga toʻgʻri kelgan.
Jismoniy va yuridik shaxslarning aksariyat murojaatlarida mahalliy hokimliklar, vazirliklar va idoralarning bevosita vakolatlariga daxldor boʻlgan masalalar koʻtarilgan boʻlib, ularning tizimida yoʻl qoʻyilayotgan ayrim muammo va kamchiliklar, murojaatlarni oʻz vaqtida qonuniy koʻrib chiqilmaganligi toʻgʻrisida vajlari koʻrsatilgan.
Viloyatlar hokimliklariga bank — kredit masalalari boʻyicha murojaatlar (2,4 baravarga), mahalla (58,7 foiz), ichki ishlar (48,5 foiz), nafaqa (48,0 foiz), agrosanoat infratuzilmasi (46,2 foiz), tadbirkorlikni rivojlantirish (34,6 foiz), davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari ishlari (32,8 foiz), xalq taʼlimi (26,0 foiz), ish, ish haqi (21,3 foiz), sogʻliqni saqlash (16,6 foiz), madaniyat ishlari, oila (har biri 16,0 foiz), oliy va oʻrta maxsus taʼlim (10,0 foiz), qurilish (9,0 foiz), uy-joy va yer olish (7,0 foiz), yoqilgʻi-energetika (6,4 foiz) oshgan.
Mahalliy hokimliklar, vazirliklar va idoralarda murojaatlarni koʻrib chiqishning ahvolini oʻrganish natijalari, haqiqatan ham joylarda jiddiy muammolar mavjudligini, ularning yechimlari oʻz vaqtida topilmaganligini, murojaatlarni koʻrib chiqishdek dolzarb masalaga rahbarlar tomonidan panja orasidan qaralayotganligi hamda masʼuliyatsizlik va sansalorlik holatlariga yoʻl qoʻyilganligini koʻrsatdi.
2016-yil 24-sentabrdan boshlab aholi va tadbirkorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasiga respublikaning barcha hududlaridan jami 77,1 mingta murojaat kelib tushgan. Jumladan, ishonch telefoni orqali 34,9 mingta, veb-sayt — 40,3 mingta va OʻzLiDep — 1,9 mingta murojaat qabul qilinib, ijroga yuborilgan.
Jami murojaatlardan 20,9 mingtasi vazirlik va idoralar, mahalliy hokimlik organlari tomonidan koʻrib chiqish jarayonida, 33,0 mingtasi ijroga yuborilgan, 23,2 mingtasi hal etilgan.
Qisqa muddatda elektron qabulxonaga koʻp sonli murojaatlarning kelib tushishi joylardagi, ayniqsa shahar va tuman miqyosidagi mutasaddi rahbarlar xalqning taklif va muammolari bilan qiziqmasligini, aksariyat hollarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga eʼtiborsiz ekanligini koʻrsatdi.
Hududlar kesimida eng koʻp murojaatlar Toshkent shahri (27,0 mingta), Toshkent (10,0 mingta ), Fargʻona (5,8 mingta), Qashqadaryo (5,3 mingta) va Andijon viloyatlari (4,2 mingta) fuqarolaridan kelib tushgan.
Jami kelib tushayotgan murojaatlarni, ularda koʻtarilgan masalalar boʻyicha tahlil qilingan, eng koʻp Ichki ishlar (8,6 mingta), Mehnat (2,7 mingta), Sogʻliqni saqlash (1,2 mingta), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari (626 ta), Markaziy bank va tijorat banklari (3,4 mingta), Sud departamenti (2,0 mingta), Pensiya jamgʻarmasi (1,6 mingta), “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi (2,2 mingta), “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi (692 ta) va “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga (967 ta) kelib tushganligi aniqlandi.
Xususan, uy-joy va yer masalasi toʻgʻrisidagi murojaatlar (ipoteka krediti, taʼmirlash, oldi-sotdi, ichki yoʻllarni taʼmirlash masalalari) — 10,8 mingta, mehnat va bandlik masalalari — 4,5 mingta, tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik va issiq suv masalalari — 4,6 mingta, taʼlim sohasidagi masalalar — 2,6 mingta, fuqarolik pasporti masalalari — 1,5 mingta, sogʻliqni saqlash sohasi masalalari — 1,4 mingta, sud jarayoni, huquq-tartibot xodimlari xatti-harakatlari masalasi boʻyicha — 5,4 mingtani tashkil etadi.
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasiga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarni koʻrib chiqishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish, murojaatlar bilan ishlashning natijadorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Aripovning jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushgan murojaatlarning koʻrib chiqilishi, ularda koʻtarilgan masalalarning hal etilishi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlari toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori I. Abdullayevning vazirlik, idoralar va mahalliy hokimliklarida elektron qabulxonaga kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish jarayonida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
I. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasi orqali mahalliy hokimlik organlariga kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha
3. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablarini soʻzsiz va oʻz vaqtida bajarish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklarining asosiy vazifalaridan biri deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasi orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklariga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushgan murojaatlarning ijrosi soʻzsiz bajarilishini taʼminlash va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlari yetarli darajada tashkil etilmaganligi qayd etilsin.
5. Quyidagilarga:
Toshkent shahar hokimi (Usmonov)ga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasiga aholi va tadbirkorlardan eng koʻp ariza va shikoyatlar tushganligi, murojaatlarni koʻrib chiqish va hal etish muddatlarini asossiz buzilishiga yoʻl qoʻyganligi;
Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi (Ergashxodjayev)ga viloyatda yashovchi fuqarolardan mehnat va bandlik masalasi boʻyicha eng koʻp murojaatlar tushganligi hamda ularning oʻz vaqtida va sifatli koʻrib chiqilmaganligi;
Qashqadaryo viloyati hokimi (Ruziyev)ga murojaatlarni koʻrib chiqish muddatlarining asossiz choʻzib yuborilganligi, yuqori turuvchi davlat organlariga norozilik murojaatlari koʻpayganligi;
Andijon viloyati hokimi (Abduraxmanov)ga shahar va tumanlar hokimliklarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash talab darajasida tashkil etilmaganligi, ularga nisbatan talabchanlik yetarli darajada oshirilmaganligi;
Fargʻona viloyati hokimi (Gʻaniyev)ga elektron murojaatlar soni ortib borayotganligi, ularni belgilangan muddatlarda koʻrib chiqish yuzasidan yetarli darajada nazorat oʻrnatilmaganligi koʻrsatib oʻtilsin.
6. Namangan viloyati Pop tumani hokimi (Yuldashev)ga elektron qabulxonaga kelib tushgan murojaatlarni hal qilishda tegishli hujjatlarni qalbakilashtirishga yoʻl qoʻyganligi uchun hayfsan eʼlon qilinsin.
7. Toshkent shahar Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro E. Karavaykinadan issiqlik quvvati bilan taʼminlash masalasida kelib tushgan murojaatni koʻrib chiqishda yoʻl qoʻygan kamchiliklari uchun Mirobod tumani hokimi (Kadirov)ga hayfsan eʼlon qilinsin va “Toshissiqlikquvvati” ishlab chiqarish birlashmasi Mirobod tumani filiali rahbari (Muxammedov) egallab turgan lavozimidan ozod etilsin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tuman hokimliklari:
uch kun muddatda xalq deputatlari Kengashi sessiyalarida barcha masʼullar ishtirokida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasiga kelib tushayotgan har bir murojaatning ijobiy hal etilishini muhokama qilib, natijasi boʻyicha qabul qilgan oʻz qarorlarini Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasinlar;
uch hafta muddatda Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi bilan birgalikda joylarda xalq qabulxonalarini tashkil etish maqsadida shahar va tumanlar markazlarida namunali koʻrinish hamda aholi kelishiga qulay boʻlgan binolarni ajratib, ularga barcha sharoitlar yaratilishini taʼminlasinlar;
bir oy muddatda mahalliy hokimlik tizimidagi tegishli davlat organlari bilan birgalikda yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda xalq qabulxonalarining samarali va doimiy faoliyatini tashkil etsinlar;
amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga axborot (foto materiallar) kiritsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasi orqali mahalliy hokimlik organlariga kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish 1-sxemasi (1-ilovaga muvofiq) tasdiqlansin.
1-sxemaning asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilansin:
Vazirlar Mahkamasining Ishchi guruhiga:
kelib tushgan murojaatni oʻrganib chiqib, roʻyxatga olish, tegishli mahalliy hokimlikka muddatini belgilab, nazoratga olish va ijroga yuborish;
javob xati bilan tanishib chiqish va nazoratdan olish, zarurat tugʻilganda murojaatchi bilan telefon orqali bogʻlanib, murojaatning qanoatlantirilganligiga aniqlik kiritish;
qonunga xilof ravishda yechimini topmagan yoxud koʻrib chiqish muddati buzilgan murojaatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga maʼlumot kiritish;
murojaatlarni roʻyxatga olish, masalalar kesimida tahlili va nazoratini yuritish boʻyicha elektron bazani shakllantirish;
tahliliy maʼlumotlarni shakllantirib, tegishli Kompleks rahbarlariga, Bosh vazirga va Vazirlar Mahkamasi Rayosatiga muhokama uchun kiritish.
Mahalliy hokimlik organlariga:
murojaatni bevosita koʻrib chiqish yoki tegishligi boʻyicha shahar va tumanlar hokimliklariga, shuningdek hududiy idoralarga birinchi rahbar rezolyutsiyasi bilan nazoratga olish va ijroga yuborish;
murojaat tegishli tashkilotlarga yuborilganligi toʻgʻrisida murojaat etuvchini yozma yoxud elektron shaklda xabardor qilish;
murojaatlarni koʻrib chiqish va natijasi boʻyicha javob xatini Vazirlar Mahkamasi Ishchi guruhiga va murojaat etuvchiga yozma yoxud elektron (dalolatnoma) shaklda yuborish;
qoʻshimcha oʻrganish va tekshirish talab etilgan holatlarda, murojaat etuvchini xabardor qilgan holda Vazirlar Mahkamasi Ishchi guruhiga murojaat etuvchiga muddatini uzaytirish yuzasidan elektron qabulxona tizimi orqali soʻrov joʻnatish.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tuman hokimliklari aholi va tadbirkorlar uchun kunlik soat 8 dan 11 gacha shaxsiy qabullarni tashkil qilish choralarini koʻrsinlar, bunda:
joylarda aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan ishlashni tubdan qayta koʻrib chiqish, ularning muammolari va eʼtirozlarini joyida hal etish, aholi bilan ishlash madaniyatini oshirish;
aholi va tadbirkorlar tomonidan murojaatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasigacha olib chiqmaslik maqsadida oʻzlarining veb-saytlari va ishonch telefonlari orqali murojaat qilish tizimini tubdan yaxshilash;
fuqarolar tomonidan davlat xizmatlaridan foydalanishni osonlashtirish maqsadida murojaatlar statistikasining tahlili asosida tegishli davlat xizmatlarini interaktiv koʻrinishga oʻtkazish boʻyicha takliflarni ishlab chiqib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga kiritishni taʼminlasinlar.
11. Aholi va tadbirkorlarning ogʻzaki va yozma murojaatlarida koʻtarilgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni oʻz vaqtida va qonuniy hal etilishini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yuqori saviyada oʻtkazishning muhim vazifalaridan biri ekanligini inobatga olib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi (Mirzaxidov):
hududlarda tashkil etiladigan xalq qabulxonalarini tegishli zamonaviy kompyuter texnika jihozlari bilan taʼminlash va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasiga ulash;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar belgilangan tartibda koʻrib chiqilishining doimiy nazoratini oʻrnatish maqsadida shahar va tuman prokuratura organlariga tegishli zamonaviy kompyuter texnika jihozlarini ajratish choralarini koʻrsin.
II. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasi orqali vazirlik va idoralarga kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha
12. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablarini soʻzsiz va oʻz vaqtida bajarish vazirlik va idoralarning asosiy vazifalaridan biri deb hisoblansin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasi orqali vazirlik va idoralarga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarning ijrosi soʻzsiz bajarilishini taʼminlash va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlari yetarli darajada tashkil etilmaganligi qayd etilsin.
14. Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari (Xudayarov)ga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasiga Urganch va Qoʻngʻirot tumanlarida yashovchi 1-guruh nogironlari Y. Jumaniyozova va D. Maxmurovalardan kelib tushgan murojaatlarni hal etishda sansalorlikka yoʻl qoʻyganligi uchun hayfsan eʼlon qilinsin.
15. Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori (Sultanov)ga Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashovchi M. Xodjaxanova farzandi 14 yoshidan beri oyogʻida metall protez bilan yurishini va har yili komissiya koʻrigidan oʻtish juda ogʻirligini koʻrsatib, doimiy nogironlik masalasini hal etishda yordam soʻrab qilgan murojaatini uzil-kesil hal qilish oʻrniga rasmiyatchilik bilan javob berganligi uchun hayfsan eʼlon qilinsin.
16. Mehnat vaziri (Abduxakimov) Andijon viloyati Shahrixon tumanida yashovchi U. Mairovaning murojaatini telefon orqali bogʻlanish imkoni boʻlmaganligi bahonasi bilan anonim deb topilishiga sababchi boʻlgan hamda masalani uzil-kesil hal qilish chorasini koʻrmagan vazirlik masʼul xodimini aniqlash boʻyicha xizmat tekshiruvi oʻtkazsin va aybdor masʼul xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilsin.
17. Xalq taʼlimi vaziri (Inoyatov) fuqaro F. Hakimovaning Toshkent shahar 111-son maktabgacha taʼlim muassasasidan asossiz ishdan boʻshatilganligi, uning oʻrniga soxta diplomga ega boʻlgan Sh. Jabborova ishga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi murojaatini koʻrib chiqishda uning diplomi qalbakiligi toʻgʻrisidagi vaji huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilmaganligi hamda yetkazilgan zararni undirish choralari koʻrilmaganligi holati yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazsin va aybdor masʼul xodimga nisbatan tegishli intizomiy jazo chorasini qoʻllasin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasi orqali vazirlik va idoralarga kelib tushadigan murojaatlarni koʻrib chiqish 2-sxemasi (2-ilovaga muvofiq) tasdiqlansin.
2-sxemaning asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilansin:
Vazirlar Mahkamasining Ishchi guruhiga:
kelib tushgan murojaatni oʻrganib chiqib, roʻyxatga olish, tegishli vazirlik va idoralarga muddatini belgilab, nazoratga olish va ijroga yuborish;
javob xati bilan tanishib chiqish va nazoratdan olish, zarurat tugʻilganda murojaatchi bilan telefon orqali bogʻlanib, murojaatning qanoatlantirilganligiga aniqlik kiritish;
qonunga xilof ravishda yechimini topmagan yoxud koʻrib chiqish muddati buzilgan murojaatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga maʼlumot kiritish;
murojaatlarni roʻyxatga olish, masalalar kesimida tahlili va nazoratini yuritish boʻyicha elektron bazani shakllantirish;
tahliliy maʼlumotlarni shakllantirib, tegishli Kompleks rahbarlariga, Bosh vazirga va Vazirlar Mahkamasi Rayosatiga muhokama uchun kiritish.
Vazirlik va idoralarga:
murojaatni bevosita koʻrib chiqish yoki tegishligi boʻyicha hududiy boshqarmalar, boʻlimlar, boshqa tashkilotlarga birinchi rahbar rezolyutsiyasi bilan nazoratga olish va ijroga yuborish;
murojaat tegishli tashkilotlarga yuborilganligi toʻgʻrisida murojaat etuvchini yozma yoxud elektron shaklda xabardor qilish;
murojaatlarni koʻrib chiqish va natijasi boʻyicha javob xatini Vazirlar Mahkamasi Ishchi guruhiga va murojaatchiga yozma yoxud elektron (dalolatnoma) shaklda yuborish;
qoʻshimcha oʻrganish va tekshirish talab etilgan hollarda, murojaat etuvchini xabardor qilgan holda Vazirlar Mahkamasi Ishchi guruhiga murojaat muddatini uzaytirish yuzasidan tizim orqali soʻrov joʻnatish.
19. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari aholi va tadbirkorlar uchun kunlik soat 8 dan 11 gacha shaxsiy qabullarni tashkil qilish choralarini koʻrsinlar, bunda:
joylarda aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan ishlashni tubdan qayta koʻrib chiqish va ularning muammolari va eʼtirozlarini joyida hal etish, aholi bilan ishlash madaniyatini oshirish;
aholi va tadbirkorlar tomonidan murojaatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasigacha olib chiqmaslik maqsadida oʻzlarining veb-saytlari va ishonch telefonlari orqali murojaat qilish tizimini tubdan yaxshilash;
fuqarolar tomonidan davlat xizmatlaridan foydalanishni osonlashtirish maqsadida murojaatlar statistikasining tahlili asosida tegishli davlat xizmatlarini interaktiv koʻrinishga oʻtkazish boʻyicha takliflarni ishlab chiqib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga kiritish choralarini koʻrsinlar.
IIa. Vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalarida murojaatlarni koʻrib chiqishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish
20. Ichki ishlar (Axmedbayev), Sogʻliqni saqlash (Alimov), Mehnat (Abduxakimov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim (Qosimov), Adliya (Ikramov) vazirliklari, Markaziy bank (Mullajonov) va tijorat banklari, “Oʻztransgaz” AK (Maxmudov), “Oʻzbekenergo” AJ (Salomov), Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamgʻarmasi (Sultanov), “Oʻzavtosanoat” AK (Azimov):
bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlarning oʻz vaqtida va sifatli ijrosini taʼminlashga qaratilgan hayʼat yigʻilishlarini oʻtkazsinlar;
aholi va tadbirkorlar murojaatlarini keskin kamaytirish maqsadida ularning kelib chiqish sabablarini chuqur oʻrgangan holda, muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga oʻz takliflarini kiritilishini taʼminlasinlar.
21. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (Qosimov) oʻn kun muddatda respublika oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga test sinovlarida qatnashib, talabalikka qabul qilinish uchun yetarli ball toʻplay olmagan abituriyentlardan kelib tushayotgan murojaatlar soni koʻpayib borayotganligini eʼtiborga olgan holda ular uchun har bir oliy taʼlim muassasasida taʼlim yoʻnalishlariga mos tayyorlov kurslarini tashkil qilish choralarini koʻrsin.
22. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Oʻztransgaz” AK (Maxmudov), “Oʻzbekenergo” AJ (Salomov) bilan birgalikda qish mavsumi arafasida aholidan tushayotgan murojaatlarni zudlik bilan joyiga chiqib, hal etilishini taʼminlash maqsadida bir hafta muddatda maxsus guruhlar faoliyatini tashkil etsinlar.
23. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (Xadjayev) davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklarida tashkil etilgan rahbarlarning shaxsiy qabullarini markaziy va hududiy telekanallarida tizimli yoritib borilishini taʼminlasin.
III. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaatlarni nazoratga olish va hisobotini yuritish boʻyicha
24. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablarini soʻzsiz va oʻz vaqtida bajarish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari apparatlari, Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati, ATD va boshqa tarkibiy boʻlinmalarining asosiy vazifalaridan biri deb hisoblansin.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasi orqali Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari apparatlari, Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati, ATD va boshqa tarkibiy boʻlinmalariga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarning ijrosini soʻzsiz bajarilishini taʼminlash va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlari yetarli darajada tashkil etilmaganligi qayd etilsin.
26. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasi orqali kelib tushadigan murojaatlarni nazoratga olish va hisobotini yuritish boʻyicha 3-sxema (3-ilovaga muvofiq) tasdiqlansin.
3-sxemaning asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilansin:
Vazirlar Mahkamasining Ishchi guruhiga:
kelib tushgan murojaatni oʻrganib chiqib, roʻyxatga olish, tegishli axborot-tahlil departamentlariga muddatini belgilab, nazoratga olish va ijroga yuborish;
javob xati bilan tanishib chiqish va nazoratdan olish, zarurat tugʻilganda murojaat etuvchi bilan telefon orqali bogʻlanib, murojaatning qanoatlantirilganligiga aniqlik kiritish;
murojaatlarni roʻyxatga olish, masalalar kesimida tahlili va nazoratini yuritish boʻyicha elektron bazani shakllantirish.
Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari apparatlari, Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati, ATD va boshqa tarkibiy boʻlinmalarga:
jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilish, murojaatlarni bevosita koʻrib chiqish, Kompleks rahbariga maʼlumot berib, tegishli vazirlik va idoralarga, mahalliy hokimliklarga Bosh vazir oʻrinbosarlari, Vazirlar Mahkamasining apparati boshqaruvchisi, Bosh vazir apparati rahbari, ATD va boshqa tarkibiy boʻlinma rahbarlari rezolyutsiyasi bilan ijroga yuborish va nazoratga olish;
murojaatni koʻrib chiqilayotganligi yoki tegishli vazirlik va idoralarga, mahalliy hokimliklarga yuborilganligi toʻgʻrisida murojaat etuvchini yozma yoxud elektron shaklda xabardor qilish;
murojaatlarni koʻrib chiqish va natijasi boʻyicha javob xatini Vazirlar Mahkamasi Ishchi guruhiga va murojaatchiga yozma yoxud elektron shaklda yuborish;
qoʻshimcha oʻrganish va tekshirish talab etilgan holatlarda, murojaat etuvchini xabardor qilgan holda Vazirlar Mahkamasi Ishchi guruhiga murojaat muddatini uzaytirish yuzasidan tizim orqali soʻrov joʻnatish.
Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatiga:
Vazirlar Mahkamasi Ishchi guruhi maʼlumotlari asosida tahliliy maʼlumot, murojaatlarni doimiy nazoratini tizimli olib borilishi ahvoli va elektron qabulxonani rivojlantirish takliflari bilan birga tahliliy maʼlumotlarni shakllantirib, tegishli Kompleks rahbarlariga, Bosh vazirga va Vazirlar Mahkamasi Rayosatiga muhokama uchun kiritish.
27. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻlimi (Mirzayev) uch kun muddatda Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlarining, Axborot-tahlil departamenti mudirlarining jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish jadvallarini tayyorlasin va tasdiqlash uchun kiritsin.
28. Vazirlar Mahkamasi Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari departamenti (Sodiqov), Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻlimi (Mirzayev), Yigʻma axborot-tahlil departamenti (Boqiyev, Toshpoʻlatov):
axborot-tahlil departamentlari bilan birgalikda vazirlik, idora, mahalliy hokimliklarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqishning ahvolini muntazam tahlil qilib borsin;
tizimli ravishda vazirlik, idora va mahalliy hokimliklarda maqsadli oʻrganishlar oʻtkazsin va ularga amaliy yordamlar koʻrsatsin.
29. Vazirlar Mahkamasining Axborot taʼminoti va kompyuter tizimlari boʻlimi (Karaxanov) axborot-tahlil departamentlari mudirlari bilan birgalikda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holatini monitoring va tahlil qilib borish maqsadida Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining masʼul xodimlarini barcha davlat axborot resurslariga (rasmiy veb-saytlarga) ulanish imkoniyatini taʼminlasin.
30. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari:
har hafta yakuni boʻyicha oʻzlari masʼul boʻlgan vazirlik, idora, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining yigʻilishlarida murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijalarini muhokama etib borish va tegishli choralar koʻrish yuzasidan nazorat oʻrnatsin;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqishda qonun talablarining buzilishiga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrib borsin;
murojaatlarda koʻtarilgan masalalarni doimiy tahlili asosida iqtisodiyot sohalarini isloh qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqilishini taʼminlasin.
31. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokuraturasiga (Abdullayev):
respublika hududlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasiga aholi va tadbirkorlardan kelib tushayotgan murojaatlarni tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimlik organlari tomonidan oʻz vaqtida va sifatli koʻrib chiqish nazoratini taʼminlash uchun viloyat, shahar va tuman prokurorlarini jalb etish;
aholi va tadbirkorlardan kelib tushayotgan murojaatlardagi masalalar yuzasidan qayta murojaatlar kelib tushgan holatda, takroriy murojaatga yoʻl qoʻygan masʼul rahbarlarga nisbatan taʼsirchan choralar koʻrish tavsiya etilsin.
32. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari (Aripov), Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori (Abdullayev) Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari departamenti (Sodiqov), Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻlimi (Mirzayev), Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi (Toychiyev) bilan birgalikda prokurorlar rahbarligida hududlarda tuzilgan ishchi guruhlar bilan doimiy uzviy aloqada boʻlib, ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan 2016-yil yakuniga qadar haftalik axborot berib borsin.
33. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari (Aripov)ga qabul qilingan sxemalarga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash mexanizmlarini amalga oshirish ishlarini muvofiqlashtirishni taʼminlash yuzasidan joriy yilning 15-noyabrida selektor majlisini oʻtkazish choralarini koʻrsin.
34. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari va Vazirlar Mahkamasining Apparati boshqaruvchisi (Abduqodirov) zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 27-oktabr,
366-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 27-oktabrdagi 366-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasi orqali mahalliy hokimliklarga kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish
1-SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 27-oktabrdagi 366-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasi orqali vazirlik va idoralarga kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish
2-SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 27-oktabrdagi 366-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaatlarni nazoratga olish va hisobotini yuritishning
3-SXEMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 43-son, 507-modda)